Mushuk

Bir kampir shokosaga osh quyib, «o‘g‘lim kelsa ichadi», deb tokchaga qo‘ygan ekan. Uning bir mushugi bor ekan, u oshni ichib turgan ekan. Kampir mushukni “pisht”, debdi. Mushukning tumshug‘i shokosaga tegib, ag‘darilib sinibdi. Kampir eshikni bekitib olib, mushukni uraveribdi, eshikni ochibdi, mushuk qochibdi. Mushuk «odam bor joyda turmayman», deb ketib qolibdi. U tog‘ning tepasiga yetib qolgan ekan, uzoqda ikki kaklik bir-birini tepib urishib turganiga ko‘zi tushibdi. Ular:
— Ikkalamiz bir-birimizni cho‘qib o‘ldirib qo‘ymaylik, birovdan so‘raylik. “Shu uyda sen tur desa, men turayin”, — deb mushukka ro‘para bo‘lishdi.
— A, mushukvoy nima deysan? — debdi. Mushukvoy:
— Ho, gaping bo‘lsa bu yoqqa kelib gapir, qulog‘im garang, — debdi. Kaklik:
— Oldingga borgani qo‘rqamiz, yeb qo‘yasan, — debdi. Mushuk:
— Men mushuklarning ichida eshoniman, so‘fisiman, taqvodoriman, yemayman, — debdi. Ikkala kaklik kelib:
— Huv anavi tog‘ning kanori meniki. O‘sha uyda men turib edim. Boshqa tog‘larga chiqib, aylanib kelsam, mening turgan joyimda bu turibdi. Bu joy meniki. Ketgin desam, joyimni bermayman, deydi. Endi gapim shu, turganning o‘zi tursinmi, men ketaverayinmi yoki bu ketib, men turayinmi? Shunga nima deysan, — debdi. Mushuk:
— Men eshonman, so‘fiman, taqvodorman, — deganimga ishonib kelganingga ikkovingni ham yeb qo‘ya qolay, deb ikkovini ham ushlab olibdi.