Eng katta zulm

Bor ekan, yo‘q ekan, bir podsho bor eqan. Uning bitta-yu bitta qizi bor ekan. Kunlarning birida podshoning xotini vafot etibdi. Undan bitta tilla kovush qolibdi. Podsho mamlakatga jar soldiribdi: «Ushbu tilla kovush kimga to‘g‘ri kelsa, podsho o‘shani xotinlikka oladi», debdi.
Tilla kovushni uch-to‘rt xotin ko‘tarib eshikma-eshik yurib, butun mamlakatdagi xotin-qizga kiygizib chiqibdi, kovush hech kimning oyog‘iga to‘g‘ri kelmabdi.
Xotinlar podsho huzuriga kelib:
— Hurmatli podshohim! Biz kirmagan eshik, u kovushni kiymagan xotin-qiz qolmadi, endi nima qilamiz? —  debdilar. Shunda podsho:
— Rost aytinglar, hech kim qolmadimi? Nahotki, mening mamlakatimda shu kovush to‘g‘ri keladigan qiz topilmasa, — debdi.
Xotinlardan biri:
— Hurmatli podshohim! Faqat o‘zingizning qizingiz qoldi, xolos, — debdi. Podsho:
— Boringlar, kovushni qizimga kiydirib ko‘ringlar, agar oyog‘iga to‘g‘ri kelsa, qizim bo‘lsa ham olaman, — debdi.
Xotinlar saroyga kirib, kovushni qizga kiydiribdilar. Kovush qizga to‘g‘ri kelibdi. Shundan keyin, podsho o‘z qizini olish uchun qirq kecha-yu qirq kunduz to‘p qilishga buyruq beribdi. Podsho to‘y-tomoshada kayf-safo surib tursin. Endi gapni qiz bechoradan eshiting:
Qiz nima qilishini bilmay kecha-kunduz yig‘labdi. Oxiri o‘zicha bir fikrga kelibdi. Qiz turgan saroyga yaqin joyda kigiz bosuvchi usta bor ekan. Qiz otasining xazinasiga kirib, ikki yengiga tilla to‘ldirib chiqibdi va kigizchi kishining uyiga boribdi. Unga boshidan o‘tgan voqeani yig‘lab aytibdi. Keyin u kishidan: «Menga bitta odam qiyofasida kigiz to‘qib bering. Men uni kiyib shahardan tashqariga chiqib ketaman. Bu ishni faqat siz bilingu men bilay. Kigiz qirq kungacha bitsin», deb iltimos qilib, ikki yengidagi tillani usta oldiga to‘kibdi. Usta ham qizning ko‘z yoshlariga rahm qilib, rozi bo‘libdi.
Kunlardan kun o‘tib, bir kam qirq kunda kigiz tayyor bo‘libdi. Qiz kigizni kiygach, odamga ham, maxluqqa ham o‘xshamay qolibdi. Qiz kechasi hech kimga bildirman, kigizni kiyib, shahardan chiqib ketibdi. Bechora qiz cho‘l kezib, tog‘lar oshib, daryolar kechib, uzoq tun va kunlar horib-charchab yo‘l yuribdi. Yo‘l yursa ham mo‘l yurib, boshqa bir mamlakatga kirib boribdi. U mamlakatning bir yosh shahzodasi bo‘lar ekan. U qush uchirib, shu qush kimning boshiga qo‘nsa, shuni olaman, degan ekan. Kigiz kiygan qiz bir qishloqqa yaqin yerda charchab dam olib o‘tirgan ekan. Shu payt shahzodaning qushi kelib kigiz ustiga qo‘nibdi. Shahzoda bir necha yigitlar bilan qushning orqasidan quvib kelsa, qush bir narsa ustiga qo‘nib turgan emish. U na odamga, na maxluqqa o‘xshar emish. Shahzoda hayron bo‘lib, achchig‘lanib, qushni boshqatdan uchiribdi, qush yana kelib kigiz ustiga qo‘nibdi. Yigit qushni yana boshqatdan uchiribdi. Qush aylanib yana o‘sha kigiz ustiga qo‘nibdi. Oxiri shahzoda kigizga: «Ey, sen kimsan? Odam desam hamma joying yung, hayvon desam odam shaklidasan, ins-jins desam g‘oyib bo‘lmaysan? O‘zing nimasan?» deb so‘rabdi. Shunda kigiz: «Xudo meni shunday tusda yaratgan, men shunday qo‘rqinchln bo‘lganim bilan kishiga zarar yetkazmayman. Agar iloji bo‘lsa meni hovlingizga olib ketsangiz, xizmatingizni qilib yuraman», debdi.
