Zulfiya (1915-1996)

Zulfiya (Isroilova) 1915 yil 1 martda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1965). Mehnat Qahramoni (1984). Shoir Hamid Olimjonning rafiqasi. Xotin-qizlar pedagogika bilim yurtini tutatgan (1931-34). Dastlabki she’riy to‘plami – «Hayot varaqalari» (1932). «Temiroy» (1934), «She’rlar», «Qizlar qo‘shig‘i» (1939), «Uni Farhod der edilar» (1943), «Hijron kunlarida» (1944), «Hulkar» (1947), «O‘ylar» (1965), «Visol» (1972), «Yillar… yillar» (1975) kabi she’riy to‘plamlar mualli-fi. Bolalarga bag‘ishlab turkum she’rlar xdm yozgan («Lolakizg‘aldok», 1975). N. A. Nekrasov, M. Yu. Lermontov, V. Inber, L. Ukrainka, M. Dilboziy, A. Pritam asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Xalkaro Javoxarla’l Neru (1968), «Nilufar» (1971) mukofotlari hamda Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti (1970) laureati. Shuningdek, u Bolgariyaning «Kirill va Mefodiy» (1972) ordeniga sazovor bo‘lgan. 1996 yil 1 avgustda Toshkent shahrida vafot etgan.

BAHOR KELDI SENI SO‘ROQLAB

Salqin saharlarda, bodom gulida
Binafsha labida, yerlarda bahor,
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Qancha sevar eding, bag‘rim, bahorni,
O‘rik gullarining eding maftuni.
Har uyg‘ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko‘zlaringga surtib o‘parding uni.

Mana, qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni,
U ham yosh to‘qdiyu, chekildi nari.

Seni izlar ekan, bo‘lib shabboda,
Sen yurgan bog‘larni qidirib chikdi.
Yozib ko‘rsatay deb husn-ko‘rkini,
Yashil qirg‘oqlarni qidirib chiqdi.

Topmay, sabri tugab bo‘ron bo‘ldiyu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog‘laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog‘ning toshini.

Qirlarga ilk chiqqan qo‘ychivonlardan
Qayda shoir, deya ayladi so‘roq.
Barida sukunat, ma’yuslik ko‘rib,
Horib-charchab keldi, toqatlari toq…

So‘ngra jilo bo‘lib kirdi yotog‘imga,
Hulkar va Omonning o‘pdi yuzidan,
Singib yosh kuydirgan za’far yonog‘imga
Sekin xabar berdi menga o‘zidan.

Lekin yotog‘imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana yel bo‘ldiyu, kezib sarsari,
Mendan so‘ray ketdi qalbimni tilib:

«Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo‘shig‘i mavjlanib bir daryo oqqan
«Baxtim bormi deya, yakkash so‘roqlab».
Meni she’rga o‘rab suqlanib boqqan?

O‘rik gullariga to‘nmaydi nega,
Elda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho‘x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qanday ishkqa to‘lib boqardi tongta,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo‘shig‘ida
Mudom ko‘rar edim o‘z jamolimni.

Qani o‘sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko‘zingda yosh, turib qolding lol?
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko‘klamda sen parishonhol?»

Qanday javob aytay loldir tillarim,
Baridan tutdimu, keldim qoshingta.
U ham g‘aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamdan tutoqib daraxtga ko‘chdi,
Kurtakni uyg‘otib so‘yladi g‘amnok.
Sening yoding bilan yelib beqaror,
Gullar g‘unchasini etdilar chok-chok.

Gulu rayhonlarning taraldi atri
Samoni qopladi mayin bir qo‘shiq
Bu qo‘shiq naqadar oshino, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to‘liq.

Bahorga burkangan, sen sevgan elda
Ovozing yangradi jo‘shqin, zabardast.
O‘lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

MEN O‘TGAN UMRGA

Hayot kitobimni bexos varaqlab,
Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim.
Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab.
Suyish kerak bo‘lsa – telbacha suydim.

Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob,
Yurak boyligidan qilmabman parvo.
Meni og‘ushlagan hayot naq oftob,
Yangi qo‘shiq talab unda har saboq.

Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim,
Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash:
Suydim,
Erkalandim,
Ayrildim,
Kuydim,
Izzat nima – bildim.
Shu-da bir yashash!..

SOG‘INIB

Shu kunlarda bahorga zorman,
Navjuvonlik o‘ti tanda yo‘q.
Kuz singari za’far ruxsorman,
Mevalar ham shoxlardan uzuq.

Shu kunlarda bahorga zorman,
Tanxastalik ezadi ruhim.
Tanho emas, qatorda borman,
Yana neni izlaydi suqim?

Shu kunlarda bahorga zorman,
Shaffof, yorqin kuy tilar ko‘ngul.
Yaxshiyamki, qalamga yorman,
So‘zlab turar bor dilimni ul.

Shu kunlarda bahorga zorman,
O‘z bahorim kabi bemisol.
Bahor qaytmas, yonuvchi qorman,
Yo no‘noq qo‘l butagan nihol.

Shu kunlarda bahorga zorman…

BALKI

Ko‘zingda chaqmoqqa o‘xshash o‘tli nam,
Ranging siniqishi, lab titrashi sir.
Balki, hisni bo‘g‘ib, irodangga jim
Yolvorasan, kuch ber, bo‘lmay deb asir?

Ko‘mib yubormoqchi sen tul yoshliging,
U – faqat yashnashga qodir tabiat.
Balki, baxt bekasi atagan kishing –
Ruhi ham istamas xazoning bevaqt?

Bilsang, daraxtni sindirar bo‘ron,
Nihol bo‘lsa, yana o‘sar gurkirab.
Balki, yo‘q ta’nalar, andisha, gumon,
Baxtga haqqing yutar, diling zirqirab?

Yarim taqdir go‘yo siniq ko‘zgumish,
Hayot taqozosi baxt bekamlikdir.
Balki, to‘kqiz guling bilmasdan so‘lish,
Pok hisning amriga kirmak kerakdir?

QAYDA O‘Z SEVINChIM…

O‘qilmagan maktub,
Taqilmagan ziynat
Nodarkorlar ichra yotar kesakday,
Uzoqroq,
Xilvatroq kunjakka irgit
Naq jarroh pichog‘i – kayfing kesarday!
Shunday ham nobutun ko‘ksing qo‘ysin tinch!
Tuhfalardan baland,
Sinchkovlikka yot,
Sevinch!
Qayda o‘sha qaytmovchi sevinch?
Qo‘lga tutolmagum bebaho bisot!

QATRA

Ko‘zdan, so‘zdan, qo‘llardan uzoq
Bukun senga to‘lar ellik yosh.
Go‘yo maysa ellik yoshlik naq —
Ellik yoshday boqadi quyosh.
Qalam, qog‘oz yozuv ham go‘yo
Ellik yoshli yetuk va yaqin.
Hamma real, xayol va ro‘yo,
Hijron, sevgi, yog‘in va chaqin.
(O, arablar! Tasanno sizga,
Hikmatingiz keldi menga qo‘l.
Debsiz. «Eng cho‘ng, uzoq masofa
Dil bilan dil aro yotgan yo‘l».
Shu cho‘ng, uzoq yo‘l boshidan man,
Intilaman qalb bilan qalbga.
Men she’rdan ko‘prik tashlayman
Uzr aytib dono arabga).
Ponamisol yorib taqdiring
Men kirmayman uyingga zinhor,
Zero, hech on baxting va mehring,
Fikring chulg‘ab bermadim ozor.
Lekin bukun do‘stu raqib jam,
Xo, do‘st deb sev, xo raqib deb quv,
Ertaklarda bo‘lganday men ham
Keldim, bo‘lib dilingga g‘uluv.
Darkor emas na poygah, na to‘r,
Qatraga barg ham, kosa ham joy…
Endi seni azob va huzur
Girdobiga olar hoynahoy.
Bo‘sh qadahni qo‘yasan sekin,
Shuhrat-hurmat va sharobdan mast.
Nedur senga yetmayin lekin.
Bir nuqtaga boqasan loqayd,
Go‘yo hamma g‘oyib bo‘lganday
Birdan o‘zing sezasan yolg‘iz.
Qo‘l cho‘zasan sipqormak-chun may,
May tutaydi o‘tsiz, olovsiz.
Tutamog‘i etar betoqat
Va kayfingdan qolmaydi asar.
Chunki qadah tubida tomchi
Bir bulbulning ko‘z yoshi qadar —
Shaffof, quruq, otashga to‘liq
Alangasiz turadi yonib,
Unda shodlik, kayfu safo yo‘q.
Icholmaysan bu mayni qonib.
Kim bilar, u ne? Jigar qoni,
Yig‘lanmagan ko‘zing yoshimi?
Yo bo‘sadan yot lab fig‘onin
O‘t jismiga yashiringan nami?
Yo qo‘rqoq ishq zaif jur’atning
Ikki boshga solgan qamchisi.
Yo ayolning qalbi hovurining
Muzga tegib singan tomchisi.
Nima bo‘lsin, shu yetim qatra,
Menman, menman, men o‘zim faqat,
Sen bu tutoq olovdan saqlan,
Ichma, bu may na kayf, na-da baxt!

