Ikki donishmand

Kunlardan bir sovuq kunda bir podsho bir donishmand chol bilan yo‘lda ketayotsa, bir kishi yer haydayotgan ekan. Shunda donishmand chol haligi kishiga:
— To‘qqizni uchga bermabsiz-da, inim, — debdi. Haligi kishi esa:
— To‘qqizni uchga beray desam, o‘ttiz oltilikdan ortmayapti-da, — debdi.
Podsho bilan donishmand chol bir joyda to‘xtashganda, podsho undan so‘rabdi:
— Siz boya nega “to‘qqizni uchga bermabsiz-da”, deb haligi kishidan so‘radingiz? U esa “o‘ttiz oltilikdan oshmayapti” dedi. Siz nima degan edingiz-ku, u nima deb javob qaytardi?
Donishmand:
— Men “to‘qqiz oy ishlab, uch oy shu ishlaganingizni yeb yotmaysizmi” deb so‘radim. U esa “to‘qqiz oy ishlab uch oy yeb yotay desam, o‘ttiz olti tishlik bola-chaqamdan ortmayapti”, deb javob qaytardi, — debdi.
Podsho ikki donishmandning savol-javobiga qoyil qolibdi.