Bog‘

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir podsho bor ekan. Bir kuni podsho vazirini chaqirib:
— Men senga qirq kun muhlat beraman. Shu vaqt ichida katta bir bog‘ paydo qilgin. Men shu bog‘ga sayrga chiqaman, — debdi.
Vazir uyga kelib qayg‘uribdi, buni ko‘rgan qizi otasidan sababini so‘rabdi.
— Ey, qizim, podsho qirq kun muhlat berdi. Shu vaqt ichida bog‘ barpo qilishni buyurdi, — debdi vazir.
— Ey, ota, shunga ham shuncha qayg‘umi?! O‘ttiz to‘qqiz kun uyda yotavering, bir kun qolganda ko‘chaga chiqing, — debdi dono qizi.
Vazir muhlat tugashiga bir kun qolganida ko‘chaga chiqibdi. Ko‘chaga chiqsa, hammaning og‘zida “Podsho Eram bog‘iga sayrga chiqar ekan”, — degan mish-mish yurgan ekan.
— Ota, el ichida qanday gap yuribdi? — deb so‘rabdi qizi.
— Podsho Eram bog‘iga borarmish, — debdi vazir. Vazir bu mish-mishlarni podshoga borib aytibdi.
Shunda podsho Eram bog‘iga otlanibdi. Ha, el og‘ziga tushgandan keyin albatta, boriladi-da.