Podshoning mot bo‘lishi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. Podshoning o‘ng qo‘l vazirining oti Hasanumaymanoz, chap qo‘l vazirining oti Paxtak ekan. Ikkovining bir-birini ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q ekan. Doim Paxtak vazir Hasanumaymanoz vazirni yo‘qotish payida yurar ekan. Hasanumaymanoz vazir Paxtak vazirning yomon niyatlarini sezsa ham hech parvo qilmas ekan. Podshoning ikki yonida o‘ttiz beshtadan yetmish o‘rin bo‘lib, har bir kishi o‘z o‘rniga o‘tirar ekan, biri ikkinchisining joyiga o‘tirishga haqqi yo‘q ekan. Anniqsa o‘ng qo‘l vazir Hasanumaymanoz Paxtak vazirning o‘rniga, chap qo‘l vazir Paxtak esa Hasanumaymanoz vazirning o‘rniga o‘tirmas ekan.
Kunlardan bir kun podsho o‘ng tomoniga bundoq qarasa, Hasanumaymanoz vaziri o‘rnida yo‘q emish. Podsho yon-atrofdagilaridan:
— Nima uchun Hasanumaymanoz yo‘q? — deb so‘rabdi. Keyin: —Yasovullarga aytinglar, uyidan chaqirib kelishsin,— deb buyuribdi.
Shunda Paxtak vazir o‘rnidan irg‘ib turib:
— Podshohim, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, bir arzim bor, — deb ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turaveribdi.
Podsho:
— Kechdim, ayt arzingni, — debdi.
— Hasanumaymanozni suyub, dono vazir deb bilasiz. Uning o‘tiradigan o‘rniga bir parcha yuqa qog‘oz qo‘ysak, agar vaziringiz Hasanumaymanoz haqiqatan ham bilag‘on, dono kishi bo‘lsa, qani, shu qog‘ozni bilsin-chi, agar bilmasa unday befahm vazirga sizdek ulug‘ podshohning dargohida joy bo‘lmasligi kerak, — debdi.
Bu gap podshoga ham, o‘tirganlarga ham ma’qul tushibdi. Shunda podsho:
— Bir parcha piyoz pardasidek qog‘ozni Husanumaymanozning o‘tiradigan joyidagi ko‘rpachaning orasiga qo‘yinglar, agar qog‘oz borligini sezsa, boshidan oyog‘igacha zarga ko‘maman, bordi-yu, bilmasa, kallasini tanasidan judo qilaman, — deb buyruq qilibdi.
Podsho buyurganidek qilib, bir parcha piyoz pardasidek qog‘ozni Hasanumaymanoz vazir o‘tiradigan ko‘rpachaning qatiga qo‘yishibdi.
Bir payt Hasanumaymanoz vazir salom berib kirib kelibdi. Barcha turganlar «Hasanumaymanoz qogoz borligini bilmaydi, endi kallasi tanasidan judo bo‘ladi», deb unga tikilganicha turgan emish.
Hasanumaymaioz o‘z joyiga borib o‘tirib, yerga bir qarabdi, keyin osmonga qarabdi.
Shunda podsho:
— Ey Hasanumaymanoz vazir, nima sababdan joyingizga o‘tiriboq bir yerga, keyin bir osmonga qarab qo‘ydingiz? — deb so‘rabdi. Hasanumaymanoz vazir o‘rnidan turib:
— Podshohim, bugun yer yo piyoz po‘stidek bpland ko‘tarilibdi, yoki osmon bir parda pastlabdi, — debdi.
Podsho Hasanumaymanoz vazirning donoligiga qoyil qolib, boshidan oyog‘igacha oltinga ko‘mibdi.
Kundan-kun, oydan-oy, yildan-yil o‘taveribdi.
Hasanumaymanozning obro‘siga obro‘ qo‘shilib borayogganligini ko‘rgan Paxtak vazir, o‘zini qo‘yarga joy, kirarga kovak topolmay qolibdi, kundan-kun g‘azabi orta boribdi. Fikr-zikri raqibini yo‘qotish bo‘libdi.
