Mislabu

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, odamlarning aytishiga qaraganda Balx shahrida bir zolim podshoh bor ekan. Uning zolimligi boshqa podshohlardan ham o‘tib ketgan ekan. U o‘z bilganidan qolmas, birovga quloq solmas ekan. Uning bir-biridan chiroyli to‘rtta xotini bor ekan-u, lekin bitta ham farzandi yo‘q ekan. Shu to‘g‘rida ko‘p qayg‘urar ekan. Hech ilojini topa olmay, alamini xalqdan olar ekan. Uning juda chiroyli saroyi bor ekan. Hovlisida har xil gullar ochilib, bulbullar erta-yu kech tinmay sayrar ekan. Podshohning bir chol xizmatkori shu bog‘da ishlar ekan. U bo‘sh vaqtlarida o‘tin terib kelib, uni sotib kun o‘tkazar ekan. Kunlardan bir kun chol o‘tin terishga tog‘ga borsa, bir daraxt shoxchasida ko‘zlari endi ochilayotgan, qanotlari ham endi o‘sib kelayotgan bir kichkina to‘tiqushni ko‘ribdi. Rahmi kelib uni uyiga olib kelibdi, yaxshi parvarish qilib, gapga o‘rgatibdi.
Qush katta bo‘lganda ancha gap o‘rganib olibdi. Cholning kundan-kunga beli bukchayib, sochi oqarib, tishlari tushib, kuch-quvvatdan ketib, o‘tin ham tera olmaydigan bo‘lib qolibdi. “Shu qushimni podshohga olib borsam, rahmi kelib biror narsa berar, quruq qo‘ymas”, deb qushini ko‘tarib shoh oldiga boribdi. Podshohning qushga havasi kelib, cholga bunday debdi:
— Bu qushni nimaga ko‘tarib yuribsan, uni qayerdan topding?
Chol ikki bukilib salom beribdi-da, so‘z boshlabdi:
— Men bu qushni o‘tin terib yurganimda topib olgan edim. Parvarish qilib, gapga o‘rgatdim. Endi qarib qoldim, biroz choy-chaqa berarsiz deb, shu qushni sizga olib kelgan edim, — debdi.
— Mana qushing uchun, — deb shoh ozgina pul berib jo‘natibdi.
Podshoh ustalarga tilla qafas yasashni buyuribdi. To‘tiqush qafasni eshitishi bilan oltin qafasdan ko‘ra cholning zax, qorong‘u uyi afzalligini o‘ylab, afsuslanibdi. Tez vaqt ichida qafas tayyor bo‘libdi. Podshoh to‘tiqushni qafasga solib, taxtining tepasiga osib qo‘yibdi. Har kuni to‘ti bilan gaplashib o‘tiradigan bo‘libdi. Podshoh to‘tiqushga:
— Qayerga borsam ham seni birga olib boraman, — deb va’da qilibdi.
Kunlarning birida podshoh amaldorlari bilan ovga chiqibdi. Lekin to‘tiqushni esidan chiqaribdi. Podshoh ketgandan keyin uning to‘rtinchi xotini yaxshi kiyinib taxt ustiga chiqib o‘tirib to‘tiqushdan gap so‘rabdi:
— To‘tiqushjon, to‘tiqushjon, qani menga aytib ber-chi, dunyoda men chiroylimi yoki mendan ham chiroyli, mendan ham suluv, mendan ham ozoda odam bormi? —debdi. To‘tiqush biroz o‘ylab turib:
— Bibishim, ko‘nglingizga qarab aytaymi, ko‘rganimni aytaymi? — debdi. Malika qah-qahlab kulib:
— Ey, to‘tiqush, ko‘p ajab ekansan. Ko‘nglimga qarab nima qilasan, ko‘rganingni ayt, — debdi. To‘tiqush:
— Bibishim, men sizning ko‘nglingizdagini bildim. Juda uzoqda, Nil daryosi bo‘yida, tilla qo‘rg‘onda: o‘zi hur, tishlari dur, xushmuomala, sochi sumbul bir Mislabu degan qiz bor. Siz uning kavushining tagiga ham o‘xshamaysiz, — debdi. Malika g‘azablanib xizmatkor qizga:
— Bu qushni menga pishirib ber, — debdi.
