Zikrilla Ne’mat (1961)

Zikrilla Ne’mat 1961 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasini tugatgan. O‘zbekiston Respublikasi IIV “Postda”, “Na postu” gazetalari va “Kalqon, “Щit” jurnallari Birlashgan tahririyatining bosh muharriri.
Shoirning “Ikkimizning yoniq ishqimiz”, “Qaytar dunyo” (hikoyalar), “Ostonadan boshlanar Vatan”, “Spitamenning so‘nmas qo‘shig‘i”, “Ezgulik o‘lkasi” to‘plamlari va “Onam ekkan rayhonlar”, saylanmasi chop etilgan.

Ishqing deb

Bir bulbuli sayrona bo‘ldim, sani ishqing, deb,
Har go‘shada hayrona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

Yiroq ketolmay bir dam, yor, sham’i jamolingdan,
Parvonadek giryona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

Kezib junun sahrosin, chekib Laylim jafosin,
Majnun kabi mastona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

Izlab Shirin dudog‘ing, yemirdim hijron tog‘in,
Farhoddayin mardona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

O‘t ichra Samandardek, haq izlab qalandardek,
Bir Mashrabi devona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

May ichmay gulkosangdan, ketmam, deb, darvozangdan,
Oxir poyi ostona bo‘ldim, sani ishqing, deb.

Hajringda, ey jonona, Zikrillo yona-yona,
Ishq ahliga afsona bo‘ldim, sani ishqing, deb.


Jonim bo‘ling

Ey nigor, sayr aylasam , yonimda sayronim bo‘ling,
Ishq aro lutf aylasam, shirin suxandonim bo‘ling.

Men sadoqat gulshanin ko‘zlab yo‘l olsam, jonginam,
Bir umrlik menga yo‘ldosh, nozli jononim bo‘ling.

Dahr aro necha g‘anim, g‘amlarga bo‘lsam gar duchor,
Barchasini bartaraf etmoqqa imkonim bo‘ling.

Chiqsa jonim nogahon bu ishq yo‘lida, ey nigor,
Siz mani jismim aro, jonim bo‘ling, jonim bo‘ling.

Topsamu Zikriy kamol, boshimga qo‘nsa baxt qushi,
Siz mani bag‘rimdagi eng baxtli insonim bo‘ling.

Fig‘on

Etolmay yor visoliga dilim aftoda oh chekkay,
Chidolmay g‘am-firog‘iga kuyib, g‘amboda oh chekkay.

Azaldan oshiq ahlining alamli qismati shulkim:
Nigorim, yori jonim, deb, ikki dunyoda oh chekkay.

Biri Laylim, biri Zuhrom, debon, yor hajrida bo‘zlar,
Ki, Majnun dashtda o‘rtansa, Tohir daryoda oh chekkay.

Menam Layli nahorimni sog‘inib volalar qilsam,
Meni ohu fig‘onimdan kuyib shabboda oh chekkay.

Bo‘lib qon tah-batah qalbim, mayi nob ixtiyor etsam,
Manam tok qonidurman deb, qo‘limda boda oh chekkay.

Manga mayu gulobingdan quy endi, charxi kajraftor,
Umid orzularim butkul bo‘lib barbod-a, oh chekkay.

Sog‘inib yori jonimni, ne tong, Zikrillo yosh to‘ksam,
Ko‘zim marjonlari titrab, shodayu shoda oh chekkay.


Kelmasmusan?

Sog‘inib yongay dilim, oh, dilbarim, kelmasmusan,
Yoritib ko‘nglim uyin, moh paykarim, kelmasmusan?

Necha yilkim kelmayin, bag‘rimni ko‘p qon aylading,
Bag‘ritoshim, ey sho‘xi siyminbarim, kelmasmusan?

Kechalar uyqumda ham noming tilimdan tushmagay,
Ey labi bolu so‘zi qand, shakkarim, kelmasmusan?

Tobakay qonimni to‘kkay nashtarin kipriklaring,
Ko‘zlari jallod o‘shal, sho‘x axtarim, kelmasmusan?

Zulflari – qalbga o‘yilgan o‘tli ishqim naqshiday ey,
Sochlari sunbulginam, mushk-anbarim, kelmasmusan?

