Luqmoni hakim

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, bir zamonda Iskandar degan podsho o‘tgan ekan.
 Iskandar Yamandan Yasargacha (kun chiqishdan kun botishgacha) joyni so‘ragan ekan. Podshoning gapdon bir vaziri bor ekan. Podsho bir kun vazirlari bilan o‘tirganda:
— Bir so‘zim bor, sizlarga aytaman. Aytgan so‘zimni uddasidan chiqasizlarmi? —debdi. Shunda vazirlar:
— Gapiring, gapiring, biz eshitaylik, — deb ta’zim qilib turishibdi.
Podsho:
— Men yer yuzini so‘rayman, bu sizlarga ma’lum, endi sizlar mening vazirim bo‘lsalaring, osmonning ustida, yerning ostida odamzod bo‘lar emish, degan gaplar bor. Osmonning ustidagi odamlarni yerga tushirish, yer tagidagi odamlarni yuqoriga chiqarib, shularning ham ixtiyorlarini menga qaratishlaringizni so‘rayman. Ularning so‘zlarini menga olib bersalaringiz. Agarda mening topshirgan topshirig‘imni bajarsalaringiz chin vazirlik o‘rinlaringizda qoldiraman, — debdi. Vazirlar:
— Jonimiz sizga tasadduq bo‘lsin. Bu gapni endi gapirdingiz bizga, endi sizga gapimiz, qiladigan nafimiz shu, topshirgan vazifangizga bizdan javob eshiting. Bu gap, yo‘q gap — osmon uzoq, yer qattiq, ilojimiz yo‘q, sizga beradigan xirojimiz yo‘q. Har qanday topshiriq topshirgan vaqtingizda biz bajargan edik. Lekin bu topshiriqni bajara olmaymiz, — deyishibdi.
Podsho vazirlarining javobiga nima deyishini bilmay turganda, vazirlari ichidan gapga usta Toyirjon degan vazir chiqib shunday debdi:
— Taqsir, siz bu topshiriqni topshirish bilan qanday fikrni o‘yladingiz? Lekin men sizning topshirgan vazifangizni bajarish uchun bir misol aytaman.
Podsho:
— Qani ayt-chi, eshitay! — debdi.
Toyirjon:
— Daryolarning ichida kattakon daryo bor, uni sho‘r daryo deyishadi. Sho‘r daryo bo‘lsa ham juda kattakon zo‘r daryo! Men bul daryoning tagida, suv ichida odami obi, odami lobi, odami sobi degan odamlar bor deb eshitganman. Endi shu daryoning tagida odam borligini bilaylik, ularni qo‘lga olishning ilojini qilaylik, — debdi. Podsho:
— Qanday qilib ilojini topsalaring, qilinglar! — debdi. Vazir Toyirjon:
— Bir shishadan uy yasaymiz, necha botmon temirdan zanjir yasaymiz, shishaga zanjirni bog‘laymiz. Zindondan bir odamni olib chiqib shishali uyga nafasi qaytmaydigan qilib joylab, suvga tosh tashlaganday tashlaymiz. Zindondan olib chiqilgan odamga aytamizki, shu daryoning tagiga tushasan, daryo tagida odam borligini bilib chiqasan, bilib chiqsang, har qanday jinoyat qilgan bo‘lsang ham seni zindondan ozod qilamiz, deymiz, — debdi.
Bu so‘zlar podshoga ma’qul tushibdi. Podsho vaziriga:
— Bu so‘zlaring ma’qul, barakalla. Har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, bilishimiz kerak, — deb shishadan bir uy yasatibdi-da, zanjirni tayyor qilib, zindonda umrbod yotadigan odamni olib chiqib: — Shu daryoga tushib odam bor-yo‘qligini bilib chiq. Keyin seni bo‘shataman, — debdi.
Shunday qilib, zindondan olib chiqilgan odamni shisha uyga solib, zanjir bilan bog‘lab, tosh tashlaganday qilib daryoga tashlab yuboribdilar. Daryoga tashlangan odam daryoning eng tagiga yetganda, daryo tubidagi odami obi, odami lobi, odami sobilar shishaning ichidagi odamni ko‘rib, darg‘azab bo‘lib:
— Senday maxluq bizning ichimizda yo‘q. Sen o‘zingni bizga ma’lum qil, bizga kim ekanligingni ayt, aytmasang har narsa qilishga kuchimiz yetadi, — deyishibdi.
