Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir podachi chol bilan kampir bor ekan.
Ularning Nasiba, Gulbahor va Zulfiya degan uch qizi bo‘lar ekan.
Oydan oy, yildan yil o‘tibdi, qizlarning bo‘yi yetibdi. Nasiba yigirma birga, Gulbahor o‘n to‘qqizga, Zulfiya o‘n sakkizga kiribdi.
Chol-kampir qizlariga sovchi kelmagani uchun kecha-yu kunduz xafa bo‘lib yurishibdi.
Kunlardan bir kuni chol kampirga qarab:
— Qarigan chog‘imizda juda qiyin ahvolda qoldik, bu uch qiz o‘g‘il bo‘lganda bizni boqardi. Hech bo‘lmasa bularga sovchi kelsa ham mayli edi, u ham yo‘q, — deb zorlanibdi.
Kampir cholga javoban:
— Bizning kasbimiz qashshoq podachilik bo‘lganidan keyin qizlarimizni kim ham olar edi? — debdi. Chol o‘ylab turib, kampirga bunday debdi:
— Bir maslahat bor, qizlarimizni o‘zimizga o‘xshagan kambag‘alga bersak deyman. Agar ular ma’qul topsa, yengil-elpi to‘y qilib, qizimizni beraylik!
Cholning bu maslahati kampirga ma’qul tushibdi.
Choldan avval kampir yo‘lga ravona bo‘lib, qkshloqdagi boyning qarollari bilan birma-bir uchrashib, har qaysisiga shunday debdi:
— Bolam, senga bir so‘zim bor, qizlarimning bo‘yi yetdi. «Teng tenggi bilan» deganday, sen ham kambag‘al, men ham. Topganingni to‘y qilib, qizlarimizdan xohlaganingni ola qol. Lekin kampirning bu so‘ziga hech qaysi qarol ko‘nmabdi, kampirning ishi unmabdi.
Bechora kampir peshonasiga bir urib, yo‘lga tushibdi. Shunday qilib, podachining qizlari kuyovga chiqmay yuraveribdilar.
Bir kun qizlar so‘zlashib o‘tirib: «Oqjarning tuti pishibdi, bir borib tutxo‘rlik qilib kelmaymizmi?» deyishibdi. So‘ngra uchovlari Oqjarga ketishibdi. Borishsa, tut pishgan, hamma yoq chamanzor, bulbullar sayramoqda emish. Qizlar kunduzi tut yeyishibdi. Kechasi chaylada ikkisi yotib uxlasa, biri uyg‘oq, o‘tirib poylabdi. Uchala qiz shu ahvolda yuraveribdi.
Endi gapni boshqa yoqdan eshiting:
O‘sha yurtning bir zolim podshosi bor ekan, o‘g‘il-qizga zor ekan, qirq xotini bor ekan-u, hech biri tug‘mas ekan. U bir kun taxtda o‘tirib, vazir-vuzarolari, donishmand va sipohilarini yig‘ib, ularga shunday debdi:
— E yoronlar, men podsholik davrini surib, ko‘p kayfu safo qildim. Endi umrim g‘am-anduhda o‘tmoqda. Olamdan o‘tsam o‘rnimda qoladigan o‘g‘il-qizim yo‘q. Shuning uchun kambag‘almi, qashshoqmi, menga baribir, tezroq bir qiz topilsin, topilganda qirq kun uloq chopilsin!
Shundan so‘ng vazir-vuzarolar maslahat qilib, har yoqqa tarqalishibdi. Podsho qirq xotinini yig‘ib:
— Ey xotinlarim, sizlarni ko‘p dunyo sarf qilib olgan edim. Sizlar bilan shu vaqtgacha yashadim, endi yoshim ulg‘ayib qoldi. Hanuz farzand ko‘rmaganim uchun juda xafaman. Endi yana uylanmoqchiman. Menga bir xotin olib beringlar, — debdi.
Xotinlar ham rozi bo‘lishibdi.