Kelmasang jonon agar, tandin chiqib ketgay bu jon,
Rahm etib jonimga, ey jonparvarim, kelmasmusan?

Yo‘llaringga termulib, Zikrillo zor kutgay sani,
Husn mulkiga xoqonu qaysarim kelmasmusan?

Dilraboning dastidan

Ohkim, devonaman bir dilraboning dastidan,
Ishq aro to‘lg‘onaman sho‘x mahliqoning dastidan.

Kiprigin o‘qlab otar ikki hilolin yoy etib,
Dilginam bo‘ldi yaro, ul ikki yoning dastidan.

Zulflari bir juft ilondek jon qushimni ovlagay,
Endi bul qush jon berar, zulfi dutoning dastidan.

Toleim tonggin kutib, vaslin umid ettim, va, lek,
Kunlarim bo‘ldi qaro qoshi qaroning dastidan.

Ko‘rmadim ko‘ngil berib, ul bag‘ritoshdan bir mehr,
Tun-kun chekdim jafo ul bevafoning dastidan.

Do‘st-yorlardin kechib, tanho o‘ziga dil berib,
Qoldim oshnosiz, netay, nooshnoning dastidan?

Bag‘ri qon bir lola yanglig‘ qovjirar qalbim mani,
O‘rtanib hijron degan dardu baloning dastidan.

Zikri Olloh aylab-aylab qolmadi tanda majol,
Endi men qayga boray javru jafoning dastidan?

* * *

Dedim: “Ishqingda kuydim, ey maµvashi jonona”.
Dedi: “Otashda kuymas, sham uzra qay parvona?”

Dedim: “Aqlu µushimni olding-ku, ey parivash”.
Dedi: “Bilmasmisan, Qays nechun bo‘lgan devona?”

Dedim: “o‘tli ishqimni izµor etay, diloro”.
Dedi : “Sadaf ichra dur saqlanmasmu pinµona?”

Dedimki: “Visolingsiz jismimni tark etar jon,
Dediki: “Ahli oshiq ekan bermasmu mardona?!”

Dedim: “Kelgil, ey go‘zal, ishqimga vafo ayla”.
Dedi: “Husn aµliga aµdu vafo begona”.

Dedim: “G‘uncha dudog‘ing µajrida yondim, ey gul”.
Dedi: “Bulbul bo‘lursan, ishqimda yona-yona”.

Dedim: “Sensiz, nigorim, menga dunyo kerakmas”.
Dedikim: “Sensiz, ey yor, men-da netgum jahona?”

VATAN TUPROG‘I

Bu zaminda ungan har maysa-giyoh,
Ildizdan ayrilsa, oh chekkaydir, oh!
Uzilsa bag‘riga qaytgay har yaproq,
Oh, undan ayrilmoq eng og‘ir firoq,
Shunchalar muqaddas bu aziz tuproq.

Har qadamda qadim sajdagohi bor,
Ulug‘ ajdodlarim qutlug‘ xoki bor,
Tavof etgum, tanda jonim toki bor,
Yiroq ketsam, dilga tushgaydir titroq,
Shunchalar muqaddas bu aziz tuproq.

Qir-adirdan olib qalbim rangini,
Yurakka joyladim ishq ohangini,
G‘animga bermasman hatto changini,
Jonim fido etgum bamisli Shiroq,
Shunchalar muqaddas bu aziz tuproq.

Gulga to‘lsin ikki daryo orasi,
Unda yashar farzandlarim bolasi,
Shudir Zikrilloning yurak nolasi:
Vatanni jon qadar, asraylik har chog‘,
Shunchalar muqaddas bu aziz tuproq!

MIRZO ULUG‘BEK

Elkangizga Istiqlolning oftobi tegdi,
Ko‘kka yetdi pok nomingiz, Ulug‘bek bobo.
Poyingizga yetti iqlim bosh egib keldi,
Budir ulug‘ ayyomingiz, Ulug‘bek bobo!

Elu ulus baxtin ko‘zlab jang-jadal emas,
O‘t yoqdingiz ilmu fanning manqallariga.
Olam ahli hali-hanuz aylagay havas,
Qadim “Ziji Ko‘ragoniy” jadvallariga.

Samarqandu Buxoroyu hur G‘ijduvonda,
Siz qurdirgan madrasalar hamon nur sochur.
Siz rahnamo bo‘lgan o‘shal ilmu irfondan –
Turon zamin sayqal topib, yashnab gul ochur.

