Duradgor bilan tikuvchi

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan. O‘tgan zamonda bir duradgor bilan bir tikuvchi bor ekan. Bularning ikkovi bir-birlari bilan do‘st ekanlar. Bir kuni tikuvchi nihoyatda yaxshi bir ko‘ylak tikibdi va o‘rtog‘i duradgor ustani chaqirib:
— Bir ko‘ylak tikdim, ko‘rdingmi? — deb duradgor ustaning qo‘liga beribdi. Usta ko‘ylakni ko‘rib, hech tikkan yeri — chokni topolmabdi. Tikuvchi ko‘ylakni juda ustalik bilan tikkan ekan, Duradgor esa umrida bu xilda ko‘ylak ko‘rmagan ekan. U bunga hayron bo‘lib qolibdi:
— Rahmat o‘rtoq, sening hunaringga qoyilman,— debdi duradgor.
O‘sha shaharda bir chiroyli qiz bor ekan. Bu qiz ham tikuvchi bilan, ham duradgor bilan gaplashib yurar ekan. Lekin har ikki do‘st bir-birlarining bu ishlaridan bexabar yurar ekanlar. Bir kun duradgor tikuvchi oshnasi yoniga borsa, do‘stining tikkan ko‘ylagini haligi qiz kiyib turgan emish. Buni ko‘rgan duradgor nihoyat xafa bo‘libdi va o‘ziga: “Tikuvchi bu hunarni qilibdi. Men ham bir ish qilay”, deb o‘sha kundan boshlab bir sandiq yasashga kirishibdi. Bir necha kundan keyin bir sandiq tayyorlabdi. Hech kim bunday sandiqni ko‘rmagan ekan. Bir kun duradgor sandiqni tikuvchi o‘rtog‘iga ko‘rsatibdi:
— Men bir sandiq yasadim, — debdi. Tikuvchi sandiqni ko‘rib hayron bo‘lib qolibdi:
— Do‘stim, siz ajoyib sandiq yasabsiz, — debdi tikuvchi. Duradgor:
— Buning ajoyib ekanligini ichiga tushsangiz bilasiz,— deb javob beribdi. Tikuvchi sandiqning ichiga tushgan ekan, duradgor kelib sandiqni bekitib, qulflab qo‘yibdi. Shundan so‘ng sandiq havoga ko‘tarila boshlabdi. Tikuvchi sandiq ichida dod-faryod ko‘taribdi, do‘sti quloq solmabdi. Sandiq havoga ko‘tarilib chiqib ketibdi. Bir necha vaqtdan keyin tikuvchi o‘ylab “Sandiqning ikkinchi bir qulog‘i bormikan, shuni burasam, yerga tusharmikan” deb, u yoqqa-bu yoqqa qaragan ekan, bir kichkina quloq ko‘rinibdi. Shu quloqni burasa, sandiq yana ham yuqori ko‘tarila boshlabdi. Nihoyat sandiqning uchinchi qulog‘ini buragan ekan, pastga qarab tusha boshlabdi. Namozi asr vaqtida tikuvchi boshqa bir shaharning chetroq bir yeriga kelib tushibdi. Sandiqdan chiqib, uni ko‘tarib ketayotgan ekan, yo‘lda bir chol uchrabdi. Chol do‘konini bekitib turgan ekan. Tikuvchi cholga:
— Ey ota, men bir musofirman. Bu kun sizga mehmon bo‘lsam, —debdi.
Chol bunga rozi bo‘lib, uyiga boshlab olib boribdi. Sandiq esa cholning do‘konida qolibdi. Cholning bir kampiri bor ekan. Ovqat tayyor ekan, yeb bo‘lib, hol-ahvol so‘rashibdi. Tikuvchining hol-ahvolini so‘rab bo‘lgandan keyin kampir bilan chol:
— O‘g‘lim, siz bizga o‘g‘il bo‘ling, biz olamdan o‘tsak, shu joylar sizniki bo‘lsin! — debdilar. Tikuvchi bu so‘zni eshitgandan keyin rozi bo‘libdi. Kechasi bo‘lib qorong‘u tushibdi. Bir vaqtdan keyin osmonda bir yorug‘lik paydo bo‘libdi. Osmonda oy bo‘lmasa ham, butun shahar yorug‘ bo‘lib turgan ekan. Tikuvchi choldan so‘rabdi:
— Ajabo, osmonda oy bo‘lmasa ham yorug‘ bo‘lar ekan-da, bu shaharda,— debdi. Kampir javob beribdi:
— Bolam, bizga xudo bergan shahrimizning bir podshosi bor.
