Axmoq podshoning dono xotini

Bir xotinini Podsho qo‘yib yuborgan ekan. Kunlardan bir kuni podsho o‘zini tanitmay shu xotinining uyiga kirib boribdi.
— Tangri mehmon oling, — debdi. Xotin eshikni ochib:
— Tangri mehmonga eshigimiz ochiq, — deb podshoni kutib olibdi. Podsho xotindan:
— Bu uyda yolg‘iz yashaysizmi? — deb so‘rabdi. Xotin:
— Yolg‘iz emasman, erim o‘tinga ketgan, kelib qolar, — debdi.
Shunda podsho:
— Shunday go‘zal ayol o‘tinchiga xotin bo‘lib yashaysizmi, topilmadimi bir boyroq odam? —  debdi.
— Boyroqni boshimga uraymi, podshoning ham xotini bo‘lib ko‘rganman, ming podshodan bir qul, ming oltindan bir pul yaxshi, — debdi xotin. Podsho taajjublanib yana so‘rabdi:
— Nima, podshoning xotini bo‘lish yomonmi?
— Agar podshoning xotini bo‘lsang qirq kunda bir kulasanu, kunda ming o‘lib tirilasan, erimga o‘xshagan g‘ariblar esa xotinlarini kunda ming kuldirib, oyogingga tikon kirsa tili bilan sug‘irib olishga ham rozi bo‘ladi, — debdi xotin.
Podsho: «Xotinim mendan ayrilganidan xursand ekan», deb o‘tinchi kelmasdanoq chiqib ketibdi.
Shunday qilib podsho ertasi kuni bir xotini bilan qolib, boshqa xotinlarini mol-dunyosi bilan ayirib yuboribdi. Uning ertasiga esa elatga jar urdiribdi: «Kimda-kim ikki xotinli bo‘lsa, bir xotini bilan qolib, ikkinchisini rozi qilib ayirib yuborsin, farmon bajarilmasa, moli podsholik, boshi qazolik!»
Bu farmonni eshitgan boylar, vaziru vuzarolar, mulla-eshonlar, savdogarlar va boyvachchalar, qo‘yingki, kim ikki xotinli bo‘lsa birisini qozi-kalonlar ishtirokida taloq qilib, sevgan xotinlari bilan qolibdi.