Meros

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda, bir qishloqda Qambar ismli chol yashar ekan.
Uning uchta o‘g‘li bo‘lib, onalari yoshligida vafot etgan ekan. Qambar o‘g‘illari voyaga yetganida ularni uylantirib qo‘yibdi. O‘zi esa borgan sari holdan toyib, kuchdan qolib boraveribdi.
Bir kuni u qattiq kasal bo‘lib, yotib qolibdi. Kasali og‘irlashib, bir necha kun uyidan chiqolmay qolibdi. Ammo otasining holidan hech qaysi o‘g‘illari xabar olmabdi. Xor-zorlikda qolgan ota nima qilishini bilmay, o‘ylay boshlabdi. To‘ng‘ich o‘g‘lini yoniga chaqirib, shunday nasihat qilibdi:
— O‘g‘lim, mening holimdan tez-tez xabardor bo‘lib turgin. Kelinimga, nevaralarimga ham aytib qo‘ygin. Umrim tugay deb qolganga o‘xshaydi. Kasalim og‘ir, mendan xabar olib turishsin. Hovlining o‘ng tomonidagi burchagiga ko‘zada tilla ko‘mib qo‘yganman. Shu tillalar senga, zinhor ukalaring bilmasin.
Bu gaplarni eshitgan o‘g‘il otasidan xursand bo‘lib, tez-tez xabar oladigan, bozordan mevalar keltirib beradigan bo‘libdi. Ota o‘rtancha o‘g‘liga ham shu gapni aytibdi. Kenja o‘g‘lini ham chaqirib, akalariga aytgan gapini qaytaribdi.
Shundan keyin uchala o‘g‘il ham, kelinlari ham ota-onalaridan xabar oladigan, xizmatini qiladigan bo‘lishibdi. Kasali og‘irlashgan Qambar ota bir kuni vafot etibdi.
O‘g‘illari otalarini izzat-ikrom bilan ko‘mibdilar. Pulni ayamay sarf qilishibdi, yo‘rig‘ini ham o‘tkazishibdi. Lekin uchovlari ham otalarining gaplarini bir-birlaridan yashirib yuraveribdilar. Oxiri iloji bo‘lmabdi, shunda katta akasi ukalariga qarab:
— Otamiz menga aytgan gaplarini sizlarga aytganmi, yo‘qmi bilmayman. Ular ko‘zachada tilla qoldirganlarini aytgan edilar. Endi uchovimiz murosa qilib, teng uch bo‘lakka tillani bo‘lib olsak, — debdi.
Akasining bu gapiga ukalari ham rozi bo‘lishibdi. Kenja ukalariga tilla ko‘zacha ko‘milgan yerni ochishni buyuribdilar.
Kenja yerni kavlab qarasa, bir ko‘zacha chiqibdi. U ko‘zachani katta akalariga beribdi. Ular ko‘zachaning ichini ochishibdi, u yerdan tilla emas, bir xat chiqibdi. Xatda, “Sizlar sira kasal bo‘lmanglar, bolalaringizga xor bo‘lmanglar” deb yozilgan ekan.