1962

MUShOIRA

Go‘zal tuproq uzra quyildi oqshom,
Kunduz olar dam,
Jo‘shqin mushoira etadi davom,
Do‘stim, kel sen ham!

Bunda uzoqdagi do‘st bo‘lar yaqin,
San’at, mahoratning bayrami bunda.
Qofiya, so‘z, misra bahslari qizg‘in,
Yuraklar davraga kiradi bunda.

Qay dil chamani boy, jozib nafasi,
Kimning fikri o‘tkir, teran, bokira?
Bu gurung – shoirlar musobaqasi –
Sharq she’riy chamani, bu mushoira!

Hind tuprog‘i uzra quyilib oqshom,
Kunduz olgach dam,
Jo‘shqin mushoira etadi davom,
Do‘stlar bo‘lib jam.

Yuraklar jo‘r ekan, ovoz hamohang.
Zarra ehtiyoj yo‘q muhtasham zalga.
Bu she’r bog‘iga go‘zal, rang-barang
Qo‘shiq solib kelgan har shoir dilga.
Nil qudratin jo‘shib kuylar bir shoir.
O‘zgasi Gang misol qilar zamzama.
Faqat mango nusxa ajoyib chodir
Bu go‘zal davraga ajib boshpana.
Bengal ko‘rfaziday ko‘k edi oqshom,
Atrofda tabiat olardi nafas,
Rang-barang chiroqlar shu’lasi beson –
Osmon ko‘zlarida etar edi aks.

Salqin sohillardan esgan shabboda
Goh olib kelardi gullar bo‘yini.
Goh hindu qiz kuyin, goh yaqin bog‘da –
Sayragan anvoi qushlar kuyini.
Lekin hokim edi davrada ilhom
Va jasur qalam.
Jo‘shqin mushoira etardi davom,
Do‘stlar bo‘lib jam.
O‘zbek supasiday sahnada gilam
Chiroqda yonardi go‘yo kamalak,
Mehru muhabbatin ko‘rardi baham
Haqiqat va nurga intilgan yurak.

Sahnaga chiqardi sipo va vazmin
Chinor ham, nihol ham she’r chamanidan.
Keksa-yosh otayu farzandday yaqin
Yonma-yon do‘stlikning bu bayramida!
Sharqning ham buzilmas odatlari bor,
Hindlar udumiga qilamiz amal.
Chordona quramiz mehmon va mezbon
Kamalakrang gilam uzra bemalol.

Poygakda yechilgan xil-xil poyafzal,
Mening nazarimda o‘zi bir dunyo.
Har biri o‘zida mehnat va go‘zal
Eli tuprog‘ini keltirgan go‘yo.

