Botmon daxsar

Qadim zamonda bir laqma odam o‘tgan ekan. Bir kun unga xotini bir xumcha berib: “Botmon daxsar”, yog‘ olib keling”, deb buyuribdi. Laqma botmon daxsar esimdan chiqmasin, deb yo‘lda keta-ketguncha ”botmon daxsar, botmon daxsar” deb keta beribdi. Dalada xirmon qila-yotgan bir kishi laqmaning “botmon daxsar, botmon daxsar”, deb ketayotganini eshitib:
— Nimaga “botmon daxsar” deysan, shuncha sepilgan bug‘doydan atigi botmon daxsar bug‘doy oladi, deb o‘ylaysanmi, nafasing qursin.
“Xirmonga baraka” degin, — deb laqmani tutib ura beribdi.
Laqma qo‘rqqanidan “botmon daxsar” degan gapni esidan chiqarib qo‘yib, “xirmonga baraka”, “xirmonga baraka” deb ketibdi. Yo‘lda bit boqib o‘tirgan bir xotinga uchrabdi. Xotin laqmaning “xirmonga baraka” deb kelayotganini eshitib:
— O‘zim bitimdan qutulolmayotibman-ku, nega sen ”xirmonga baraka” deysan? — deb laqmaning boshiga kosov bilan tushiribdi.
Laqma:
— Nima dey axir? — deb so‘rabdi.
Xotin:
— Baring o‘l, biring qolma, de, — debdi. Laqma yo‘lda ”baring o‘l, biring qolma”, “baring o‘l, biring qolma” deb ketayotgan ekan, tobut ko‘tarib ketayotgan kishilarga uchrab qolibdi. Ulardan biri laqmani tutib, ura boshlabdi.
— Shu haftada mahalladan yetti o‘lik chiqdi-ku, sen tag‘in “baring o‘l, biring qolma” deb aytasanmi, undan ko‘ra “bandalik-da” deb ketgin, — debdi.
Laqma bir qancha yo‘l yurib, bir to‘y bo‘layotgan mahallaga borib qolibdi. Undan: ”bandalik-da” deb o‘tib ketayotsa, bir kishi kelib laqmaning yoqasidan tutibdi:
— Bu mahallada katta to‘y bo‘layotibdi-ku, sen nima uchun bunday so‘zni aytasan, undan ko‘ra “xarala-tarala” deb ayt, — debdi.
Laqma “xarala-tarala” deb keta beribdi. Bir to‘qayzorga “xarala-tarala” deb kirgan ekan, bir merganning poylab turgan qushini uchirib yuboribdi. Mergan laqmani so‘kib:
— Yurganda oyog‘ingni sudrab bos, sekin yur, — debdi. Laqma ham merganning aytganidek oyog‘ini sudrab ketayotgan ekan, yo‘lda bir bo‘zchining tandasiga oyog‘i ilinib, uni sudrab ketibdi. Bo‘zchining jig‘ibiyroni chiqib:
— Yursang sakrab-sakrab yur, — deb laqmani urishibdi. Chol bir ko‘prikka kelib bir sakrabdi. Ko‘prik taqir-tuqur etib ketibdi. Laqma “suvga birov tushib ketdi shekilli” deb, ariqqa tushib qidira beribdi. Yo‘lda ketayotgan bir yo‘lovchi suvdan narsa qidirayotgan laqmaga hayron bo‘lib:
—Hoy birodar, suvga nimang tushib ketdi? — deb so‘rabdi.
Laqma:
— Juda qimmatbaho narsam tushib ketdi. Qidirishvor, — debdi, yo‘lovchi ham qidirib-qidirib hech narsa topolmay suvdan chiqibdi. Yo‘lovchi oyog‘iga qarab:
— Voy-bo‘y oyog‘imga botmon daxsar loy ilashib chiqibdi-ku, — deb kulibdi. Laqma suvdan sakrab chiqibdi, yog‘ esiga tushib “botmon daxsar”, “botmon daxsar” deb keta beribdi. Yo‘lovchi laqmaning orqasidan hayron bo‘lib qarab qolibdi.