Ul podshohning bir qizi bor, juda ham chiroyli. Shu qizning nuri taftidan shahar kechasi yorug‘ bo‘ladi. Bu shahar xalqi chiroq yoqmaydi. U qiz olti oy yoz ravoqning tepasida balandlikda yotadi.
Tikuvchi bu so‘zni eshitib ichida: “Menga xudo berdi-ku!” debdi. Shu kecha chol bilan kampirning uyida yotibdi. Ertasiga tikuvchi chol bilan do‘konga chiqibdi. Cholning kasbi bo‘yoqchilik ekan. Kechgacha birgalashib bo‘yoq bo‘yashibdi. Kechqurun bo‘libdi. Chol uyga qaytmoqchi bo‘libdi. Tikuvchi cholga:
— Uy juda uzoq ekan, men shu yerda yotib yursam bo‘lmaydimi? — debdi. Chol aytibdi:
— Uyda yotsang yaxshi bo‘lar edi. Ko‘ngling bu yerni xohlasa yotaver,— debdi. Shu kuni do‘konda yotib qolibdi. Ertasi turib nonushta qilib o‘tirgan ekan, jarchilar: “Bugun podshoh qirq kunlik ovga chiqadi. Har kimning yaxshi oti, yaxshi iti, yaxshi qushi bo‘lsa ovga chiqa bersin” — deb chaqirib o‘tibdi. Podshoh o‘sha kuni ovga chiqib ketibdi. Kechqurun bo‘lgach, chol yana uyiga qaytib ketibdi. Tikuvchi yolg‘iz qolib o‘ylabdi:
“Shu kecha sandiqqa tushib bir tomosha qilib kelsam”, debdi. Shu bilan kechasi o‘rnidan turib, sandiqqa tushibdi. Sandiqning bir qulog‘ini burasa, osmonga uchib chiqib ketibdi. Osmonda shaharni tomosha qilib, malikaning yotadigan ravog‘i ustiga kelib aylanib, ravoq ustidagi arkka tushibdi. Sandiqni tomga qo‘yib, ust kiyimlarini yechib, arqon topib, osilib tushibdi. Tikuvchi qizning yotoqxonasiga kiribdi. Qizni ko‘ribdi. Qiz bir parcha oydek yorug‘ nur sochib uxlab yotgan ekan. Yigit sekin qizni uyg‘otibdi. Qiz uyg‘onib qarasa, oldida bir kishi turgan emish. Qiz birdan cho‘chib uyg‘onib: “Kimsan?” debdi. Tikuvchi:
— Men “Azroil”man,— debdi. Qiz:
— Unday bo‘lsa nima qilib yuribsan?— debdi.
— Xudo seni nihoyat chiroyli qilib yaratibdi. Sening husningni ko‘rib mahliyo bo‘lib turibman,— debdi. Qiz juda qo‘rqqanidan hech bir nima deyolmabdi. Tikuvchi sandiqqa tushib uchib yana do‘konga qaytib, o‘z o‘rnida yota beribdi. Ertasiga qiz enagalarini chaqirib kechasi bo‘lgan voqeani aytibdi.
Enagalari hayron bo‘lishibdi. U kun yana kech bo‘libdi. Qiz o‘z uyida uxlab qolibdi. Bir vaqt haligi tikuvchi yana kelibdi. Shunday qilib, qirq kungacha shu voqea davom eta beribdi. Qirqinchi kuni podshoh ovdan qaytib kelibdi. Kechqurun podshoh qarasa, shaharning hamma yog‘i qorong‘u, ilgarigidek yorug‘ bo‘lmay qolibdi. Podshoh qizining ravoqqa chiqib yotishini buyuribdi. Enagalar aytibdi:
— Qizingiz ravoqning tepasida, lekin bu kun qirq kun bo‘ldi, ajal farishtasi sizga kuyov bo‘lgan, — debdi. Podshoh birdan hovliqib:
— Qizim o‘lganmi? — desa, enagalar:
— Yo‘q, erga tekkan, — debdi.
