Savdogar bilan podachi

Bor ekan-da, yo‘q ekan. och ekan-da, to‘q ekan, bir savdogar bor ekan. U har yili ikki marta qal’aga borib kelar ekan. O‘zi ko‘p katta savdogar ekan, qirq savdogarga bosh ekan. Kunlardan bir kun savdogar: «Bu kun qal’aga jo‘naymiz», deb boshqa savdogarlarga xabar qilibdi. O‘zi sakson tuyaga mol yuklabdi. Shu orada qirq savdogar ham tayyor bo‘lib kelibdi. Qirq kecha-yu qirq kunduz yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Bir cho‘l-biyobonga yetibdi. Savdogarlar:
— Ey, karvonboshi, shu yerda bir dam olsak, tuyalarimiz yozilib o‘tlab-suvlab olsa, — debdilar. Karvonboshi:
— Ko‘p yaxshi bo‘ladi, — debdi. Ular yuklarini tushirib, cho‘lga tuyalarini qo‘yib yuborishibdi. Ko‘klam kunlari ekan, cho‘l bahor yomg‘iri bilan maysazorga aylangan ekan. Tuyalar buloqdan suv ichibdi. Savdogarlar osh-suv qilib, yeb-ichib o‘zlari ham ko‘p kayf qilishibdi. Ular chuvillashib, hangoma qilib o‘tirishgan ekan, ko‘zlariga ko‘rim yerdan bir lochiq ko‘rinibdi. To‘rt-besh savdogar maslahat qilib:
— Bu yerda elat bor ekan, borib ko‘raylik, bular qanday el ekan, bilaylik, — debdilar.
To‘rt-besh savdogar lochiqqa borib mehmon bo‘libdilar. U yoqdan bu yoqdan gaplashib o‘tirib lochiqning egasi podachi ekanini bilishibdi. Podachining qizi bilan kampiri uyda ekan. Kampir bularga osh-suv qilibdi. So‘ngra podachining qizi kelib enasiga:
— Ena, yakta! — deb ketibdi. Yana bir maydon o‘tgandan keyii kelib: «Ena, duta!» deb ketibdi. Tag‘in bir maydondan keyin kelib: «Ena, seta», debdi… Savdogar ikki choynak choy ichguncha: «Hafta», debdi. Savdogar:
— Ena, bu qizingiz nima dedi? — deb so‘rabdi. Kampir:
— Ey, aylanayin chirog‘larim, bizlarning nimamizni so‘raysiz, bizlar bu cho‘lda charx yigirib kun ko‘ramiz-da, qizim boyatdan beri yetti iylik  ip yigirdim, deb ketdi, — debdi.
Karvonboshi ko‘nglida «bu qiz ikki choynak choy ichguncha yetti iylik ip yigirdi. Buning turmushi xazina ekan», deb o‘ylabdi. So‘ngra kampirdan so‘rabdi.
— Ena, qizingizning boshi bo‘shmi?
— Aylanayin, qizimning boshi bo‘sh, — debdi kampir. Savdogar, qizni bersa har qanday qilib olmoq kerak, qo‘shxonaga borib bunga bir sovchi yuborayin, deb o‘ylab qo‘yibdi. Savdogarlar podachining uyidan qo‘shxonaga qaytib kelibdi. So‘ngra karvonboshi savdogarlardan ko‘ngli tortganlarni bir yerga to‘plab:
— Ey qarindoshlarim, menga bir maslahat beringlar, men shu podachining qiziga sovchi yuborayin deyman, sizlar nima deysizlar? — deb so‘rabdi. Ular:
— Bizlarga maslahat solsangiz hozircha indamay turing, biz qal’aga borib, bu mollarni sotib, boshqa mol olib, tuyalarga yuklab qaytib kelamiz, undan keyin sovchi qo‘ysangiz, qo‘ying! — debdilar. Bu maslahat karvonboshiga ma’qul tushib:
— Tuyalaringni yig‘ib, yuklarni ortinglar, jo‘nay-miz, — debdi.
Savdogarlar tuyalarni yig‘ib, yuklarini ortib karvonboshiga «tayyor bo‘ldik», deyishibdi. Qirq kecha-yu, qirq kunduz yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, qal’aga yetishibdi. Karvonlar bozorga tushib, mollarini sotib, boshqa mollarni olib, tuyalariga yuklab, qal’adan chiqib jo‘nashibdi. Qirq kecha-yu, qirq kukduz yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib yana qal’aga kelishibdi. To‘xtagan cho‘lga tushib, tuyalarini o‘tga qo‘yib, o‘zlari osh-suv qilib, yeb-ichib o‘tira beribdilar, didiga yoqqan savdogarlarni chaqirib:
— Endi boraman, — debdi.
