O‘tgan zamonda bir faqir odam bor ekan. Uning xotini ham bor ekan. Bularning bisotida bitta echkisi bor ekan. Faqir echkiga har kuni bir siqim quruq xashak berar ekan, xolos. Faqirning xotini bir siqim xashakni berib, yelinlariga mushtlab-mushtlab, kuniga bir kosa sut sog‘ib olar ekan. Ularning ovqati shu bir kosa sut bilan o‘tar ekan. Lekin ular bechora echkiga har haftaning bir kunida dam berib, bo‘shatib yuborishar ekan. Echki shu kuni bo‘shalib borib, erkin yurib, tirikchilik qilar ekan.
Echki erta bahorda, dam olish kunlarining birida, qishloqqa yaqin bir o‘rmonzorda o‘tlab yurar edi. Nogahon unga bir sovliq qo‘y kelib salom berdi. Echki bunday qarasa, bir sho‘ring qurg‘ur sovliq bechoraning holi xarob, bag‘ri kabob ko‘rindi. Oriq, terisi borib suyagiga yopishib, har qovurg‘asi, mana men, deb sanalib turibdi. Echki sovliqning salomiga alik olib, undan so‘radi:
Ko‘zing o‘zini chuqurga solib,
Yuzingga boqqali uyalib.
Po‘stingda unda-bunda bir tuk,
U ham bo‘lsa o‘zingga yuk, —
dedi. Echkidan bu gapni eshitib, sovliq hayron bo‘lib, uning yuziga qarab:
— Ey, o‘rtoq echki: “Sen oldin o‘zingga boq, so‘ng nog‘ora qoq”, “O‘zingni bil, o‘zgani qo‘y”, degan gaplarni eshitganing yo‘qmi? Ishtoni yo‘q, tizzasi yirtiqqa kulmay qo‘ya qolsin. U aytgan bayting o‘zingga mos keladi, — dedi.
Undan keyin bular bir-birlari bilan tanish-bilish bo‘lib, gaplashib ketdilar. Har ikkalalari bir-birlarining boshlaridan o‘tganlarini aytishdilar. Echki aytdi:
— Mening xo‘jayinim bor. Xo‘jayinimning mendan boshqa hech narsasi yo‘q. Yeydigan ovqati ham yo‘q. Faqat er-u xotin menga bir tutam quruq xashak topib berib, yelinimga mushtlab urib, bolam uchun tayyorlagan bir kosa sutimni sog‘ib olib, shuni ovqat qilishadi. Haftasiga zo‘rg‘a bir kun ozodlikka chiqaradi. Faqat shu juma kunlari emin-erkin yurib o‘ynayman. Yuragimning chigilini ancha bo‘shatib ketaman, — dedi. Echkidan keyin sovliq qo‘y ham boshidan o‘tganlarini gapirdi. Uning turmushi ham echkining turmushiga o‘xshash ekan. Unga ham faqat juma kuni dam berib, boshvog‘ini olib qo‘yib yuborar ekan. Shunda bular xo‘jayinlarining jabr-zulmidan qutulish yo‘lini axtardilar. Oxiri bular bir joylarga qochib ketishga maslahat qilishdi.
— Endi qayerga qochamiz, — dedi sovliq. Echki atrofga qarab olib aytdiki:
— Mening otam: “Hov o‘sha ko‘ringan tog‘, juda ham o‘tloq joy, suvlari yaxshi, havosi undan yaxshi. Bir iloj qilib o‘sha joyga yetib olsak, umrbod rohatda yashar edik. Bu yerda ko‘rgan bunday azoblarimiz ham esimizdan chiqib ketar edi”, — degan edi. Lekin otam rahmatlik shu yerga yeta olmay, bizni ham yetkaza olmay olamdan o‘tib ketdi. Shunda ham otam menga: “Bolam bo‘lsang, o‘sha joylarga borsang, keng yaylovlarda mening uchun ham u yoq, bu yoqlarga yugurib, arvohimni shod qilib qo‘yarsan”, — deb vasiyat qilib ketgan edi. Endi shu joyga borsak ko‘p yaxshi bo‘lar edi, — dedi.
Bu gap sovliqqa juda ma’qul keldi. Ikkisi hayyo-hayt deb o‘sha ko‘ringan toqqa qarab jo‘nashdi. Bular yo‘lda ketayotgan edi. Uzoqdan bir narsaga ko‘zlari tushdi. Bu qanday narsa ekan, deb borishgan edi, u narsa ho‘kiz bo‘lib chiqdi. Ho‘kiz tinkasi qurigan ekan, sekin-sekin salanglab yo‘l bosib kelaverdi. Echki bilan sovliq bu yoqdan yetib borib qarashdi: bir kengfe’l ho‘kiz, soni xuddi bir quloch keladi. Juda ham oriqlab ketibdi. Ko‘zlari shokosaday, shopoq bosgan, bo‘yni qing‘ir tolday yerga egilgan, cho‘qqisi qirday irg‘ib chiqqan, yurishga ham madori qolmabdi. Echki salom bergan edi, ho‘kiz boshini bir do‘kanglatib, arang alik olibdi. Gapirgani majoli ham yo‘q. Ho‘kiz bulardan:
— Ha, bolalar, yo‘l bo‘lsin, — deb so‘rabdi. Echki:
— Ulug‘imiz sizdan bo‘lsin, — dedi.