Shisha ichidagi odam ularga:
— Men sizlarga yuqoridan tushgan elchiman, yuqoridagi podsho meni sizlarga elchilik maqsadida tushirdi. Shu daryoning tagida odamlar yasharmikin yoki yashamasmikin? Agarda odamlar yashasalar, podsholari bo‘lmasa, arzlarini menga aytsalar, degan maqsadda meni tushirdilar. Sizlar nima deysizlar? — debdi.
Shunda daryoning tagidagi odamlar bu xabarni eshitib:
— Yuqoridagi, yer yuzidagi podsho yer yuzini so‘rayotgan esalar, nahot bizlarni ham o‘zlariga qaratmoq maqsadida bo‘ladilar, — deb hayron bo‘lishib, shishadagi odamga:
— Mayli bo‘lmasa, siz elchi ekansiz. Sizga biz shu narsani beramiz, podshohingizga olib chiqib bering. Shu kosadagi unni non qilib — o‘zlari yesin, so‘ng kosaning ichiga tanga yoki tillani to‘lg‘izsin, agar yer yuzida shu kosani tanga yoki tillaga to‘ldirsa, biz bu yerda bilamiz, so‘ngra arzimizni aytamiz, agar to‘ldira olmasa ovora bo‘lmasin, biz arzga bormaymiz, — deb so‘zlarini tamom qilishibdi.
Bu so‘zlarni eshitib haligi odam bir kosa unni olib daryo tagidan chiqibdi.
— Qani, nima xabar topib chiqding, — deyishganda, mana shu nishona, mana shu kosa, mana shu gap. Mana shu kosa ichidagi unni olib non qilib yoptirib yer ekansiz, so‘ngra kosani tangaga yoki tillaga to‘lg‘azar ekansiz. Agar kosani tangaga yoki tillaga to‘lg‘azsangiz, sizga arziholga chiqar ekanlar, bo‘lmasa siz bu yerda, ular u yerda qola berar ekanlar, — debdi daryo tagiga tushirilgan kishi.
Podsho bu kosani ko‘rib, daryoning tagida tanga, tilla yo‘q ekan-da, deb ko‘ngliga keltirib: “Bir hovuch tanga solsa, to‘ladi-yu”, deb o‘ylabdi. Unda Toyirjon vaziri:
— Daryoning tagida tanga va tilla yo‘q emasdir, bordir, ammo bu kosaning bir hikmati bordir, — debdi. Podsho:
— Qanday hikmati bo‘lar ekan? —deb so‘rabdi.
Toyirjon:
— Unni olsak, bir to‘ppi tangani olib kosaga solsak, nima hikmati borligini bilamiz-qo‘yamiz, — debdi.
Podsho:
— Bo‘lmasa shunday qilib ko‘raylik, — deb kosani o‘rtaga qo‘yishib, g‘aznachini chaqirib, “Bir etak tanga olib kel, menga”, debdi. G‘aznachi tangani olib, etagiga solib kelib:
— Nima qilay? — debdi.
— Kosaga bir hovuch tilla sol! — debdi. Ular bir etak tangani kosa-ga solib tamomlashibdi. Kosaning ichidagi tanga ko‘rinmay qolibdi. Podsho:
— Men, bas, demaguncha olib chiqib tangani kosaga sola beringlar! — debdi. Podsho bas demabdi, g‘aznachi etak-etak tanga olib chiqib kosaga solaveribdi. Kosada tanga ko‘rinmay qola beribdi. Podshoning jahli chiqib, folchi va qurandozlarini chaqirtiribdi.
Qurandozlar ta’zim bilan:
— Chaqirtirgan ekansiz, xizmatingizga keldik, — debdilar.
