Qilich botir

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir zamonda Qilich botir degan bir polvon bor ekan. Kunlardan bir kun Qilich botir safarga chiqibdi. Bir necha kun yurgandan keyin bir odamga duch kelibdi.
Bu odam Qilich botirga:
— Yo‘l bo‘lsin, og‘ayni,— debdi, Qilich botir unga:
— Men Oqbilak oyim oldiga boraman, sen nima qilib turibsan bu yerda? — deb so‘rabdi.
Qilich botirga uchragan odam bo‘zchi ekan, u:
— Shu tomonda Qilich botir degan bir polvon chiqqan emish. O‘sha bilan kurashmoqqa chiqib turibman, — debdi.
Qilich botir:
— Kel bo‘lmasa, men ham Qilich botir bilan birga yurgan edim, men bilan bir bel ushlashib qo‘y, — degan ekan, bo‘zchi:
— Xo‘p bo‘lmasa, bir kurashib olaylik,— debdi. Shu bilan ikkalasi kurash boshlabdi. Ko‘p vaqt o‘tmabdi. Qilich botir bo‘zchini ko‘tarib yerga uribdi.
Bo‘zchi o‘rnidan turib Qilich botirga:
— Kuchingga qoyilman. Endi senga do‘st bo‘lay,— debdi. Qilich botir bo‘zchiga ikki dona naycha bera turib:
— Mana bu naychalarni ol. Agar biridan qon tomsa, beg‘am bo‘l, biridan zardob tomsa, tezda qanot bog‘lab, orqamdan uchib yet, — deb yo‘lga tushibdi.
Bir qancha yo‘l yurgandan so‘ng yana bir odamga duch kelibdi. Bu odam temirchi ekan. Bu ham:
— Ha yigit, yo‘l bo‘lsin? — deb so‘rabdi. Qilich botir unga:
— Men Oqbilak oyim oldiga bormoqchiman. Xo‘sh, nima uchun sen bu yerda turibsan?— debdi.
Haligi odam Qilich botirga:
— Qilich botir degan bir pahlavon kelayotgan emish, shu bilan kurashmoqqa chiqib turibman,— debdi. Qilich botir:
— Men ham Qilich botir bilan birga yurgan edim, agar kurashmoqchi bo‘lsang, avval men bilan kurashib ko‘r, — debdi. Shunda temirchi:
— Kel bo‘lmasa, kurashaylik, —deb Qilich botir bilan bel ushlashibdi. Qilich botir temirchini ham yiqitibdi. Keyin uni o‘rnidan turg‘azib qo‘yibdi. Bunga ham ikki dona naycha beribdi: biridan qon, biridan zardob tomishini, qon tomsa, beg‘am bo‘lish, zardob tomsa, orqasidan uchib yetish kerakligini aytib, “Bitta eding, ikkita bo‘lding, o‘zim bilan uchta bo‘ldik”,— deb yo‘lga tushibdi.
Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, oxiri bir qishloqqa yetibdi. Bu qishloqda bir suvchi bor ekan, u ham yo‘lga chiqib turgan ekan. Qilich botir u bilan ham so‘rashib, ikkisi kurashibdi. Qilich botir uni ham yiqitibdi. Bunga ham haligi naychadan ikki dona beribdi: “Sen bilan uchta bo‘ldik, o‘zim bilan to‘rtta bo‘ldik, to‘rtovimiz ham bir kishi. Shu naychaning biridan qon tomsa, beg‘am bo‘l, biridan zardob tomsa, tezda yetib bor”, deb yo‘lga tushibdi. Yurib-yurib sahroda bir gala qo‘y boqib yurgan cho‘ponga duch kelibdi, u bilan so‘rashib bo‘lib:
— Bu qo‘ylar kimniki? — deb so‘rabdi. Cho‘pon unga:
— Oqbilak oyimniki, — deb javob beribdi. Qilich botir:
— Oqbilak oyim qayerda? Siz bilasizmi, unga yetish yo‘li bormi? — deb so‘ragan ekan, cho‘pon:
— E azamat yigit, sizga o‘xshagan bo‘z yigitlar, shahzodalar uni kelib ololmay, o‘zlarini nobud qilishdi. Ko‘rdingizmi, hov anavi qo‘rg‘on sizga o‘xshaganlarning kallalaridan yasalgan. Siz qanday qilib u yerga bora olasiz?— debdi.
Qilich botir biroz o‘ylab turib:
— Men albatta boraman, buning uchun nima qilish kerak?— deb so‘rabdi. Cho‘pon javob beribdi:
— Siz bozorga borib, bir xurjunning ikki ko‘zini to‘latib kishmish oling. Oqbilak oyimning bir oti bor, u kishmish yeydi. Agar Oqbilak oyimning oldiga biror kishi kirsa, oti kishnab yuboradi. Oqbilak oyim uydan chiqib, kelgan kishining kallasini qilich bilan uzib tashlaydi. Endi siz shunga bir hiyla qilasiz: uzoqdan yer tagini kavlab borib, xuddi ot turgan joyning tagidan chiqasiz. Bir bordon olasiz. Haligi kishmish bilan birga bordonni olib kelib, teshikning og‘ziga keltirib qo‘yasiz. Kechasi bo‘lganda teshikdan chiqib, bordonni teshik og‘ziga tortib, o‘zingiz panada turasiz, buni otga bildirmaysiz, agar buni ot bilib qolguday bo‘lsa, sizni pachoq-pachoq qilib yuboradi. Oqbilak oyim uxlagan vaqtida darrov chiqib, kishmishni ot oxuriga solasiz, shu bilan Oqbilak oyimni qo‘lga kiritasiz.
