Handalak polvon

Bir podshoning xushro‘y qizi bor ekan. Bir kuni bu qizga ayiqpolvon xushtor bo‘lib qolibdi. Qizni qo‘lga tushirishga ancha harakat qilibdi-yu, tushira olmabdi. Kunlardan bir kun ayiqpolvon tulki bilan jo‘ra bo‘lib qolibdi. Tulkiga o‘z sirini aytibdi:
— E jo‘ra, men podshoning qiziga oshiqman. Uning vasliga yetolmay yuribman. Sen tulkisan, tez chopasan. Seni quvlagan odam bir ko‘radi-yu, ikkinchi ko‘rmaydi. Men zo‘r ayiqpolvonman. Gap zo‘rlikda emas, ayyorlikda, sen buni bilasan. Shuning uchun senga tulki deb nom berilgan Sen shu qizni olish yo‘lini bilasan, shuni menga olib kelib bersang-chi.
— Ha, to‘g‘ri aytasan. Men tulkiman, hiylaiy nayrangni ko‘p bilaman. O‘zim sariq tulki bo‘lsam ham yuz xil rangga kirib, yuz xil tovlanaman. Podshoning qizini o‘zim olib kelib beraman, — debdi tulki.
Podshoning qizi har kuni kanizaklari bilan bog‘da sayr qilar ekan. Tulki yunglarini har xil rangda tovlantirib, qizlar orasiga borib o‘yin qila boshlabdi. Kanizaklar tulkini ushlamoqchi bo‘lsalar, tulki o‘zini ushlatmay qocha beribdi. Keyin podshoning qizi: «Mana mening ushlashimni ko‘ringlar», deb tulkini quvlab ketibdi. Tulki har xil o‘yin qilib qorong‘i o‘rmonga ketaveribdi. Kiz ham tulkining orqasidan chopib ketaveribdi. Shunday qilib, ayiqpolvon yotgan joyiga olib boribdi. Ayiq qizni ushlab olibdi-da, orqasiga o‘ngarib tog‘ tomonga qochibdi. Podsho odamlari bilan ayiqni quvlabdi. Ayiq bir g‘orga kirib ketibdi. Kech kiribdi. Podsho odamlari shu g‘orning yonida yotib qolishibdi. Erta bilan qarasalar otlari, miltiq-aslahalari yo‘q. Podsho bu ishga hayron bo‘lib, qizini topa olmay, odamlari bilan qaytib ketibdi. Ayiq qizga uylanib yashay boshlabdi.
Oy o‘tibdi, kun o‘tibdi, kunlardan bir kuni podshoning qizi bir o‘g‘il tug‘ibdi. Otini Lo‘nda polvon qo‘yibdi. Bola yetti yoshga kirib, har narsani biladigan bo‘libdi. Onasiga qarasa odamga o‘xshaydi, otasiga qarasa, qop-qora yungli, hech odamga o‘xshamaydi. Lo‘nda polvon onasidan:
— Ey ona, nimaga sizning badaningiz toza, otamnikiga o‘xshamaydi. Otam bo‘lsa qora, badanlarida yung, — debdi. Onasi:
— E o‘g‘lim, men bir podshoning qizi edim. Otang ayiqpolvon menga oshiq bo‘lib qolgan ekan, olib qochib kelib, mana shu g‘orga qamadi. Birga yashadik. O‘zi ketgan chog‘ida katta tosh bilan g‘orning og‘zini berkitib ketadi, — debdi. Lo‘nda polvon:
— Ona, men sizni otangizning oldiga olib borsam nima deysiz? — debdi. Onasi:
— Yaxshi bo‘lardi, uddasidan chiqsang olib bor. Lekin mana shu g‘orning og‘zidagi toshni otang arang ko‘tarib qo‘yadi. Sen yosh bolasan. Bu toshni qanday qilib ko‘tarasan. G‘ordan qanday qilib chiqamiz? — debdi.