Podsho:
— O‘tiringlar, men sizlarni chaqirtirganimning boisi shuki, sho‘r daryoning tagiga bir elchi tushirgan edim. Shularni ham so‘rasam degan edim. Tushirgan elchimning qo‘liga bir kosa berishibdi. Shul kosani tanga yoki tillaga to‘lg‘azsalar, bizni so‘rasalar mayli, o‘zimiz chiqib arzimizni aytamiz. Agar kosani to‘ldirmas ekanlar, biz arzimizni chiqib aytmaymiz, deyishibdi. Biz kosaga ko‘p tanga soldik, kosani to‘ldira olmadik. Shuning ma’nosi nima, bilib beringlar!— debdi.
Folchi va qurandozlar:
— Biz shashqol tashlaymiz. Tashlangan shashqolning me’yoriga qarab gapiramiz, — deyishibdi. Podsho:
— Ishqilib nima ma’nosi bor ekanini aytsangizlar, bas, — debdi.
Folchilar va qurandozlar shashqol tashlab podshoga ta’zim qilib, bul kosani sizga tajribaga bergan ekanlar. Ya’ni yer yuzini so‘rayotgan podsho endi bizni ham so‘rayman, degan bo‘lsalar, bu kosa, ya’ni to‘lmagan kosa tuproqqa to‘lmasa, boshqa narsaga to‘lmaydi. Biz bilan ishlari bo‘lmasin, degan ma’noda ekan. Ya’ni kosaga tuproq solsa, kosaga solingan tuproqda tanga ko‘rinib qolsa, ko‘rinib qolgan tangani g‘aznalariga solsalar, ul kishi u yoqda qolsalar, biz bu yoqda qolsak. Biz bilan ishlari bo‘lmasa, degan ekan, — deb podshoga bul gapni bayon qilibdilar.
Podsho shu qurandozlarning so‘zi bilan kosaga tuproq solgan vaqtda tanga kosaning atrofida ko‘rinib qolibdi. Podsho tangani olib, g‘aznaga solib indamasdan qolibdi, shunda o‘ylab-o‘ylab bu kosadan ko‘rgan ish bu bo‘ldi, endi undan nima chiqar ekan deb, unni olib xotiniga berib non qilib yopib berishni buyuribdi. Podshoning xotini xamir qilib tandirga yopaman desa, hadeb oqib keta beribdi. Podshoning xotini hayron bo‘lib, boshqa undan xamir qilib non yopib chiqarib beribdi.
Podsho nonni yeb “Hech asorat, foydali narsa yo‘q”, debdi. Endi podsho u yoqda qola bersin, gapni boshqa tomondan eshiting.
Shul vaqt podshoning eshigiga bir devona tilanib kelibdi. Podshoning xotini haligi tandirning tepasida yopilmay qolgan nonni xayr qilib berib yuboribdi. Devona nonni olib, xurjunga solib, ketib qolib, bir ariqning yonidagi tolning salqiniga yetib qolib, nonni ariqdagi suvga ivitib yeb o‘tirganda, tol egilib:
— Ey, devona, mendan gap so‘rab ket! — debdi. Devona hayron bo‘lib bu toldan nechuk ovoz chiqdi, deb:
— Gapir, nima gaping bor! — debdi.
Tol aytibdiki:
— Men shundaymanki, kimki sil kasaliga yo‘liqqan bo‘lsa, mening salqinimda o‘tirsa, shuning dardini ketkizishga quvvatim keladi.
Devona “Ha, ha”, deb keta turib, yo‘lda tut daraxtini uchratibdi. Tut:
— Ey, devona, bir so‘zim bor… — debdi.
— Ha, nima so‘zing bor, — debdi devona.
Tut:
—Jami daraxtlar ichida mening davoyim beqadr. Lekin mening po‘stlog‘imni shilib olib qozonga solib, qaynatib suviga cho‘milgan odamga yara chiqartirmayman, — debdi.
Devona “Ha-ha”, deb kulib ketib qolibdi.
Nariroqqa yetib borsa, devonaga ajriq o‘t uchrabdi.
— Mening ham so‘zim bor, — debdi ajriq.
— Nima so‘zing bor, — debdi devona.
