Ibn Sino va tarbiya

Yigit bilan qiz turmush qurishibdi. Oradan to‘qqiz oy, to‘qqiz kun, to‘qqiz soatu to‘qqiz daqiqa o‘tgach, farzand ko‘rishibdi.
— Bolamizni qanday tarbiya, qilamiz? —  debdi ona.
— Uni shunday tarbiya qilaylikki, katta bo‘lganda el-yurtga foydasi tegadigan bo‘lsin, — debdi ota. Xotini:
— To‘g‘ri aytasiz, men ham shuni o‘ylab turgan edim. Yaxshisi, ustoz Ibn Sinodan so‘rab ko‘raylik-chi, u kishi nima derkin, — debdi.
Bu gap eriga ham ma’qul tushibdi. Er-xotin bolani ko‘tarib, Ibn Sinonikiga kelishibdi. U bir kichik tor kulbada yashar, shunday bo‘lsa-da, dong‘i olamga ketgan ekan.
Ibn Sino ularni yaxshi kutib olibdi, nima ish bilan kelganliklarini so‘rabdi.
— Bolamizning tarbiyasi haqida bizga maslahat bersangiz. Toki katta bo‘lgach, el-yurtga foydasi tegadigan kishi bo‘lsa? —  debdi eri.
— Qachon tug‘ildi? — deb so‘rabdi Ibn Sino.
— Erta bilan tug‘ildi, — deb erining o‘rniga xotini javob beribdi.
— Ey bolalarim, — debdi Ibn Sino, — bola erta tongda tug‘ilgan ekan, hozir choshgoh bo‘ldi, kechikibsizlar. Bola tug‘ilishi bilan uning tarbiyasi haqida qayg‘urish kerak edi.