Qadim zamonda bir chol bor ekan, uning o‘n yashar o‘g‘lidan boshqa hech kimi yo‘q ekan. Chol nihoyatda qashshoq, yeyarga ovqati, kiyarga kiyimi yo‘q ekan. U kunlardan bir kuni qo‘shnisi Halimboyning oldiga kelib:
— Boy ota, bizga yordam qiling, o‘g‘lim Rustamjon bilan birga qo‘limdan kelgan xizmatni ayamayman. Rahm qiling, — deb yig‘lab yuboribdi.
Halimboy chol bilan bolani ko‘zdan kechirib:
— Mening ko‘chaga tashlab qo‘ygan ovqatim yo‘q. Oldin bo‘yningdagi qarzingni uz, erta-indin o‘lib ketsang, mening haqim kuyib ketadimi? O‘g‘lingni hech kim bir tiyinga olmaydi, — debdi.
Chol hayron bo‘lib, qaltirab:
— Boy ota, mening sizdan qanday qarzim bor? Menga hech narsa berganingiz yo‘q-ku, — debdi.
Halimboyning ko‘zi olayib:
— Gapirma, imonsiz chol! Hali sen tonmoqchimisan, — deb qo‘lida o‘ynab turgan qamchisi bilan cholni ura ketibdi. Chol qamchi zarbiga chidayolmay yerga yiqilib, ko‘zlaridan tirqirab yosh oqa boshlabdi. Kichkina Rustam voqeaga tushunmay, qo‘rqib, cholni quchoqlab yig‘labdi. Chol o‘zini biroz tetiklab olib, yalinibdi:
— Menga tushuntiring, yodimdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslating. Sizdan qay vaqtda nima olgan edim? Qanday qarzim bor?
Halimboy cholning ko‘kragiga yopishib yotgan Rustamning bo‘ynidan ushlab bir tomonga otib yuboribdi-da, cholning yoqasidan bo‘g‘ib:
— Menga qara, imonsiz chol! Xotining o‘lganida yuvg‘uchiga pulni kim berdi? Qabristonga domlalarni kimning ot-aravasida olib bording? Payshanba kunidagi yuz odamga qilingan xudoyi osh-chi? Axir o‘zing ham o‘g‘ling bilan kirib osh yeding-ku? — debdi.
Chol qurumsoq boyning surbetlik bilan qilgan tuhmatlaridan g‘azablanibdi. Nima qilsin, turarga darmoni yo‘q, ochlik, qarilik cholni yengibdi. Noiloj yalina boshlabdi:
— Boy ota, axir o‘zingiz “Man xudoyi qilyapman, o‘g‘ling bilan kirib osh yeb chiq”, deb aytdingiz-ku. Menga rahm qiling. O‘g‘lim Rustamjonga azob bermang, — deb turganda, eshikdan boyning yaqin bir do‘sti kirib kelibdi. Halimboy uni ko‘rib:
— Mana, bu kishi aytsinlar, — debdi.
Haligi do‘sti:
— Xo‘sh, nima gap ekan. Menda boy otamning qanday so‘zlari bor ekan, — deb hurmat bilan tikilib turibdi, Halimboy unga:
— Do‘stim, bultur shak kunida bizning uyda o‘tkazilgan xudoyining savobi shu cholning xotiniga bag‘ishlangan edimi? — debdi. Do‘sti voqeani anglab, aytibdi:
— Albatta, cholning marhuma xotiniga bag‘ishlagan edi.
Halimboy cholga qarab:
— Mana, eshitdingmi? Senga rahm qilib, qo‘shnim deb, pul sarf qilib, senga yaxshilik qilsam, sen imonsiz tonib o‘tiribsan, — debdi.
Boyning do‘sti:
— Hay, hay, bunday nomunosib ishni qilma, boy otamga rahmat ayt! Ma’raka uchun bo‘lgan xarajatlarni bo‘yningga ol, — debdi. Chol yig‘lab:
— Menga yana bunday kulfatlar bormidi! Ota-bola yeyarga bir burda non topa olmay, ochlik balosidan qutula olmay yurganda, shuncha pullarni men qayerdan topib beraman, — debdi va Rustamni bag‘riga bosib:
— Sho‘rlik bolam, men qaridim, yoshimni yashadim, sen endi qanday ahvolga tushasan, — deb yig‘labdi.
Haligi do‘sti cholga qarab aytibdi:
— Hoy ahmoq, nodon, nega yig‘laysan? Boy ota hozir ber, deb zo‘rlayotganlari yo‘q-ku? Topganingda berasan-da. Tonmasang bas. Mana, o‘g‘ling katta bo‘lib qoldi. Bir kun qo‘lidan ish kelganda ishlab topib beradi-da.
Chol bunday uzoq muddat berilganiga hayron bo‘lib, nima deyishini bilmasdan “xo‘p” deyishdan boshqa iloj topa olmabdi.
Boyning do‘sti cholga qarab:
— “Xo‘p” deyish bilan ish bitmaydi. Boy otamdan qancha qarzing borligini o‘z qulog‘ing bilan eshitib ol, — debdi.
Chol nima deyishini bilmay oxirini kutib sukut qilibdi.
Boyning do‘sti qo‘liga qalam, qog‘oz olib yoza boshlabdi va:
— Boy ota, cholda qancha haqingiz bor? — deb so‘rabdi.
Halimboy “O‘n besh tilla” — debdi. Chol hayotida bir tillani ham ko‘rmagani uchun “O‘n besh tilla” degan so‘z uni gangitib qo‘yibdi. Do‘sti yozib bo‘lib, cholga barmoq bosishni taklif qilibdi. “Xo‘p” deb so‘z bergan chol qog‘ozning chetiga barmoq bosibdi. Haligi qo‘shimcha qilib, Rustamning barmog‘ini ham bosdirib olibdi:
— Ana endi keta beringlar. O‘g‘ling katta bo‘lganda ishlab topib berar, — debdi. Bir burda non tilab kelgan ota-bola Halimboy eshigidan o‘n besh tilla qarzdor bo‘lib chiqib ketibdilar.
Chol uyiga borar ekan, eshik oldida qo‘shnisi Siddiq yamoqchini ko‘rib, bo‘lgan voqeani so‘zlab beribdi va “Kimdan yordam olayin?” deb so‘rabdi. Siddiq yamoqchi voqeadan xabardor bo‘lib, g‘azab bilan:
— Tuzoqqa tushibsan, endi foydasi yo‘q. Shahar hokimi la’nati badbaxt Halimboyning kuyovi bo‘ladi. Endi taqdirga tan berishdan boshqa chora yo‘q, — debdi.
Chol o‘g‘li Rustamni bag‘riga bosib, ochlik bilan qayg‘urib, boshini yostiqqa qo‘yibdi. Xayol uni har tomonga olib ketar, Rustamning bir burda nonga zor bo‘lib yig‘lashi cholni yana hayajonga solar ekan.
Yarim kecha, hamma shirin uyquda, ammo chol hamon oh tortar, bag‘ri ezilar ekan. Shu payt uch kishi eshikdan kirib, cholning tepasiga kelibdi. Biri cholni tepib: “Tur, imonsiz!” — debdi. Chol, “kutilmagan mehmon”lardan bunday muomalani ko‘rib, hayron qolibdi.
— Mendan nima istaysizlar? — deb so‘rabdi.
Ulardan biri:
— Uyni bo‘shat! Bu yerdan hozir chiqib ket! — debdi.
Chol esini yo‘qotib: “Sizlar yanglishgan bo‘lsalaring kerak, bu uy mening o‘zimniki”, degan ekan, “mehmonlar”dan ikkinchisi:
— Bizlarni alday olmaysan. Bizlar shahar hokimining odamlarimiz. Sen imonsiz bundan bir yil ilgari bu uyni Halimboyga o‘n besh tillaga sotib, pulini naqd olgansan. Boy ana shu vaqtga qadar “insof” qilib kelsalar, sen tonmoqchi bo‘lgansan, — debdi.
Chol xunob bo‘lib:
— Sotgan emasman, sotmayman, — desa uchinchisi qo‘lidagi qog‘ozni ko‘rsatib:
— Sotgan emasman deysanmi? Mana tilxating. Ota-bola barmoq bosgansanlar. Hokimning jahllari chiqib, “To‘g‘rilikcha chiqsa-chiqsin, qaysarlik qilsa, uydan sudrab chiqib, ota-bolani zindonga tashlanglar”, deb buyruq berdilar, — debdi.