— Meni kovlab olib tomirimni oftobda quritib, talqon qilib yegan odamning ichidagi butun illatini yo‘qotishga quvvatim keladi, — debdi. Xullas, butun yer yuzidagi giyohlar o‘zlarining nimaga davo ekanliklarini bu kishiga birma-bir bayon qilib aytgan ekanlar.
Ko‘kargan giyohlarning so‘zi bilan bu kishi har qaysisidan ozgina-ozgina yig‘ib olib devonalikni tashlab, tabibchilik qilgan ekan.
Bu kishining tabibchilik hunaridan ko‘p odamlar shifo topib kelganliklari uchun unga, “Luqmon-devona”, “Luqmon hakim” deb nom qo‘yishgan ekan. Lekin u odam devonalik qilib yurgan vaqtlarida bopandalik ham qilgan ekan. U yildan bu yilga shu podsho Iskandarning kiyadigan kiyimlarini to‘qib berishning kafilini olgan ekan. Hech bir bopanda ish to‘qib, u kishidek podshoga ma’qul qila olmagan ekan. Shunday bo‘lsa-da, podshoning bergan in’omi bu kishini ta’minlamagandan, devonalik ham qilib yurar ekan.
Bir kun podsho Luqmon hakimga: “Mana bu in’omni oling, jo‘nab qoling, endigi kelishingizda o‘g‘limga va menga yetarli kiyimlik to‘qib keling!” deb topshiriq beribdi. Luqmon hakim, “Xo‘p”, deb chiqib ketibdi.
Luqmon hakimning ham podsho o‘g‘lidek o‘g‘li bor ekan.
Luqmon hakim o‘ylab “Podshoning o‘g‘li kiyadi-yu, mening o‘g‘lim kiymaydimi?” deb havas qilib uch kiyimlik to‘qib o‘g‘liga loyiq qilib olib qolib, podshoning o‘ziga va o‘g‘liga yetarli kiyimlik olib borib beribdi. Podsho har vaqtdagidek Luqmon hakimga in’om berib jo‘natib yuboribdi.
Podsho bir kuni vazirlarini chaqirib:
— Ovga chiqib biror narsa ovlab kelaylik, — deb ovga chiqibdi.
Podsho ovini ovlab, dovini dovlab qaytib Luqmon hakimning mahallasidan o‘tib ketayotganda Luqmon hakimning o‘g‘lini ko‘rib qolibdi. Luqmon hakimning o‘g‘li podshoning o‘g‘li kabi kiyinib, ko‘chada varrak uchirib yurgan ekan. Podsho uni o‘z o‘g‘li deb o‘ylabdi. Vazirlaridan so‘rasa, ular:
— U sizning o‘g‘lingiz emas, bu bola Luqmon hakimning o‘g‘li, — deyishibdi. Podsho:
— Mening kiygan kiyimim bilan o‘g‘limning kiygan kiyimi nusxasidan o‘g‘liga kiygizib, mening yuz-xotirimni qilmagani uchun men unga jazo tayin qilaman, — debdi. Vazirlar:
— Nima desangiz o‘zingiz bilasiz, — debdilar. Podsho:
— Bunga beriladigan jazo shuki, o‘g‘li bilan o‘zining qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, Oqtepa degan cho‘lga tashlaysizlar. Cho‘l o‘rtasiga terak bo‘yi chuqur kovlab, ota-bolani tiriklayin shu chuqurga tashlaysizlar! Ustini yog‘och va tuproq bilan to‘ldirasizlar. So‘ngra bir oy poylab, ikki oygacha tuproq joylab, tuproq ustini loylab, so‘ngra oldimga borasizlar, — deb uyiga ketibdi.
Vazirlar Luqmon hakim bilan o‘g‘lini olishib, Oqtepa cho‘liga ketgan ekanlar. Shu bilan Luqmon hakimni ketkizib, Oqtepa biyobon cho‘liga yetkazib, terak bo‘yi kovlashib, ikki arava terakni keltirishib, Luqmon hakim bilan o‘g‘lini chuqurga tashlashib, hunarlarini xushlashib, ustini bekitib, tuproq to‘kishib, vazirlar xayol surishib turganlarida, bir odam xo‘tik bilan o‘tin terib yurganini ko‘rishibdi. Uni chaqirib olib, gapga solib:
— Shu yerga ikki oygacha tuproq to‘kish kerak. Shu xizmating uchun qancha so‘raysan? —deyishibdi.