Qirqinboy sovchilikning bordi-keldisini gaplashib, podachinikiga boribdi. Podachining o‘zi poda boqib yurgan ekan. Uyda podachining xotini bilan qizi o‘tirgan ekan. Darrov bir bolani yuborib podachini aytdirib kelibdi. Podachi Qirqin bilan ko‘rishib, o‘tiribdi. Qirqinboy:
— Bobo, bizdan yo‘l so‘rang: «Yo‘l bo‘lsin» deng, — debdi. Podachi:
— Ha, o‘g‘lim, yo‘l bo‘lsin, xush kelibsiz, — debdi. Qirqinboy:
— Yo‘l, yo‘l bo‘lsa, ol bo‘lsin. Biz sizga sovchilikka keldik. Karvonboshi siz bilan tomir bo‘lmoqni havas qilib, mana bu qizingizni o‘ziga teng ko‘ribdi, — debdi.
— Ha bolam, karvonboshi bizni o‘ziga teng ko‘rgan bo‘lsa, biz ham jonimiz bilan teng ko‘rdik, — debdi.
— Bobo, teng ko‘rgan bo‘lsangiz endi, qizingizning qalimini ayting, — debdi.
— Bolam, otingiz nima?
— Ey bobo, otim Qirqinboy:
— Ey bolam, otingiz Qirqinboy bo‘lsa, qirqta qizil norni yuki bilan bersin, to‘y-qo‘yini karvonboshining o‘zi biladi, — debdi. Qirqinboy:
— Men borib karvonboshiga aytayin, — deb, — Karvon aka, podachining qizini sizga bitirdim, — debdi.
— Qandayga bitirding? —  debdi karvonboshi. Qirqin aytibdi:
— Qirq qizil nor, ustida yuki bilan, to‘yini, qo‘yini o‘zi biladi, deb yubordi, — debdi.
Karvonboshi:
— Bu tuyalardan qirqini sanab, yuki bilan olib borib beringlar! — debdi
Karvonboshi to‘yning qo‘yini, moyini, guruchini to‘g‘rilab, ularni ham savdogarlardan berib yuboribdi. So‘ngra to‘yni qilib karvonboshi podachining qizini olib jo‘nabdi. Necha kecha, necha kunduz yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Karvon o‘z yurtiga qaytib kelibdi, savdogarlarning har qaysisi o‘z hovlisiga kiribdi, joy-joyiga qaror topibdi. Karvonboshi o‘ziga qarashli kal-ko‘rini yig‘ib, podachining qiziga o‘n kecha-kunduz to‘y-tomosha beribdi. Karvonboshi podachining qizi bilan o‘ynab-kulib yura beribdi. Kunlardan bir kun karvonboshi: «Men bu podachining qizini ko‘p pul, mol berib oldim. Charxini ko‘rib oldim. Bo‘lmasa menga bir durust odamning qizi ham tegar edi», deb o‘ylabdi. Bozordan o‘ttiz botmon g‘o‘za sotib olib, hovlisiga olib kelib g‘allaxonaga bosib qo‘yibdi va xotiniga aytibdi:
— Ey xotin, men endi tuyalarga mol yuklab qal’aga ketaman, olti oydan keyin qaytib kelaman, men kelguncha mana bu g‘allaxonadagi g‘o‘zani yigirib, kalava qilib, tag‘in g‘allaxonaga bosib qo‘yasan, — deb karvonboshi navkarlarini olib, mollarini yuklab jo‘nab keta beribdi.
Endi ikki og‘iz so‘zni savdogarning xotini — podachining qizidan eshiting:
Podachining qizi savdogarni jo‘natib na g‘o‘za chuvibdi, na paxta savabdi va na charx yigiribdi. O‘ynab yura beribdi. Kundan kun, oydan oy o‘tibdi, savdogarning kelar vaqtiga bir oy, bir yarim oy qolganda podachining qizi: «Endi savdogarning kelar vaqti yaqin qoldi, hali bir changal paxta chuviganim yo‘q», deb o‘ylab bir etak g‘o‘zani chuvib, charxini, dugini, bulg‘ovichini  ayvonga chiqarib qo‘yib bir qozon atala qilibdi. Buning odati bir nafas ovqat yemasa turolmas ekan. O‘zi charx yigirgan vaqtida bir odamga «og‘zimga ovqat solib o‘tir» demakka uyalib, ikki qo‘lim bilan charx yigirib, tilim bilan yalab o‘tiraman, deb atala qilibdi. Podachining qizi, bu yerda tursin, ikki og‘iz so‘zni shu yurtning shahzodasidan eshiting.
