Ikki do‘st bir kun tuz koniga borish uchun safarga chiqishibdi. Qaytishda daryo bo‘yida kelayotgan ekanlar, bir gujumni ko‘rib qolibdilar. Bu gujum yum-yumaloq, juda ham chiroyli, xuddi qaychi bilan qirqib, tekislab qo‘yganday ekan. Ulardan biri:
— Bu gujumni kim bunday chiroyli qilib qaychi bilan qirqib qo‘ydi ekan? — debdi. Ikkinchisi:
— Gujumning o‘zi to‘g‘aloq , hech kim buni qaychi bilan qirqmagan, — debdi. Birinchi do‘st:
— Yo‘q, qaychi bilan qirqilgan, — debdi. Ikkinchisi:
— O‘zi shunday, — debdi. Shu bilan ikkisi bahslashib, gujumning oldiga borishibdi. Oldiga borgandan keyin gujum yana ham chiroyli, yana ham tekis bo‘lib ko‘rinibdi. Gujumning soyasida o‘tirib, do‘stlar yana bahs boshlashibdi. Bahs borib-borib urishga aylanibdi. “O‘zi shunday to‘g‘aloq” degan do‘sti “Qaychi bilan qirqilgan” degan do‘stini jahl ustida daryoga itarib yuboribdi. Daryoga yiqilgan do‘sti suzib borarkan: “Qaychi bilan qirqilgan”, — deb ketaveribdi. Daryo bo‘yida qolgani ham ovozining boricha: “O‘zi to‘g‘aloq!” — deb qichqiraveribdi. Daryoga yiqilgani borgan sayin holdan toyaveribdi. Shunda ham “Qaychi bilan qirqilgan” deganga o‘xshatib, ikki barmog‘ini ochib-yopib boraveribdi. Daryoning tagiga cho‘kib ketayotganda ham ikki barmog‘ini qaychi qilib qolgan ekan.