Gaplashib bo‘lishganidan keyin ikki oygacha tuproq to‘ktirib, atrofini joylashib, ustini loylashib, bir oy poylashib, podshoning oldiga borishib:
— Buyurilgan topshiriqni o‘rniga qo‘yib keldik, — deb ta’zim qilib turishibdi. Podsho:
— Barakalla! — debdi.
Oradan o‘n-o‘n besh yil o‘tgan. Iskandar podsho o‘lgan. Podshoni ko‘mishgan. Podshoning o‘g‘lini xalq podsho qilib ko‘targan.
Shundan so‘ng xalqning xohishi bilan podshoning o‘g‘li uylangan. Bir yildan so‘ng bir o‘g‘il ko‘rgan. O‘g‘li yetti yoshga to‘lgan. Bir kun podsho ovqat yeb turganda, bir suyak uning halqumiga tiqilib dasturxonga yiqilgan, o‘g‘li bilan xotini tashqariga chiqib:
— Podsho ovqat yeb turib, tomoqlariga suyak tiqilib, yiqilib qoldilar, — deb xabar berib, — tabib keltiringlar! — degan.
Tashqaridagilar darrov besh-oltita tabibni olib kelishib podshoning oldiga yetkizishibdi. Podshoning bu holini ko‘rib, tabiblar:
— Biz bu kasalning ilojini qila olmaymiz, — deyishibdi. Vazirlardan biri:
— Luqmon hakimning qadrlari o‘tdi-ku, — deganda, podsho:
— Luqmon hakimning ma’nisi nima? — deb so‘rabdi.
Vazir turib:
— Otangizning davrida o‘tgan bir hakim edi. Uning o‘lgan odamni ham tiriltirib olishlikka quvvati yetar edi. Otangiz bir zulm bilan Oqtepa cho‘liga ko‘mdirib yuborgan, — debdi.
Vazirlardan biri aytibdi.
— Agar chindan ham Luqmon hakim bo‘lsalar, tirikdurlar. Biz borib qaraylik, — deb necha kishi biyobon cho‘lga borib qarasalar, bu kishining tepasiga to‘kilgan tuproqni shamol uchirib har tarafga to‘zg‘itib yuborgan ekan. Izlashib topolmay, hayron qolishibdi. Vazirlardan biri turib:
— Luqmon hakimning ustiga Abdurayim o‘tinchi eshagi bilan ikki oy tuproq tashigan. Shuning uchun biz Abdurayim o‘tinchini topaylik. Eshagini so‘rab olamiz-da, ustiga bir qop tuproq ortamiz, qayerga borib to‘xtasa, o‘sha joyni kovlaymiz va Luqmon hakimni topamiz, — deb eshakni izlashga kirishibdilar. Abdurayim o‘tinchini topib eshagini so‘rab olishibdi. Biyobon cho‘lga yetkizishib, ozgina tuproq olib, qopga solib eshakning ustiga ortishib, eshakni haydab boraverishibdi. Eshak bir joyga borib taqqa to‘xtabdi, yetaklasalar ham yurmabdi. Eshak to‘xtagan yeridan uch-to‘rt ketmon kovlashsa, bir yerdan teshik ochilibdi. Ichkaridan ovoz chiqibdi:
— Kimsan! Menga shabada kirgizma! Suvning ko‘pigidek ilvillab yotibman. Menga zarar yetkazma!
Bular:
— Sizga bizni podsho yubordi. Podshoning tomog‘iga suyak tiqilib qoldi. Shuning dorisi nima? — deb so‘rashibdi.
— Bu kasalga men o‘zim bormasam bo‘lmaydi, — degan ovoz chiqibdi. Ular:
— O‘zingiz boraman deysiz, suvning ko‘pigidek ilvillab qolganman deysiz, unday bo‘lsa qanday borasiz! — deyishibdi.