Podsho: «Bir o‘g‘il, bir qiz ko‘rsam, katta to‘y qilar edim», deb o‘z-o‘zicha xursand bo‘lib yurarkan. Qirq xotini yashirincha yig‘ilib, maslahat qilishibdi. Ulardan biri turib:
— Podsho uylansa, farzand ko‘rsa, bizga g‘azab qilsa, ahvolimiz qanday bo‘lar ekan? — debdi. Shunda podshoning katta xotini, ya’ni vazirning qizi bunday debdi:
— Hoy, xaloyiq! Podsho farzand ko‘rmaganidan yana uylanmoqchi. Shuning uchun qashshoq bo‘lsa ham, yetim bo‘lsa ham bir qiz topinglar!
Shunda bir kishi turib:
— Taqsir, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, bir so‘z aytsam, — debdi. Vazir:
— Ayt! — debdi.
— E janob vazir. Oqjarga uchta bo‘yi yetgan qiz kelganiga o‘n kuncha bo‘ldi. U yerda tut g‘arq pishgan, qizlar kunduzi tut yeydilar, kechasi bir chaylada uxlaydilar, hech narsa bilan ishlari yo‘q. Uchovi ham go‘zal, kelishgan qiz. Agar janoblari ma’qul topsalar, shular qalay bo‘lar ekan?
Vazir:
— Meni o‘sha qizlar yoniga olib bor, ularni bir ko‘ray-chi, qanday qizlar ekan, — debdi.
Vazir qizlar chaylasi yoniga borib quloq solsa, ular gaplashib o‘tirishgan ekan. Nasiba singillariga qarab:
— Podsho meni olsa, bor hunarimni ishlatib, unga shohona kiyimlar tikib berar edim. Bu kiyimlar dunyoda yagona bo‘lar edi, — debdi. O‘rtancha qiz Gulbahor:
— Podsho meni olsa, unga shirin-shirin ovqatlar pishirib berardim. Yegani bilan to‘ymas edi, — debdi. Kenja qiz Zulfiya esa:
— Podsho meni olsa, ikki bola: Hasan va Zuhra tug‘ib berar edim, — debdi.
Vazir bu so‘zlarni eshitib bo‘lib, chaylaga kirib boribdi. Qizlar uni ko‘rib, o‘rinlaridan turibdilar. Vazir qizlarning kiyimlariga tikilibdi: kiyimlari juldur-juldur ekan. Vazir darhol podsho huzuriga borib, ko‘rgan va eshitganlarini birma-bir aytib beribdi.
Podsho vazirdan bu so‘zlarni eshitgach, terisiga sig‘may sevinibdi va vazirga qarab:
— Mayli, o‘sha kenjasini olay, — debdi. So‘ngra vazirni yana Oqjarga yuboribdi.
Vazir Oqjarga borib qizlardan:
— Podsho Zulfiyani olmoqchi, nima deysizlar? — deb so‘rabdi. Shunda Zulfiya.
— Kambag‘al bo‘lsa ham ota-onamiz bor, o‘shalar bilai so‘zlashsangiz yaxshi bo‘lardi, — debdi.
Vazirga Zulfiyaning gapi ma’qul tushib, mulozimlaridan birini podachi chol huzuriga yuboribdi. Mulozim podachi oldiga borib:
— E ota, sizning kichik qizingizni podsho olmoqchi. Siz shunga nima deysiz? — deb so‘raganda, podachi bu so‘zga ishonmay:
— Siz meni aldamoqchimiz? — debdi.
Mulozim cholning ishonmaganini Oqjarga borib vazirga aytibdi. Vazir Oqjardagi hamma odamlarni yig‘ib, mlslahatlashibdi:
— E xaloyiq, men podachiga mulozimimni yubordim. U cholga podsho Zulfiyani olmoqchi bo‘lganini aytibdi. Podachi: «meni aldayotirsiz», debdi. Endi sizlar menga qanday maslahat berasizlar?
Avval vazirni qizlar oldiga boshlab borgan chol bunday debdi:
— E vazir, «qush tilini qush biladi» degan maqol bor. Qishlog‘imizda bir podachi chol bor. O‘sha cholni qizlarning otasiga yuborsangiz, balki uning so‘ziga ishonar, — debdi.
Bu maslahat vazirga ma’qul tushibdi. Vazir aytibdi:
— Xo‘p, mayli, podachi cholni tezda chaqirib keling, gaplashib ko‘rsin.
