Zokirjon Mamajonov (1972)

Zokirjon Mamajonov 1972 yilda tug‘ilgan. Andijon Davlat universiteti filologiya fakultetida o‘qigan. 1999 yilda Shahrisabzda bo‘lib o‘tgan ijodkor o‘qituvchilar anjumani ishtirokchisi. She’rlari matbuot sahifalarida hamda “Talaba taronasi”, “Inson va sham”, “Muborak damlar” to‘plamlarida e’lon qilingan. Ilk she’riy to‘plami “Sog‘inch” nomi bilan nashr etilgan. Hozirda Andijon Davlat universiteti o‘zbek adabiyoti kafedrasi katta ilmiy xodim-izlanuvchisi.

* * *

Dunyoda do‘stman deb lof urgan serob,
Yorning ishqidan ham ko‘ngil to‘lmaydi.
Do‘stim azob berdi, yor qildi xarob,
O‘zingdan o‘zgasi chin do‘st bo‘lmaydi.

O‘g‘lim deb, qizim deb, yashar odamzod,
Biroq o‘g‘limiz ham o‘g‘lin o‘ylaydi.
Qizimiz qizim der, bu ko‘hna odat,
O‘zingdan o‘zgasi chin do‘st bo‘lmaydi.

Buyuk zot sanalur – padarbuzrukvor,
O‘ylaymiz: “Otamiz hech ham o‘lmaydi”.
Bir kun tashlab ketar yig‘latib zor-zor,
O‘zingdan o‘zgasi chin do‘st bo‘lmaydi.

Onamning duosi doim panohim,
Onaning mehriday mehr bo‘lmaydi.
Biroq, Sen rahmonu rahim – Ollohim,
O‘zingdan o‘zgasi chin do‘st bo‘lmaydi.

O‘zingdan o‘zgasi chin do‘st bo‘lmaydi.

* * *

Dilimni o‘rtaydi ajib bir sog‘inch,
Yuragim siqilar, havo yetmaydi.
Hijron azoblari tinch qo‘ymaydi, tinch,
Sizni eslamasam, kunim o‘tmaydi.

Bundan ming yil avval uchragan tuyg‘u:
Hamon azoblaydi, hamon ketmaydi.
Kunimda halovat, tunda yo‘q uyqu,
Sizni eslamasam, kunim o‘tmaydi.

Siz juda go‘zalsiz, siz – mohitobsiz,
Diydoringiz ko‘z oldimdan ketmaydi.
Mushtday yuragimga – ulkan azobsiz,
Sizni eslamasam, kunim o‘tmaydi.

Dilimni o‘rtaydi ajib bir sog‘inch,
Yuragim siqilar, havo yetmaydi.
Hijron azoblari tinch qo‘ymaydi, tinch,
Sizni eslamasam, kunim o‘tmaydi.

* * *

Tushlarimga tashrif buyurgan chog‘ing,
Vaslingdan boshlarim ko‘kka yetadi.
Subhidam o‘g‘irlab o‘tli nigohing,
Shamollar – shaytonlar olib ketadi.

Senday pariro‘ydan ayrilgan onim,
Ko‘zimni ko‘zingmas, ilonlar chaqar.
Hijronga ergashib ketadi jonim,
Tushlarimdan esa, qon sizib chiqar.
Sen
go‘zal emassan,
baribir,
quyosh!

* * *

Muhabbatning maqtovlari to‘ydirdi-ya,
Taqdir meni o‘zga yorga suydirdi-ya.
Shodligimdan boshim ko‘kka yetgan kuni
Barmog‘imni tillo uzuk kuydirdi-ya.

Bu dunyoda ishqning turfa xilin ko‘rdim,
Fahshning sevgi so‘zin aytgan tilin ko‘rdim.
Qaysar Qaysni sahrolarda adashtirgan
Muhabbatning doim vayron dilin ko‘rdim.

Tillo uzuk kuydirdi-ey barmog‘imni,
G‘am-alamlar qurshab oldi har yog‘imni.
Xayolimda har lahzada huzuringga
Hali-hamon tark etmadim bormog‘imni.

* * *

Dun dunyo dardlari dardimga do‘ndi,
Dunyoning dardiga do‘ndi dardlarim.
Adadsiz armonim – yulduzim so‘ndi,
Eng so‘nggi umidim uzdi bandlarin.

Yillarga aldanib, yig‘lar andalib,
Men kabi ko‘zidan qonlar tomadi.
Bo‘m-bo‘sh yuragimni nog‘ora qilib,
Olamning ohlarin kuyga soladi.

Dun dunyo dardlari dardimga do‘ndi.

TO‘RTLIKLAR

Do‘st kabi do‘st bo‘lgin, do‘st bo‘lsang, ey do‘st,
Men et, sen po‘st bo‘lgin, do‘st bo‘lsang, ey do‘st!
Quvonsam quvongin, dard cheksam yig‘la,
Bekamu ko‘st bo‘lgin, do‘st bo‘lsang, ey do‘st!

* * *

Bu dunyo bozordur, chin xaridor bo‘l,
Diydor talab bo‘lsang, tunlar bedor bo‘l.
Dardni sotib olgil, bedardlikdan qo‘rq,
Doim faqir, miskin, g‘arib, bemor bo‘l.

* * *

Yo‘l olis, yo‘l yaqin, yo‘l…   Haq bilgusi,
Umrimiz ozmi yo mo‘l,  Haq bilgusi.
Noshukur, nokasmiz, bilimsiz, nodon,
Fosiqmiz yo gumroh, yo go‘l, Haq bilgusi.

* * *

Badarg‘a sevgimning sevgisin izlab,
Ohu ko‘zlaringga ko‘zim tushgan on,
Notavon ko‘nglimni yanchib, ezg‘ilab,
Yuragim ot qo‘yib, chopar sen tomon.

TUYuQNAMO

Hamma do‘stlar o‘tar chin do‘st, chin do‘st o‘zi,
Hamma do‘stdan o‘tar chin do‘st, chin do‘st o‘zi.
Hamma do‘stni dema chin do‘st, chin do‘st o‘zi,
Hamma do‘stdan o‘zi chin do‘st, chin do‘st o‘zi.

* * *

Layli birdur, Majnun ko‘p, anglamadim, qaysi Qayssan,
Har kim bo‘lsin suyukli Laylisining Qaysi, Qayssan?
Notavonmas, soxtamas, chin oshiqsan, bilaman,
So‘rsa, aytgum: “Haqiqiysi qaysi Qays?” “San?”