Ajib Hindistonning mohir, mirishkor
Kosibin san’atin qilib namoyish –
Hindlar sandallari tizilgan qator.
(Sandal daraxtidan yasalgan emish.)

Juda soz! Albatta kiyib birini,
Safarga do‘stlar-la men ham chiqaman.
Har qo‘lga tutqazib xalqim mehrini,
Buyuk Hindistonni yayov kezaman!
Xitoyning bejirim, Bog‘dodning puxta
Oyoq kiyimlari turar yonma-yon.
Qarayman, Seylon bor va boshqa juftda
Eron kosibining san’ati ayon.
Mo‘g‘ulcha etiklar Panjob kafshiga
Ertak so‘zlaganday egilib turar…
Ko‘zlar quvonadi inson ishiga,
Shod etar tuprog‘u mehnat va hunar.

So‘ngra tevarakka sezdirmay sekin
Men ham o‘z tuflimga tashladim ko‘zim.
Yomon emas, Ahmad, mohir, kamtarin
Vatandosh, ishingga olqish o‘qidim.

Bilaman, sening ham bunda do‘sting bor,
Balki Bombeyda u, balki Kashmirda.
Qayerda bo‘lmasin xuddi sen misol
Yashaydi davrada yangragan she’rda!

Chodir ichi gavjum, ko‘zlar muntazir,
Mikrofon oldida davra sohibi:
Kumushday sochida jilvalanar nur,
Ko‘zida yoshlikning so‘nmas yolqini.

Nelarni ko‘rmadi bu ko‘zlar? Yurtda
Ko‘z yoshi daryoday oqqanin eslar,
Iroda va umid toblanib o‘tda,
Qari haqsizlikni yoqqanin eslar.

Endi Hindistoni ustida oftob,
Shuning-chun yosh, dadil, munavvar boqar,
Bizni she’r bahsiga qiladi xitob.
Qo‘shiq yuraklardan daryoday oqar.

Go‘zal tarjimondir zangori oqshom,
Har yurak hamdam.
Bizning mushoira etadi davom,
Do‘stim, kel sen ham!

Mana, musiqaday, sevgiday mayin,
Davraga kiradi Panjob bulbuli.
Nafis satrlari yoniq o‘tdayin,
Jasur jaranglaydi onalik dili.

She’r o‘qiydi Nepal, Vetnam, Xitoy,
Rus, tojik o‘qiydi she’rini sarbast.
Qora alangaday soqolli singxlar
Qordan oq libosli bengallar, hindlar,
Zavqidan tebranib naq to‘lqinli soy,
Tinglardi hayajon og‘ushida mast.

Qo‘shiq-chi?
Goh kurash,
goh qiz sevgisi,
Goh ko‘kdan non kutib ko‘r bo‘lgan nigoh,
Goh go‘dak kulgisi, goh banan isi,
Surmali ko‘zlarning nozi bo‘lib goh;
Goh bo‘g‘iq haqiqat dod, hayqirig‘i,
Gohi yulduz kabi yiroq, yorqin baxt.
Qullikka sanchilgan g‘azabning tig‘i,
Goh erk tantanasi bergan adolat –
Osiyo, Afrika kartasi bo‘lib,
Hayot alamiga, baxtiga to‘lib,
Kirib kelar edi dildan dillarga.
Ellar misralarni dillardan yulib –
Million yo‘llar bilan butun ellarga.

Ketardi go‘yo bir samimiy sayyoh,
Yolqin qanotida do‘stlik va mehr,
Go‘yo sharqliklarning baxtiga guvoh,
G‘arbni chorlar edi davraga she’r.

Ey latif, fusunkor hind oqshomlari,
Ne sehr bor edi zangor qo‘yningda?
Tinglovchi va shoir hayajonlari
Bir ulkan qalb bo‘lib tepar to‘lqinda.

Yangi kuy, yangi o‘y olib shoirlar,
Davraga kelardi, kelardi hamon.
Dillarni payvandlar edi satrlar
Do‘stlik, qardoshlikning ko‘prigisimon.