Kimki kelib Samarqandni aylasa tavof,
Sizning ulug‘ sha’ningizga tahsin o‘qilgay.
Kunduzlari boshingizda nur sochsa oftob,
Tunlar esa poyingizga yulduz to‘kilgay.

Avlodlar ham meros bilib siz bosgan izni,
Izlanishu ijod ila o‘tar har kuni.
Kashf aylashib falakda bir yangi yulduzni
Sizning qutlug‘ nomingiz-la atashdi uni.

Siz borsizki, quyosh yanglig‘ taratgay yog‘du,
Samarqandning madrasayu minoralari.
Sayqal yurtim quchog‘idan yangragay mangu
Ona Sharqning ohangrabo taronalari.


SO‘ZI KATTA , O‘ZI MAYDALAR…

Hayotdagi ayrim lahzalar,
Yuragimga sanchar nayzalar,
Oh, nogoh duch kelib qolsalar
So‘zi katta, o‘zi maydalar…

So‘zdan qasr quriblar berar,
Ko‘kdan yulduz teriblar berar,
Oyoq qolib, til bilan yurar,
So‘zi katta, o‘zi maydalar…

Bir gul eksa, bog‘ qildim, deydi,
Bir tosh qo‘ysa, tog‘ uydim, deydi,
Mish-mish qilib, boshingni yeydi,
So‘zi katta, o‘zi maydalar…

Go‘yo u bor, aylanadir Yer,
Amu, Sirni-da men qazdim, der,
Oftob chiqsa, men chiqazdim, der,
So‘zi katta, o‘zi maydalar…

Achingumdir holingga dunyo,
O‘ngimmi bu va yoki ro‘yo?!
Bilmam, qaydan bo‘lmoqda paydo,
So‘zi katta, o‘zi maydalar…

Qabohat ham qurib ketsin-ey,
Har kim o‘z ekkanin o‘rsin-ey,
Alloh Sizga insof bersin-ey,
So‘zi katta, o‘zi maydalar…


MUHABBATIM

Bugun yana tushding yodimga,
Ilk sog‘inchim, ilk muhabbatim!
Chiroydirsan gul hayotimga,
Dil ovunchim – ilk muhabbatim!

O‘n sakkizdan sirdoshim eding,
Goh quvonch, goh ko‘z yoshim eding.
Oshiq ko‘nglim osmonida sen –
Porlab turgan quyoshim eding.

Samolardan kulib boqursan,
Yuragimga kuydek oqursan.
Esga solib ajib damlarni
Yana bag‘rim o‘tda yoqursan.

Ayt-chi, bukun qay joylardasan,
Daryolarmu yo soylardasan ?
Yurak bo‘zlar seni sog‘inib
Yulduzlarmu yo oylardasan?!

Umrimdagi mangu bahorsan,
Ko‘zlardagi so‘nmas sharorsan.
O, Muhabbat – qalbim erkasi,
Yaxshiyamki, olamda borsan.


TUYuQLAR

Bu kecha, o, buncha oydin kechadur,
Ko‘kda oy daryo-yu soylar kechadur.
Bu kecha yor vasliga yetmoq uchun
Necha oshiq ohki, jondin kechadur.

* * *
Ishq bog‘ida gul ochildi g‘unchalab,
Gul uzgali keldi bir sho‘x, g‘uncha lab.
Gulg‘uncha ishqida yongan dilginam,
To tonggacha bo‘zlab chiqdi “g‘uncha”lab.

* * *
Kiprigin o‘qlab, qoshini yo qilur.
Hajr o‘tida jismu jonim yoqilur,
Ishq yo‘lida sho‘xu beparvo sanam,
Menga shafqat yoki qilmas, yo qilur.

* * *
Nozaninim nozi menga yoqadur,
Noz qilib qalbimga o‘tlar yoqadur.
Nozli yor bo‘ynin yoshurgan yoqasi –
Men uchun tilsimi gavhar yoqadur.

* * *
Mahvashim, Laylomisan, ayt, yo Shirin,
Ko‘zlaring fitna qilurlar yoshirin.
Sen uchun tortmoqqa shayman, yor mudom,
Ishq azobi talx erurmi yo shirin.