Luqmon hakim:
— Agar meni olib borish uchun kuchlaringiz yetsa, bu teshikni bekitib ketinglar. Qirq qadoq yog‘, qirq qadoq go‘sht, qirq qadoq piyoz, qirq qadoq tuz, qirq pog‘onali shoti va qirqta qiz olib kelasizlar.
Olib kelgan pog‘onali shotini qo‘lim yetarli joyga tushirasizlar, olib kelgan qizlarni har pog‘onaga o‘tqazib qo‘yasiz, shunda men u qizlarning qo‘llaridan ushlab yuqoriga chiqaman. Ovqat yeyolmayman. Piyozdog‘isi dimog‘imga kirsa, ovqat yegan hisobda o‘taman va kuchga kiraman, podsho oldiga yetaman, — debdi.
Ular bu gaplarni xiyol o‘tmay, podshoga yetkazishibdi. Bu gaplarni eshitgan podsho buyruq beribdi. Usta shotini tayyor qilguncha, ko‘chama-ko‘cha, guzarma-guzar, mahallama-mahalla yurib bo‘yi yetgan qizlarni to‘plashibdi. Shu bilan shoti ham, qirq qiz ham, boshqa aytgan narsalari ham tayyor bo‘libdi. Bularning hammasini aravaga joylab, Luqmon hakim yotgan joyga yetkazishibdi. Shotini tushirib har pog‘onaga bittadan qizni o‘tqazib qo‘yishibdi. So‘ngra Luqmon hakim qizlarning qo‘llarini ushlab quvvat topib, qizlar bequvvat bo‘lib, sap-sariq za’faronday bo‘lib, pog‘onadan yiqilib tusha beribdilar. Chuqurdan Luqmon hakim chiqibdi. Lekin o‘g‘li chuqurda qolibdi. Piyozdog‘ni qovurib turganda isi Luqmon hakimning dimog‘iga urib, shundan bahra olib, podshoning oldiga yetibdi.
Luqmon hakim podshodan hol so‘rab:
— O‘g‘lim, nima dardingiz bor! Ayting! — debdi. Podsho:
— Shoshilib ovqat yeb turganimda tomog‘imga suyak tiqildi.
Shuning iloji qanday? — debdi. Luqmon hakim:
— Buning iloji, o‘g‘lingizni so‘yib qonini ichkazaman, shu dori bo‘ladi. Boshqa dori hech tuzata olmaydi, — debdi. Podsho bu gapga, unamabdi. O‘lsam o‘zim o‘lay, lekin o‘g‘limning so‘yilishiga noroziman, — debdi. Shunda Luqmon hakim vazirlariga gap o‘rgatib:
— Bir o‘g‘ilning bahridan o‘ting, tag‘in boshqa o‘g‘il ko‘rasiz, deb podshoni ko‘ndiringlar! — debdi.
Vazirlar shu so‘zlar bilan podshoni ko‘ndiribdilar. So‘ngra bolaning ust-boshini yechishib, otasining oldiga yotqizib, bo‘g‘izlashga tayyorlab qo‘yganlar. Keyin bolani podsho oldidan olib chiqib, unga ko‘rsatmay nariroqqa yotqizib, uning o‘rniga bir echkining bolasini keltirib, uning tomog‘iga pichoq tortibdilar, shunda echki “ba, ba” deyishi bilan podsho “Voy bolam, voy bolam”, deb qichqirib yuboribdi. Shu mahal uning tomog‘iga tiqilib qolgan suyak og‘zidan otilib chiqib ketibdi.
