Bo‘ri bilan echki

Bir kuni echki podadan ajralgan ekan, oldidan och bo‘ri chiqib qolibdi.
— Seni yeyman! — debdi bo‘ri.
— Meni-ya? — debdi echki.
— Ha, seni.
— Rahm qil.
— Men juda ochman. Rahm qilmayman. Seni bir yamlab yutaman.
Echki:
— Juda och bo‘lsang mayli, yeya qol. Senga rahmim keldi, — debdi.
— Yaxshi echki ekansan, — debdi bo‘ri.
— Yana bir yaxshilik qilay: sen qiynalib o‘tirma, og‘zingni ochib tur, men shundaygina og‘zingga kiraman-qo‘yaman.
Bu gap bo‘riga ma’qul tushibdi. U og‘zini ochib turibdi.
Echki nima qilibdi deng!
U tislanib uzoqdan chopib kelibdi-da, kuchining boricha bo‘rining og‘ziga suzibdi. Bo‘ri shu zahotiyoq hushidan ketibdi.
Bo‘ri hushiga kelib qarasa, jag‘i yirtilgan, hammayog‘i tirnalgan, a’zoyi badani qaqshab og‘rir ekan. Echkidan esa nom-nishon yo‘q emish.