Xizmatkor qiz nima qilishini bilmay, qafasdagi qushni oshxonaga olib boribdi. Endi so‘ymoqchi bo‘lganda, to‘tiqush bo‘g‘ot ostida o‘tirgan musichani ko‘rib qizga yalinibdi:
— Ey, qiz, sen meni pishirma, podshoh kelganda senga ko‘p yaxshilik qilarman. Sen ana shu musichani malikaga pishirib ber.
Qizga bu gap ma’qul tushibdi. To‘tini qo‘yib, musichani pishirib malikaga beribdi.
Malika to‘tiqush deb musichani yebdi. Qiz qushni qayerga yashirishni bilmay turganda, qush:
— Ey, qiz, meni tog‘ga olib bor, qafas bilan osib kel, — debdi.
Qiz tilla qafasni tog‘ga olib borib, bir daraxtga osib kelibdi.
Ovga ketgan shohning tuzoqlariga hech narsa tushmabdi, g‘azablanib o‘tirganda, to‘tiqushi esiga tushib qolibdi. Darrov ot-anjomini hozirlab yo‘lga tushibdi. Ot choptirib uyga kelibdi, qarasa, taxt tepasida na qafas bor, na qush bor, g‘azablanib shahar va qishloqlarga jarchi qo‘ydiribdi. Jarchilar shaharma-shahar ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib: “Odamlar-u odamlar, eshitmadim demanglar, kecha shohimizning to‘tiqushi yo‘qolibdi. Ko‘rgan-bilgan bo‘lsa, erta bilan kun chiqmay saroyga borsin. Podshoh hisobsiz tilla berib, amaldor qiladi”, — deb jar chaqiribdilar. Qushni topish uchun uch kun muhlat berilibdi.
Shohga to‘tini olib kelgan chol ochlik azobiga chidolmay biroz o‘tin terish uchun tog‘ga chiqib ketgan ekan. U kunning issig‘iga toqat qilolmay bir daraxt soyasiga kelib o‘tiribdi. Daraxt shoxiga osilgan qafas ichidagi to‘tiqush cholni ko‘rib:
— Ey, hurmatli bobo, meni shoh oldiga olib borsang, podshoh senga behisob tilla beradi, — debdi. Chol o‘tin terishga boshlabdi. To‘tiqush yana cholga yalinibdi. Chol:
— Mayli, bu o‘zimning to‘tiqushim-ku, men uni har vaqt to‘g‘ri so‘zlashga o‘rgatganman. Olib borsam bora qolay, — deb qushni olib, tergan o‘tinini orqalab podshoh oldiga kelibdi. So‘zini ham gapira olmay shohga qushni uzatibdi. Podshoh cholni ko‘rishi bilanoq jallodini chaqirib:
— Birinchi martaba bu qushni olib kelib, qancha pulimni olib ketgan, “Beli og‘rimaganning non yeyishini qara” degandek, qushni o‘zi o‘g‘irlab yana olib kelibdi, kallasini olinglar, — debdi. Jallodlar cholni savalab, dorga olib ketayotganlarida to‘tiqush:
— Jallodlar, cholni urmanglar, — debdi. Jallodlar cholni urishdan to‘xtabdi. To‘tiqush:
— Ey, va’dasiz podshoh, doim o‘zim bilan birga olib yuraman deb, va’da qilgan eding, va’dangga vafo qilmading, — deb butun voqeani aytib beribdi. Podshoh cholga va xizmatkor qizga qimmatbaho mukofotlar beribdi.