Podshoh:
— Mendan so‘roqsiz qanday erga tekkan?— deb, qo‘lini bo‘langlatib qizining oldiga chiqibdi.
Qizining o‘zidan so‘rabdi. Qiz:
— Bir kun uxlab yotsam bir kishi kelib meni uyg‘otdi. Qarasam, menga qarab turibdi. Men: “Sen kimsan?” dedim. U: “Men Azroilman”, dedi. Undan keyin qo‘rqib “Nimaga kelding? — desam, u “Sening husni jamolingni ko‘rib, oshig‘ beqaror bo‘ldim, senga uylanmoqchiman, dedi. Men: “Hozir otam yo‘q, otamdan so‘rab, nikoh qilib olsangiz!” desam, u ko‘nmadi. Shundan beri har kuni keladi. Men uning qaydan kelganini ham, qayerga ketganini ham bilmayman,— debdi.
Podshoh bu gaplarni eshitib, hayron bo‘lib, pastga tushibdi. Vazirlarini chaqirib qizidan eshitgan so‘zlarini birma-bir aytib beribdi. Vazirlaridan biri turib:
— Ey podshohim, bu jodugarning ishi bo‘lsa kerak desa, ikkinchi vaziri:
— Buni bir sinab ko‘rish kerak. Agar haqiqatda farishta bo‘lsa, bu dunyo taomidan sira yemaydi, odamzod bo‘lsa yeydi. Uning kelishiga har xil yaxshi taomlarni hozir qilib kutib olish kerak, — debdi.
Podshoh odamlari uning kelishini taomlarni tayyorlab qo‘yib, kutib turibdilar. Bir vaqt hamma uxlab qolganida tikuvchi qiz oldiga kelibdi. Qiz darhol o‘rnidan turib taomga taklif qilibdi. Qiz nazokat bilan:
— Bugun qirq kun bo‘ldi. Ikkovimiz bir yerda o‘tirib taom yemadik. Sizga taom hozirladim. Buni yeb, undan keyin yotamiz, — debdi.
Tikuvchi qizning hiylasini darrov fahmlabdi va:
— Bu taomni yemayman. Bu taomni yemoq bizga mumkin emas,— debdi. Qiz shuncha taklif qilib ko‘rsa ham, sira unamabdi. Bir vaqtdan keyin podshoh chiqib qarasa, kuyovi ovqatga teg-mabdi.
Podshoh uning farishtaligiga ishonibdi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tibdi. Podshohning qiziga ikkinchi bir podshohning o‘g‘lidan sovchi kelibdi. Sovchi podshoh oldiga kirib, ta’zim qilib:
— Men sizning qizingiz uchun falon podshoh tarafidan vakil bo‘lib keldim, shunga bir javob qilsangiz, — debdi. Podshoh aytibdi:
— Bu kun qirqinchi kun bo‘ldi, qizimizni erga berganmiz,— debdi. Elchi:
— Kimga? — desa, podshoh:
— Azroilga, — debdi. Sovchi ichida “Bermas qizning qalini ko‘p” degandek, bermas ekan-da, podshohimiz ustidan kulyapti, — deb podshoh huzuridan chiqib, o‘z eliga qarab jo‘nabdi.