Qilich botir cho‘pon bilan xayrlashib, uning aytganlarini birma-bir bajarishga kirishibdi: yerni kavlab borib, otning oxuri yonidan chiqibdi. Otga bildirmasdan, bordonni teshik og‘ziga yopmoqchi bo‘lib turganda, ot sezib qolib, birdan kishnab yuboribdi. Buni eshitgan Oqbilak oyim yotgan yeridan tura solib ot yoniga kelibdi:
— Ha, jonivor, nima sir bor, kishnab yubording? — deb otning boshini silabdi, u yoq-bu yoqni ko‘zdan kechiribdi, hech narsaning sharpasini sezmagandan keyin, qaytib ketibdi. Endigina ko‘zi uyquga ketgan paytda ot yana kishnabdi. Oqbilak oyim yana chiqibdi. Qarasa, hech gap yo‘q emish. Keyin:
— Sen muncha kishnayverding, uyqumdan bezovta qilding! — deb otga bir-ikki qamchi urib, so‘ngra ichkariga kirib uxlab qolibdi. Shunda Qilich botir birdan chiqib, otga kishmish solibdi. Ot kishmishni yeya boshlabdi. Qilich botir sekingina uyga kirib qarasa, Oqbilak oyim uxlab yotgan ekan. Tezdan uning boshi tevaragiga qirqta qoziq qoqib, qirq kokilini qoziqlarga bog‘lab qo‘yibdi. Bir vaqt Oqbilak oyim uyqudan ko‘zini ochib qarasa, tepasida bir yigit tikilib o‘tirgan emish. Oqbilak oyim Qilich botirga qarab:
— Ne uchun kelding? Menda nima qasding bor? O‘rnimdan tursam, kallangni olaman! — deb qattiq intilibdi, lekin kokillari qoziqlarga bog‘langani uchun o‘rnidan turolmabdi va Qilich botirning tadbiriga qoyil qolibdi. So‘ngra yigitga taslim bo‘libdi, shu bilan ikkovlari birga yashay boshlabdilar.
Qilich botir haligi otni minib, ovga chiqib yuribdi. Oradan bir necha yil o‘tibdi. Har qanday podshoh sovchi yuborsa ham, Oqbilak oyim aslo unamabdi. Axiri Qoraxon degan podshoh sovchilikka bir kampirni yuborib, unga:
“Agar o‘sha qizni keltirsang, bo‘ying barobar oltin beraman”, debdi.
Kampir eshakka minib, yo‘lga tushibdi. Qilich botirning ovdan qaytadigan yo‘li ustiga borib, eshakning bir oyog‘ini urib sindiribdi-da, o‘zi bir chekkada yolg‘ondan yig‘lab o‘tiraveribdi. Sal o‘tmay, Qilich botir ovdan qaytibdi. Kampir qilich botirga yalinib, ho‘ng-ho‘ng yig‘labdi, eshakning oyog‘ini ko‘rsatib:
— Bolam, menga rahm qil, bu odamzod yo‘q cho‘l-biyobonda qolib ketib, halok bo‘lmay, — debdi.
— Qilich botirning kampirga rahmi kelib, uni orqasiga mingashtirib uyga olib ketibdi. Oqbilak oyim erining shu ishiga juda achchig‘lanibdi va erini pana joyga chaqirib olib:
— Bu shum kampirni nega keltirdingiz? Boshimizni yeydi-ku! — degan ekan, Qilich botir:
— E buning qo‘lidan nima kelardi deysan. Qaytaga senga dalda bo‘lib o‘tiradi, og‘iringni yengil qiladi, — debdi.
Kampir Oqbilak oyimga xizmat qilib yuraveribdi. Kunlardan bir kun kampir Oqbilak oyimdan so‘rabdi:
— Bolam, Qilich botirning joni qayerda bo‘larkin, bilasizmi? Buni bilib olsangiz, yomon bo‘lmas.
Oqbilak oyim:
— Qanday so‘rasam ekan? — desa, kampir:
— Kechqurun botir kelganda, unga ro‘yxush bermasangiz, aytadi. Ana shu bilan bilasiz-qo‘yasiz, — debdi.
Kechqurun Qilich botir ovdan kelibdi. Oqbilak oyim Qilich botirga ro‘yxush bermabdi, otiga ham qaramabdi: bir burchakda to‘mtayib o‘tiraveribdi.
Xotinini bu ahvolda ko‘rgan Qilich botirning dili siyoh bo‘lib, o‘zini qayoqqa urishini bilmabdi. Keyin sabrsizlanib, Oqbilak oyimdan so‘rabdi:
— Nega xafasiz, jonim? Nima bo‘ldi sizga?