Podshoh qushning gapini eshitib, Mislabuga g‘oyibona oshiq-u beqaror bo‘libdi va Mislabu mamlakatiga olib borishni to‘tiqushdan so‘rabdi.
To‘tiqush yo‘l mashaqqatlarini, qirq yil yo‘l yurish kerakligini aytibdi, shoh rozi bo‘libdi.
Ertasiga xiyonatkor malikaning ko‘zlarini o‘yib, o‘zini zindonga tashlatibdi. Taxtini o‘zining eng ishongan vaziriga topshirib, amaldorlaridan oq fotiha olib, yo‘lga ravona bo‘libdi. Birinchi kuni yam-yashil bog‘lardan o‘tibdi, ikkinchi kuni katta-katta shahar va qishloqlardan o‘tibdi, uchinchi kuni daryolardan, baland-baland tog‘lardan o‘tib ketibdi. Shunday qilib kunlar, oylar yurib, oradan o‘n yil ham o‘tibdi.
Endi gapni malikadan eshiting. Podshoh ketganda malikaning gumonasi bor ekan. Zindonda yotganda vaqt-soati yetib bir o‘g‘il tug‘ibdi. Malika o‘z o‘g‘liga Bahodir deb ism qo‘yibdi. Bahodirning uch yoshda tili chiqibdi. Lekin shu vaqtgacha uni hech kim bilmabdi.
Kunlarning birida vazir zindon oldidan o‘tib ketayotib, zindondan bola tovushini eshitibdi. Zindondagi bolani onasi yonidan olib chiqibdi. Uni maktabga berib o‘qitibdi. Bahodir oq-qorani biladigan, yaxshi-yomonni ajratadigan zehnli, aqlli bola bo‘libdi. O‘n yoshga yetganida yigirma yoshlardagi yigitlardek baquvvat, serg‘ayrat bo‘libdi. Uni otasi o‘rniga taxtga o‘tkazishibdi. Bahodir onasini zindondan chiqarmoqchi bo‘lsa ham onasi: “Otang kelmay, chiqmayman”, — deb zindonda yotaveribdi.
Podshohning qirqta uyi bor ekan. Ota-bobolari “O‘ttiz to‘qqiz uyga kir, qirqinchi uyga kirma”, — deb nasihat qilib o‘tgan ekanlar. Shu sababli podshoh qirqinchi uyga kirmas ekan. Podshoh ketganda qirqta uyning kalitini vaziriga berib ketgan ekan. Vazir shu kalitlarni Bahodirga beribdi. Bir kuni Bahodir shu uylarni tomosha qilmoqchi bo‘lib birinchi uyga kiribdi. Uyning ichida rang-barang gullar ochilgan, bulbullar sayrab turgan emish. Ikkinchi uyga kirsa, har xil qushlar: to‘ti, mayna, chumchuq, musicha, kaklik va boshqa qushlar sayrab turgan emish. Uchinchi uyda turli-tuman hayvonlar, to‘rtinchi uy devorida har xil rasmlar ishlangan emish. Shunday qilib o‘ttiz to‘qqizta uyni tomosha qilib chiqib, qirqinchi uyga kiribdi. Qarasa, uyning ichida hech narsa yo‘q, uyning o‘rtasida bo‘yra yozilgan. Bahodir hayron bo‘lib : “Ota-bobolarimiz hamma uyga kirsang ham qirqinchi uyga kirma degan ekanlar. Bunda shu quruq bo‘yradan boshqa narsa yo‘q. Shu bo‘yrani ko‘rma, degan ekanlar”, deb butun uy atrofini aylanib qarabdi. So‘ng o‘ylab turib “Qani shu bo‘yrani bir ko‘tarib ko‘ray-chi, nima bor ekan?” deb ko‘tarib qarashi bilan hushidan ketibdi. Shu bilan bir qancha vaqt o‘ziga kelmay yotibdi. Vazirlar shahzodani qidirib topa olmabdilar. Ulardan biri:
— Bu yosh narsa, balki uylarni tomosha qilayotgandir, borib ko‘rish kerak, — debdi. Vazirlar o‘ttiz to‘qqizta uyni ham ko‘rishibdi, hammasi berk. Qirqinchi uyning eshigi ochiq. Kirib qarasalar, Bahodir hushidan ketib yiqilib yotibdi. Vazirlar Bahodirni uyga olib kelib, zo‘rg‘a hushiga keltirishibdi. Bahodir bo‘yra tagidagi Mislabuning rasmini ko‘rib, hushidan ketgan ekan. Shu kundan boshlab Mislabuga oshiq bo‘libdi. Kundan-kunga rangi sarg‘ayibdi. Vazirlar hol-ahvolini so‘rasa ham aytmay, ich-ichidan kuyib yuraveribdi.