Lo‘nda polvon:
— Ey ona, bu toshni otam ko‘targan bo‘lsa, men ham otamning o‘g‘li, men ham ko‘taraman, — deb toshning yoniga boribdi-da, bir itarib yumalatib yuboribdi. Ona-bola ohista g‘ordan chiqib yuz qadam yurgan ekan, ayiq ko‘rib qolibdi. Xotiniga:
— Ey, to‘xta-to‘xta! — deb baqiribdi. Xotini ayiqning tovushidan qo‘rqib, nima qilishini bilmay qolibdi. O‘g‘li bo‘lsa pisand qilmay ketaveribdi. Bir qancha vaqt yurgandan keyin qayrilib qarasa, onasi yuz qadam orqada ayiqning tovushidan qo‘rqib yiqilib qolibdi. Lo‘nda polvon chopib onasi qoshiga kelib:
— Ha, ona, charchab qoldingizmi, yo uxlab qoldingizmi, nimaga yotib qoldingiz? — debdi.
— Ey bolam, charchaganim yo‘q, otangning irillab, chaqirgan tovushidan qo‘rqqanimdan yotib qolibman, — debdi onasi. Lo‘nda polvon qarasa, otasi ayiqpolvon yaqinlashib kelayotganmish. U o‘g‘liga: «Qayerga boryapsan!» deb baqiribdi.
Lo‘nda polvon:
— Bobom oldiga boraman, onamni ham olib ketayotibman, — debdi. Ayiq o‘g‘lidan qo‘rqib indamay qolibdi. Lo‘nda polvon otasi ayiqni bir katta chinor tagiga boshlab boribdi-da, shu yerdan qimirlama, deb onasini o‘zi bilan birga olib ketaveribdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, shaharga yaqinlashganlarida bir qancha savdogarlar uchrabdi. Ular bola bilan onasini ko‘rib:
— Hov bola, qayerga ketayotibsizlar, kimning bolasisan? —  debdi. Shunda onasi turib:
— Bu mening o‘g‘lim. Men shu shahar podshosining qiziman. Meni ayiq o‘g‘irlab ketgan edi. Otamning oldiga eson-omon qutulib kelayotibmiz, — debdi.
Savdogarlar bu gapni eshitib, tezda podshoga xabar berishibdi. Podsho qizini kutib olish uchun ko‘p odamlarni chaqiribdi. Podsho, qizini ham nevarasini ko‘rib, xursand bo‘libdi.
Lo‘nda polvon ko‘chaga chiqib, bolalar bilan o‘ynay boshlabdi. Bolalar bilan soqqa o‘ynab, bir qanchalarining ko‘zlarini ko‘r qilib, urib yuraveribdi. Katta bo‘lgan sari podsho bergan oziq-ovqatga qanoat qilmay, nonvoyxonalarga kirib, nonlarni yeb qo‘yadigan bo‘libdi. Nonvoylar podshoning nevarasidan norozi bo‘lib, unga arz qilishibdi. Podsho nevarasini zog‘lar yeb ketar, deb o‘ylab toqqa o‘tin terishga yuboribdi. Lo‘nda polvon toqqa borib, ayiqlarni chaqirib o‘tin terdiribdi-da, o‘tinlarni ayiqlarga ortib qaytib kelibdi Shahar ayiq bilan to‘lib ketibdi. Lo‘nda polvon o‘tinlarni tushirib, ayiqlarga javob berib yuborib, podsho oldiga boribdi. Podsho nevarasining qilgan ishlarini ko‘rib, keyinchalik o‘zini ham xarob qilib qo‘yishidan qo‘rqib, shahardan haydab chiqaribdi. Yo‘l yurib ketayotsa, ro‘parasida ikki bilagiga tegirmon toshini kiygan bir kishi katta tog‘ni minib g‘izillab kelaveribdi. Lo‘nda polvon unga:
— Jo‘ra, qayerga shoshib ketayotibsan? — debdi. Haligi odam:
— Ey jo‘ra, ho‘ ana shu shahar podshohining Lo‘nda degan nevarasi bor emish, o‘sha bilan kurashish uchun bir tog‘ni minib, ikki qo‘limga ikki tegirmon toshni olib mashq qilib kelayotibman, — debdi.