Yoru birodarning mehriga serob.
Yurakday davramiz borar kengayib,
Jafokash qoniga solib oftob,
Ko‘zida qalbining oqligi yonib –

Afrika farzandi o‘qiydi she’r,
Irmoqday quyilar tinchlik so‘zlari,
Orom og‘ushiga kirgan bo‘lar yer,
Yorqinroq chaqnaydi ko‘k yulduzlari.

Sen ermak emassan, sen – non, sen – orom,
Orzu pokiza.
Sen Hayot! Hayotni kuyla sen mudom,
Ey, mushoira!

Sen chorla, ovozing eshitsin jahon!
She’rning urib turgan yuragi bo‘lib,
Hayotning eng ajib kuyiga to‘lib
Davramizga kirsin ishchi va dehqon,
Hayot san’atkori eng oddiy inson.

Balki u she’r yozib, o‘qimagan ham,
Ijodning lazzatli dardi begona.
Kurashi – qalbida qaynagan ilhom,
Kitobi – erkka ishq, orzu va g‘oya.

Mayli, o‘rin olsin, bu shonli safdan,
Shoirlar kuyiga bo‘lsin hamovoz.
Mehnat-la yaratgan saodat, baxtdan
Naql etgan misralar keng qilsin parvoz.

Hayot go‘zalligi she’riyatining
Yoniq nafasiga to‘lsin bu jahon.
Xavfdan xalos bo‘lgan bashariyatning
Qo‘shig‘in to‘qisin ozod, tinch inson.

Davramiz mehrga to‘liq bir olam,
Do‘stlar bari jam,
Buyuk mushoira etadi davom,
Kelingiz siz ham!

1958

XOTIRAM SINIQLARI

Doston

Hurriyat, keldingmi – nahotki kelding,
Pinhona sog‘indim, pinhona kutdim.
Yomg‘irga bag‘rini tutgan sahrodek –
Sening nasimingga qalbimni tutdim.

Mana, qalb – baxtu dard to‘la dengizim,
Mavjlari shuhratim, hijron, o‘kinchim.
Qo‘rquv kalxatlari tegib sindirgan –
Yodim siniqlari ostda – cho‘kindi.

Yodim siniqlari, qalq, ovoz beray,
Qalqdi, yuragim, chida, ber bardosh.
Qaragin titroqda – hammasi jonli,
Qara, hammasining yuzi qontalash…

Bu onam – tangrining baxtli onida
Ayri ixlos bilan yaratgani chin.
Qarog‘ida mehr sha’mlari yoniq –
Gullagan o‘rikday orasta otin.

Kun toyib, shu’lalar ko‘chgan ufqqa,
Sayroqi qushlarning tinganda bazmi,
Onam dilimizni chorlab qo‘shiqqa,
Nim-nim sochar edi mumtozlar nazmin.

So‘fi Olloyormi, devona Mashrab
Bayozlarin o‘pib qo‘lga olardi.
Yumushmi, o‘yinmi – barini tashlab,
Sehrli olamga kirib borardik.

Rangu ohanglarni jonga quyganda,
Shu’laga to‘lardi butun koinot.
O‘zimni sehrga asir tuyganda,
Yurakda yozardi qo‘shiq o‘t qanot.

Yangamga esh bo‘lib tikdim palagim,
Qog‘ozdan sir tutgan satrimni tepchib,
Gullardi palakda shirin tilagim –
Ko‘zimdan yoshlikning nurlarin ichib.

Hovlimiz ziynati jambil, rayhonday,
Otam ta’biricha edim boychechak.
Hali biz sezmagan qora qish aro
Nahot, jonlanmoqda ishq otlig‘ chechak…

Va hademay sezdik bu qahramonni,
Tig‘day tillarida yalay boshladi.
Qadami yetganda har xonadonning –
Quvonchi bujmayib, so‘liy boshladi…
… Aka ko‘zingizda otash bor edi,
Aka, joningizda quyosh bor edi,
Sultonlikka loyiq kelbat, layoqat,
Sardorniki yanglig‘ bardosh bor edi.