Avvallari uzoq safarga chiqib ketgan shohning barcha narsasi tugabdi. U cho‘l-u sahrolarda o‘t va ildizlarni yeb kun kechiribdi. Podshoh ichishga suv topa olmay, sarson bo‘lib yurganda, oldidan bir katta daryo chiqib qolibdi. Daryodan suv ichib, biroz o‘zini o‘nglab olib, endi o‘tmoqchi bo‘lib qarasa, hech ko‘prik yo‘q emish. Daryo bo‘yida yotgan ikkita yog‘ochni olib, bir-biriga bog‘lab daryoga tashlabdi-da, taxtaga yopishib suvda oqib ketaveribdi. To‘tiqush esa havoda orqasiga qaramay uchib ketaveribdi. Podshoh qushni yo‘qotib, adashib qolibdi. Ko‘p ovora bo‘lib daryoning u tomoniga chiqibdi. To‘tiqushdan ajralib qayerga borishini bilmay, axiri oldinga tomon yuraveribdi. Qumning issig‘idan oyoqlari kuyib, yura olmay qolibdi. Sekin-sekin yurib, oldiga qarasa, uzoqdan bir qora nuqta g‘ivirlab kelayotgan emish. Podshoh tavakkal qilib o‘sha tomon yuribdi. Nihoyat bir odamga duch kelibdi va: “Assalomu alaykum,” debdi.
Haligi odam:
— Vaalaykum assalom. Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan yerlarda nima qilib yuribsiz? — debdi.
— Men Balx shahrining podshosi bo‘laman. Mening to‘rtta xotinim bor. Lekin bolam yo‘q. Bir to‘tiqushim bor edi. Shu to‘tiqush: “Nil daryosi bo‘yida, temir qo‘rg‘onda bir Mislabu degan qiz bor”, degan edi. Men shu Mislabuga g‘oyibona oshiq bo‘lib yo‘lga chiqdim. Mana, o‘ttiz to‘qqiz yil bo‘ldi, hali ham izlab yuribman, — debdi. Bobo:
— Ey, ahmoq, shunday taxting-baxting, to‘rtta xotining bor ekan. O‘zing qarib qolibsan, Mislabu juda yosh qiz bo‘lsa, seni xohlarmidi. U qiz uchun qancha-qancha pahlavon yigitlar halok bo‘lib ketishdi, senga yo‘l bo‘lsin. Agar xohlasang, men yer tanobini tortaman, qizni ko‘r-sataman, — debdi. Podshoh sevinib ketibdi.