Lo‘nda polvon:
— Men o‘sha Lo‘nda polvon bilan kurash qilar edim, mening otim Handalak polvon. Dam u yiqitar edi, dam men yiqitar edim. Qani, ikkovimiz bir kurashib ko‘raylik-chi. Agar meni yiqitsang, Lo‘nda polvonni ham yiqitasan, — debdi va ikkovi kurashib ketishibdi. Handalak polvon tog‘ mingan odamni chunon ko‘tarib uribdiki, bir qarich yerga kirib ketibdi. Tog‘ mingan odam Handalak polvonga qarab:
— Men senga do‘st bo‘laman, qayerga borsang birga boraman, hamroh bo‘laman, — debdi.
Ikkovi do‘st bo‘lib yo‘lga tushib ketaverishibdi. Bir qancha yo‘l yurgandan keyin qarashsa, bir odam ikki qo‘liga ikki tog‘ni ko‘tarib kelayotgan ekan. Handalak polvon unga qarab:
— Ey jo‘ra, qayerga ketayotibsan? — debdi. U odam:
— Falon mamlakat podshosining Lo‘nda polvon degan nevarasi bor emish, o‘sha bilan kurashish uchun bu tog‘larni ko‘tarib mashq qilib ketayotibman, — debdi. Handalak polvon:
— Men Lo‘nda polvon bilan jo‘ra edim. Ikkovimiz kurash tushib dam u yiqitar edi, dam men yiqitar edim. Bo‘lmasa, kel, ikkovimiz bir kurashaylik. Agar meni yiqitsang, uni ham yiqitasan, — debdi va ikkovi kurashib ketishibdi. Handalak polvon tog‘ ko‘tarib kelgan odamni bir ko‘tarib uribdi. U ham bular bilan jo‘ra bo‘libdi. Uchovi yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir katta daryo bo‘yiga kelib qarasalar, unda bir odam ikki qo‘li bilan ikki oyog‘ini daryo ichiga tiqib o‘tirib: «Ho‘pla og‘zim, ho‘pla», deb daryo suvining hammasini shimirib, yana chiqarib mashq qilib o‘tirganmish. Handalak polvon u odamga qarab.
— Ha, yigit, nima qilib o‘tiribsan? —  debdi. Haligi odam:
— Bu mening kasbim. Falon podshoning nevarasi Lo‘nda polvon bilan kurashish uchun mashq qilayotibman, — debdi. Handalak polvon:
— Men ham Lo‘nda polvon bilan kurashar edim. Dam u meni yiqitar edi, dam men uni yiqitar edim. Kel kurashaylik. Meni yiqitsang, Lo‘nda polvonni ham yiqitasan, — debdi va ikkovi kurashibdi. Handalak polvon u odamni ham yiqitibdi. Endi to‘rtovi do‘st bo‘lib ketaverishibdi. Yo‘lda bir quticha topib olishibdi. Handalak polvon qutichani olib qarasa, ichida musichalarning podshosi qamalib yotganmish. Handalak polvon: «Bu ham kerak bo‘lar», deb cho‘ntagiga solib ketaveribdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir shaharga yetib borishibdi. Bu shahar podshosining Masturaxon degan qizi bor ekan. Masturaxon: «Kimda-kim beshta shartimni bajarsa o‘shanga tegaman», degan ekan. Ko‘p shahzodalar kelib, shartini bajara olmay, o‘lib ketishgan ekan. Handalak polvon bu gapni eshitib, podsho oldiga borib:
— Qizingizning shartinp ayting, men bajaraman, — debdi.