Sizni-da qora tun oldilarmikin,
Qo‘lingizga kishan soldilarmikin,
Yukinish, yalinchmas – g‘ururni ko‘rib,
Vahshiy g‘azablarda yondilarmikin?!

Aka, jonim akam – jondoshim akam,
Oltmish yil izimga qaytib yig‘layin,
Bo‘g‘zimda tosh bo‘lgan yo‘qlovlarimni
“Oh”larim eritar – aytib yig‘layin.

Singilni “mehrdan bino” deydilar,
Ko‘z yoshga yetdimi mehrimning kuchi!
Gunohsiz, jonimning qotillariga
O‘q qilib otdimi nafratim, o‘chim?

… Buncha chidam qaydan – po‘lat, olovdan,
Metindan yaralgan jonmidi otam…
Otash og‘ushidan topib bizga non,
G‘amga ham chidamli bo‘larkan odam.

Onam qo‘llarida mushtdek tugunchak,
Tosh shaharni kezar avaxta izlab,
Avaxta nechadir, zor ona necha,
Nechalar yashardi zamonni “siz”lab.

Keksa ko‘zlarida mo‘ldir va mo‘ldir
Qotgan ko‘z yoshlarga boqardim hayron.
Bu sokin jussani kemirar ne sir,
Ne bois muttasil dillari vayron…

Kuni bo‘yi kezib, bukchayib, tolib,
Keksa bag‘rin yerga berib yotardi.
Biz nochor bir-biriga ezilib boqib,
Sukut dengiziga og‘ir botardik.
Onam, “suv boshidan loyqa” derdingiz,
Bilmasdik bu gapda haqiqat zuhur,
Muhtasham binoda sirli, yashirin
Asl yigitlarga qazilardi go‘r.

Qolganda azoblar iskanjasida,
Ota, bir ko‘rmadik ko‘zingizda yosh.
Yashab umidlarning pok sajdasida,
Hatto yovingizga otmadingiz tosh.

Va faqat dedingiz: “Soldim xudoga”,
Bu qirg‘in doyasi xudosizlar-ku.
… Sabr, qanoatdan yaralgan elim,
So‘qir ham o‘ziga so‘qmoq izlar-ku!

Norg‘ul o‘g‘illaring qirildi qushday
Sibirning nur tushmas o‘rmonlarida.
Sen esa yasharding misoli tushda
Turtinib g‘ofillik tumanlarida.

Menmi? Men shu qadar yosh edim hali.
Yoshlik – g‘am – begona biri-biriga.
Qutulmoqqa anduh botqoqlaridan
Osildim muhabbat shodliklariga.

Menmi? Men ishq otlig‘ bir jahon aro
She’r tinglab, she’r tizib – she’rlarda qoldim…
Bexishtiy jaranglar – jonimga oro –
O‘zimning baxtimda o‘zim yo‘qoldim.

Baxt qasrimga kirib meni topdi dard,
Urush, yozda yoqqan qor kabi o‘lim.
O‘ttizga yetmayoq sochim qor yalab,
Ko‘z yoshim soyiga to‘kildi gulim.

Onam, donolikda yagona onam,
Isyon ko‘tarishdan bermabsiz saboq,
Ustimga ketma-ket tog‘ qulagan dam
Qoldim yashin urgan polopon siyoq.

Bo‘ldi, bas! Jangdan so‘ng horg‘in sarkarda
Tirik askarlarin tizganday qator –
Men tirik hislarim bir joyga yig‘dim
Va kuchli yashashga ayladim qaror.

Yurtni bo‘ron bo‘lib kezdim bosh-oyoq,
Qabristonlar aro quyunday yurdim,
Eng kichik giyoh ham nazdimda uyg‘oq,
Faqat el-elatni sukutda ko‘rdim.

Tushlarimda topib akam jasadin,
Otamning yoniga qazitdim qabr.
O‘zim yonganimda ruhlar yondi deb
Xokiga suv sepib, tiladim sabr.

Taqdir, taqdir dedim, yashadim uzoq,
Taqdir peshonaga yoziq deyishdi.
Yoziqni devorga urdim-u biroq
Men sindim, qonimdan g‘ishtlari pishdi.