— Hafta ishladik, ertaga shanba bo‘lsa, bugun bir hordiq qilib, sal tiklanib olay, deb kelayapman, — dedi. Undan keyin echki bilan sovliq ham boshlaridan o‘tkazganlarini aytib, oxirida xo‘jayinlari bilan xayr-ma’zurni nasiya qilib, o‘sha ko‘ringan toqqa qarab ketayotganliklarini aytishdi. Shunda ho‘kiz:
— Dunyoning g‘am-tashvishidan junjikdim. Bizning ota-bobomiz zab kishilarga boylab bergan ekan-da. Sahardan to namozshomgacha ishlaysan, ancha-ancha yerni haydaysan, kech kirib, darmonsizlanganingda qo‘shdan chiqaradi. O‘lganning ustiga tepgan, deganday, ketishda quruq ketmasin, deb bir arava cho‘p-hashakni ham yuklab ketishadi. Uyga borsang, tuzuk-quruq ovqat yo‘q. Bir bog‘ quruq-buruqdan boshqa narsa yo‘q. Endi badanda jir tugadi. Quvvat ketdi. Bu jabr-zulmlardan qanday qilsam qutular ekanman, deb ko‘p vaqtlardan beri o‘ylanar edim. Yaxshi bo‘ldi, endi men ham sizlar bilan ketaman, — dedi. Ular xo‘p, bo‘pti, deyishdi. Shunday qilib, bular uchchalasi toqqa qarab yurishdi.
Bular yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, oxiri bir kun toqqa yetishdi. Toqqa borishib, bu tog‘ echki aytganday juda ham obod ekan. Istagan ovqat topiladi. Havosi toza, suvlari tiniq. Bular yaxshilab qorinlarini to‘qlab olib, bir adirlikda, katta bir chinor bor edi, shu chinorning tagida makon qurib yotaverishdi. Shu kuni saharda echki uyqusida bosinqiradi. Uning tushiga xo‘jayinlari kirib: “Sen qayoqqa yo‘qolding, sendan necha kunlik sutni sog‘ib olamiz”, — deb uni tushovlab sog‘a boshlabdi. Bir kosa sut chiqqanidan keyin sut chiqmay qolibdi. Shunda xo‘jayini: “Sen qolgan sutlaringni nima qilding”, — deb katta so‘yilni olib, urgani tushdi. Shunda echki ovozini boricha dod, deb qichqirdi. Buning ovozini sovliq bilan ho‘kiz eshitib, nima bo‘ldi, deb uni uyg‘otishdi. Echki uyg‘onib, darrov ichiga tupurib, Xudoga shukur-ey, tushim ekan, tushimda hadeb xo‘jayinim urayapti, — dedi. Ho‘kiz aytdi:
— Ey echki, bu tush, xolos. Endi xo‘jayining ham yo‘q, xo‘jayiningning katta so‘yili o‘zi bilan birga qoldi, — debdi. Shunday qilib, bular bu yerda juda yayrab qolishdi. Kundagiday sahar uyg‘otish, bo‘yningga arqon solish, qiynash yo‘q. Ovqat serob, tergaydigan odam yo‘q. Bular tez kunda juda ham semirib ketishdi. Ho‘kizning savlatini ko‘rganda har qanday yovvoyi hayvon ham qochadigan bo‘ldi. Bir kuni ho‘kiz sheriklariga aytdi:
— Men har kuni ichkarida yotib, ko‘p issiqlab qolyapman. Bugun chinorning tagida yotaman, — dedi. Shu kuni echki bilan sovliq qo‘y ichkarida yotishdi. Ho‘kiz tashqarida yotdi. Kechasi qattiq sovuq bo‘lib, ho‘kiz yotgan joyda shamday qotib qoldi. Erta bilan o‘rtoqlari chiqib, ho‘kizni chaqirishdi. U tovush bermabdi. Nima bo‘ldi ekan, deb uning oldiga borib qarashsa, sovuqdan shodiyon qoqisi bo‘lib muzlab qolibdi. Endi nima qildik, deyishdi. Oxiri buni o‘tda isitmasak bo‘lmaydi, deb echki darrov chinorning ustiga chiqib, u yoq-bu yoqqa qaradi. Qarasa, yaqin bir pastlikdagi o‘ngurda tutun chiqib turibdi. U chinordan darrov tushdi. Echki bilan sovliq ikkalasi ho‘kizni arang tortishib tutun chiqqan tarafga boshlashdi. Yo‘lda ketayotsa, bir joyda bir yo‘lbars, bir bo‘ri, yana bir tulki terisi yotibdi. Echki terilarni olib ho‘kizning ustiga yopdi. Ular yana jo‘nashdi. Bular tutun chiqqan yerga yetib borib qarashsa, bu joy butun vahshiy hayvonlar o‘tiradigan joy ekan. Bular shu yerda to‘planib olib, gap yeyishar ekan. Sovliq bilan ho‘kiz qo‘rqib, orqalariga qaytmoqchi bo‘ldilar. Echki ularni to‘xtatib, ho‘kizning ustidan boyagi yo‘ldan topgan terilarni olib o‘ngurning og‘ziga tashlab, ichkariga salom berib kirdi. Ho‘kiz bilan sovliq ham kirdi. Ichkarida bo‘ri, arslon, tulki, sherdan tortib hamma vahshiy hayvonlar bor. Yo‘lbars podsho ham taxtida o‘tiribdi. Bu kun tulki gap beradigan kun ekan. Bular tulkini o‘rtaga olib, nimaga ovqat topib kelmading, deb turgan ekan. Tulki:
— Hamma joyni qidirib keldim, sira ovqat uchramadi, Xudo o‘zi yetkazmasa, bandasi nima qilar edi, — deb turgan ekan. Shunda birdan bular kirib qolishgan edi. Tulki echki, sovluq, ho‘kizni ko‘rib, xursand bo‘lib ketibdi.