Podsho:
— Birinchi sharti — atrofini qirq kunda aylannb chiqish mumkin bo‘lgan hovuzga ovqat to‘ldirilgan bo‘ladi. Kimki shu ovqatni bir kunda yeb tamomlasa; ikkinchi sharti — olovda cho‘g‘ qilib qizdirilgan uyda bir kecha yotib o‘lmay chiqsa; uchinchi sharti — yerni shudgor qilib qirq qop bug‘doy, qirq qop tariqnn aralashtirib sepib, o‘shani bir dona qoldirmay bir kunda bug‘doyini bug‘doyga, tarig‘ini tariqqa ajratib, qirq qopga to‘ldirsa; to‘rtinchi sharti — katta temir kundani cho‘p tabar bilan yorsa; beshinchi sharti — falon daryodan Masturaning odamidan ilgari suv olib kelsa, qizim o‘shanga tegadi, — debdi. Handalak polvon bu shartlarni bajarishga rozi bo‘libdi. Birinchi shartni ikki qo‘lida tegirmon toshi ko‘tarib yurgan jo‘rasi bajaradigan bo‘libdi. U hovuz ichidagi ovqatni yarim kunda yeb qo‘yibdi. Ikkinchi shartini ho‘pla og‘zim deydigan jo‘rasi bajarmoqchi bo‘libdi, daryoning suvini ichib kelibdi-da, qizdirilgan temir uyga kirib purkagan ekan, uy muzdek sovib qolibdi. Sahargacha jim yotib, tong otgach, eshikni tepib: «Eshikni oching, sovuq qotdim», deb baqiribdi. Uchinchi shartini bajarish vaqti kelibdi. Handalak polvon cho‘itagidagi qutichani ochib, musichalarning podshosiga qarab:
— Ey, musichalarning podshosi, shu shudgordagi tariq bilan bug‘doyni ajratib terib qirqta qopga to‘ldir, — debdi. Musichalar podshosi oyoqlarini. cho‘zib-cho‘zib murtini u yoniga-bu yoniga artib, bir imo qilitssh bilan shudgorni musicha bosib ketibdi. Hammasi bir kunga qolmay tariq bilan bug‘doyni ajratib terib qopga to‘ldirib qo‘yibdi.
Musturaxon uch sharti bajarilganiga hayron bo‘libdi. Ertasi Handalak polvonni chaqirib:
— Ey yigit, xizmating ko‘p bo‘ldi. Lekin keyingilarini bajarolmay armon bilan o‘lib ketma. Temir kundani yorish ancha og‘ir. Men senga yordam beray. Mana bu soch tolasini cho‘p tabarga qo‘yib: «Yo Masturaxon!..» deb bir ursang, temir kunda to‘rtga bo‘linib ketadi, — deb Handalak polvonga beribdi. Ertasi tong otibdi. Maydonga xalq yigilibdi, kundani o‘rtaga qo‘yishibdi. Handalak polvon o‘rtaga chiqib, temir kundaning u yoq-bu yog‘ini ko‘rgan kishi bo‘lib bildirmasdan Masturaxonning sochini to‘rt bo‘lib cho‘p tabarga qo‘shib urmoqchi bo‘lib turganda odamlar: «Cho‘p tabar bilan temir kunda yoriladimi?» deb kulishibdi. Shu payt Handalak polvon: «Yo Masturaxon!» deb bir urgan ekan, temir kunda to‘rt bo‘lak bo‘lib ketibdi. Beshinchi shartni ikki qo‘liga ikki tog‘ni ko‘targan jo‘rasi bajaradigan bo‘libdi. U Masturaxonning suvchisi bilan qirq kunlik yerdan suv olib kelishga jo‘nabdi. Ikki martaba baravar berib olib kelishibdi. Axiri uchinchi martaba tog‘ ko‘targan yigit ilgari olib kelibdi. Shu bilan Masturaxonning shartlarini Handalak polvon bajaribdi. Podsho qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilib, Masturaxonni Handalak polvonga beribdi. Lekin Masturaxonning otasi qizini boshqa podshoning o‘g‘liga bermoqchi ekan. Bir necha kun o‘tgandan keyin haligi podsho askar yuborib, urush boshlabdi. Handalak polvon tegirmon tosh ko‘targan, tog‘ ko‘targan va daryo suvini simiradigai jo‘ralari bilan urushga kirib, podsho askarlariga qirg‘in solibdi. Podsho kuyovining botirligini ko‘rib hayron qolibdi. Handalak polvon Masturaxonni olib o‘z shahriga qaytibdi. Bu vaqt otasi o‘lib, mamlakatga onasi podsho bo‘lgan ekan. Onasi o‘g‘liga yana to‘y-tomosha qilib berib, murod-maqsadiga yetibdi.