Bobo yer tanobini tortib, qizning rasmini ko‘rsatibdi. Podshoh qizning rasmini ko‘rishi bilan hushidan ketibdi, birozdan keyin hushiga kelib, “Qaysi yo‘l bilan boraman?” deb so‘ramoqchi bo‘lib ko‘zini ochsa, bobo yo‘q emish. Joyidan turib soydan o‘tib, yurib-yurib bir charx yigirib o‘tirgan jodugar kampirga uchrabdi. Kampirga salom berib, hol-ahvol so‘rabdi. Kampir:
— Sen qayerdan kelyapsan, bu yerda odam yashamaydi, — debdi. Podshoh bo‘lgan voqeani aytibdi. Kampirning shohga rahmi kelib:
— Ey, podshoh, mening senga rahmim keldi. Men hech kimga bu sirni aytganim yo‘q edi. Faqat senga aytaman. Sen mana shu yo‘l bilan ketsang, Mislabuning qo‘rg‘oniga borasan. U uxlasa qirq kun uxlaydi, qirq kun uyg‘oq turadi, — debdi. Podshoh kampir ko‘rsatgan yo‘l bilan borib qo‘rg‘onni topibdi. Qo‘rg‘onning atrofini aylanib hech eshik topa olmabdi. Devor ustiga qarasa, ko‘zi qamashibdi. Nima qilishini bilmay, yana kampir oldiga kelib qo‘rg‘onga kirish yo‘lini so‘rabdi. Kampir bir tilsim o‘qib podshohni kaptar qilib uchiribdi. Kaptar uchib borib devorga qo‘nibdi. Mislabuni ko‘rishga qancha urinsa ham ko‘ra olmay, yana kampir oldiga qaytibdi. Kampir yana bir tilsimot o‘qib, olma qilibdi. Olma uchib borib qizning ko‘rpasi orasiga yashirinibdi. Ko‘rpa orasida yotib hech narsa ko‘ra olmay, yana kampirning oldiga qaytib kelibdi. Kampir:
— Bo‘lmasa, sen devor tagidan lahim kavla. Lahim Mislabuning hovlisidagi bir tup qizil olma daraxti tagidan chiqsin. U olmaning tagida bir oltin qoziq bor, shu qoziqqa Mislabuning oti bog‘langan. Ot sening borganingni bilmasin, bilsa, kishnab yuboradi. Mislabu o‘rnidan turib, kelgan dushmanni o‘ldiradi. Shuning uchun mana shu to‘rvadagi kishmishni otga ber, yegandan keyin kishnamaydi, — debdi. Podshoh devor tagidan lahim kavlab oltin qoziq yonidan chiqibdi. Boshini sekin ko‘tarib qarashi bilan ot kishnab yuboribdi. Mislabu otining kishnaganini eshitib o‘rnidan turib kelib, otga minib uchib ketibdi. Yuqoridan qarab hech kimni ko‘rmay, yana qaytib tushib uxlabdi. Podshoh boshini ko‘tarib qarasa, ot yana kishnabdi. Mislabu o‘rnidan turib kelib otiga minib uchibdi. Yana hech kimni ko‘rmay, otiga bir qamchi urib, uyiga kirib ketibdi. Ot yosh boladek ko‘zidan yoshini to‘kib qolibdi. Shunda podshoh boshini ko‘tarib, ot oldiga kishmish solibdi-da, uyga kiribdi. Qarasa, Mislabu yuziga qirqta parda tutib, barq urib uxlab yotibdi. Podshoh asta-sekin qirq qoziq qoqib, qizning qirqta kokilini qoziqqa bog‘labdi. Qo‘l-oyoqlarini ham bog‘labdi. O‘tirib Mislabuning dutorini qo‘liga olib og‘ziga kelgan ashulani ayta beribdi. Mislabuning qirq kunlik uyqusi qonib, uyg‘onib turay desa, kokili tortilib, tura olmabdi. Mislabu:
— Bu ishni kim qildi, bu yerda kim bor, odammisan, parimisan.