Podshoning otmish ikki mingta oti bo‘lar ekan, shulardan biri eng yaxshi ko‘rgan tulpor oti ekan. O‘sha ot doim podshoning ko‘z oldida egarlangan, yuganlangan holda turar ekan, podsho shu otga nima nom qo‘yish kerak deb, ko‘p o‘ylabdi. Keyin:
— Shu otimga loyiq nom topib bergan kishining boshidan zar to‘kaman, — debdi.
Podshoning ko‘nglidagi nomni topolmasligini bilib, hech kim indamabdi.
Shunda chap qo‘l vazir Paxtak irg‘ib o‘rnidan turib:
— E podshohi olam, bir parda qog‘ozni bilgan o‘ng qo‘l vaziringiz Hasanumaymanoz otingizning otini topmay qo‘yarmidi, — debdi.
Podsho o‘ng qo‘l vaziriga qarab:
— Otimga nom topasizmi, Hasanumaymanoz? —  deb so‘rabdi. Hasanumaymanoz odob bilan o‘rnidan turib:
— Muhlat bersangiz otingizga nom topishga harakat qilib ko‘raman, — debdi.
Podsho xursand bo‘lib ketib, bir oyga muhlat beribdi.
Hasanumaymanoz qulluq qilib, xayrlashib saroydan chiqib ketibdi. Podshoning otiga munosib nom topaman deb qishloqma-qishloq, shaharma-shahar kezib chiqibdi. Xullas, Hasanumaymanoz kirmagan ko‘cha, bormagan qishloq, yurmagan shahar qolmabdi. Yigirma kun kezib yurib, otning nomini topolmay, endi o‘z shahrimga qaytmasam bo‘lmas ekan deb qaytibdi. Yo‘l yurib charchab, suv ichmay chanqab, uyqudan qolib, yurib-yurib bir joyga kelib qolibdi. Qarasa, bir paxsa devor bilan o‘ralgan qo‘rg‘oncha emish. Qo‘rg‘oncha ichida ikkita tom, tomning orqasida bir tup urug‘i pishib turgan nasha o‘sib turgan emish «Shu joy, ajab yaxshi joy ekan, otni shu nashaga boylab, uning tagida o‘zim bir-ikki soat uxlab olsam yaxshi bo‘lardi», deb o‘ylab otning boshini qo‘rg‘onchaga buribdi. Hasanumaymanoz vazir otdan tushib, uni nashaga bog‘lab, «yana besh-o‘n kun muhlatimdai bor-ku», deb yotib ko‘zi uyquga ketibdi.
Bir payt oti nashaga suykanib, pishgan nashalarni to‘kib yuboribdi. Shunda qo‘rg‘onchadan bir qiz chiqib:
— E, harom o‘lgur, haybar-chashbar-zuhbar ot ekansan-ku, — debdi.
Bu gap Hasanumaymanozning qulog‘iga kirib sapchib o‘rnidan turib ketibdi. Keyin qizning kim ekanlpgini surishtirib bilib, unga uylanmoqchi bo‘libdi. Sovchi qo‘yib, o‘ziga so‘ratibdi. Qizning birgina kampir enasi bor ekan, oldiniga podsho kishilariga bermayman, debdi. Hasanumaymanoz vazirning hali uylanmagan, aqlli va dono yigit ekanligini surishtirib bilib, qizini berishga rozilik bildiribdi. Hasanumaymanoz vazir o‘zida yo‘q xursand bo‘lib, shahariga qaytibdi. Podshoning huzuriga boribdi. Paxtak vazir boshliq ulamolar, Hasanumaymanoz vazirni ko‘rib:
— Bu otning nomini topib kelolmagan, podsho ilgari o‘ldirmasa ham endi o‘ldiradi, — deb turishibdi. Hasanumaymanoz vazir asta borib o‘z o‘rniga o‘tiribli. Podsho:
— E, vazirlarning sarvari Hasanumaymanoz, otimga nom topdingizmi? —  debdi.
Shunda Hasanumaymanoz vazir:
— Shaharingizning chekkasidagi kichik qo‘rg‘onchada bir kampir bilan uning qizi yashar ekan. Otning nomini o‘sha kampirning qizi aytib berdi. Otingizning nomi «Haybar-Chashbar-Zuhbar» ekan, — debdi.