Chol bu hukmni eshitib, es-hushidan ajralib, Rustamni bag‘riga bosib, o‘zi o‘sib katta bo‘lgan, yashagan boshpanasidan chiqib ketar ekan, cholning oh-zori va nolasiga Siddiq yamoqchi oilasi bilan uyg‘onib ketibdi. Cholning huzuriga chiqib, ahvolini ko‘rib, achinib, xayrlashar ekan, yamoqchining xotini “Qayerga borsangiz hamrohingiz bo‘lsin” deb, bir dona zog‘ora non beribdi. Chol bechora Rustamni opichib tog‘ tomonga yo‘l olibdi.
Chol qir oshibdi, soy kechibdi, uzoq yo‘l yuribdi. Hamma yoq jim-jit, har zamonda Rustamning “Qayerga ketayotirmiz” degan savoli jimlikni buzar ekan. Lekin chol bu savolga hech qanday javob qaytarmas ekan. Qaysi tomonga ketayotganini o‘zi ham bilmas ekan. Chol horib-tolib bir archazorga yetibdi. Pastakkina bir archa yonida o‘tirib, unga suyanib ko‘zini yumibdi. Chol yuqoriga qarasa, yosh bolasini oldingi ikki oyog‘i orasiga olib, cholga hujum qilmoqchiday tayyorlanib turgan katta ayiqni ko‘ribdi. Bechora chol shoshib qolibdi. Qochay desa darmoni yo‘q, qutulishning imkoni yo‘q emish. Rustamni bag‘riga bosib, “Umrimiz tugagan ekan”, deb ko‘z yoshi to‘kibdi. Rustam o‘zi tomon kelayotgan hayvonni birinchi marta ko‘rgani uchun qo‘rqqanidan qichqirib yuboribdi. Chol ko‘zlari yumilgan holda Rustamning yig‘isini eshitib, “Ha, bolamdan ajraldim”, deb behush bo‘libdi. Ayiq asta-sekin kelib, cholning bag‘ridan Rustamni ajratib olib, bolasiga yetaklatibdi-da, o‘zi cholni ko‘tarib, g‘orga kirib ketibdi.
Quyosh chiqibdi. Chol hushiga kelib ko‘zini ochsa, bag‘rida bolasi yo‘q emish, jon holatida atrofga qarabdi. Yuqori tomonda Rustamning ayiq bolasi bilan asal yeb turganini ko‘ribdi. Chol hayron bo‘lib, ko‘zlariga ishonmabdi: tushimmi, o‘ngimmi deb Rustamni chaqiribdi. Rustam anchadan beri so‘zsiz yotgan otasining ovozini eshitib, uning yoniga chopib kelibdi-da:
— Ota, turing, asal yeng, — debdi.
Chol Rustamdan:
— Kim u? — deb so‘rabdi.
— Bu mening o‘rtog‘im. Onasi sizni ko‘tarib kelib, bu yerga yotqizib qo‘ydi: “Otang uyg‘onguncha xalaqit berma, uxlasin. Mening bolam sening o‘rtog‘ing bo‘ladi. Senlar asal yeb turinglar, men qaytib kelaman”, dedi, — debdi Rustam.
Chol Rustamdan eshitgan so‘zlariga goh ishonib, goh ishonmasdan, hayron bo‘lib turganida ayiq eshikdan bir dasta non, bir qovoq idishda sut olib kiribdi. Chol ayiqni ko‘rishi bilanoq o‘rnidan turib ta’zim qilibdi. Ayiq qo‘lidagi narsalarni yerga qo‘yib, cholga: “O‘tiring, o‘zingizni koyitmang. Men sizga non, sut keltirdim. Oldin ovqatlanib oling, so‘ngra suhbatlashamiz”, — debdi.
Chol bunday hurmatga hayron bo‘lib ayiqqa qarabdi. Ayiq:
— Otajon, siz ko‘p ajablanmang. Mening bu yerlarda cho‘pon do‘stlarim bor. Boylarning, hokimlarning qo‘ylarini boqadilar. Non, sutni o‘shalarnikidan keltirdim, — deb ovqatga taklif qilibdi. Chol xo‘rsinib, boshidan kechirganlarini hikoya qilib beribdi. Ayiq cholning so‘zlarini eshitib:
— Otajon, siz meni ham “bolam” deb qabul qiling. Bu ikki go‘dak do‘st bo‘lsin. Bizlar ham shu yerda erkin umr kechiraylik, — debdi.
Ular ko‘p vaqt birga yashabdilar. Chol tog‘dan o‘tin yig‘ar ekan.
Ayiq o‘tinni kechasi shaharga yaqin joyga keltirib berar, chol uni sotar, shu taxlit tirikchilik qilishar ekan. Rustam ayiqning bolasi bilan o‘ynashib, kurashib o‘sa boshlabdi. Bir kuni cho‘ponlar Rustamning ayiq bolasi bilan kurashayotganini ko‘rib, unga qoyil qolishibdi. Besh-olti yil ichida Rustamning hamma yoqqa dong‘i ketibdi. U bilan bel ushlashadigan odam bo‘lmabdi. Cho‘ponlar orasida Ayiqpolvon degan nom bilan shuhrat topibdi.
Kunlardan bir kun Rustam otasi bilan shahardan o‘tin sotib qaytib kelayotganida, chol unga yo‘lda ola ot mingan, movut to‘n kiygan, qo‘lida qamchi o‘ynatib turgan bir boyni ko‘rsatib:
— Mana, bizning uyimizni tortib olib, haydab yuborgan Halimboy shu bo‘ladi, — debdi. Rustam qarasa, odamlar to‘planib, nimanidir qiziqib tomosha qilar ekanlar. Halimboy zavqlanib, mo‘ylovini burab kimlargadir jilmayib gerdayar ekan.
Rustamning qulog‘iga qandaydir ingragan tanish ovoz eshitilibdi. Rustam yugurib borib, o‘zini to‘daga uribdi, qarasa, do‘stining ukasini ovchilar ushlab, tuyaning ustiga ortib kelayotgan ekanlar. Kishilarning aytishlariga qaraganda, Halimboy ovchilar bilan ovga chiqqanida shu ayiq bolasini ushlabdi. Uni hokimning kuyoviga sovg‘a qilar emish. Rustam g‘azablanib, bir hujumda ayiq bolasi bog‘langan arqonlarni uzib tashlabdi-da, ayiqchani quchoqlab olibdi. Ovchilar birdan Rustamga hujum qilibdilar. Rustam o‘ziga yaqinlashgan har bir ovchini belidan ushlab har tomonga otib yuboraveribdi. Qo‘liga tushgan odam Rustamning qarshisiga yana qaytib kelolmabdi. Rustam Halimboyga tashlangan ekan, Halimboyning oti chaqqonlik qilib, uni qutqarib qolibdi. Rustam ayiq bolasini ko‘tarib, archazor tomon yo‘l olibdi. Bu voqeani ko‘rgan xaloyiq Rustamning g‘ayratiga, shijoatiga, kuch-quvvatiga qoyil qolib, ofarin aytibdi. Bu voqea butun shaharga tarqalibdi. Halimboy xavflanibdi.
Kechalari o‘z uyida ham xavotirlikda yotibdi. Hokim darg‘azab bo‘lib, “Ayiq bolasini ovchilar qo‘lidan qutqazgan pahlavon ushlab kelinsin”, degan farmon chiqaribdi. Borishga hech kimda yurak yo‘q emish, borganlar “Topa olmadik” degan bahonalar to‘qishar ekan. Shahar xalqi orasida o‘tinchi polvon unday qilibdi, falon joyda bunday qilibdi, degan so‘zlar avj olibdi.
Shaharda och-yalang‘och qiynalib, kun ko‘ra olmagan bechoralar tog‘ga borib o‘tinchilik qilib, tinch hayot kechira boshlabdilar. Bir kuni Halimboy kimdandir Rustam o‘sha cholning o‘g‘li ekanligini, tog‘da yashab, shahardan qochib chiqqanlarga atrofidan joy berib, ularga yordam qilayotganini eshitib, nafasi og‘ziga tiqilib, shaharga borib voqeani aytib beribdi. Bu xabarni eshitgan shahar hokimining badaniga titroq kirib, yuz otliq yigitga o‘zi bosh bo‘lib archazorga yo‘l olibdi. Yo‘lda yigitlariga:
— Har kim Rustamni tirik ushlasa, qizimni berib, o‘zimga yuzboshi qilib olaman, — debdi.
