Bulbul bilan qarqunoq

Qadim o‘tgan zamonda bir kishi ikki parrandaga — bulbul bilan qarqunoqqa so‘z o‘rgatibdi. Bulbul bitta so‘z o‘rganibdi, qarqunoq esa qirqta so‘z o‘rganibdi. Kunlardan bir kuni qarqunoq bilan bulbul uchrashib qolishibdi. Bulbul qarqunoqdan so‘rabdi.
— So‘z o‘rgandingmi?
— Ha, — debdi qarqunoq. — Bir emas, qirqta so‘z o‘rgandim.
— Qani, o‘rgangan so‘zlaringni bir aytib ko‘rchi, debdi bulbul. Qarqunoq qirqta so‘zining hammasini birma-bir sanab chiqibdi.
— Sen ham so‘z o‘rgangandirsan? — so‘rabdi qarqunoq o‘z navbatida bulbuldan.
— Bo‘lmasam-chi, — deb javob beribdi bulbul. — Men qirq bitta so‘z bilaman.
Bulbul bittasini biladigan so‘zi yoniga hozirgina qarqunoqdan o‘rganib olgan qirqta so‘zini qo‘shib sanab beribdi. Shunday qilib bulbul bulbuligo‘yo bo‘lib bog‘-rog‘larga kirib ketibdi. Qarqunoq bo‘lsa, afsuslanib dasht-u sahrolarga chiqib ketibdi.