Podachi cholni chaqirib kelibdilar. U esa qo‘rqqanidan tinmay yig‘lab, bunday der emish:
— Taqsir, men gunohkor emasman. Poda boqishdan boshqa hech narsani bilmayman. Ahvolimga rahm qiling. Xalq unga:
— Qo‘rqma, boshqa gap bor, — desa hamki, yana qattiqroq qo‘rqib:
— E taqsir, bola-chaqangizning rohatini ko‘ring, men aybdor emasman. Men mollarni hech urmayman. To‘g‘ri, bir vaqt bir ola sigir yurmagan edi. Uning shoxiga bir urgan edim, xolos…— der emish. Vazir kulib:
— Mayli, gunohingni kechirdim, endi senga boshqa bir gap bor. Senga ikki kun muhlat beraman. Podsho uchun podachi cholning kichkina qiziga sovchi bo‘lib borasan. Ikki kundan keyin kelib javobini menga aytasan, — debdi. Podachi:
— Xo‘p, taqsir, xo‘p! Qizning otasi menga tanish, — deb xursand bo‘lib chiqib ketibdi.
Podachi: «Osongina qutulganimga shukur», deb qizning otasinikiga ravona bo‘libdi. Yo‘lda o‘z-o‘ziga: «Xayriyat, vazirning qo‘lidan eson-omon qutildim», deb sevinibdi. Podachi qizning otasi qoshiga kelib, u bilan salomlashibdi. U yoqdan-bu yoqdan gaplashib o‘tirib, qizlarning hol-ahvolini so‘rabdi. Shu kecha cholning uyida yotib qolibdi. Ertasiga erta bilan ikkovlari Oqjarga jo‘nashibdi.
Qizlarning otasi podachiga:
— Men shu yerda turaman, sen vazir oldiga bor, — debdi.
Oqjarlik podachi vazirning yoniga kelib:
— Buyrug‘ingizni bajo keltirdim, — debdi. Vazir kulib:
— Balli, ishni muhlatidan bir kun ilgari tamom qilding. Qanday shart-sharoit qo‘yding? — deb so‘rabdi.
— Podachi chol qizlarini ko‘rgani keldi, — deb javob beribdi. Shu paytda ota o‘z qizlari bilan gaplashmoqchi ekan.
Zulfiya otasiga qarab:
— Agar shoh menga uylanmoqchi bo‘lsa, sizga qirq tuya qimmat baho mol bersin, ikki opamning boshidan-oyog‘igacha zar to‘ksin, ularga yaxshi kiyimlar kiydirsin, — debdi. Bu gap podshoga ma’lum qilinibdi.
Podsho qizning aytganlarini to‘la-to‘kis bajo keltiribdi, qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomoshalar qilib, Zulfiyani olibdi.
Oradan bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng chol-kampir katta qizlari Nasiba bilan Gulbahorni ham uzatib, ko‘ngillari tinchibdi.
Kundan kun, oydan oy o‘tib, yil to‘libdi. Zulfiyaning tug‘ish vaqtiga bir oy qolibdi. Podsho xursandlikdan har kuni ovga chiqar ekan. Zulfiyaning homiladorligidan ich-etlarini yeb yurgan podsho xotinlari har xil makr-hiylalar o‘ylay boshlabdilar. Podshoning katta xotini vazir otasiga:
— Zulfiya yaqinda tug‘adi, endi podsho bizga e’tibor bermay qo‘yadi, — deb hasrat qilibdi.
Boshqa xotinlar ham hasrat qilishibdi. Shunda vazir;
— Sizlar hech kimga aytmanglar, podsho ham bilmasin. Zulfiya tug‘ar vaqtida bir kampir topib, doya qilamiz, hisobini o‘zi to‘g‘rilaydi, — debdi.
Kunlardan bir kun Zulfiya eriga:
— Bugun ahvolim boshqacha, har xil so‘zlar bo‘layotganga o‘xshaydi, qo‘rqaman. Bugun siz ovga chiqmang, — degan ekan, ahmoq podsho Zulfiyaning so‘zini pisand qilmay, ovga chiqib ketibdi. Saldan so‘ng Zulfiyani to‘lg‘oq tutibdi. Shu paytda podshoning alamzada xotinlari bir makkor kampirni chaqirishibdi. Makkor kampir podshoning katta xotinlari bilan gapni bir joyga qo‘yib, Zulfiyaga:
— Chirog‘im, Zulfiya, podsho xotinlari to‘lg‘oq tutganda ko‘zlarini ro‘mol bilan mahkam tang‘ib qo‘yishadi. Sening ham ko‘zingni bog‘lab qo‘ysak yaxshi bo‘ladi, — deb Zulfiyaning ikkala ko‘zini bog‘labdi. Zulfiya bir-biridan chiroyli bir o‘g‘il va bir qiz tug‘ibdi, bir oz behush bo‘lib yotibdi.