Ular yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, archazor oldidagi bir uychaga yetibdilar. Shahar hokimi yigitlariga:
— Shu yerda dam olib, Rustamni kechasi uyquda yotganida borib ushlang, bizning sharpamizni bilsa, u tog‘ga qochib ketadi, — debdi.
Chol o‘z do‘stlari bilan shaharga o‘tin olib ketgan, kechasi Rustam ayiq bolasi bilan tepada uxlab yotgan ekan. Tog‘ shamollari g‘ir-g‘ir esib Rustamning badanlarini o‘pib siypar, ayiq bolasining yunglari hilpirab rohatga yana rohat qo‘shar ekan. Shu paytda tepa ustida bir sharpa paydo bo‘libdi. Rustamni ko‘tarib, balanddan pastga qarab sakrabdi. Rustam cho‘chib uyg‘onibdi. Ko‘taruvchiga qarab:
— Nima bo‘ldi, mehribonim? — debdi. U ona ayiq ekan. Ayiq:
— Senga hujum qilmoqchilar. Shahar hokimi yuz otliq yigit bilan shu tarafga kelayotir, — debdi.
Rustam ona ayiqqa:
— Endi nima qilmoqchisiz? —debdi.
— Men seni qutqarmoqchiman, — debdi ona ayiq. Rustam unga:
— Qachongacha biz ulardan qochib umr kechiramiz? Biz ham qarshisiga chiqamiz, — debdi.
Ona ayiq:
— Ular ko‘p, hammasining tagida ot. Bizning do‘stlarimiz shaharga o‘tin olib ketgan. Yur, vaqtni qo‘ldan bermaylik, — debdi.
Shu vaqt do‘mbillab chopib ayiq bolasi yetib kelibdi. Rustam ko‘rib juda xursand bo‘libdi. Ona ayiq Rustamni qochishga zo‘rlabdi. Ammo Rustam qochishni istamabdi. Rustamning bu holini sezgan ona ayiq:
— Endi nima qilmoqchisan? — deb so‘rabdi.
Rustam:
— Dushman ustiga hujum qilaylik, — debdi. Ayiq bolasi boshini silkitib, tumshug‘ini ko‘tarib, ikki qo‘li bilan Rustamning belidan ushlab:
— Bo‘sh kelmaymiz, do‘stim, — debdi.
Soydan tog‘ga o‘rmalab kelayotgan otliqlar bir-biridan oldin chiqishga harakat qilishibdi. Otlarning pishqirgani, shahar hokimining ovozi eshitilibdi. Dushmanlar otdan tushib, toshlar orasiga yashirinib, Rustamga qarshi hujum boshlabdilar. Uch pahlavon yuqoridan turib, dushmanlarga qarab tosh ota boshlabdi. Jang qizib ketibdi. Biri “boshim” deb dodlarmish, biri otdan ag‘darilarmish, birining beli singanmish, xullas, dushman qattiq talafotga uchrabdi. Do‘stlar xursand, dushmanlar g‘amgin bo‘libdi. Biroq Rustamning yig‘gan toshlari tugab qolibdi. Qarasalar, ona ayiq yo‘q emish. Bular hayron bo‘libdilar. Jang to‘xtabdi. Shahar hokimi yana hujumga o‘tibdi. Rustam qo‘liga bir govron olib ularning yo‘lini to‘smoqchi bo‘lganida, ona ayiq yo‘g‘on archa daraxtini ko‘tarib kelib dushman ustiga otibdi! Bu zarbadan avval shahar hokimi qocha boshlabdi. Uning ketidan yigitlar ham tumtaraqay bo‘libdi. Rustam va ayiqlar ot, anjomlarni o‘lja olib, o‘z yerlarida yashayveribdilar. Bu voqea shu kunning o‘zidayoq hammaga ma’lum bo‘libdi. Hokim buning alamiga chidayolmay, yerto‘laga tushib yotibdi. Rustamni tutib kelgan kishiga bo‘yi baravar oltin berishga va’da qilibdi. Bu va’dani eshitib, og‘zida tishi yo‘q, boshida tuki yo‘q, bir ko‘zli kampir shahar hokimi oldiga kelib, ta’zim qilib:
— E, hokim, oyoqyalang Rustamni ushlab kelish uchun menga ruxsat bering, — debdi.
Shahar hokimi xursand bo‘lib:
— Tutib kelsang, nima desang bajaraman, — debdi.
Kampir shahar hokimiga:
— Menga o‘zingiz ishongan, yuzida bir dona tuki yo‘q, o‘n beshta ko‘sa odamni topib, har qaysisiga bir oylik ovqat g‘amlab berasiz. Oyoqyalangni ushlab kelganimdan keyin mening maslahatim bilan ish qilasiz, — debdi.
Shahar hokimi kampirning aytganini bajo keltirib, ertasiga tog‘ tomon yuboribdi. Kampirning buyrug‘i bilan o‘n besh ko‘sa, xotin-qizlar kiyimini kiyib, yo‘lda bir-biri bilan mushtlashib, yuzi ko‘kargan, burni qonagan, boshi yorilgan holda dodlashib, kampir boshchiligida archazorga kirib borishibdi. Dod-faryodni eshitgan Rustam bilan o‘tinchilar ularning oldilariga boribdilar, voqeani so‘rabdilar, kampir o‘zini Rustam oyog‘iga tashlab, boshini toshlarga urib, kiyimlarini yirtib:
— Dod, zolimning dastidan, bizlarning arzimizni eshituvchi, holimizdan xabar oluvchi, bizlarga mehr-u shafqat qiluvchi Rustamjon qayerda? Bizlar uni bir ko‘rib o‘lsak armonimiz yo‘q, — deb faryod qilibdi.
Rustam:
— Xafa bo‘lmanglar, onajonlar. Rustam men bo‘laman. Nima bo‘ldi? Menga tushuntiringlar, — deyishi bilan o‘n besh “xotin” Rustamning oyog‘iga o‘zini tashlab yig‘lay boshlabdi.
Kampir:
— Ko‘zimizning nuri Rustamjon, bizlarni zolimning zulmidan qutqar. Sening zarbingni yeb alamiga kuygan, xonavayron bo‘lgur shahar hokimi bizlarni erkaklarimiz, bolalarimiz bilan chaqirib, tayoqlari bilan urib, hamma yoqlarimizni yorib, erkaklarimizni zindonga, bolalarimizni qafasga solib, oftobning tig‘iga osib qo‘ydi. Uylarimizni tortib olib, bizlarni sahroga haydab yubordi. Biz nima qilamiz? Kimdan yordam olamiz? — deb nola-yu fig‘on qilibdi.
Rustam:
— Yig‘lamanglar, kelinglar, sizlar ham biz bilan birga bo‘linglar. Shu yerda umr kechiramiz, — deb joy tayyorlab, ovqat beribdi.
Har kim o‘z tirikchiligini qilib, kechqurun o‘zi tayyorlab qo‘ygan joyiga borib yotar ekan. Rustam bir kun supachada uyqusi kelmay yolg‘iz o‘tirgan ekan (Chunki ayiq bolasi onasi bilan uzoq yo‘lga ketgan ekan). Shu vaqt uning yoniga Siddiq yamoqchi kelib:
— Zerikkan ko‘rinasan. Hikoya aytib beraymi? — deb Rustamning yoniga o‘tiribdi.
— Jonim bilan eshitaman, — debdi Rustam.
Siddiq yamoqchi so‘z boshlabdi:
— Bir vaqtda bir yamoqchi bor ekan. Turmushini zo‘rg‘a o‘tkazar ekan. Bisotida ishongan, suyangan bir qizi bor ekan. Aqlli, chiroyli qiz ekan. Otasi kambag‘al yamoqchi bo‘lishiga qaramay, katta boylardan, beklardan sovchilar kelar ekan. Yamoqchi ularga bermas ekan, chunki qizning yoshligidan birga o‘sib, birga o‘ynab yurgan qo‘shnisining o‘g‘lini sevishini sezar ekan. Zolimlarning zulmiga, amaldorlarning qiynoqlariga toqat qila olmagan qo‘shnisi tug‘ilib o‘sgan joyidan ayrilib, shahardan chiqib ketgan ekan. Ota-bola birga bir tog‘da tirikchilik qila boshlabdilar. Bola ham kundan-kunga o‘sib, voyaga yetib, aqlli, husnli, botir bo‘lib yetishibdi; atrofdagi odamlar orasida obro‘ qozonibdi. Ezilgan bechoralarga shafqat qilibdi. Uning botirligiga hech kim teng kelolmabdi. Hatto uni ko‘ra olmagan dushmanlar ham uning qarshisiga ochiq chiqa olmabdi. Yigitning shuhratini eshitgan yamoqchi bilan qiz nihoyatda xursand bo‘lib, uning kirib kelishini toqatsizlik bilan kutibdi. Lekin shuncha vaqt o‘tsa ham yigit bir marta xabar olmabdi.