Alam. Yomon alam ko‘zing ko‘r bo‘lsa,
Lekin so‘qir dillik undan-da dahshat.
Xalq ganjin yulmoqqa cho‘zilgan qo‘lga
Biz alvon guldasta tutibmiz faqat.

“Yangi hayot” debmiz o‘sha kunlarni,
Betalab, benolish yashabmiz ko‘p yil.
Bir o‘ylab ko‘rmabmiz bu yurt hokimin
Labi kulib, nechun rang-ro‘yi zahil?!
Toji yo‘q podshoday sezdimi o‘zin,
Shu’la yoyilmadi bukik dilida?
Qo‘lida zarra yo‘q ixtiyor, izn,
Bildimi yitardi g‘urur elida?!

“Vatanparvar” debmiz o‘z-o‘zimizni,
Dengizlar quribdi, chiribdi baliq,
“Insonsan, boshingni ko‘tar” demabdi,
Ko‘ngling qolganmidi bizlardan, xoliq?

O‘zing berganding-ku, poklik, halollik,
Iymonu ishonchlar – butun, beillat,
Qilolmas edi-ku shayton dallollik,
Ilmu hikmatlarga yor edi millat.

… Ey gumbazi gardun, qoldimmi g‘ofil,
Ishonch, e’tiqodlar chiqdi puchlarga?!
Suyanib najotlar kutgandik, nahot,
Bizga choh qazigan qora kuchlarga?!

Kim bilsin, savob deb urinishlar ham,
Zamona soziga o‘yinmi bari.
Deydilar: yaratgan eng ulug‘ hakam,
Hech qachon adashmas tarozulari.

Qay biri vazminroq: savobmi – gunoh?
Yashadim-ku riyo, haromdan nari.
Kuyganman. Bosh-oyoq kuyuk jismimning –
Nimasin yoqardi do‘zax o‘tlari…

Bu dunyoda ko‘rgan azob, ko‘z yoshlar
Savob posangisin xiyol bosarmi?
Gumrohlik pallasin to‘ldirsa toshlar,
Eng baland doriga meni osarmi?
Yoshib ketib-ketib, torday tarangman,
Kapalak sharpasi tegsa, uzilur
Chiday-chiday yupqa tortgan parangman,
Cho‘yan bo‘lsa ham dil – qulfi buzilur.

Lekin yashayapman, otam va onam
Chayir arqoqlardan to‘qishgan chog‘i.
Aytilmagan alam, yozilmagan she’r,
Olinmagan qasos – yurak titrog‘im.

Boshim – portlovchi dud to‘ldirilgan xum,
Portlashin kutardim soniya sari.
Sabrlar to‘kildi naq kaftdagi qum –
Yuzim ruhlarida qonli izlari…

Bilmayman, savobmi yo koni gunoh,
Zinhor shakkoklikka yo‘ymang tilagim.
Jasadim daryoga tashlang, ruhim pok,
Obi rahmatlarda sovusin tanim…
… Yallig‘lanib yotar keksa xotiram
Ichida shu dardlar, tig‘li siniqlar…
… Holbuki, nur ichra dalayu daram,
Holbuki, bog‘imda bulbul chah-chahlar…

Hurriyat, keldingmi, nahotki kelding!
Kelar yo‘llaringda pinhona toldim.
Mening ota-onam, jon Vatanimda,
Elim taqdirida abadiy qolding…

Kelding-ey, Istiqlol, istiqbol bo‘lib,
Qalbimga nasiming bilan yo‘l solding.
Sen shu hur nazmga ixtiyor berib,
Men og‘ir bulutdek bir yog‘ib oldim…

Hurriyat, kelding-ey, al-omon kelding,
Seni qalbim, ko‘zim, so‘zlarim quchar.
Vaqt yetsa shu xalqqa qolar daftarim,
Vaqt yetsa, bu yoqda qolar dardlarim…

Ruhim u yoqlarda qush bo‘lib uchar…

1995