Ota vasiyati

Bor ekan-da, yo‘q ekan, qadim zamonda bir kambag‘al dehqon o‘tgan ekan. Uning hovlisida bir tup toki bor ekan, shu tokdan olgan hosilni sotib qishin-yozin tirikchilik qilar ekan. Bir kun dehqon betob bo‘lib yotib qolibdi. Shunda u yolg‘iz o‘g‘lini yoniga chaqirib bunday debdi:
— O‘g‘lim, mening kunim bitganga o‘xshaydi. Senga aytadigan bir gapim bor. Shuni qulog‘ingga isirg‘a qilib taqib ol. Gapim shuki, toklarimizning orasiga ikki xum tilla ko‘milgan. Shu tillani yilda ikki marotaba — bahor ham kuzda kovlab olib, tirikchiligingga ishlat. Zora shu bilan boyib ketsang.
Otasi shu gaplarni aytibdi-da, olamdan o‘tibdi. Bu payt qish ekan, bola bahorni orziqib kutibdi. Olamni gullolaga o‘rab bahor ham kelibdi. Yigit ketmonni qo‘liga olib, toklarning tagini belbog‘ bo‘yi qilib kovlab chiqibdi. Biroq oltin topilmabdi. Shu orada toklar kurtak chiqarib yaproq yoza boshlabdi. Yigit tilla qidirishni vaqtincha to‘xtatib, tok bilan ovora bo‘lib qolibdi. Shu yili tok chunonam hosil beribdiki, yigit uni pullab tamom qila olmabdi. Kelasi yil ko‘klamda ham yigit oltin qidirib bog‘ning tit-pitini chiqarib yuboribdi. Yana oltin topilmabdi.
Biroq bu yil tok o‘tgan yildagidan ham ko‘p hosil beribdi. Yigit uni pullab juda ham boyib ketibdi. Lekin hamon yigitning xayoli otasi aytgan oltinda ekan. U shu to‘g‘rida xayol surib o‘tirgan ekan, otasining qadrdon oshnasi kelib qolibdi. Yigit unga voqeani aytgan ekan, chol xoxolab kulibdi-da, keyin:
— Bolam, otang aytgan oltinlarni olibsan-ku, — debdi.
— Otaxon, bog‘dan bir misqol ham oltin topganim yo‘q, — debdi yigit.
— Nega yolg‘on gapirasan? Bo‘lmasa, bu boyliklarni qayerdan orttirding? — debdi chol.
— Mehnat qilib topdim.
— Sen mehnatni mo‘l hosil olish uchun emas, oltinni topish uchun qilding. Otang rahmatli ko‘p aqlli odam edi. U senga mehnatdan unadigan oltinlarni aytgan, — debdi chol.