Rustam butun voqeani eshitib, to‘satdan: “Yigitning ishi vijdondan emas”, deb qo‘yibdi.
Siddiq yamoqchi hikoyasini davom ettiribdi:
— Qizning dong‘i shahar hokimining qulog‘iga borib yetibdi. Shahar hokimi g‘oyibdan oshiq bo‘lib, to‘rt xotin ustiga xotinlikka so‘rab, qancha sarpolar bilan yamoqchinikiga sovchi yuboribdi. Qiz va uning otasi sovchilarni qaytarib yuboribdi. Hokim yamoqchining oyoq-qo‘lini bog‘lab, suvga tashlab, uyiga o‘t qo‘yib, qizni zo‘rlab olib ketibdi.
Qo‘shchilar qizning otasini o‘limdan qutqarib qolibdilar. Olib ketilgan qiz har qanday azoblarga bardosh berib, yigitni kutibdi.
Yigitdan darak bo‘lmabdi. Qizning otasi qo‘shchilar qo‘lida uch-to‘rt kun turib, biroz tuzalgandan keyin bu voqealardan pahlavonni xabardor qilgani yo‘l olibdi.
Siddiq yamoqchi Rustamdagi holatni sezib, hikoyasini davom ettirmoqchi bo‘lganida yaralangan bir “xotin” Rustamning oldiga kelib:
— Rustamxon, onangiz jon berish oldidalar. Sizga juda mushtoq bo‘lib yotibdilar. Oldilariga kirsangiz, — deb yalinibdi. Rustam sakrab turib, “kasal” yotgan joyga boribdi. Siddiq yamoqchi ham o‘z joyiga ketibdi. Kampirga haqiqatan g‘arg‘ara kelib turgan ekan.
Rustam tepasiga borganida ikkinchi “xotin”:
— Ko‘p qiynalmang, mana, azamatingiz qarshingizda turibdi, — debdi.
“Og‘ir” yotgan kampir qo‘llari bilan Rustamga imo qilib bir quchoqlab o‘pishni umid qilibdi. Rustam o‘zini kampir quchog‘iga tashlashi bilan kampir behush qiladigan dorini Rustamning burniga tutibdi. Rustam hushsiz bo‘lib yiqilibdi.
Kampir ko‘salarga:
— Qani, tezda mening buyrug‘imni bajaringlar, — debdi. “Xotin” kiyimidagi erkaklar Rustamni arqon bilan bog‘lab, shahar tomon yo‘l olibdilar. Arqon bilan qo‘l-oyog‘i bog‘langan behush Rustamni qimmatbaho gilamlar, duxoba ko‘rpachalar solingan hashamatli uyga olib kelib, eshik tagiga tashlabdilar. Uy ichida qator odamlar o‘tirganmish. Har birining oldiga kimxobdan bosh-oyoq sarpo qo‘yilgan emish.
Shahar hokimi xursandlik bilan odamlarga:
— Sizlarga hozir bergan hadyam arzimaydi. Sizlarni yana ham xursand qilaman, — deb va’da qilayotganida Halimboy o‘rnidan turib:
— Ertaga xalqni rastaga yig‘ib dor tikamiz-da, bu muttahamni osib, sizlarni o‘shalar oldida hadyalar bilan ko‘mib yuboramiz, — deb ko‘kragini kerib, mo‘ylovini burab qo‘yibdi. Kampir Halimboyga qarab:
— Xato o‘ylaysiz, boyvachcham. Birinchidan, bu yalangoyoqni xalqqa ma’lum qilish yaramaydi. Ikkinchidan, ko‘p saqlab bo‘lmaydi. Hushiga kelib qolsa, arqonlarni uzib, xalos bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lmasin, tezda yo‘qotish kerak, — debdi.
Shahar hokimi:
— Ey, ona, bu ish sizning ixtiyoringizda. Qanday chora ko‘rsangiz, qabul qilamiz, — debdi.
Kampir:
— Unday bo‘lsa, Shaytontepa tog‘ida “tagi yo‘q” g‘or bor. Shunga tashlaymiz. Unda devlar, ajdarlar bor. Ularga ham ovqat kerak, — debdi.
Hamma xoxolab kulib: “Sizning hiylangizdan shayton ham qo‘rqadi”, deyishibdi. Shu qaror bilan bechora Rustamni “tagi yo‘q” g‘orga olib borib tashlabdilar.
Rustam har kuni sahar turganida, atrofidagi cho‘ponlardan o‘rgangan bir kuyni nayda mashq qiladigan odati bor ekan. Uni eshitgan o‘tinchilar tong otganini sezib yerto‘ladan chiqishar va o‘z tirikchiliklariga ketar ekanlar. Bugun jimjit bo‘libdi. O‘tinchilarning nazarida hali tong otmaganday tuyulib, ag‘darilib yotaverish jonlariga tegibdi. Ammo Rustamning otasi ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushib, pastki uyidan chiqib, Rustam yotadigan supaga kelibdi. Supa ustida Rustamning do‘ppisidan boshqa narsani ko‘rmabdi. Chol betoqatlanib atrofga qarabdi va “Rustamjon!” deb chaqiribdi. Bu chaqiriq xuddi na’ra kabi o‘tinchilar qulog‘iga borib yetibdi. O‘tinchilar oldinma-ketin chopib kelib, chol atrofiga yig‘ilibdilar. Hamma hayron emish. Oradan “atroflarni qidiraylik” degan ovoz chiqibdi. Chol bir narsani eslagandek, chap tomonga yugurib ketibdi. Birozdan keyin og‘ziga kumush qoplangan, unga o‘z egasining nomi yozilgan nosqovoqni ko‘tarib kelib, “Bu xiyonat, makr”, deb o‘tinchilarga xitob qilibdi.
— Do‘stlarim, biz Rustamdan ayrilibmiz, kechagi panoh tilab kelganlar, zorlangan ayollar emas, topshiriq bilan kelgan “erkak ayyorlar” ekan. Bunga dalil mana bu nosqovoq, men buni taniyman. Bu nosqovoq Halimboyning jiyani Bo‘ri ko‘saniki.
O‘tinchilardan biri nosqovoqdagi harflarni tutilib, zo‘rg‘a o‘qib, cholning shubhalarini tasdiqlabdi.