Podsho “Voy bolam, voy bolam”, deb esini yo‘qotib turgan vaqtida, bolasi o‘ynab yurganini ko‘rib qolibdi. Podsho Luqmon hakimga do‘q qilib:
— Nega meni shuncha qiynading?! — desa, Luqmon hakim:
— Boshqa ilojim yo‘q edi. Mana endi bolang va o‘zing ham omon bo‘lgin, mening tabibligim shu, — debdi, Podsho:
— Murod-maqsadimga yetdim. Tilang, tilagingizni beray, — debdi. Luqmon hakim:
— Gapni gapga urishtirib, so‘zni so‘zga solishtirib, haqni yoki nohaqni tekshirib ish qilsang, menga shu yetarli. Boshqa tilagim yo‘q, — debdi. Podsho:
— Otam siz bilan o‘g‘lingizni shunday yomon jazoga buyurgan ekanlar. O‘g‘lingiz qani? — deb so‘rabdi. Luqmon hakim:
— Barakalla, bu gaping ma’qul gap bo‘ldi. Bir devorning kavagida kaptar bola ochgan ekan. O‘g‘lim yoshlik qilib shu kaptarning bolasini olaman desa, qo‘li yetmabdi, shunda do‘ppisini kavakka tiqib, shotiga ketgan ekan. Kelguncha kaptarning bolasi o‘lib qolibdi. Shuning jabriga qoldi, — deb podshoning so‘roviga javob berib, uyiga ketgan ekan, o‘g‘li bilan qirq qizni olib, davolab murodiga yetgan ekan.
Luqmon hakim uyiga kelganini butun oshna-og‘ayni, qavm-qarindoshlari eshitib, ko‘rgani kelib, o‘rtaga olishib gapirtirib o‘tirishibdi. Kelgan oshna-og‘aynilardan biri:
— Luqmon hakim, bir ko‘rgan-kechirganingizni gapirib bersangiz, — debdi. Luqmon hakim “Xo‘p” deb so‘z boshlabdi:

Hasratim daftarga sig‘mas bitolmayman, uka,
Og‘zimdagi bor narsani chaynab yutolmayman, uka,
Ko‘rganimda ko‘z yoshimni to‘xtatolmayman, uka.
Ko‘rmayin bosdim tikanni tortib keldim dardini,
Ko‘rsam edim, bosmas edim, tortmas edim dardini,
Xor-zorlik torta-torta tanda toqat qolmadi.
Keldim kulbam aro, ko‘rdim sizlarni,
Yurakda armon qolmadi.

Shu bilan Luqmon hakim o‘z tabibligini davom ettirib, ko‘p vaqtlar yashab yurgan chog‘larida o‘zlaridan o‘zlari notob, betob bo‘lib yotib qolgan ekanlar. Oshna-og‘aynilar, qavm-qarindoshlar va bu kishidan davolanganlar Luqmon hakimning betob bo‘lib qolganini eshitib ko‘rgani kelibdilar. Ular Luqmon hakimdan:
— Siz bizga hayron qolarli foydalanadigan so‘zlardan gapirib bersangiz, — deb so‘rashibdi. Luqmon hakim:
— Qish chillasida oqib turgan sovuq suvga cho‘milgan kishining ariq labida o‘lib qolmaganiga hayron qoldim. Issiq suv bilan o‘lgan o‘likni yuvgan vaqtda tirilib ketmaganiga hayron qoldim. Tobi yo‘q odam hammomga tushib, hammomdan chiqqan vaqtda uchib ketmaganiga hayron qoldim. Har qanday odam yalpizning tomirini kovlab olib, suvga solib, yuvib, oftobda quritib, sutga solib, shuni qaynatib ichsa odamning ichida toshi bo‘lsa, shul toshni eritib yuboradi. Ikkinchi halilayi zangi degan giyoh bo‘ladi, uni olib, kuvachaga solib, tuyib, talqon qilib, kap otib yursa, har qanday odamni quvvatli, kuchli qiladi. Har qanday odam yo‘tal bo‘lsa, shunday dardga behi olsa, behining ichidagi urug‘ini olib, urug‘ o‘rniga dumba yog‘ solsa, so‘ng pishirib yesa, yo‘tal bo‘lgan odam tuzaladi, yana har qanday odam har haftada hammomga tushib tursa, sog‘lom-baquvvat bo‘lib yuradi. Sizlarga gapim, qilgan nafim shu, — deb so‘zini tamom qilgan.
Kelgan oshna-og‘aynilar, qavm-qarindoshlar bu so‘zlarni eshitib, o‘z uylariga ketgan ekanlar, Luqmon hakim bir-ikki kundan so‘ng o‘z ajali bilan o‘lgan ekan.