Sochlarimni yechib qo‘y, — debdi. Podshoh:
— “Jononi kalon, jonidan”, desang, kokilingni yechaman, — debdi. Mislabu:
— Kim senga bu gaplarni o‘rgatdi. Agar men bu gapni aytsam parilik qanotim qirqilib, osmonda ucha olmay qolaman. Shuning uchun aytmayman, — debdi. Podshoh qizning kokilini bir necha kungacha yechmabdi. Mislabu ko‘p azob tortib, oxiri “Jononi kalon, jonidan” deyishga majbur bo‘libdi. Mislabu podshohni otga mindirib Nil daryosiga olib borib tushiribdi. Podshoh suvdan yigirma yoshlik yigit bo‘lib chiqibdi. Ikkovi podshohning shahriga jo‘namoqchi bo‘libdi. Mislabu eng katta qora devni chaqirib:
— Mana shu qo‘rg‘onni ustingga qo‘yib, Balx shahriga qancha vaqtda olib borasan? —debdi. Dev:
— Bir soatda olib boraman, — debdi. Mislabu devni kaftiga qo‘yib “puf” deb uchirib yuboribdi. Yana qizil devni chaqirib:
— Shu qo‘rg‘onni Balx shahriga qancha vaqtda olib borasan? — debdi. Qizil dev:
— Yarim soatda olib boraman, — debdi. Mislabu uni ham uchirib yuborib, oq devni chaqiribdi:
— Sen qanchada olib borasan? — debdi.
Oq dev:
— Ko‘zingni ochib yumguncha olib boraman, — debdi. Dev temir qo‘r-g‘onni ustiga qo‘yib, ko‘z yumib ochguncha Balx shahrining yoniga tushibdi.
Bu xabar shahar xalqiga tarqalibdi. Xalq Mislabuning husnini tomosha qilish uchun kelibdi. Podshoh Mislabuning yonida o‘tirib yuzidan bitta-bitta niqobini ko‘tarib turibdi. Eng oxirgi pardasi qolganda parilarning boshlig‘i Yunus pari Mislabuni qidirib kelib qolibdi.
Mislabu podshohga:
— Ey, podshoh, ehtiyot bo‘l. Parilarning boshlig‘i kelyapti. U kelib seni jangga chaqiradi. Sen mening aytganimni qil, bo‘lmasa yengilasan, — debdi. Yunus pari yaqinlashib kelib, podshohni jangga chaqiribdi. Podshoh Mislabuning aytganlarini qilib Yunus pari askarlari bilan jang qilib, uni yengibdi. Yunus pari osmonga chiqib ketibdi. Bu voqea o‘g‘li Bahodirga yetibdi. Bahodir otasi Mislabuni olib kelganini bilib, ziyofat tayyorlab, eshik oldiga poyandozlar soldiribdi. Ikki choparini yuborib, podshohni ziyofatga taklif qilibdi. Mislabu bilan podshoh saroyga yaqinlashib kelibdi. Yo‘lga podshohning uch xotini chiqib turgan ekan. Mislabu hammasi bilan ko‘rishib podshohga:
— Ey, podshoh, to‘rtinchi xotining qayerda? — debdi. Podshoh:
— Zindonda, — debdi. Mislabu:
— Malikani zindondan olib chiqinglar, — debdi. Malikani zindondan olib chiqibdilar. Mislabu:
— Ko‘zi qani, — debdi. Podshoh sababini aytibdi. Mislabu bir tilsim o‘qib, malikaning ko‘zini olib, o‘z joyiga keltirib qo‘yibdi. Ko‘zi ravshan bo‘lib ochilib ketibdi. Mislabu malika bilan so‘rashib mehmonxonaga kiribdi. Mislabu Bahodirni ko‘rib sevib qolibdi. Ziyofat tamom bo‘lgandan keyin kenja shoh Mislabuni qo‘rg‘onga olib kelibdi. Zolim podshoh bu ishdan g‘azablanib, o‘g‘lini o‘ldirmoqchi bo‘libdi va jangga chaqiribdi. Bahodir otasini yengibdi. Qirq kecha-qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, Bahodir Mislabuni olibdi.
Bahodir ham, Mislabu ham, onasi malika ham murod-maqsadlariga yetishibdi.