Baliqchi bilan shoqol

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir baliqchi bobo bor ekan. Bobo qishda daryoga baliq tutishga borgan ekan. U qaytib kelayotganda yo‘lda o‘lganday yotgan bir dumi kalta shoqolni ko‘rib, ko‘tarib aravaga solibdi. Bobo shoqolga bir-ikki marotaba qarabdi, shunda ham shoqol o‘lganday bo‘lib yotgan emish. So‘ng unga qaramabdi.
Shoqol ko‘zini ochib, ikkitadan, uchtadan baliqni yerga tashlay boshlabdi. U aravadagi bor baliqni yerga tashlab bo‘libdi. Bobo bilmabdi. Shoqol tushib, hamma baliqni yig‘ib, to‘qayga olib boribdi. U hamma shoqollarni yig‘ibdi. Shoqollar kelib: Shoqol jo‘ra, sening holing qalay? — deyishibdi. Shoqol: Mening holim yaxshi. Men baliq tutib yuribman, — debdi. — Baliq yegingiz kelsa, daryoga boring-da, quyrug‘ingizni muzga bosib o‘tiring. Qachon quyrug‘ingiz jimirlasa, turib, baliqni og‘zingiz bilan tutib olib, maydonga chiqaring, — debdi. Bular daryoga borib quyruqlarini muzga bosib o‘tiripti. Shoqollarning quyrug‘i muzga yopishib qolibdi. Ularning yoniga bir cho‘ponning iti kelib qolib qo‘rqitibdi. Ular itdan qochaman, deb harakat qilishibdi. Biroq quyruqlari muzdan olinmay, uzilib qolibdi. Shunday qilib, shoqollarning hammasi dumi kalta bo‘lib qolibdi.
Baliqchi bobo baliqdan ham, shoqoldan ham ayrilib qolaveribdi.