— Shu choqqacha men sizning hech bir nishonangizni bilmayman.
— Xo‘sh, qanday nishonamni?
— Sizning joningiz qayerda turadi?
Qilich botir aytmaslikka urinsa ham, hech iloj bo‘lmabdi. Axiri noiloj bo‘lib:
— Mening jonim qilichimda, qilichsiz asti yurolmayman, — debdi.
Oqbilak oyim yoshlik qilib, bu sirni o‘sha ondayoq makkor kampirga yetkazibdi.
Shum kampir ich-ichidan quvonib, o‘zicha “hmm, murodimga yetar kunim ham bor ekan-a!” debdi. Ammo sir-boy bermaslik uchun Oqbilak oyimga:
— Qo‘ying-e, bolam, bu gapingizga ishonmayman. Sira ham ishonmayman. Eringiz sizni aldagandir. Qani bo‘lmasa, botir erta bilan ovga ketishida qilichini olib qo‘ying-chi, nima bo‘lar ekan? — debdi.
Ertalab Oqbilak oyim eridan qilichini tashlab ketishini so‘rabdi.
Qilich botir xotinini xafa qilmaslik uchun qilichini zo‘rg‘a beribdi va otlanib, ovga chiqib ketibdi.
Kampir darrov qilichni tosh bilan bukib, soyga tashlabdi. Xuddi shu paytda Qilich botir yo‘lda yiqilib qolibdi. Kampir tezdan yog‘och ot yasabdi: o‘ng qulog‘ini burasa, ucharmish, chap qulog‘ini burasa, tusharmish. Yog‘och otni minib, u yoq-bu yoqqa uchirib, Oqbilak oyimni aldash payiga tushibdi.
— Bolam, siz ham minib boqing-chi, qanaqa bo‘larkin. Bahona bilan hamma yoqni tomosha qilib kelasiz,— debdi.
Makkor kampir Oqbilak oyimni orqasiga mingashtirib, uchib ketibdi: bir zumda Qoraxon podshohning shahriga yetibdi. O‘rdaga borib, podshohga ta’zim qilib:
— Shohim, mana, xizmatingizni ado qildim: Oqbilak oyimni olib keldim,— debdi.
Qoraxon podshoh kampirga ko‘targanicha tilla berib jo‘natibdi. Keyin qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilibdi.
Endigi so‘zni Qilich botirning safarda uchratgan oshnalaridan eshiting.
Birdaniga haligi bo‘zchi, temirchi va suvchining naychalaridan zardob toma boshlabdi. Bular tezlik bilan Qilich botirning holidan xabar olgani kelibdilar. Qilich botirning eshigi oldiga kelib qarasalar, bir daryo oqayotgan emish.
Bo‘zchi suvchiga qarab:
— Suvni bog‘la!— debdi.
Suvchi suvni bog‘labdi. Soyga tushib qarasa, botirning qilichi bukilib yotgan emish. Uni temirchiga berib:
— Sen buni to‘g‘rilab peshla! — debdi suvchi.
Temirchi qilichni peshlabdi. Shu bilan Qilich botir o‘z holiga kelibdi. Uyga kelib qarasa, Oqbilak oyim yo‘q emish, uyda esa oshnalari o‘tirishgan emish. Oqbilak oyimni ko‘p qidiribdi, hech qayerdan topolmagandan keyin:
— Bu nima sir? Attang, Oqbilak oyim qo‘ldan ketibdi-da! — deb qayg‘uribdi.
Bo‘zchi, temirchi bilan suvchi Qoraxon podshohning shahriga qarab jo‘nabdilar. Ular juda ko‘p yurib, to‘y boshlanguniga bir kam qirq kun bo‘ldi deganda Qoraxon podshohning shahriga yetishibdi, podshohning ravog‘i tagidan o‘taverishibdi. Qarasalar, hamma yoq shovqin, to‘polon emish.
Suvchi Qoraxon podshohning xizmatkorlaridan:
— Nima gap o‘zi? — deb so‘ragan ekan, u:
— To‘y bo‘layotir, — deb javob beribdi. Suvchi:
— Qanday to‘y? — deb so‘rasa, xizmatkor:
— Qoraxon podshoh Oqbilak oyimga uylanmoqchi, — debdi.
Uchovlari voqeadan xabardor bo‘lib, uni Qilich botirga aytibdilar. Keyin hammalari maslahatni bir joyga qo‘yib, Qoraxon podshoh huzuriga jo‘nabdilar.
Qilich botir dehqon va hunarmandlardan qo‘shin to‘plab, Qoraxon podshohga qarshi qattiq jang boshlabdi. Qoraxon podshoh asir tushibdi. Qilich botir bo‘zchini shu mamlakatga podshoh, suvchini unga vazir qilib qo‘yibdi. Oqbilak oyimni otga mindirib, temirchini boshlab o‘z yurtiga ravona bo‘libdi. Bir necha vaqt yo‘l yurib, oxirida Oqbilak oyimning daryo bo‘yidagi joyiga yetishibdi. Shu yerda temirchi ham ular bilan birga yashabdilar.