— Ha, senga uchragan qiz ko‘p aqlli ekan, otning otini topibdi, — debdi podsho xursand bo‘lib.
Shunday qilib, Hasanumaymanoz vazir o‘limdan qolibdi.
Oradan bir kun o‘tkazib, Paxtak vazirning maslahati bilan podsho otning otini topgan qizni axtarib yo‘lga chiqibdi, so‘rab-so‘rab kampirning uyini topibdi-da, qizni o‘ziga xotinlikka olmoqchi bo‘libdi. Qiz juda ham aqlli, dono ekan. «Saroyda yashaguncha bu yerlarda mol boqib o‘tib ketganim ma’qul», deb o‘ylabdi. U podshoga qarab:
— Taqsir, biz keng dalada o‘sgan dalag‘ovil odammiz, saroyingizga sig‘masmiz, — debdi.
— Yo‘q, saroyga sig‘a berasan, xotinlarim orasida birinchisi bo‘lasan, — debdi podsho.
Shunda qiz podsho bilan adi-badi aytishib o‘tirgani bilan ish bitmaydi, debdi o‘ziga-o‘zi. Keyin podshoga qarab:
— Mayli, men rozi, ammo uch hafta muhlat berasiz, —debdi
Podsho noiloj ko‘nibdi. Podsho qaytib ketgandan keyin, qiz erkakcha kiyinib, shaharga kelib, Hasanumaymanoz vazirni topib, bo‘lgan voqeani aytib beribdi.
Hasanumaymanoz vazir bilan qiz birinchi bor ko‘rishganidayoq bir-birlarini sevib qolishgan ekan.
— Bo‘pti, siz keta bering, men podshoning bir ilojini qilaman, — debdi Hasanumaymanoz vazir qizga. Qiz uyiga qaytibdi. Ertasiga Hasanumaymanoz vazir kampirnikiga borib, qiz bilan maslahatni bir joyga qo‘yibdi.
— Ikki dona ko‘moch qilib, sizning ikki qo‘ltig‘ingizga qistirib qo‘yamiz, — debdi enasiga qiz.— Podsho ovga o‘tadigan kuni eshikka chiqib o‘tiraverasiz. Podsho yaqin kelganda «Ey podshohim, sizga arzim bor», deb qo‘lingizni ko‘tarib yuborasiz. Ko‘moch g‘ildirab podshoning otining tuyog‘i ostiga boradi. Shunda podsho otining jilovini tortib, to‘xtatib: «Ayt arzingni?» deydi. Shunda siz, Hasanumaymanoz vaziringizdan dod, bog‘chamga suv bermaydi, deysiz. Qolganiii keyin ko‘rasiz, — debdi.
Kampir ikki dona ko‘mochni ikki qo‘ltig‘iga qo‘ltiqlab o‘tirgan ekan, siyosat bilan podsho o‘tib qolibdi. Kampir: «Podshohim arz», deb ikki qo‘lini ko‘targan ekan, haligi ko‘mochlar qo‘ltig‘idan tushib, g‘ildirab podshoning otining tuyog‘i ostiga borib qolibdi. Podsho otining jilovini tortib turib:
— Ayt arzingii, — debdi. Shunda kampir:
— Hasanumaymanoz degan vaziringizdan dod, suv bermaydi, ekinlarim qurib ketdi, — debdi.
Shunda podsho o‘ng qo‘l vaziri Hasanumaymanozga qarab:
— Nima uchun bu kampirning bog‘chasiga suv bermadingiz? — deb so‘rabdi.
Shunda Hasanumaymanoz:
— Podshohi olam, bu kampirning bog‘chasiga bundan ikki hafta oldin bir to‘ng‘iz oralagan ekan, shuning uchun to‘pg‘iz halol joyga harom qadamini bosib ifloslabdi, deb suv bermadim, — debdi.
Podsho vazirning nimaga shama qilayotganini bilib, nima deyishini bilmay, orqasiga qaytibdi. Hasanumaymanoz qishloqda qolib, qizga uylanib, yaxshi hayot kechirib, murodu maqsadiga yetibdi.