Omonat

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir er-xotin bor ekan. Bir kuni xotini og‘ir kasal bo‘lib qolibdi. U yigit xotinini juda ham yaxshi ko‘rar ekan. Xotini qazo kilgach, uni ko‘mib, go‘rining tepasidak ketmay, xafa bo‘lib o‘sha yerda yotaveribdi. Soch-soqollari ham o‘sib ketibdi. Bir payt qari chol kelib qolibdi va undan:
— Bu yerda nima qilib o‘tiribsan, o‘g‘lim? — deb so‘rabdi. Yigit:
— Mening bir yaxshi xotinim bor edi, o‘lib qoldi. Shunga aza tutib, xafa bo‘lib o‘tiribman, — debdi.
— O‘g‘lim, agar men xotiningni tiriltirib bersam, sen yarim umringni unga berishga rozimisan? — deb so‘rabdi chol.
Yigit rozi bo‘libdi. Shundan keyin chol uning xotiniga jon ato etibdi. Xotini tirilibdi. Yigit xotiniga:
— Men seni deb bir necha kundan beri shu yerda uyqusiz o‘tiribman. Endi birpas tizzanga bosh qo‘yib, dam olsam, — debdi.
Yigit xotinining tizzasiga bosh qo‘yibdi-yu, ko‘zi uyquga ketibdi. Shu payt yo‘ldan otda podsho bilan vazir o‘tib qolishibdi. Podsho xotinni ko‘rib, undan so‘rabdi:
— Ey, sohibjamol, sen bu yerda nima qilib o‘tiribsan?
— Tizzamda yotgan kishi — mening erim, dam olyapti, — debdi xotin.
— Shu badbashara odam sening eringmi? Shuni ham er qilib yuribsanmi? Men bilan ketmaysanmi? — deb so‘rabdi podsho.
— Jonim bilan ketaman, — debdi xotin.
Podsho uni otga mindirib olib ketibdi. Yigit uyg‘onib uyqudan tursa, xotini yo‘q emish. Yo‘lga chiqib qarasa, otniig izlari bor ekan. Yigit o‘sha izlarning ketidan ketaveribdi. Ot izlari uni podsho saroyiga olib kiribdi. Yigit podsho saroyiga kirib qarasa, taxtda podsho yonida xotini o‘tirgan emish, Yigit podshoga:
— Men uxlab yotganimda, siz mening xotinimni olib ketib qolibsiz. Unga ruxsat bering, — debdi.
— Bu sening xotining emas. U men bilan birga qoladi, — debdi podsho.
— Men unga yarim umrimni bergan edim. Menga qaytib bering, — debdi yigit.
— Seni xotining ekanligini qanday isbot qilasan? Guvoh topib kelgin, — debdi podsho.
Yigit nima qilishini bilmay, xafa bo‘lib chiqib ketibdi. Yo‘lda haligi cholni uchratib qolibdi. Chol:
— Ha, o‘g‘lim, nima qilib yuribsan? — deb so‘rabdi. Shunda yigit cholga bo‘lgan voqeani aytib beribdi.
— Qo‘y o‘g‘lim, xafa bo‘lma, hozir birga boramiz, —debdi chol.
Ikkovi yo‘lga tushibdilar. Podsho huzuriga kirishibdi. Uning xotini yasan-tusan qilib, taxtda o‘tirgan ekan. Chol:
— Ey podsho, bu yigitning xotiniga ruxsat bergin,— debdi.
U xotinga ham bu taxt, zeb-ziynatlar, hashamlar juda yoqib qolgan ekan, u ham podshoning gapini tasdiqlabdi.
Chol xotinga:
— Bu yigitning omonatini bergin, — debdi.
— Omonatingni olsang olaver, — debdi xotin.
— Omonatimni oldim, — debdi yigit ham.
Shu payt xotin birdan hushsizlanib, o‘zidan ketib qolibdi. U o‘lgan ekan. Shunday qilib, xotin podshoga ham, yigitga ham nasib etmabdi.