Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir er-xotin bor ekan. Ularning bitta-yu bitta o‘g‘illari bor ekan.
Bir kuni xotin og‘ir kasal bo‘lib, o‘lib qolibdi. Ota-bola juda qiynalib qolishibdi. Oxiri bolaning otasi uylanibdi. Olgan xotini juda yomon ekan, o‘gay o‘g‘lini o‘tirsa — o‘poq, tursa — so‘poq deb chiqishtirmas ekan. Uni doim otasiga yomonlarkan. Nihoyat u, “bolangni yo‘qotsang, keyin turmush qilaman”, deb turib olibdi. Bolaning otasi nima qilishini bilmay, o‘g‘lini bir do‘stinikiga olib borib:
— O‘g‘lim shu yerda yashab tursin, men yordam berib, xabar olib turaman, — debdi. Keyin er-xotin yashayverishibdi.
Bir kuni ular mehmonga bormoqchi bo‘lishibdi. Qarasalar, tugunni ko‘taradigan biror kimsa yo‘q. Shunda xotin eriga:
— Hozir bola bo‘lganida edi, tugunimizni olib borishardi. Endi qanday ko‘tarib ketamiz, — debdi. Bola esa otasini sog‘inib ko‘rgani kelgan ekan, uyning orqasida turib bu gaplarni eshitibdi va:
— Men ko‘tarishib olib boraman, — debdi. Xotin hayron bo‘lib:
— Mehmonga ham hech sensiz bormas ekanmiz-da, hech tinchitmas ekansan-da, — deb urishib beribdi.
Bechora bola esa:
— Siz hozirgina bola bo‘lganida, tugunni olib borardi, dedingiz-ku. Men bo‘lmaganimda o‘zingiz qiynalib qolar edingiz-ku! — debdi.
Oxiri qo‘liga tugunni berib, bolani ham mehmonga olib ketishibdi. Mehmondan kelishsa ham, lekin bolani hech uyidan ketgisi kelmabdi. Xotin qancha zo‘rlasa ham, hech ketgani unamabdi, uyda qolibdi. O‘gay ona esa har kuni eriga “bolangni yo‘qot” deb janjal qilaveribdi. U noiloj o‘g‘lini bir boyga, umrbod xizmatkorlikka beribdi. Er-xotin yana yolg‘iz o‘zlari qolishibdi.
Kunlardan bir kun xotin kasal bo‘lib qolibdi. Eri esa ish bilan chiqib ketgan ekan. Xotinning boshi og‘rib, unga bir piyola choy damlab beradigan odam bo‘lmabdi. Shunda “qani endi, hozir bola kelib qolganida boshimni bosib qo‘yardi, bekorga haydab yuboribman-da”, deb o‘ylab yotaveribdi. Bola esa uyini, otasini sog‘inib, har kuni bir martadan kelib, hovlining atrofida aylanib ketar ekan.
Bola bu gal kelganida ham yashirinib turgan ekan, o‘gay onasining inqillab yotganini eshitib qolibdi. Uyga kirib qarasa, o‘gay onasi kasal yotganmish. Bola “salom” berib, darrov ish qilishga tushib ketibdi. Chovgumda choy qo‘yibdi, uy yumushlarini qilibdi, yon atrofni tozalabdi. Keyin o‘gay onasining boshini uqalab o‘tiribdi. Shu payt otasi kelib qolibdi. U o‘g‘lini ko‘rib quvonib ketibdi. Xotiniga qarab:
— Ko‘rdingmi, bola bizga doim kerak bo‘ladi. Uni sen doim boshingga ish tushganda, eslab qolasan, boshqa payt esa “yo‘qoting” deyishga tushasan. Bo‘ldi, endi bundan keyin o‘g‘lim hech qayerga ketmaydi, shu yerda bizlar bilan birga yashaydi, — debdi.
Kasal holida ham o‘gay ona yana e’tiroz bildirib:
— Yo‘q, bu yerda yashamaydi. Har kuni kunduzi kelib, uy yumushlarini qilib kechqurun qaytib ketsin, — debdi.
Ammo bolaning hech o‘z uyidan ketgisi kelmas ekan. U yana yalinib-yolvorib shu yerda qolibdi, O‘gay ona butunlay sog‘ayib ketgach, yana “bolani yo‘qot” deb hadeb janjal qilaveribdi. Bolaning otasi hech unamabdi. Bola bir kuni otasi bilan o‘gay onasining kechasi urishishayotganini eshitib qolibdi. O‘gay onasi:
— Bugun kechasi o‘g‘lingizni ariqqa oqizib yuborasiz. Uxlab yotganida ko‘tarib, suvga tashlab yuborsangiz, oqib ketadi, — deyayotganini bola eshitib qolibdi.
Yarim kechada bola o‘rnidan turib qarasa, otasi ham, o‘gay onasi ham qattiq uyquda. U o‘gay onasini sekin ko‘tarib olib, o‘zining yotadigan o‘rniga yotqizibdi. Ustini esa ko‘rpa bilan o‘rab tashlabdi. O‘zi esa o‘gay onasining joyiga yotib olibdi va o‘zi ham ustini ko‘rpa bilan yopib olibdi.
Otasi kechasi turib, “Endi qanday qilib o‘z o‘g‘limni suvga oqizib yuboraman? Agar uyqusirab suvdan chiqa olmasa oqib ketadimi?!” deb o‘ylab rosa kuyinibdi. U bitta-yu bitta o‘g‘lidan ajralishni hech istamabdi. Lekin bajarmaslikka esa xotinidan qo‘rqibdi. Oxiri ko‘zini chirt yumib, o‘g‘li yotgan joyga boribdi-da, uni ko‘rpa-no‘rpasi bilan ko‘tarib kelib, suvga oqizib yuboribdi.
U o‘g‘lini suvga oqizib yuborganiga achinib, o‘zini-o‘zi so‘kib, rosa yig‘lab o‘tiribdi. Keyin kelib o‘z o‘rniga yotibdi.
Ertalab turib qarasa, o‘g‘li uy ishlarini qilib yurgan emnsh. Shunda bola bo‘lgan voqeani otasiga aytib beribdi. Ota-bola o‘gay onadan qutulganlariga quvonib, bundan keyin o‘zlari baxtiyor yashayverishibdi.