Oyjamol bilan kal

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. Podshoning juda ham chiroyli, dunyoda tengi yo‘q Oyjamol degan qizi bor ekan. Kundan kun, oydan oy o‘tib, Oyjamol voyaga yetibdi, ko‘p yerlardan sovchilar kela boshlabdi.
Oyjamol kelgan sovchining har biriga: «Bir shart qo‘yaman, uni kimda-kim bajarsa, o‘sha kundan boshlab, men uniki. Agar shartimni bajara olmasa, shu zahotiyoq uning kallasi ketadi», deb shart qo‘yibdi.
Qizning sharti qanchalik og‘ir bo‘masin, baribir turli mamlakatlardan «baxtimizni sinab ko‘ramiz», deb podshovachchalar kelib, hammasi Oyjamol aytgan jumboqni yecha olmay boshlari tanalaridan judo bo‘laveribdi. Podsholikning uzoq bir chetida bir podachi kal yashar ekan. U ham Oyjamolning shartlarini eshitib qolib, «baxtimni bir sinab ko‘ray», deb shaharga kelibdi. Ko‘rgan kishi: «Shu podsho qizining shartini bajara olarmidi, bekorga ahmoq bo‘lib yuribdi-da», deb mazax qilib kular emish. Kal yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, podshoning saroyiga yetib kelibdi. Darvozabon — soqchilar kalning yo‘lini to‘sib:
— Hoy kal, qayoqqa? — deb so‘rashibdi.
—Podshoning qizi Oyjamolning shartini bajarib, uni xotinlikka olishga keldim, — debdi kal qorovullardan tap tortmay.
— Malikaning shartini bajarish senga yo‘l bo‘lsin. Manman degan shahzodalar kelib bajara olmadi-yu, allaqayoqda changda belanib yotgan sen bajara olarmiding, — deyishibdi qorovullar.
— Qo‘yib yuboringlar, men ham baxtimni bir sinab ko‘rayin, — debdi kal.
Oxiri bo‘lmabdi, qorovullar kalni ichkariga kiritib yuboribdilar. Kal saroyga kirib, undagi boyliklarni, devorlardagi bezaklarni ko‘rib, oldiniga o‘zini yo‘qotib qo‘yibdi, keyin o‘zini bosib olib, to‘ppa-to‘g‘ri Oyjamolning oldiga kirib:
— Siz bilan shartda bellashgani keldim, — debdi. Oyjamol xoxolab kulib turib:
— O‘lging kelib, ajal haydab kelgan ekan, mayli men roziman, — debdi.
«Ko‘ramiz, — debdi kal ichida, — kim-kimni o‘ldirar yekan».
Oyjamol kalga, o‘tir deb, gilamni ko‘rsatibdi. Kal ko‘rsatilgan joyga borib, cho‘kkalab o‘tirib olibdi.
Oyjamol o‘zining beshta topishmoqdan iborat shartini ayta boshlabdi.
Oyjamol:
— Uzun-uzun hamyon, undan uzun hamyon, uni toping dilbarim? — debdi.
Kal:
— Uzun-uzun hamyon — tutun alanga emasmi, undan uzun hamyon — bulut emasmi? Topdimmi, dilbarim, topmadimmi, dilbarim? —  deb javob beribdi.
Oyjamol:
— Topdingiz! Ikkinchi shartim bu turur: Qamish uchi qaltiroq, igna uchi yaltiroq, buni toping, dilbarim? — debdi.
Kal:
—Qamish uchi qaltiroq — shamol aning emasmi, Igna uchi yaltiroq —chiroq aning emasmi? Topdimmi, dilbarim, topmadimmi, dilbarim? —  debdi. Oyjamol:
— Topdingiz! Uchinchi shartim bu turur: Takur-tukur takrabo, ichi to‘la mehribo, uni toping dilbarim? — debdi. Kal:
— Takur-tukur takrabo — beshik aning emasmi, Ichi to‘la mehribo — bola aning emasmi? Topdimmi, dilbarim, topmadimmi, dilbarim? — debdi.
Oyjamol:
—Topdingiz! To‘rtinchi shartim bu turur: Sassiq ko‘lda it hurar, uni toping dilbarim? —  debdi. Kal.
— Sassiq ko‘lda it hurar — baqa akang emasmi? Topdimmi, dilbarim, topmadimmi, dilbarim? —  debdi. Oyjamol:
— Topdingiz! Beshinchi shartim bu turur: Tog‘ning uchi to‘qirchoq, buni toping dilbarim? — debdi. Kal:
— Tog‘ning uchi to‘qirchoq — kal akang emasmi? Topdimmi, dilbarim, topmadimmi, dilbarim? — debdi. Oyjamol:
— Topdingiz! Shartlarimni to‘la bajardingiz. Endi men sizniki, qayerga desangiz o‘sha yerga ketaveramai, — debdi.
Shunday qilib, podachi kal Oyjamolning hamma topishmoqlarini topib, unga erishibdi. Podsho elu yurtda gap bo‘lishidan qo‘rqib, qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, qizini podachi kalga nikohlab beribdi.
To‘ydan keyin kal Oyjamolni olib o‘z joyiga qaytib, podasini boqib, shodu xurramlikda murod-maqsadiga yetibdi.