Makkor kampir podsho xotinlariga: «Yangi tuqqan echkining bir urg‘ochi, bir erkak bolasini darrov topib kelinglar», debdi.
Qirq xotin kampirning aytganini darov bajo keltiribdi. Kampir bo‘lsa ikki bolani bir xaltaga solib, yashirib qo‘yibdi. Zulfiya hushiga kelganda, kampir ikki uloqni Zulfiyaga ko‘rsatib:
— Bolam, xafa bo‘lma, taqdiring shu ekan, odam bolasi o‘rniga, ikkita echki bolasi tug‘ding: biri erkak, biri urg‘ochi. Podshoning peshonasi sho‘r ekan, — deb Zulfiyaga piching qilibdi.
Zulfiya zor-zor yig‘lab, o‘tgan kunlarini eslabdi. Qirq xotin esa toza sevinishibdi. Kampir xaltadagi ikki chaqaloqni karvonlar o‘tadigan cho‘l-biyobonga eltib tashlabdi. Qirq xotin podshoga xabar uchun chopar yubora turib unga:
— Xotiningiz tug‘di, deysan, podsho shodlanib, «nima tug‘di» deganda, ikki echki bolasi tug‘di: biri urg‘ochi, biri erkak deysan, — deb obdan tayinlashibdi.
Chopar borib, bu xabarni podshoga yetkazibdi. Buni eshitgan podsho g‘azablanib, Zulfiyani zindonga tashlatibdi.
Endi gapni boshqa tomondan eshiting: Yo‘ldan o‘tayotgan karvonlar shum kampir tashlab ketgan bolalarni ko‘rib, hayron bo‘libdilar. Ular orasida bir kishi bor ekan. Bolalarga uning rahmi kelib ikkalasini olib ketibdi. Tirnoq betiga zor bo‘lib yurgan er-xotin ikki bolani yaxshilab parvarish qila boshlabdi. Ularga Hasan va Zuhra deb nom qo‘yishibdi. Oydan oy, yildan yil o‘tib, Hasan bilan Zuhra yetti yoshga kirishibdi. Asrandi bolalarga ota-ona juda bino qo‘yishib, ularga odob-ta’lim o‘rgatishibdi. Bolalar bu kambag‘al oilada juda yaxshi tarbiya olib yetishibdilar. Hasan ulg‘aygai sari kuchli, baquvvat bo‘laveribdi. Kurashda o‘zidan kattalarni ham yiqitadigan zabardast polvon bo‘libdi. U har ishni uddalaydigan tadbirli, bahodir yigit bo‘lib yetishibdi. Zuhra esa hunar o‘rganib, chiroyli gilamlar to‘qiydigan bo‘libdi. Zuhraning to‘qigan gilamlari bozordagi gilamlardan o‘n chandon qimmat yurar ekan.
Kunlardan bir kun Hasan otasiga:
— Menga bir yaxshi ot, bir qilich va bir o‘q-yoy olpb bering, — deb yalinibdi.
Otasi o‘g‘lining aytganlarini olib beribdi. Hasan har kuni ovga chiqadigan bo‘libdi. O‘sha yurtning podshosi ham ovga chiqar ekan. Hasan yosh bo‘lsa hamki, ko‘pgina ov qilar, podsho esa quruq qaytar ekan. Podsho bu hodisani xotiniga aytib berar ekan.
Bir kuni Hasanga otasi bunday debdi:
— Singling bilan ikkovingni chaqaloqligingda cho‘ldan topib olgan edim, ikkovingni parvarish qildik, mana endi katta bo‘ldilaringiz.
Shunda Hasan otasiga minnatdorlik bildirib:
— Endi sizlardan boshqa ota-onamiz yo‘q. Singlim ikkovimiz siz bilan onamizga qo‘limizdan kelgancha yaxshilik qilaylik, — debdi.