Rustam “tagi yo‘q” g‘orda bir kecha-yu kunduz yotib asta-sekin hushiga kelib qarasa, qo‘l-oyoqlari yo‘g‘on arqonlar bilan bog‘langan holda zulmat ichida yotgan emish. Faqat vahimali ovozlar, uzoqlardan oh-faryod, ingragan tovushlar eshitilib turgan emish. Rustam o‘zini xalos qilish uchun ko‘p harakat qilibdi, lekin foyda bermabdi. Oxiri bir chiranganda ko‘kragidan bog‘langan arqon uzilib ketibdi. Rustam o‘zini banddan ozod qilib, ingragan tovushni bilish uchun o‘sha tomon yo‘l olibdi. Biroz yurgandan keyin chap tomonda bir g‘or ko‘ribdi, g‘orning og‘zi tegirmon toshi bilan to‘silgan emish, ingragan tovush o‘sha g‘ordan kelar ekan. Rustam ichkari kiribdi. Yo‘lda suyaklarni ko‘ribdi. Devorlarda jodu bilan qo‘riqlanayotgan erkaklar, qo‘llaridan zanjir bilan osilgan yosh ayollarning rasmlari chizilgan emish. To‘rda bir katta xona bo‘lib, toshdan yasalgan supa kabi taxta o‘rnatilgan emish. Atrofda qora chiroqlar, piliklar oxirgi moylarni shimib lirillab turgan emish. Tosh supaga yoyilgan vahshiy hayvonlar terisi o‘z xizmatlarini ado etib, chirib ketgan ekan. Bunday saroy qarshisida zulmatxona ko‘rinib turganmish. Unda qirq temir qoziqqa qirq kokil boylangan, katta xumdagi muz singari sovuq suvga ikki oyog‘i tizzasiga qadar tiqilgan, ikki qo‘lini quloch ottirib ikki tomondagi dorga osilgan o‘n yetti yoshli qiz azobga bardosh bera olmay so‘nggi nafasini olayotgan emish. Uning husni-jamoliga shu qorong‘i zulmat chidash bera olmay, o‘zini chetga olib qochar, qizning oydek yuzidan yorug‘ nurlar shu’la sochib turmoqda ekan. Buni ko‘rgan Rustam o‘ylab, uning kimligini va nima uchun bunday ahvolga tushganligini surishtirmasdanoq o‘zini qiz tomon otibdi. Bir tepib, xumni ag‘daribdi. Qoziqlarni sug‘urib qizni xalos qilganida qiz holsizlanib, yerga yiqilibdi. Shu payt yelkasi chiqqan, bukri, oyoqlari qiyshiq, soqoli o‘sgan, bo‘yi bilan enining farqi bo‘lmagan bahaybat bir odam bilan yetmish yoshlarda, qo‘lidagi hassasidan burni uzun, betida o‘n ikki dona tukidan boshqa hech narsasi yo‘q chol kirib kelibdi. Birinchisi shu mamlakatning katta qaroqchisi bo‘lsa, ikkinchisi qaroqchiga o‘lja topib keladigan, xalqni qaroqchi tuzog‘iga ilintirib beradigan yordamchi ekan. Qaroqchi bu qizni yordamchisining makru hiylasi bilan o‘g‘irlab kelib, o‘ziga xotin qilmoqchi ekan. Qiz bunga unamagach, uni azoblab o‘ldirmoqchi bo‘lganda bundan xabar topgan yordamchisi makr bilan qizni ko‘ndirishni bo‘yniga olib birga kelgan ekan. Bexosdan Rustamga ro‘para kelgan qaroqchi yordamchisiga qarab:
— Mening g‘azabxonam mehr-shafqatxonaga aylanibdi, — deb xoxolab kulib yuboribdi.
Rustam indamay qarab turibdi. Qaroqchi:
— Ey, go‘dak, kimsan? Yana benom-u nishon o‘lib ketma. O‘zingni tanit, — deb Rustamning tepasiga boribdi. O‘ziga qaratmoqchi bo‘lib, Rustamning qulog‘idan tortgan ekan, Rustam asta o‘rnidan turib, qaroqchining ko‘kragiga bir musht tushiribdi. Qaroqchi uch-to‘rt du-malanib, orqada qiltillab turgan yordamchisini bosib qolibdi. Qaroqchi to‘satdan tushgan bu zarbadan g‘azablanibdi. O‘rnidan turmoqchi bo‘lsa, semizligi xalaqit beribdi. Uning harakatlaridan yordamchisining suyaklari sinib ketibdi. Qaroqchi zo‘rg‘a turib, belidagi shamshirini olib Rustamga hamla qilganda, Rustam suv to‘ldirilgan xumni ko‘tarib, qaroqchiga otibdi. Qaroqchi yerga yiqilibdi. Rustam yugurib borib qaroqchining qo‘lidan shamshirini tortib olib, uni o‘ldiribdi.
Qiz uzun kirriklarini asta ochib, qovjiragan lablarini tili bilan namlash niyatida tamshangan ekan, Rustam bir hovuch suv keltirib qizga tutibdi. Qiz suvdan bir-ikki qultum yutib, tepasida parvona bo‘lib turgan yigitga ko‘zi tushib tashvishlanibdi.
— Kimsiz, nima uchun bu yerga keldingiz? Men o‘limga hukm etilganman. Siz qoching, o‘zingizni qutqaring. Agarda meni qutqarmoqchi ekanligingizni bilib qolsa, sizni ham qiynab o‘ldiradi.
Rustam qizga tikilib:
— Siz hozirdan boshlab ozodsiz, — debdi.
Qiz hayron bo‘lib:
— Siz menga hikoya aytib berayotirsizmi? Bu hech mumkin emas-ku! Necha yillardan beri uning changaliga tushgan kishi qutulib chiqolmagan. U o‘z zulmi va qonxo‘rligi orqasida “bukri dev” deb nom chiqargan. Bu mamlakatda undan bezmagan va qo‘rqmagan odam yo‘q. Hatto yosh bolalar ham uning nomini eshitsa, yig‘idan to‘xtaydi. Uning shamshiriga hukmronlarning minglab yigitlari bardosh berolmagan, — debdi.
Qiz hayajon ichida tez-tez nafas olib, nozik barmoqlari bilan Rustamning yaktagi barini o‘ynabdi. Rustam o‘z so‘zlarining javobini intizorlik bilan kutayotgan qizga qarab:
— Mana shu shamshir bilanmi? — deb qaroqchi qo‘lidan tortib olgan shamshirni ko‘rsatibdi.
Qiz hayron bo‘lib:
— Siz buni qayerdan oldingiz? — debdi.
Rustam qizning qo‘lidan ushlab olib borib, qaroqchi bilan yordamchisi yotgan chuqurni ko‘rsatibdi. Qiz xursandligidan ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, tikilib turgan ko‘zlarini uzun kirriklari ostiga olib:
— Ofarin, quyosh yerining pahlavoniga! — debdi.
Bu so‘zni eshitgan Rustam ajablanib:
— Siz mening quyosh yerining odami ekanligimni qayerdan bildingiz? O‘zingiz kimsiz? —deb so‘rabdi.
Qiz:
— Mening ismim Tongguli. Buni faqat men emas, butun xalq biladi, sizni necha vaqtlardan beri xalq intizorlik bilan kutadi.
“Bukri dev”ni o‘ldirishga, xalqni qora zulmatdan qutqarishga siz sababchi bo‘ldingiz. Sizning nomingiz Rustam, kasbingiz o‘tinchilik, bularni mening bobom o‘z hikoyalarida aytib berardilar. Qani yuring, mening birinchi xizmatim sizni xalqqa tanishtirishdan boshlansin, — deb ikkovi shahar tomon yo‘l olibdi. Yo‘lda qiz Rustamni butun voqeadan xabardor qilibdi.
Tong payti, keng bir sayhonlikka kelishibdi. Odamlar yig‘ilgan ekan. Hammada g‘am-tashvish, birov behush bo‘lib yiqilar, birov o‘z libosini yirtib, boshini yerga urib yig‘lar, ba’zilar behushlarga suv sepib, ularni sabr qilishga undar ekan. Uzoqdagi tepalik ustida o‘n to‘rt yoshli o‘g‘il bola bir qo‘y bilan turganmish. Bola va qo‘yning ko‘zlari bog‘langan emish. Yig‘in orasidan uch-to‘rt odam bola tomon tashlansa, xalq ularning borishlariga yo‘l qo‘ymasmish. Rustam bunga hayron bo‘lib, qizdan so‘rabdi:
— Ey, Tongguli, menga bu sirni aytib ber.
Tongguli Rustamga qarab, ko‘zlaridan beto‘xtov marvarid yoshlarini oqizib:
— Koshki endi men tug‘ilmagan bo‘lganimda, xalqning bu qadar oh-fig‘onini eshitmagan bo‘lar edim. Ikki yildan beri bu xalqimizning kundalik marosimi, — debdi.
Rustam “kundalik marosimi” degan so‘zlarni eshitib:
— Ey, Tongguli, bu sirdan meni tez xabardor qil, — debdi. Tongguli toqatsizlanib:
— Bundan bir necha yil ilgari bizning mamlakatda bir ajdaho paydo bo‘ldi. Ko‘p xonadonlarni vayron qildi. Mollarni qirdi. Shahar xalqi unga qarshi chiqa olmadi. Ajdaho shu tepa orqasida yashaydi. Oxirida har kuni tong paytida qorni ochib shaharga hujum qilmoqchi bo‘lganida uning yo‘liga bola bilan qo‘y qo‘yiladigan bo‘ldi. Ajdaho yo‘l ustida uchragan bola bilan qo‘yni yeb, to‘yganidan keyin shahar tomon yurmasdan iziga qaytib ketadi. Shahar xalqiga bu soliq qilib qo‘yilgan.
Bolasi bor kishi bolasini, farzandsiz kishi navbatma-navbat bir qo‘y olib beradi. Bu hol odat tusiga kirib qolgan. Bultur shu vaqtlarda o‘n uch yoshli Gulchehra singlim qurbon bo‘lgan edi. Bugun ham shahardagi atoqli odamning bir farzandi qurbon qilinsa kerak, ko‘p xalq yig‘ilibdi, — debdi.