Sovchi o‘z podshosi oldiga yetib borib, qizning otasi aytgan so‘zlarni bayon qilibdi. Podshoh g‘azablanib butun odamlariga “Askar tayyor bo‘lsin, falon podshohga qarshi urushga boramiz” deb xabar beribdi. Tez orada askar hozir bo‘libdi. Ular bir necha kundan keyin qizini bermagan podshohning yeriga bosib kiribdilar. Oxiri podshohning poytaxtiga yetib boribdilar. Borib shaharni qamal qilibdilar. Shunda qizning otasi vazirlari bilan kengashibdi. Vazirlari aytibdi:
— Biz dushman askari bilan urusha olmaymiz. Ular ko‘p, biz oz. Qizingizga ayting, “azroil” kuyovingiz yordam qilmasa bo‘lmaydi, bizga yordam kerak, — deyishibdi. Podshoh qiziga aytibdi. Kechasi tikuvchi kelibdi. Qiz unga aytibdi:
— Bizning shahrimiz dushman askari tarafidan o‘rab olingan. Shunga siz yordam qilmasangiz bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Biz katta xavf ostida qoldik. Bizning qo‘ldan podshohlik ketib qoladi,— debdi. Tikuvchi “Xo‘p” deb, darhol saroydan bir latta, cho‘prak bilan bir qadoq yog‘ olib chiqishni buyuribdi. Qiz darhol uning aytgan narsalarini tayyor qildiribdi. Tikuvchi yog‘ bilan cho‘praklarni olibdi-da, sandiqqa tushib uchib ketibdi. Osmonga chiqib dushman askari ustiga besh-olti yerga o‘t yoqib tashlabdi. Dushman askarlari qo‘rqib: “Bizga osmondan balo yog‘di”, deb oldi-orqasiga qaramay, qocha beribdilar. Hujum qilgan podshohning askarlari yengilibdi. Podshohning o‘g‘li ham askar hozirlab: “O‘zim bormasam bo‘lmas ekan, deb birmuncha askarlarini olib urushga kiribdi. Tikuvchi osmondan bular ustiga yana o‘t yoqib tashlabdi. Dushman askarlari ustiga yog‘ilgan o‘t ularni kuydiribdi. Ular qo‘rqib, qochgani qochib, kuyib, o‘lgani o‘lib yengilibdi. Shu vaqt tikuvchi yigitning sandig‘iga yog‘ tushib qolgan ekan. Tashlagan cho‘praklaridan o‘t tushib sandiq ham yona boshlabdi. Tikuvchi buning ilojini qila olmabdi. O‘zi ham biroz kuyibdi. Nihoyat, u tog‘ning orqasiga borib, bir suv bo‘yiga yiqilib tushibdi. Dushman askarlari qochib ketibdilar. Tikuvchi yongan sandiqdan zo‘rg‘a chiqib, o‘zini suvga tashlabdi. U joyda shu kecha yotibdi. Uch oygacha tog‘-toshlarda yurib sog‘ayib, yaxshi bo‘libdi. Biroq uning yuz-qo‘llari tirtiq bo‘lib qolibdi. Uch oy o‘tibdi. Podshoh esa:
— Kuyovim kelmay qoldi, nima bo‘ldi ekan? — deb hayron bo‘lib yuraveribdi. Shu orada podshoh o‘lib, uning o‘rniga qizi podshoh bo‘libdi. Qiz erining kelmaganiga hayron bo‘lib yuribdi. Bir kuni tikuvchi “Men endi u shaharga borsam, podshoh arkining tagidan o‘tsam, meni biror kishi tanirmikan?” deb, bir eski yirtiq chopon kiyib yo‘lga tushibdi. U shaharga yetib borib podshoh saroyi oldidan o‘tib borayotganda qizning ko‘zi unga tushib qolibdi. Qiz erini tanibdi. Darhol malika o‘z xizmatchilariga:
— O‘sha ketib borayotgan odamni chaqirib kelinglar, lekin mening oldimga olib chiqayotganingizda yaxshi kiyimlar kiygizib olib chiqinglar! — debdi. Xizmatkorlar: “Xo‘p” deb tikuvchini chaqirib to‘xtatib, qo‘lidan ushlab:
— Seni podshoh chaqiryapti,— debdilar. Tikuvchi “Xo‘p”, deb ular oldiga kelibdi. Unga yaxshi kiyimlar kiydirib, podshoh qiz oldiga olib chiqibdilar. Qiz undan:
— Siz kimsiz? — deb so‘rabdi. Tikuvchi:
— Men Azroilman, — debdi.
Qiz:
— Sizga nima bo‘ldi, ko‘rinmay ketdingiz, — debdi. Tikuvchi:
— Sizning otangizning dushmani bilan olishaman deb qanot-quyruqlarim yulinib, shu ahvolga tushib qoldim, — debdi. Qiz:
— Xudo xohlasa, yana qanot-quyruqlaringiz chiqib qolar. Men podshohlikni sizga berdim. Keling, mening o‘rnimda podshohlik qiling,— deb, otasidan qolgan podshohlikni eriga topshiribdi. Shu bilan tikuvchi malika bilan birga yashab, murod-maqsadiga yetgan ekan.