Qo‘y bilan eshak

Bir eshak mehnat qilaverib qiynalibdi. U: “Xo‘jayindan qochib qutulmasam bo‘lmaydi. U meni o‘lgunimcha qiynaydi”, — deb uydan chiqib qochib ketibdi. Eshak yo‘lda ketayotsa, bir qo‘y uchrabdi. Qo‘y:
— Qayerga ketyapsan? — debdi. Eshak:
— Cho‘lga, — debdi. Qo‘y:
— Men ham sen bilan ketaman, — debdi. Ular ikkalovi bir bo‘lib ketishibdi. Yo‘lda ularga xo‘roz uchrabdi:
— Qayoqqa ketyapsizlar? — debdi. Qo‘y:
— Bizlar cho‘lga ketyapmiz. Hozir cho‘l ko‘m-ko‘k o‘t bilan qoplangan.
Ular birga ketishibdi. Yo‘lda sichqon duch kelibdi.
— Qayerga ketayapsizlar? — deb so‘rabdi sichqon qo‘ydan. Qo‘y:
— Cho‘lga, — debdi. Sichqon:
— Men ham sizlar bilan, — debdi.
Ular yo‘lda maslahatlashibdilar. Qo‘y eshakka debdi:
— Qorning to‘yganda hangramagin, bo‘ri eshitib qoladi. Kelib bizlarni yeb ketadi. Sen, — debdi xo‘rozga, — qichqirmagin.
— Men ozib ketganman, hangramayman, — debdi eshak.
Ularning qorni to‘yibdi, yaxshi yashabdilar. Eshak hangray boshlabdi, xo‘roz qichqiribdi. Bo‘ri bularning ovozini eshitibdi. “Bu yerda eshak bor ekan”, deb kelibdi. Qo‘y uzoqdan bo‘rini ko‘rib eshakka debdi:
— Men senga hangrama, bo‘ri eshitadi, degan edim-ku!
Eshak o‘rnidan turib:
— Sen qo‘rqma, u kelib mening chotimga yopishadi. Shunda uning boshini mahkam qisib olaman. Sen esa, shoxing bilan uni suzasan. Xo‘roz, sen uning ko‘zini cho‘qiysan. Ular “ma’qul”, debdilar. Bo‘ri kelib, eshakning chotiga yopishibdi. Shunda eshak uning boshini siqib olibdi. Qo‘y uni suzib, xo‘roz ko‘zlarini cho‘qiy boshlabdi. Sichqon yerni kovlayveribdi. Qo‘y bo‘rini suzib qovurg‘asini sindiribdi. Ular bo‘rini qo‘yib yuboribdilar. Bo‘ri qochib qolibdi. Yo‘lda unga zag‘izg‘on uchrabdi.
— Qayoqqa chopib ketayapsan? — debdi zag‘izg‘on. Bo‘ri:
— Men eshak ovozini eshitdim. Uni yeyman deb kelsam, bir narsa, yo u eshak, yo bahaybat maxluq. Uning beshta oyog‘i bor. Men borib uning chotiga yopishdim. U birdan boshimni qisib oldi, qo‘yvormadi. Meni urdilar, qovurg‘amni sindirdilar. Bittasi bo‘lsa menga go‘r qaziy boshladi. Bir amallab qochib qutuldim. Agar qochmasam, ular meni o‘ldirishi turgan gap edi, — debdi Zag‘izg‘on:
— Yur, meni uning oldiga olib bor, bir ko‘ray, kim ekan, yelkasini tumshugim bilan bir cho‘qib olay, — debdi. Zag‘izg‘on bilan bo‘ri eshak tomon ketishibdi. Bo‘ri qo‘rqib beriroqda to‘xtabdi. Eshak zag‘izg‘onni ko‘rib “kel”, debdi. Zag‘izg‘on kelib eshak ustiga o‘tiribdi va eshak ketini cho‘qiy boshlabdi. Eshak esa uning tumshug‘ini qisib olib dumi bilan savalay boshlabdi. Uning patlari, qanotlari to‘kilib tushibdi. Eshak uni qo‘yib yuboribdi. Zag‘izg‘on qochib ketibdi. U “Yo eshak, yo qandaydir maxluq”, debdi. Ikkovi jo‘nab qolibdi.
Eshak, qo‘y, xo‘roz va sichqon yaxshi yashabdilar. Yoz ketib, qish kelibdi. Ular o‘z xo‘jayinlarining uylariga qaytibdilar, murod-maqsadlariga yetibdilar.