Kiyik

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim-qadim zamonlarda, uzoq bir yerda juda katta va baland tog‘ bo‘lib, uning tevarak-atrofi adirlikdan iborat ekan. Bir kun shu tog‘ning baland cho‘qqisiga bir kiyik in qo‘yib, uch bolalik bo‘libdi. U o‘z bolalarini boqish uchun ov ovlab yurar ekan. Kiyik uzoq-uzoqlarga borib, o‘tlab kelar ekan. Shu atrofda tog‘likka yaqin bir yerda bir Jugutboy yashar ekan. Jugutboyning sakkiz tanob yeri bor ekan. Shu sakkiz tanob yeriga har yili arpa ekar ekan. Lekin u hosilini sira pishirib ololmas ekan. Shu yaqin o‘rtadagi hayvonlar uni payhon qilib, yeb ketar ekanlar.
Kunlardan bir kun arpalar odam barobar koiarilganda, ovqat qidirib yurgan kiyik ko‘m-ko‘k arpalarni ko‘rib, arpa shudgoriga kiribdi. Jugutboy esa, bu yil boplab arpalarni pishirib olmoqchi ekan. Shuning uchun u ko‘p yerlarga qopqon va tuzoqlar qo‘yibdi. Kiyik shudgorda qornini to‘ydirib: chiqib ketayotganda, to‘satdan qopqonga tushibdi. Bundan xabardor bo‘lgan Jugutboy darrov kelib, kiyikni olib, so‘yib sho‘rva qilmoqchi bo‘libdi.
— Qo‘lga tushdingmi, shuncha vaqtdan beri shudgorimni bosib oyoqosti qilayotgan sen ekansan-da, — debdi. Jugutboy oshpichoq va qiymataxtani olib kelib, kiyikni so‘ymoqchi bo‘lganda, to‘satdan bir kishi paydo bo‘lib qolibdi. U kishi:
— Ey Jugutboy, sendan iltimos, shu kiyikni qo‘yib yubor. U borib bolalarini boqib kelsin, — debdi. Jugutboy ko‘nmabdi. Shunda begona kishi:
— Men uning o‘rniga kafilga turaman. U albatta borib keladi, — debdi. Oxiri Jugutboy begona kishini kiyikning o‘rniga olib qolib, kiyikni qo‘yib yuboribdi. Kiyik ne mashaqqatlar bilan toqqa chiqib ketibdi. Bolalari oldiga kelib, ko‘z yoshini to‘kib, bolalarini boqib, ular bilan xayrlasha boshlabdi:
— Endi tez-tez to‘yib olinglar. Shu bugundan keyin onalaring chuqurda yotadi. Siz mehribonlarimni boqadigan onangiz hozir o‘limga boradi. Sekin-sekin tog‘dan tushib, o‘zlaring ovqatlaninglar, — debdi. Yurishni yaxshi bilmaydigan kiyikchalar onalariga:
— Biz sizdan qolib nima qilamiz. O‘lsak ham bir chuqurda o‘laylik. Sizdan keyin yashashimiz qiyin, — deyishibdi. Kiyik bolalari onalaridan qolmay unga qo‘shilib Jugutboyning uyi tomon yoi olishibdi. Ular ko‘p yurib, Jugutboyning uyiga yaqinlashganda, Jugutboy ularni ko‘rib:
— Bir kiyigim uchta bo‘lib kelayapti, — debdi. Kiyik bolalari bilan qumalab-sumalab yetib kelibdi. Buni ko‘rgan Jugutboyning rahmi kelib, kiyikka va uning bolalariga javob berib yuboribdi. O‘lmagan bo‘lsa hozir ham uzoq tog‘larda shu kiyik bolalari bilan yashayotgandir.