Kunlardan bir kun Hasan ovga chiqibdi. Podsho ham ovga chiqqan ekan. Hasan ko‘p ov qilibdi. Podsho bosh vaziri bilan quruq qaytibdi. Bu narsa podshoga alam qilib, Hasandan:
— E, bola, nimaga bu yerda ov qilasan? O‘zing kimning o‘g‘lisan? — deb so‘rabdi. Shunda Hasan chaqaloqlik vaqtida singlisi ikkovini bir karvon topib olganidan tortib, singlisining hozir gilam to‘qishga juda usta bo‘lganigacha aytib beribdi.
Podsho ahmoq ekan, hech narsani o‘ylamabdi. Ammo haligi vazir o‘ylab turib: «O‘sha bolalar o‘lmay, katta bo‘lgan ekan-da, o‘zi ham xuddi otasiga o‘xshaydi», deb ko‘ngliga tugib qo‘yibdi va bo‘lgan voqeani borib qizi bilan shum kampirga aytib beribdi.
Vazirning qizi juda ayyor ekan:
— Ha, ota, o‘sha bolalar xuddi Zulfiyaning bolalari, — debdi. Vazir ham:
— O‘shalar bo‘lsa ajab emas, — debdi.
Podshoning bosh vaziri, qirq xotin, shum kampir ko‘p afsus qilibdilar.
Podsho ertasiga yana ovga chiqibdi. Hasan ham ovga chiqqan ekan. Hasan podshoni uyiga chorlabdi. Hasanning boqib katta qilgan otasi podshoni yaxshi qabul qilibdi.
Suhbat chortang kelibdi. Podsho turli voqealarni aytib beribdi. Zulfiya to‘g‘risida ham so‘z bo‘pti. Hasan bilan Zuhrani gapiribdi. Karvonning xotini dono ekan. U Hasanga qarabdi, podshoga qarabdi, ikkalasining tusini, qosh-ko‘zini bir-biriga o‘xshatibdi.
— E shohim, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, bir gapim bor aytsam, — debdi.
— Kechdim, ayt, — debdi podsho. Xotin gap boshlabdi:
— O‘zingiz «mening qirq xotinim bor edi, hech qaysisi tug‘mas edi», dedingiz. Shundan keyin Zulfiya degan qizga uylanganingizni va uning ikki echki bolasi tuqqanini aytdingiz. Menimcha, kundoshlar Zulfiyani ko‘rolmay, makr-hiyla bilan ikki bola o‘rniga ikki echki bolasini keltirib qo‘yishgan bo‘lsa kerak. «Zulfiya ikki echki bolasi tug‘di», degan gap yolg‘on. Nahotki, odam echki bolasi tug‘sa. Bizning Hasan-Zuhramiz xuddi sizga o‘xshaydi. Zulfiyaning zindonga solinganiga qancha vaqt bo‘ldi?
— Rosa o‘n ikki yil bo‘ldi, — debdi podsho va peshonasiga bir urib, «attang!» debdi.
— Voqeani Zulfiyadan aniqlab so‘rang-chi, nima der ekan, — debdi xotin.
Podsho Hasanni olib uyga qaytibdi. O‘rdaga borganda zindonbonni chaqirib, Zulfiyani zindondan chiqarib yuborishga buyuribdi. Zulfiyani zindondan olib chiqib podsho qoshiga keltiribdilar. Podshoga Zulfiya hamma voqeani birma-bir aytib berib yig‘labdi.
Shunda Hasan onasining so‘zini eshitib: «Onamiz shu ekan», deb ona-bola yig‘lashib ko‘rishibdi. So‘ngra podsho qirq xotinini chaqirib, bo‘lgan voqeani surishtira boshlabdi. Podshoning bir xotini rostgo‘y, to‘g‘ri so‘z ekan, boshqa xotinlari uni yomon ko‘rar ekanlar. O‘sha xotin butun sirni ochib tashlabdi. Podsho g‘azablanib:
— Jallod! Avval vazirni, keyin qizini dorga os! — debdi. Keyin o‘ttiz sakkiz xotinini haydab yuboribdi. Podsho qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib beribdi…
Hasan va Zuhra esa o‘z ota-onalaridan ziyod tarbiyalab voyaga yetkazgan karvonga va uning xotiniga mehribonlik qilib, umr kechirishibdi.