Xalq orasida birdan shovqin-suron ko‘tarilibdi. Tongguli Rustamga:
— Ana ajdaho, bola tomon chiqyapti, — deb behush bo‘lib yiqilibdi.
Rustam qarasa, qop-qora bahaybat bir maxluq bola tomon o‘rmalab kelayotgan emish. Ajdahoni sezgan qo‘y toqatsizlanib qochmoqchi bo‘libdi. Bola onasini yordamga chaqirgandek chinqiribdi. Bola bilan qo‘y bir arqonga bog‘langani sababli, ikkisidan birining ham qutulishi mumkin emas ekan. Rustam tepa tomon yuguribdi. Ajdaho bola bilan qo‘yni yeyish uchun avray boshlabdi. Qo‘y tirirlashdan to‘xtabdi. Bola mudray boshlabdi. Ajdaho nafasiga tortganida oldida bola, ketida “em” bo‘lgan qo‘y ajdahoning og‘ziga yaqinlashibdi. Bolaning ikki oyog‘i ajdaho og‘ziga ro‘para bo‘libdi. Qo‘qqisdan tushgan kuchli zarba ajdahoni gangitibdi.
Ajdaho o‘zini o‘nglab olish uchun soy tomon burilmoqchi bo‘lganida qahr bilan tashlanib, siqilgan ikki oyoq orasidan qutula olmabdi. Yigit chaqqonlik bilan ajdahoga ikkinchi zarba tushiribdi. Ajdahoning kallasi tanidan ajralibdi.
Ajdaho yutmoqchi bo‘lgan bola Rustamning bo‘ynidan mahkam quchoqlabdi. Xalq bugungi marosimni shodlik to‘yiga aylantirib yuboribdi. Yig‘in ichida baland bo‘yli, oq soqolli bir kishi Rustamning oldiga kelib, ko‘zlaridan sevinch yoshlarini to‘kib:
— Bizlarni ofatdan qutqarib, g‘am-qayg‘udan ozod qilding, ko‘nglimizga nur bergan ey bahodir, pahlavon, kimsan? — debdi.
Tongguli hushiga kelib qarasa, hamma yoq shodlik bilan to‘lgan, xalq Rustamni o‘rab olib unga qayta-qayta ofarinlar aytayotgan emish. Rustamdan savol so‘rab turgan odamning ko‘zi Tongguliga tushib qolibdi. U:
— Tonggulim, hayotmisan? Seni zulmatdan kim qutqardi? — deb bag‘riga bosib yig‘labdi. Tongguli:
— Sizlarni ofatdan kim qutqargan bo‘lsa, meni ham zulmatdan o‘sha qutqardi. “Bukri dev”ni, odamxo‘r ajdahoni o‘ldirgan, sizlarni ofatdan qutqarib, baxtli hayot eshigini ochgan, o‘zlaringiz dostonlar to‘qib yurgan quyosh yerining pahlavoni — Rustam o‘tinchi shu bo‘ladi, — deb aytibdi.
Xalq Rustam bilan shahar tomon yo‘l olibdi, bir necha kun shodlik to‘yi qilishibdi. Rustam hamon do‘stlarini va chol otasini o‘ylar ekan. Kunlardan bir kuni Rustam Tonggulining bobosi oldiga kelibdi. Unga o‘zining do‘stlari, betob xotinni ko‘rgani borgani va arqonga bog‘lanib qora zulmatda yotgani to‘g‘risida birma-bir so‘zlab beribdi. Hozirgi vaqtda do‘stlari qanday ahvolda ekanligini bilishga, yer yuziga qanday qilib chiqishga maslahat so‘rabdi. Bobo uzoq o‘ylab, sekin Rustamga qarabdi. Bu juda og‘ir ish deb boshini chayqabdi. Rustamning yuzida bo‘lgan o‘zgarishni sezib:
— Ey, pahlavon, dunyo yaratilganidan beri hech bir odam quyosh yeriga chiqqan emas. Lekin bobolarimizning aytgan hikoyalariga qaraganda, shu shaharning chap tomonida qirq tog‘ degan baland tog‘ bor. Shuning tepasida quyosh yeriga chiqish uchun yo‘l bor emish. Lekin uni hech kim ko‘rgan emas. U tog‘ning tepasiga chiqaman deb necha ming odam halok bo‘lgan ekan. Yo‘llar xavfli. Vahshiy hayvonlar ko‘p, yana u tog‘ qirq bo‘g‘in bo‘lib, har bo‘g‘inining balandligi yuz gazli silliq toshdan iborat. Kel, pahlavonim, sen bu niyatingdan qayt. Bizning pahlavonimiz va sarkardamiz bo‘l. Bizlar sendan ajralishni istamaymiz, — debdi.
Rustam ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib:
— Ey, menga dunyoning zahmatini loyiq ko‘rmay, shafqat qiluvchi g‘amguzorim, axir unda mening do‘stlarim va yetimligimdan tarbiyalab voyaga yetkazgan mehribonlarim bor. Mendan ayrilib ularning ahvoli nima bo‘ldi? Shulardan xabar olib ko‘nglim tinchimasa, menga yashash harom bo‘lsin, — debdi.
Bobo shu so‘zni eshitib, noiloj rozi bo‘libdi. Ertasi butun shahar xalqi Rustam bilan xayrlashibdi. Shahar oqsoqoli Rustamning peshonasidan o‘pib:
— Bizdan senga esdalik va yo‘lingda hamrohing bo‘lsin, — deb bobosidan qolgan qadimgi kamon bilan besh gaz uzunlikdagi o‘q-yoyni beribdi. Rustam shahar xalqi bilan xayrlashib, tog‘ tomon yo‘l olibdi.
Cho‘llar kezibdi, qirlar oshibdi. Yo‘llar yurib tog‘ tagiga yetibdi. Qarasa, tog‘ bobo aytgandan ham vahimali, tepasi ko‘rinmaydigan, silliq toshdan iborat baland emish, uning ustiga chiqish hech aqlga to‘g‘ri kelmasmish. Rustam hayron bo‘lib, nima qilishini bilmasdan xayol surib tog‘ bag‘rida o‘tirgan ekan, uzoqdan na’ra tortib kelayotgan bahaybat ovozni eshitibdi. Rustam qarasa, toshlarni har tarafga uloqtirib, og‘zini katta ochib, yugurganicha Rustam tomon ona sher kelayotgan emish.
Rustam irg‘ib turibdi va qo‘lidagi kamonga o‘q-yoyni joylab, sherni mo‘ljalga olibdi. Buni sezgan sher o‘z joyida to‘xtab:
— Ey, odamzod! Menga yordam ber, mening bolalarimni o‘limdan qutqar, — deb Rustamning oyog‘iga bosh uribdi.
Rustam sherning boshini silab:
— Ey, vahshiy hayvonlarning podshosi, mendan qanday yordam kutasan. Ayt, men tayyorman, — debdi. Ona sher Rustamning etagidan ushlab, tog‘ning orqa tomoniga yuguribdi. Rustam borib qarasa, sher kiradigan g‘orning og‘zida ho‘kizdan katta chayon turgan emish. U sherning g‘or ichidagi ikki bolasini chaqib o‘ldiray deb turgan ekan. Rustam kamonga o‘q joylab, chayonni mo‘ljalga olib otibdi, o‘q borib chayonning boshiga tegibdi. Chayon gangib g‘or og‘zidan ag‘darilib tushibdi. Rustam yugurib borib, shamshiri bilan chayonning nayzasini qirqib, pora-pora qilib tashlabdi. G‘or ichida chayondan qo‘rqib yotgan sher bolalari yugurib kelib onasining bag‘riga tashlanibdi. Ona sher xursand bo‘lib, Rustamga bosh egibdi. Rustam ko‘p yurib charchaganidan yon-boshlab uyquga ketibdi. Ona sher ikki bolasini Rustamning yonida qoldirib, o‘zi ovqat topish uchun ketibdi. Sher bolalari xursandligidan bir-biri bilan o‘ynashib na’ra tortibdilar. Shu paytda og‘zida bir qo‘yni tishlagancha ota sher kelib qolibdi. Rustamni ko‘rib, hayron bo‘libdi. Qahri kelib og‘zidagi qo‘yni tashlab, Rustamni pora-pora qilib tashlamoqchi bo‘libdi. Birdan shervachchalar:
— Bu odamga tegmang. Bizlarni o‘limdan qutqardi, — deb ota sherning bo‘yniga yopishibdilar. Ota sher bu so‘zlarga taajjublanib turgan ekan, ona sher g‘ordan chiqib kelibdi va bo‘lgan voqeani aytib, burdalanib yotgan chayonni ko‘rsatibdi. Kechga yaqin Rustam uyqudan turib qarasa, atrofida bir necha sherlar Rustamning uyg‘onishini kutib turgan emish. Rustam irg‘ib o‘rnidan turib, bo‘ynidagi junlari o‘sgan, ko‘p yoshlarga borgan, boshqalarga nisbatan balandroqda turgan bir sherga ta’zim qilibdi. U sher shu tog‘da yashovchi sherlarning oqsoqoli ekan. Oqsoqol sher o‘rnidan turib, Rustamning oldiga kelibdi va oldingi ikki oyog‘ini Rustamning yelkasiga qo‘yib.