Shahzoda uyiga kelib bo‘lgan voqeani onasiga aytibdi. Onasi:
— Mayli, bolam, u ham xudoning maxluqi, olib kela qol: suv tashib, o‘tin yorib yurar, — debdi. Shahzoda kigiz qizni uyiga olib kelibdi. Qiz bechora kechgacha tinmay xizmat qilib yura beribdi. Uni hech kim nazar-pisand qilmabdi, u ham ko‘pchilikka aralasha olmabdi, uni ko‘rgan odam qo‘rqar ekan. Agar shahzodaning uyiga biror odam kelsa, yo qo‘shnilardan biri chiqib qolsa, «kigizlaringni ushlab-turinglar», der ekan.
Shahzoda: «Men qush uchirsamu kigizga qo‘nsa, demak mening baxtim yo‘q ekan. Men endi dunyodan shunday o‘taman», deb o‘z podsholigini qila beribdi.
Kunlarning birida boshqa bir mamlakatning podshosi shahzodani to‘yga taklif qilibdi. Shahzoda kigiz qizga uy poylatib, onasi va ukalari bilan to‘yga ketibdi. Ular jo‘nagandan keyin, qiz ham darrov kigizni yechib, ular orqasidan o‘zini ko‘rsatmay keta beribdi. To‘yxonada shahzodani juda izzat-hurmat bilan kutib olishibdi. Ularning orqasidan qiz ham kirib boribdi.
Qizni shahzodadan ham ortiq hurmat bilan kutib olishibdi. To‘yda o‘tirgan yigitlar qizning qaysi mamlakatdan kelganini bilishga shoshilibdilar. Qizni olib kirib eng yuqori joyga o‘tqazibdilar. Uning oldiga turli xil noz-ne’matlar va taomlar qo‘yibdilar. Butun uy ichidagilarning ko‘zi qizda bo‘libdi. Qiz o‘tirgan uyda shahzoda va uning onasi ham o‘tirgan ekanlar. Lekin ular qizni tanimabdilar. Shahzoda esa qizni sevib qolibdi. Qiz bilan so‘zlashib, unga bitta uzugini beribdi. To‘y tugamay turib, qiz ketishga ruxsat so‘rabdi. Lekin unga javob berishmabdi. Qiz: «Vaqtli ketmasam bo‘lmaydi», deb turib olibdi. Ular: «Birontamiz olib borib qo‘yaylik», desalar ham ko‘nmabdi.Nihoyat, qiz o‘rnidan turib, to‘ydagilar bilan xayrlashib uyga qaytibdi. Qizning chiqib kegishi bilanoq, «go‘zal qizdan ortib qolgan taomlar tabarruk», deb bir uy xotin dasturxondagi taom va mevalarni bo‘lishib olibdi. Qiz uyga kelib darrov kigizni kiyib olib, hech kim ko‘rmaganday uy ishlari bilan shug‘ullanib o‘tiribdi. Kech bo‘lgach, shahzoda bilan onasi xam to‘ydan qaytishibdn. Shahzoda bilan onasi to‘yxonada ko‘rgan go‘zal qizni bir-biriga maqtashibdi. Shahzoda: «Men o‘sha qizni qayerdan bo‘lsa ham topib kelaman», degan qarorga kelibdi. Shahzodaning onasi:
— Kigiz, ana bu dasturxon ichida senga har xil taomlar olib keldim. To‘yga bir chiroyli qiz keldiki, uning go‘zalligi hech kimda yo‘q. Qani o‘shanday kelinim bo‘lsa. Undan qolgan ovqatlar senga tabarruk, deb olib keldim, dasturxonni ochib, olib yegin, — debdi.
Ertasiga ertalab shahzoda qizni axtarib ketmoqchi bo‘lib, yo‘l uchun non buyuribdi. Shahzsdaning snasi non yasayotganda, kigiz:
— Jsn buvi, men ham non yasay, — debdi. Shunda buvisi:
— Qo‘y, sen non yasama! Sening qo‘lingda yasalgan nonni kim yeydi! — debdi. Kigiz ko‘nmabdi: «Hech kim yemasa mayli, o‘zim yeyman», debdi-da, bitta non yasab, uning ichiga qo‘lidagi uzugini solib qo‘yibdi. Shahzoda safarga tayyorlanibdi. Uning jo‘nashi oldidan kigiz:
— Aka! Nonning ichida bitta men yasagan non bor, o‘shani yemasdan teng ikkiga bo‘lib suvga tashlang, — debdi.
Shundan keyin shahzoda ona va ukalari bilan xayrlashib safarga jo‘nabdi. U yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, yetti kun deganda bir toqqa yetib boribdi. Nihoyatda charchab, qorni ochgan ekan. Bir yerga o‘ltirib, bir oz ovqatlangisi kelibdi. Xurjunidan non olmoqchi bo‘lib qo‘lini solgan ekan, qo‘liga yung aralashgan non chiqib qolibdi. Shahzoda nonni teng ikkiga bo‘lsa, o‘rtasidan uzuk chiqibdi. Shahzoda uzukni tanibdi. Sevinib orqasiga qaytibdi. Yetti kun deganda uyiga qaytib kelibdi. Safardan tez qaytgan shahzodani ko‘rgan onasi hayron bo‘libdi. Safardan tez qaytish sababini onasi so‘ramabdi. Shahzoda ham sirni onasiga aytmabdi. Ertasiga ertalab taxtga chiqish oldidan.
