Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bundan ko‘p yillar ilgari ikkita o‘qimishli ziyrak yigitlar o‘tgan ekan. Ulardan birining ismi Komiljon, ikkinchisiniki Homiljon ekan.
Komiljon qorachadan kelgan, o‘rta bo‘yli, kirriklari uzun-uzun, kelishgan yigit ekan. Homiljon ham chiroyli, shahlo ko‘z, qoshlari Komiljonnikiga qaraganda qalinroq, ammo o‘ziga oro bermaydigan yigit ekan.
Yigitlar amakivachcha bo‘lib, yoshlikdan birga o‘sishgan, madrasada ham birga ilm olishgan ekan.
Komiljon bilan Homiljon o‘qishni davom ettirish maqsadida boshqa bir shaharga borishibdi. Yigitlar kelgan shaharda yaqindan beri qaroqchilar paydo bo‘lgan, ular aholining mol-mulkini talayotgan ekan. Bu qaroqchilar shunday usta ekanlarki, shu vaqtgacha ularni hech kim ko‘rmagan, shahar ahliga esa qilgan ishlarigina ayon ekan, xolos. Qaroqchilarni tutish uchun alohida mirshablar tayinlangan bo‘lsa ham, bu mirshablar ularni tutishning uddasidan chiqa olishmagan ekan. Chunki qaroqchilarning shahar ichida maxfiy ma’lumot berib turadigan kishilari bo‘lib, o‘zlari esa shahar chekkasida yashar ekanlar. Shuning uchun ham ular mirshablar bo‘lmagan kunni poylab, mo‘ljallagan kishilarining xonadonini sovurib ketishar ekan.
Bu shaharga Komiljon bilan Homiljonning kelganliklari haqidagi xabar ham qaroqchilarga darrov borib yetibdi. Ular bu yigitlar savdogar bo‘lishsa kerak, degan xayolda ularni ko‘z ostiga olib qo‘yishibdi.
Komiljon bilan Homiljon shaharning markaziy ko‘chasidagi uylardan biriga joylashibdi va hech narsadan xabarlari yo‘q, o‘z ishlari bilan ovora bo‘lib yurishaveribdi.
Ular har kuni kechasi allamahalgacha kitob o‘qib o‘tirishar ekan. Kunlarning birida yigitlar odatdagidek kitobdan ko‘z uzmay o‘tirishganida eshik taqillabdi. Komiljon o‘rnidan turib eshikni ochishi bilanoq, o‘ntacha kishi uyga kiribdi-yu, begunoh yigitlarni ura-ura, oyoq-qo‘llarini bog‘lab, qimmatbaho narsalar va oltin qidira boshlashibdi.
Ko‘p tintuvdan keyin hech narsa topolmagan qaroqchilardan biri do‘q qilib:
— Hoy, ablahlar, oltinlarni qayerga yashirgansanlar? — debdi.
— Sizlarga oltin kerak bo‘lsa, bizlarga jon kerak, — debdi arqonning siqig‘idan badanlari qaqshayotgan Komiljon xayoliga bir fikr kelib, — oyoq-qo‘llarimizni bo‘shatinglar, o‘zimiz topib beraylik.
Ularning qo‘rboshisi bo‘lsa kerak, baland bo‘yli, shopdek mo‘ylovli, ko‘zlari chaqnagan bir kishi: “Bularni bo‘shatinglar”, deb buyruq beribdi yigitlariga. Qaroqchilar darhol bandilarning oyoq-qo‘llarini bo‘shatishibdi.
— Bizdagi oltinlar asli sizlarniki bo‘lishi kerak, — debdi Komiljon oyog‘ini uqalarkan, — mayli, rozimiz.
— To‘g‘ri, do‘stim, oltinlar asli shularniki bo‘lmog‘i lozim, — debdi Homiljon bir narsani sezgandek.
Qaroqchilar xaxolab kulishibdi.
— Biz bunaqasini hech ko‘rmagan edik, — debdi qaroqchilardan biri.
— Nega g‘alati qilib gapiryapsan, yigit? — deb so‘rabdi haligi shop mo‘ylovli kishi, — yoki ketishi naqd bo‘lganidan joningni asrayapsanmi? Qani, tezroq ko‘rsat.
— O‘lim-ku haq, — deb javob beribdi Komiljon, — lekin bu oltinlarning qissasi shuni talab qilar edi. Oldin oltinlar turgan yerni ko‘rsatay, keyin uning tarixini gapirib berarman.
Komiljon ularni boshlab chiqib, hovlining bir burchagini ko‘rsatib, o‘sha yerni qazishni buyuribdi. Shundan keyin ikki kishi u yerni qazish uchun qolib, qolganlar Komiljonni yana uyga olib kirishibdi. Shunda:
— Qanday qissani gapirmoqchi eding? — deb so‘rabdi qo‘rboshi qiziqib.
— Haligi, bizning gapimizni eshitib, bundayini ko‘rmagan edik, dedinglar. Agar oltin qissasini eshitsanglar bormi, hayron qolar ekansizlar-da, — deb gapga aralashibdi Homiljon.
— Qani, gapir!
— Shunday ham bo‘lar ekan, — xuddi chindan bo‘lgan voqeani gapirib berayotgandek jiddiy tusda gap boshlabdi Komiljon, — otam juda ham qashshoq kishi ekanki, asti qo‘yavering. Chor-nochor kun kechirar ekanmiz. Otam bechora yegani nonni, ichgani suvni zo‘rg‘a topib kelar ekan. U juda ko‘p ishlar qilib ko‘ribdi. Ammo bilgan hunarlarining hammasi ham bir-biridan og‘ir tuyulaveribdi. Buning ustiga yoshi ham ancha qaytib qolgan ekan.