— Bizning hayotimizni xavfga solib yurgan dushmanimizni yakson qilib, kelgusi avlodla-rimizning boshiga tushadigan kulfatlardan ozod qilgan qahramon, tila tilagingni? — debdi.
Rustam ta’zim bilan:
— Mening tilagim, o‘z do‘stlarimni ko‘rish, ulardan xabar olishdir, — debdi.
— Ular qayerda? —deb so‘rabdi sherlar oqsoqoli.
Rustam:
— Ular quyosh yerining archazorida, — deb javob beribdi.
Rustamdan bu so‘zni eshitgan sherlar o‘z tillarida bir ovoz chiqarib, bir-birlariga qarab qo‘yibdilar. Oqsoqol sher hamon jim turar ekan. Rustam o‘z tilagiga erishish uchun javob kutibdi. Birozdan keyin oqsoqol sher boshini ko‘taribdi va atrofga qarab bahaybat ovoz bilan o‘kiribdi. Shunda kalta, yo‘g‘on oyoqlari bilan yurib kelgan past bo‘yli sher oqsoqolga ta’zim qilibdi. Oqsoqol haligi sherga:
— Bu yigitni tog‘ning tepasiga olib chiq va yo‘lni ko‘rsat, qaytishingda sog‘-salomat olib chiqqaning uchun bizga nishona keltir, — debdi. Sher oqsoqolga ta’zim qilibdi va Rustamning oldiga kelib turibdi. Oqsoqol sher Rustamga qarab:
— Ey, pahlavon, sening safaring juda xavfli. Shuning uchun seni olib boruvchi sher nima desa, qaysarlik qilmasdan aytganini bajarasan, bo‘lmasa biror falokat ro‘y berishi mumkin. Ikkinchidan, quyosh yeriga qadaming tegishi bilan bizga ishonarli nishona berib yuborasan. Toki bizlarning ko‘nglimiz tinchisin, — debdi.
Rustam bu shartlarni qabul qilib, sher ustiga minibdi. Boshqa sherlar o‘yin qilib ularni kuzatibdilar. Kuzatuvchilar g‘orning og‘ziga kelib yana xayrlashib o‘z izlariga qaytibdilar. Rustam bilan sher g‘or ichiga kirib ketibdilar. Sher g‘or ichida o‘qdek uchibdi. O‘qtin-o‘qtin na’ra tortibdi. Uning na’rasiga atrofdan har xil ovozlar eshitilibdi. Rustam atrofdan kelayotgan ovozlarni bilishga qiziqib:
— Ey, vahshiy hayvonlar podshosi, bu kelayotgan ovozlar qanday ovozlar? Bulardan meni xabardor qil, — desa, sher Rustamdan bu savolni eshitib:
— Pahlavonim, bunday savollarni beradigan vaqt emas. Sendan so‘rayman, jimlik saqlab bor. Bo‘lmasa meni va o‘zingni halok qilasan, — der ekan.
Yana yo‘lda ketar ekanlar, goh qushlarning sayrashi, goh mazlumlarning ingrashi, goh chaqmoqlar chaqib momaqaldiroq guldurashi, goh sozlar chalinib bazmlar qiyqirig‘i, goh qizlarning yoqimli ashulalari eshitilibdi. Bunday ovozlarni eshitgan Rustam sherdan yalinib so‘rabdi:
— Meni bu voqealardan xabardor qil.
Sher Rustamga iltijo qilib:
— Quyosh yeridagi do‘stlaringizning hurmati uchun jimlik saqlang, — debdi.
Rustam rozi bo‘libdi. Lekin g‘or ichida qorong‘ilikdan hech narsa bilib bo‘lmabdi. Agar sherning bo‘ynidagi junlarini mahkam ushlamaganda, uning tez chopishidan Rustam uchib ketishi turgan gap edi. Shu payt sher:
— Ey, pahlavon, ko‘zingni yum. Qachonki men “och” demagunimcha ochmaysan. Agar o‘z ixtiyoring bilan bir ish qilib qo‘ysang, o‘z do‘stlaring va mening do‘stlarim oldida javobgarsan, — debdi.
Rustam ko‘zlarini yumib, sherning bo‘ynidan mahkam quchoqlabdi. Sher yana tezroq chopib shunday bo‘kiribdiki, Rustam bunday ovozni birinchi marta eshitibdi. Sherdan chiqqan terga Rustamning kiyimlari ivib, suv bo‘lib oqa boshlabdi. Sher birozdan keyin to‘xtab, Rustamga “Tush!” debdi. Rustam ko‘zini yumganicha sher ustidan tushibdi. Sher “Ko‘zingni och!” deb buyuribdi. Ko‘zini ochsa, Rustam tog‘ tepasida turgan emish. Tog‘ning tepasi nihoyatda keng va sayhonlik bo‘lib, gullar ochilgan, maysalar ko‘kargan, buloqlardan tiniq suvlar oqib turgan ekan. Bu yerlar xuddi bir bog‘bon parvarish qilgandek ko‘rinar emish. Rustam sherdan:
— Bu yerda kim yashaydi? — deb so‘rabdi.
Sher charchaganidanmi javob bermasdan buloq tomon yuribdi.
Borib buloqda cho‘milibdi va yana o‘z holiga kelibdi. Bu mo‘jizadan Rustam ajablanibdi. Sher Rustamga qarab so‘zlabdi:
— Quloq sol, pahlavonim. Sirlardan seni xabardor qilay. Yo‘ldagi sayrashlar, ingrashlar, bazmlar va boshqa ovozlar quyosh yeridagi insonlarga xos edi. Ular bir-birlariga shunday munosabatda bo‘lib, ba’zilarining ingrashlaridan ba’zilar zavqlanib ishrat qilishar edi. So‘ng senga “Ko‘zingni yum!” dedim. U yerda sening do‘stlaringning hayoti ko‘rinar edi. Mana endi sen ularning oldilariga borib bilasan. “Bu tog‘dagi bog‘lar kimniki?” deding. Bu tog‘ tilsimlangan. Bu yerga insonlardan faqat sening qadaming tegdi. Men va mening bobolarim shu yerni qo‘riqlovchilardir. Bizning avlodda boshqa sherlar bu yerga kela olmaydilar. Vaqtida o‘z egasi keladi. Buyuk sirli tog‘lar tekis sayhon va bo‘stonlarga aylanadi. Rustam nihoyatda qiziqib:
— Egasi kim va qachon keladi? — deb so‘rabdi.
— Buni senga aytish qiyin. Bobolarimizning hikoyalariga qaraganda: “Quyosh bu zulmat yeriga o‘z nurini sochganda keladi”, deydilar. Qani, qahramon, o‘z safaringni davom ettir.
— Men senga nishona berishim kerak edi. Nima beray? — deb so‘rabdi Rustam.
Sher Rustamni yetaklab, tog‘ning bir chetiga olib boribdi va yuqoridan qirq gazcha osilib tushgan bahaybat bir daraxt ildizini ko‘rsatib:
— Mana shu ildizga osilib yuqori chiqasan. Shu ildiz yonida kavak bor. Shunga yetganingda shu kavakdan tuproq olib menga tashlaysan. U tuproq quyosh yerining tuprog‘i hisoblanadi. Mana shu tuproqni nishona qilib olib boraman.
