Baroqxon

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bitta baroq mushuk bor ekan. U yakka o‘zi katta chinor tagidagi bir uyda yashar ekan.
Kunlardan bir kuni mushukning bu yerda yashashini qarg‘a bilib qolibdi va buni hamma hayvonlarga aytib qo‘yibdi. Qarg‘adan bu gapni eshitgan tipratikan mushukning uyiga kelibdi-da:
— Baroqjon, Baroqjon, eshigingni och, ikkovimiz birga yashaymiz, — debdi.
— Muncha xunuksan, kelib-kelib sen bilan o‘rtoq bo‘lamanmi? — debdi va tipratikanni uyiga kiritmabdi.
Ertasiga Baroqxonning uyiga olmaxon kelibdi.
— Baroqjon, Baroqjon eshigingni och, inoq bo‘lib birga yashaylik, — debdi u ham.
— O‘zing sig‘asanmi, duming sig‘adimi, — deb mushuk olmaxonni ham uyiga qo‘ymabdi. Olmaxon o‘sal bo‘lib qaytib ketibdi.
Olmaxondan keyin chopqir quyon kelibdi:
— Baroqjon, Baroqjon, eshigingni och, yo‘lda ochko‘z bo‘ri turibdi, — debdi. Baroqjon quyonga ham eshigini ochmabdi.
Quyondan keyin aka-uka O‘mbaloq va Do‘mbaloq degan ayiqchalar kelishibdi.
— Baroqjon, Baroqjon, eshigingni och, biz O‘mbaloq bilan Do‘mbaloq bo‘lamiz, sen bilan birga o‘ynagani keldik, — deyishibdi ular.
Mushuk ularni ham uyiga qo‘ymabdi. Ayiqchalar unga yolvorib:
— Biz uyimizga boraylik desak, yo‘limizda och bo‘ri yuribdi, jon o‘rtoq, eshigingni och, — deyishibdi.
— O‘zlaring qo‘pol ekansizlar, eshigim zo‘rg‘a turibdi, tegib ketsalaringiz ag‘darilib tushadi, — deb baribir ularni uyiga kiritmabdi.
Bir vaqt dumini tarab tulki, labini yalab bo‘ri kelibdi:
— Baroqjon, Baroqjon, seni bir ko‘rishni orzu qilardik, sening olg‘ir bobong yo‘lbars bizga qarindosh bo‘ladi, — deb mushukdan ruxsat so‘ramay ham, o‘zlari uning uyiga kirib kelishaveribdi. Baroqjonni gapirgani ham qo‘ymay maqtay boshlashibdi.
— Voy-voy, ana bu gilamlarni qarang-a, ana bu kiyimboshlarni qarang-a, idish-tovoqlarni qarang-a, — deb uni taltaytirib yuborishibdi. So‘ngra yo‘lbarsning uyini maqtay boshlashibdi. Ularning maqtovini eshitgan Baroqjon o‘ziga-o‘zi “yo‘lbarsning uyi mening uyimdan ham chiroyli ekan” deb o‘ylab, ularga:
— Men borib yo‘lbars boboning uyini ko‘rib kelay, sizlar mening uyimni poylab o‘tiringlar, — deb yo‘lbarsnikiga qarab jo‘nabdi. Yo‘lda poylab turgan ko‘k bo‘ri unga tashlanibdi. Baroqjon jon holatda bo‘rining ko‘ziga chang solibdi, bo‘ri ko‘zining og‘rig‘iga chidolmay uni qo‘yib yuboribdi.
Baroqjon uyiga qaytib kelsa, tulki bilan bo‘ri uning hamma narsalarini yeb qo‘yishibdi, buning ustiga uni o‘z uyiga kiritishmabdi. Shunda Baroqjon nima qilishini bilmay “dod” solibdi. Uning dodlab yig‘layotganini eshitgan tipratikan, olmaxon, quyon, O‘mbaloq bilan Do‘mbaloqlar yetib kelishibdi. Hammalari bir bo‘lib bo‘ri bilan tulkining jazosini berishibdi. Baroqjon hamma hayvonlarni uyiga o‘zi taklif qilibdi va ularga:
— Jon o‘rtoqlar, qolinglar, birgalikda do‘st bo‘lib yashaymiz, do‘stlikda gap ko‘p ekan, — debdi.
Shunday qilib, Baroqxon ular bilan birgalikda bexatar yashab, murod-maqsadiga yetibdi.