Bir maqtanchoq g‘oz bor ekan. U g‘oz har kuni odamlar oldiga kelib, maqtanaverar ekan. Bir kuni yana maqtanib:
— Men osmonda uchaman, suvda suzaman, yerda chopaman, — debdi. Bir dono odam kelib g‘ozdan:
— Osmonda uchganingda sen burgutdek ucha olasanmi? — deb so‘rabdi. G‘oz:
— Yo‘q, — debdi. Dono odam:
— Suvda suzganingda baliqdek suza olasanmi? — debdi. G‘oz:
— Yo‘q, — debdi. Yana dono odam:
— Yerda chopganingda otdek chopa olasanmi? — debdi. G‘oz:
— Yo‘q, — debdi. Shunda odamlar kulishibdi:
— Hay, maqtanchoq g‘oz, hunaring oz! — deb urib, quvib yuboribdilar.
Xulosa: ba’zi odamlar ham xuddi shu g‘ozdek ko‘p maqtanib, dakki yeydi.