— Rustam quyosh yerining tuprog‘i degan so‘zni eshitib, ko‘nglida do‘stlari bilan quchoqlashib ko‘rishayotgandek oshiqib xursand bo‘libdi. Lekin ildizga qanday qilib osilib chiqishga hayron bo‘libdi. Chunki ildizning pastga osilib tushgan uchi Rustam turgan yerdan o‘n gaz yuqorida tugagan ekan. Sher Rustamning hayronligini sezib:
— Ustimga min, oxirgi marta seni sayohat qildiray, — deb ustiga mindiribdi. Sher tog‘ atrofidan chopib kelib ildiz oldiga yaqinlashganda Rustam birdan ildizga sakrabdi. Rustam ildizni quchoqlab yuqoriga o‘rmalabdi. Sher aytgan tuproqdan olib bir yengiga boylab sherga tashlabdi va sher bilan do‘stlarcha xayrlashib yuqoriga yo‘l olibdi.
Quyosh yerining pahlavoni tong otar paytida yer yuziga chiqibdi. Atrofiga qarasa, tanish archazor ko‘rinibdi. U ildiz Rustam otasi bilan birinchi marta archazorga kelganda, chol suyangan past bo‘yli yo‘g‘on archaning ildizi ekan. Rustam o‘zi yotadigan supa ustida ona ayiq kenja bolasini oldingi oyoqlari orasiga olib, qayg‘u bilan boshini quyi solib o‘tirganini ko‘ribdi. Ko‘zi birdan Rustamga tushib qolgan ona ayiq ovozi boricha o‘kirib yuboribdi va Rustamni o‘z bag‘riga bosibdi. Ona ayiq ko‘zidan yosh to‘kib so‘zlabdi:
— Sendan ayrilganimizdan uch kun o‘tgach, hokim yigitlari bilan kelib, archazorga o‘t qo‘yib, bu yerdagilarning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab olib ketdi. Cho‘ponlarning aytishlariga qaraganda, bugun kechqurun xalqni yig‘ib, o‘tinchilarni dorga osar emishlar.
Kechki payt. Ayiq bilan Rustam shaharga kelib qarasa, keng maydonga odam yig‘ilgan emish. Kimdir ko‘z yoshi to‘kayotganmish. Kimdir ko‘makka intilib, o‘zini ojiz bilib, betoqat bo‘lib umidsizlik bilan javdirarmish. Kimdir kimxob to‘n kiyib, ot o‘ynatib, dor atrofidan odamlarni haydarmish. Kimdir “gunohkor”larning dorda tirirchilashlarini tomosha qilmoqchi bo‘lib soyavon aravada kelib turganmish. Dorning chap tomonida temir qafaslar bor emish. Bunda hokimning zulmiga qarshilik ko‘rsatgan yoki uy-joylarini tashlab ketgan odamlarning bolalari qamab qo‘yilganmish. Qafasdagilarning hammasi yarim yalang‘och, murg‘ak badanlari ko‘mir singari qorayib ketgan emish. Ko‘pdan beri ochlik va tashnalikka duchor bo‘lganlari uchun suyaklari badanini yorib chiqqandek ko‘rinarmish. Mana shu mahbuslar orasida Siddiq yamoq-chining qizi Zuhra ham bor emish.
Bir payt karnaylar chalinib, yasovullar yo‘l ochib, jallodlar bolta ushlagan holda qo‘llari orqalariga bog‘langan, ranglari o‘chgan Rustamning otasi boshliq qirq yetti “gunohkor”ni dor tagiga olib kelibdilar.
Qafasdagi yosh mahbuslar o‘zlarining ota va onalarini tanib, dod-faryod ko‘taribdilar. Ba’zi go‘daklar o‘zlarining jajji gavdalarini ko‘tarishga madorlari kelmay boshlarini qafasga tirab, eng so‘nggi kuchlarini yig‘ib, “Meni qutqaring, otajon!” degandek qo‘llarini panjara orasidan uzatibdilar. Bir-birlari bilan xayrlashib, dor tagiga kelayotgan mahbuslar o‘z farzandlarini qafasda ko‘rib, ularning nolishlariga toqat qila olmay, faryodga-faryod qo‘shibdilar. Zuhra ikki qo‘li bilan qafas temirlarni ushlab, sochlari yoyilgan, kiyimlari tilka-tilka bo‘lgan, ko‘zlaridan marvarid singari yoshlarni oqizib yig‘labdi. Maydonda hokim va uning atrofida boylar, yuzboshi, mingboshi, dorboshi va boshqa amaldorlar parvoyi falak serrayib turaveribdilar.
Halimboy saman otda kelib, xalqqa shahar hokimining gunohkorlarni dorga osib o‘ldirish to‘g‘risidagi farmonini o‘qib beribdi. Karnaylar chalinibdi. Jallodlar dorlardan arqonlarni tushirib gunohkorlar bo‘yniga bog‘labdilar. Halimboy zavqlanib, kumush nosqovog‘idan qo‘liga nos olib otmoqchi bo‘lganida kuchli qo‘l yelkasidan ushlab olib, ot ustidan otib yuboribdi.
Yasovullar Halimboyga hujum qilgan qo‘lni ushlamoqchi bo‘lganida, u qo‘l har zarbda ikki-uch yasovulni ag‘darib turibdi. Jallodlar hayron bo‘lib, farmonni bajarishga shoshilgan ekanlar. To‘satdan boshlariga tushgan yo‘g‘on so‘yil ularni yerparchin qilibdi. “Gunohkorlar” o‘zlarini jallodlar qo‘lidan ozod qilayotgan ayiqni ko‘rib shodlanibdilar. Shu orada kimdir “Halimboyni otdan otib yuborgan Rustam ekan” deyishi bilan “Rustam tirik, Rustam keldi” degan so‘zlar xalq orasiga tarqalibdi. To‘s-to‘polon bo‘lib, odamlar kim-kimligini bilmasdan aralashib ketibdi. Bir qancha vaqt davom etgan g‘alayondan keyin o‘lgan o‘ttiz jallod, ikki yuz yasovul, pachoqlangan temir qafas va Halimboyning jasadidan boshqa hech kim maydonda qolmabdi.
Har kim o‘z farzandini olib Rustamga ofarin aytib, archazor tomon ketibdi. Oldinda borayotgan Rustam yoniga Siddiq yamoqchi o‘z qizi bilan birga borib, jilmayib, ohista so‘z boshlabdi:
— Xotirangizda bordir. Bir kun archazorda hikoya aytib berayotganimda “xotin” kishi kelib qolib hikoyam chala qolgan edi.
Rustam o‘ylab turmasdan:
— Xotiramda umr bo‘yi saqlangan. Qani, yo‘l ustida bo‘lsa ham, hikoyaning davomini ayting, — deb iltimos qilibdi. Siddiq yamoqchi ko‘z qiri bilan qiziga qarabdi. Zuhra bir narsa sezgandek uyalib yerga qarabdi. Siddiq yamoqchi so‘zida davom etibdi.
— Ana o‘sha zolimning zulmiga bardosh qilib o‘z vafodorini intizorlik bilan kutgan qiz qarshingizda turgan mening Zuhram edi.
Rustam yalt etib, Zuhraga qarabdi. Uyalgan Zuhraning anor singari qizargan yuzlarini ko‘rib, Rustam o‘zida ajoyib bir his sezibdi. Bunday hisni hayotida birinchi marta boshidan kechirgani uchun so‘z topolmay jim turib qolibdi.
Siddiq yamoqchi Rustamdan so‘z kutar ekan. Rustam bir narsani eslagandek:
— Ha, aytgandek, bu kishining pahlavoni kim va qayerda? — deb so‘rabdi.
Siddiq yamoqchi Rustamdan to‘rt qadam chetroqda butun voqeadan xabardor bo‘lib kelayotgan Rustamning otasiga imo qilibdi. Ular bir-birlariga qarab jilmayishibdi:
— Zuhraning pahlavoni kimligini bilmoqchi bo‘lsangiz “Bu kishining pahlavoni kim?— deb so‘rayotgan odamning o‘zi”, — debdi.
Rustam oldinga tashlagan qadamini to‘xtatib otasiga qarabdi. Chol Rustamning bergan savoliga qaytarilgan javobni tabassum bilan tasdiqlabdi.
Tong shamollari g‘irillab archalar orasida esar, archa yaproqlari esa o‘z soyalariga kelayotgan do‘stlarini olqishlar ekan. Bir qancha vaqtdan beri jimlik hukm surgan archazor shodlikka to‘libdi. Zulm ko‘rganlar, alamdiydalar quyosh yerining pahlavoni yetakchiligida ozod, hur, go‘zal hayot kechira boshlabdilar.