Maqtanchoq quyon

Kunlardan bir kun jikkakkina ola quyon sheriklariga:
— Bo‘ridan qo‘rqmayman, tulkini bir puflab osmonga uchirib yuboraman, — deb chiranibdi.
Hamma uning mardligiga qoyil qolib, yoqa ushlab turganda, birdan bo‘ri kelib qolibdi.
— Hap! — deb quyonlarga tashlanibdi. Ola quyon o‘zini hammadan oldin eshikka uribdi. Bo‘ri uning yo‘lini to‘sibdi. Shu on ola quyon o‘lar-tirilariga qaramay bir sakragan ekan, bo‘rining boshiga chiqib qolibdi. Bo‘ri tumtaraqay qochayotgan quyonni irg‘itib yuboribdi. Ola quyon zo‘rg‘a qutulib, bir necha vaqt nafasini rostlolmay changalzorda yotibdi.
U kech kirganda uyga kirib boribdi.
— Ahvollaring qalay? — debdi u gerdayib.
— Xayriyat, omon ekansan. Bo‘riga yem bo‘lib ketgansan deb o‘ylagan edik, — deyishibdi quyonlar.
— Be-e, — debdi ola quyon sir boy bermay va maqtanib ketibdi: — Yem bo‘lib bo‘pman. Boshiga chiqib bir tepdim, til tortmay o‘lib qoldi. Terisini shilib oldim.
Ola quyon o‘rtaga chiqib, bo‘rining terisini qanday shilganini maqtanib so‘zlab ketibdi.
— Rahmat senga, ola quyon, bo‘ridan qutulibmiz, — debdi quyonlar.
— Ha, butunlay qutuldilaring, — debdi kerilib ola quyon va bo‘ri poylab turmaganmikan, deb xavotirlanib atrofiga qarab qo‘yibdi.
U maqtanchoq, lekin juda qo‘rqoq ekan.