Kunlardan bir kun shahzodaning tomog‘iga suyak tiqilib qolibdi. Podshoh tabib debdi, takkan debdi, mulla debdi, dori-darmon: xech biridan shifo topmabdi. Endi bolam o‘ladigan bo‘ldi, deb bolasidan umidini uzib qo‘ygan ekan. Karvonboshining hovlisi podshohning arkiga qaragan ekan. Savdogarning xotini atalani egnining ikki tomoniga surtib, ayvonga chiqib o‘tirib, bir qo‘liga bulg‘ovichni olib, bir qo‘li bilan charxning qulog‘idan ushlab, «ha, darg‘azab savdogar», deb egnining bir tomonidan bir yalab «ha, darg‘azab savdogar», deb ikkinchi tomonidan bir yalab, charxni yigira beribdi. Podshohning o‘g‘li arkda o‘tirgan ekan. U savdogar xotinining charx yigirib, qilib o‘tirgan qilig‘ini ko‘rib, shavqi kelib, qattiq kulib yuboribdi. Shunda tomog‘idagi tiqilib qolgan suyak birdan otilib chiqib ketibdi.
Shahzodaning ko‘zi ochilib, o‘ziga kelibdi. Podshoh buni ko‘rib quvonib, o‘g‘lidan:
— Bolam, nimaga kulding? — deb so‘rabdi. Shahzoda:
— Arkning to‘g‘risida bir xotin charx yigirib o‘tirgan ekan, ko‘zim tushib, ko‘nglimda bir qiziqlik paydo bo‘lib, kulib yubordim. Tomog‘imdagi suyak birdan chiqib ketdi-yu. ko‘zim charaqlab ochildi, — debdi. Podshoh bir yasovulini chaqirib:
— Charx yigirib o‘tirgan xotinni topib kelinglar, — debdi.
Yasovul surishtirib, savdogarning xotinini tepib, podshoh oldiga olib boribdi. Podshoh savdogarning xotiniga: — Tila tilagingni! —debdi. Savdogarning xotini:
— Nimani tilayman, — debdi. Podshoh:
— Ko‘nglingda nima bo‘lsa, shuni tila, — debdi. Savdogarning xotini:
— Tilasam, taqsir, mening bir ombor g‘o‘zam bor, shuni yigirtib kalava qildirib bersangiz, tilagim shu, — debdi.
Podshoh darrov fuqaroni chaqirib, har biriga bir pud, yarim pud g‘o‘za ulashib, tarqatib:
— Shu g‘o‘zani olti kunda kalava qilib olib kelinglar, — deb buyruq beribdi.
G‘o‘zani olib ketganlar kunni kun demay, tunni tun demay yigirib, ip qilib, olib kelib beribdilar. Podshohning xizmatkorlari o‘ttiz botmon g‘o‘zani kalava ip qilib savdogarning omboriga taxlab qo‘yibdilar. Shundan ikki-uch kun keyin savdogar kelib qolibdi. Tuyalarini boylab, qal’adan olib kelgan mollarni qo‘yay deb, omborni ochib qarasa, o‘ttiz botmon g‘o‘zaning paxtasi kalava ip bo‘lib, bosilib turgan emish. Savdogar xotinidan dimog‘i chog‘ bo‘lib, olib kelgan narsalarini omborga qo‘yib, qulflab, ichkariga kirib, xotini bilan ko‘rishib-so‘rashib:
— Xurjunda go‘sht bor, olib bir o‘xshatib kulchatoy qil, — debdi.
Xotini go‘shtni olib, bir choynak choyni damlab savdogarning oldiga qo‘yibdi. Suprani yozib, unni elab, xamir qilib, zuvala qilib, taxta-o‘qlog‘i bilan yoyib o‘tirgan ekan, bir qora qo‘ng‘iz o‘rmalab supraga chiqib kela beribdi. Savdogarning xotini o‘rnidan turib, haligi qora qo‘ng‘izga uch marta ta’zim qilib, uch marta salom beribdi. Savdogar buni ko‘rib hayron bo‘lib:
— Bu nima qilgan ishing? —  deb so‘rabdi. Xotin:
— Ey karvonboshi, buning nimasini so‘raysan, bu mening yolg‘izgina xolam bo‘ladi, — debdi. So‘ngra savdogar:
— Bu sening xolang bo‘lsa, nimaga bunday qora, —debdi. Xotin:
— Aylanayin karvonboshijon, mening qay bir dardimni so‘raysiz, shu yolg‘iz xolam charxni yigira-yigira qora qo‘ng‘iz bo‘lib, o‘rmalab yuribdi, — deb ko‘ziga yosh olibdi. Karvon o‘ylab turib:
— Charxning foydasi shu bo‘lsa, agar sen charx yigirsang senga uch taloq, — debdi. Shu bilan podachining qizi charxdan qutulib, savdogar bilan eri xotin bo‘lib, uy-joy qilib murod-maqsadiga yetibdi.