Tulkining xursandligini ko‘rib, echki cho‘nqayib, podshoga qarab shu baytni aytdi:
— Namangan shahrida qassob edim, do‘stlar,
Oltmish yo‘lbars, oltmish bo‘ri, oltmish tulkiga.
Qo‘l qo‘ygan pudratchi edim. Xudoyimdan
O‘rgilay, endi koniga keldim ishonmasang,
Chiqib qara, andi bo‘ldi bittadan, —
dedi. Shundan keyin vahshiy hayvonlar birin-birin chiqib qaradi. Ular boyagi terilarni ko‘rib, qaytib kirmasdan ketaberdilar. Oxiri yo‘lbars podsho o‘zi yakka qolib, qo‘rqqanidan u ham chiqib ketayotgan edi. Ho‘kiz yugurib borib, yo‘lbarsning qornidan suzib, taqab turib qoldi. Buni ko‘rib echki bilan sovliq ham zavqqa keldi. Ular ham borib tisarilib turib, oldinga qarab yugurib, yo‘lbars podshoni suza boshladi. Yo‘lbars qarasa, bular o‘ldirib qo‘yadi. Oxiri yalingani tushdi. Yo‘lbars aytdi:
— Jon akalar, endi bundan buyon sizlarga hech beadabgarchilik qilmayman. Sizlar turgan joyga birorta begona hayvonni qadam bostirmayman, meni qo‘yib yuboringlar, — dedi. Bular yo‘lbars podshodan va’dani olib, uni urib-urib, haydadilar. Vahshiy hayvonlar ketganidan keyin bular bu joydagi o‘ljalarni olib, ho‘kizga yuklashib joylariga qarab ketdilar.
Boyagi vahshiy hayvonlar bulardan qochib borib, bir yerga to‘planishdilar. Bular shu uchta go‘shtdan qochdikmi, deb pushaymon qilibdilar. Ular bularning orqasidan quvib bormoqchi bo‘lib jo‘nadilar. Echki bularning kelayotganini ko‘rib, u darrov qo‘y bilan ho‘kizning oldiga kelib va ularni chinorning ustiga chiqarib yuboribdi. O‘zi bir balandlikka chiqib turdi. Echki qo‘y bilan ho‘kizga: “Haligi vahshiy hayvonlar bilan izlab kelib topa olmay, shu yerda o‘tirib qolishsa, qattiq ovoz chiqarib chinordan o‘zlaringni tashlanglar”, — deb o‘rgatgan edi. Boyagi vahshiy hayvonlar izlab kelib qoldi. Ular chinorning tagiga kelganda tulkiga:
— Sen romchi eding, bir rom ochib ko‘r-chi, ular qayda ekan, — dedilar. Tulki ham cho‘nqayib o‘tirib olib, rom qarab ketdi. Qolgan hamma hayvonlar uning og‘ziga qarab o‘tirishgan edi. Birdan yuqoridan allaqanday ovoz chiqib, bir narsalar tushib kelib qolibdi. Ular boyagi ho‘kiz bilan qo‘y edi. Shu holda birdan narigi yoqdan:
— Romchini ushla, romchini ushla, — degan ovoz kelib qoldi. Bu ahvoldan qo‘rqib vahshiy hayvonlar orqa-oldiga qaramasdan qochib ketishdi. Bundan keyin ular bu joylarga butunlay kelmaydigan bo‘lib ketdi. Shu bilan ho‘kiz, echki, qo‘ylar bu joyda umrbod yashab qolishdi.