— Ona, mastava qiling-da, kigiz qizdan chiqarib yuboring, — debdi.
— Voy, bolam, uning qo‘lidan qanday ovqat ichasan, o‘zim olib chiqib beraman, yoki o‘z ukang olib chiqib berar, — debdi. Shahzoda:
— Yo‘q, ona, aytganimni qiling, — debdi-da, taxtga chiqib ketibdi. Shahzodaning onasi mastavani tayyorlab, kosaga quyib, kigizga olib chiqib berishni buyuribdi, kigiz ko‘nmabdi. Onasi: «Men aytgandan keyin olib chiqib ber!» debdi. Oxirida qiz shahzodaga ovqat olib chiqishga majbur bo‘libdi. Zinadan chiqayotganida ataylab oshni to‘kib yuboribdi va uyga qaytib kiribdi. Kampir kosaga yana osh quyib beribdi. Kigiz qiz bu safar ovqatni to‘kmay taxtga olib chiqib shahzodaga beribdi. Shahzoda qizdan kigizni yechishni so‘rabdi. Qiz ko‘nmabdi. Shahzoda yana qayta-qayta iltimos qilibdi. Oxiri qiz yechinishga majbur bo‘libdi. Shunda shahzoda ko‘rsa, to‘yda ko‘rishgan o‘sha chiroyli qiz. Shunda sevinib ketibdi. O‘z baxtidan xursand bo‘lib qiz bilan ancha vaqtgacha suhbatlashib o‘tiribdi. Kigizning kechikkanidan xavotirlangan ona kichik o‘g‘lini uning orqasidan chiqaribdi. Bola taxtga chiqib qarasa, akasi to‘yda bo‘lgan chiroyli qiz bilan mastava ichib o‘tirgan emish. Bola darrov orqasiga qaytib, onasiga xabar beribdi. Buni eshitgan ona quvonib tashqariga chiqib, taxtga qarasa, o‘sha chiroyli qizni ko‘ribdi. Ona qiz bilan quchoqlashib ko‘rishibdi. Qiz boshidan o‘tgan voqealarni boshidan oxirigacha so‘zlab beribdi. Shahzoda qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilib, qizga uylanibdi.
Shunday qilib, ular shod-xurram hayot kechirib tursinlar, endi ikki og‘iz gapni qizning dadasi — podshodan eshiting.
Qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomoshadan keyin podsho qarasa, qiz yo‘q. Butun shaharga jar soldirib, qizni qidirtirib, uni hech qayerdan topolmabdi.
Qizni qidirib, qirq yigiti bilan shahardan chiqib ketibdi. Ular yo‘l yursa ham mo‘l yurib, kunlarning birida, oziq-ovqatlari tugab, o‘zlari nihoyatda charchab qolibdilar. Podsho qirq yigiti bilan qirq o‘g‘riga duchor bo‘libdi. Podsho yigitlari o‘g‘rilar bilan urusha boshlabdi. Shunda podsho qochib qolibdi. O‘g‘rilar esa podshoning yigitlarini qirib tashlabdi. O‘g‘rilar podshoni ham o‘ldirdik deb, qirq yigitning kiyimlarini kiyib, otlarini olib, bir necha kun yo‘l yurib, podshoning shahriga kirib kelibdilar. O‘g‘rilarning boshlig‘i podsho bo‘lib olibdi. O‘zining o‘ttiz to‘qqizta sherigiga shunday debdi:
— Mening davrimda xohlagan shaharingga kirib, xohlagan narsani olib chiqib yura ber!
Ularni o‘ttiz to‘qqizta shaharga tarqatib yuboribdi.
Podsho qalandar sifatida shaharma-shahar kezib, kunlardan bir kun qizning shahriga borib qolibdi. U shaharda qalandarlik naqshini aytib yura beribdi. Bir kun qiz qalandarning dong‘ini eshitibdi. Shahzodadan qalandarni o‘z saroyiga keltirishni iltimos qilibdi. Shahzoda qalandarni chaqirtiribdi. Qiz qalandarni ko‘rishi bilanoq o‘z dadasi ekanini bilibdi-da, darhol jazolashni bugaribdi. Shahzoda ko‘nmabdi. Lekin qiz otasining o‘z qiziga qattiq zulm qilganini yana qayta gapirib beribdi-da uni o‘limga buyurtiribdi,
Shunday qilib, qiz shahzoda bilan umr kechirib, murod-maqsadiga yetibdi.