— Deraza yoniga boray, — deb ijozat so‘rabdi Komiljon, — ko‘nglim biroz behuzur bo‘lyapti.
— Mayli, boraqol, — debdi qo‘rboshi. Komiljon deraza yoniga borib, uni qiya ochibdi-da, to‘yib nafas olgandan keyin gapida davom etibdi:
— Hamma ishni ham bir-bir qilib ko‘ribdi, oxiri bo‘lmagach, o‘rmondan o‘tin olib kelib sota boshlabdi. Otamning bir hamrohi bo‘lib, u ham o‘rmonga doim dadam bilan birga borar ekan.
Haligi yer kovlayotgan qaroqchi yigitlar ham ishni qo‘yib bu kambag‘alning qo‘liga oltin qayerdan kelib qolganini bilgilari kelib, eshik yoniga o‘tirib, “qissa”ga quloq sola boshlashibdi.
— Kunlarning birida, — deb davom etaveribdi Komiljon, — otam bilan hamrohi bir to‘nkani qazib chiqarishayotganda shundaygina yonlaridagi yer o‘pirilibdi. “Bunda ne hikmat bor ekan?” degan xayolda haligi yerni galma-galdan qazishibdi. Birozdan keyin ketmonlari bir sopolga tekkandek bo‘libdi. Qarasalar, xum emish. Ko‘p urinib haligi xumni chuqurdan chiqarib olishibdi. Dadam tepada-yu, o‘rtog‘i pastda — o‘rada ekan. Otam xumning og‘zini ochib qarasa… xum to‘la oltin emish.
Shunda dadam: “Butun umrim-ku qashshoqlikda o‘tdi. Endi hamrohimni o‘radan tortib olsam, u podsholikka xabar bersa, yana hech narsasiz qolaveramanmi?” deb o‘ylabdi. Shu xayol bilan u sherigiga arqon tashlamay turibdi. Hamrohi bechora bo‘lsa to‘xtovsiz: “Qani, arqonni tashlamaysanmi?” deb baqirayotgan emish. Oxiri dadam arqon tashlamaslikka qaror qilib, sekin-asta uyiga jo‘nabdi.
Bu gapni eshitgan qaroqchilar bir xum tillalik bo‘ldik, degandek bir-birlari bilan ko‘z urishtirib olishibdi.
— Sherigi dadamning fe’li buzilganini sezgan, shekilli, — deb gapida davom etibdi Komiljon, — oxirgi kuchini to‘plab, ovozining boricha chaqiribdi. Dadam yana o‘raning og‘ziga kelibdi-da: “Nima gaping bor?” debdi.
“Shuncha birga yurib, qashshoqligimizdan sen menikiga bormading, men senikiga, — debdi u. — Mayli, mening yoshim qaytib qoldi, o‘limimga roziman. Ammo senga bir vasiyat qilay, shuni bajar. Uyim falon yerda. Birgina o‘g‘lim bor, uning ismi Dod. Unga tilladan uch-to‘rt tanga berib, mening uyga qaytib bormasligimni aytib qo‘y. Bechoralarning ko‘zi to‘rt bo‘lib o‘tirmasin”.
Dadam ma’yus bo‘lib, cho‘ntagiga besh-oltita oltin solib, hamrohining eshigini topib boribdi.
“Dod, hoy Dod”, — debdi sekingina. Uydan hech kim chiqmabdi. “Dod”, debdi birozdan so‘ng yana qattiqroq tovush bilan. Hech kim ovoz bermasmish.
(Qaroqchilar bir qiziq hodisa ro‘y bergan bo‘lsa kerak, degan xayolda butun fikrlarini bir yerga to‘plab, Komiljonning gaplariga quloq solib o‘tirishganmish.)
Otam eshikning bir tabaqasini ochib, “Dod” deb baqiribdi. Ovoz chiqmasmish. (Shunday deb turib, Komiljon derazani katta ochib olibdi.) Keyin ovozining boricha “Dod”, “Dod”, deb baqiraveribdi.
(Tevarak-atrofda ko‘rinayotgan odam sharpasi Komiljonga yana ham quvvat bag‘ishlabdi.)
— “Dod”, “Dod”, der emish otam. U qilgan ishiga pushaymon ekan. Uydan ovoz chiqmagandan keyin yana qattiq xafa bo‘lib, ko‘z-yoshi to‘kibdi-da, “Dod”, “Dod”, deb baqiraveribdi.
Bu vaqt ichida atrofdagi kishilar “Dod” degan tovushni eshitib, o‘zi nima gap ekan, deganlaricha, har kim qo‘liga tushgan narsani olib, shu tomonga yugurib kelaveribdi. Qo‘riqchilikda turgan mirshablarga ham darhol xabar yetib, bir zumda ular ham shu yerda hozir bo‘lishibdi-yu, uyning atrofini o‘rab olishibdi.
Mirshablar xalqning yordamida qaroqchilarni tutib olishibdi.
Komiljon bilan Homiljonga bo‘lsa katta sovg‘alar berishibdi, ularning fahm-u farosatlariga qoyil qolishibdi.
Shundan keyin xalq tinch hayot kechira boshlabdi. Yigitlar bo‘lsa, maqsadlariga yetib, ona yurtlariga sog‘-salomat qaytib ketishgan ekan.