Zebo Mirzo (1964)

Zebo Mirzayeva 1964 yil 15 dekabrda Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanining Beshterak qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan (1987). «Tun malikasi» (1990), «Ajr» (1997), «Nur kukunlari» (2004) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

* * *

Sahrolar bag‘rida adashgan,
Iliq yomg‘irlarday yog‘sayding.
Namiqqan tuproqlar ko‘ksida
Mahfuz giyohlardek uyg‘onsam…
Isming xush bo‘ylari to‘kilsa,
Ruhing titrog‘ida oqsaydim,
Olovli ummonni sipqorgan
Tungi osmon kabi to‘lg‘onsam…
…Soyang tushib o‘tsa nigohlarimga!..
Qo‘ling topib borsa qalbimni.
Ovozing sachragan havoga
shivirlab bossaydim labimni!
…ovozing o‘psaydim, ovozing…
Sukunat bo‘g‘rikqan tunlardan
sug‘urib olsaydi ovozing!
Dilimni yechsaydim behadik,
Ko‘rsayding qo‘llarim parvozin!
Nafasing o‘tidan yaralsam,
tushlarimdan tushib kelsaydim.
Bir lahza o‘zimni unutsam,
bir lahza o‘zimni bilsaydim…
Bersayding ruhimga tiriklik
ko‘zlaring bir tola nurini,
ellar og‘ushida chayqalgan
behush maysalarning umrini…
…yiqilsam, bag‘ringga yiqilsam,
Yuragingga yetarmi yo‘lim?
Oqib borayapman umringta,
Qo‘llarimdan ushla, sevgilim…

* * *

Azizim,
Ne uchun maysa emasmiz,
Ellar o‘pganida suykalib o‘tgan?
Ne uchun, ne uchun daraxt bo‘lmadik,
Ildizi,
Shoxlari chirmashib ketgan?
Ariqlar bo‘yida giyoxdek o‘ssak,
Suvlarda tushimiz eshilarmidi?
Adirlar ortida shamol bo‘lsaydik,
Ko‘klarda ruhimiz qo‘shilarmidi?
Nechun mavjudmizu, nechun yo‘kdaymiz?
Barmoqlar uchida nozik bir titroq?
Nafaslar qo‘shilib turganda, nechun
Olovlar ichida jim kutib turmoq?
Nechun pichoqlarga tiralar ko‘zim?
Ko‘kka suyanganday suyanolmayman?
Nechun qo‘lingizda loladek uxlab,
Ko‘ksingizda tongdek uyg‘onolmayman?
Ne uchun hayotim bu qadar sahro?
Nechun yuragimda bu qadar zorlik?
Qarshimda shovullab oqar bir daryo,
Bir tomchi suv so‘rab o‘tinolmayman…
Azizim,
Ne uchun inson yaraldik,
Ko‘nglimiz sig‘masa yeru samoga?
Oh, endi shu qadar muhabbat bilan
Biz qanday yashaymiz bu tor dunyoda?..
Biz nechun yaraldik yolg‘on dunyoda?
Azizim, ne uchun maysa emasmiz?..

* * *

Yo‘q,
Endi ko‘nglingdan chiqarolmaysan,
Umringda quyoshday porlayveraman.
Ming yillar qa’riga ketganingda ham,
Men seni samoday chorlayveraman.

Ismingni tonglarga yozaman mahtal,
G‘unchalar bargida uxlayveraman.
Yo‘q, baxting meningsiz bo‘lolmas tugal,
Men seni har lahza yo‘qlayveraman.

Otashman,
Dengizman,
Samoman,
Nurman,
Jismu jahoningni o‘rayveraman,
Ayt, qanday topasan, qochmoqqa imkon –
Men seni Xudodan so‘rayveraman.

Men – so‘ngti tomchiman,
Yagona najot.
Faqat sen ichgin deb qistayveraman.
Qo‘llarimda qoldi
Eng so‘nggi hayot,
O‘lsam ham ishqingni istayveraman!

* * *

Sizni tushlarimda ko‘rsam, sig‘insam,
Og‘ir botmasmikan? Ozor yetmasmi?
Tunlar o‘zim bilmay sizni sog‘insam,
Bu gunohdan yerlar yutmasmi?
Yoningizga xayolan borsam,
Quvmaysizmi,
haydamaysizmi?
Hislarimni sizga ishonsam,
kulmaysizmi,
aldamaysizmi?
Ishq – bor, deb tunlarga ertaklar aytsam,
La’natlamaysizmi,
yig‘latmaysizmi?..
Nega indamaysiz,
Nimaga jimsiz?
Ishona olasizmi?
So‘ragum…
Axir, qon yutib zor qarg‘amoqqamas,
Sevmoqqa yaralgan yuragim!..
Axir, nikohlandim nigohingizga,
Bilmaysiz, bu sirni kimdan o‘rgandim.
Azizim,
Ishq – mening tushimda olgan
Bitta bo‘sangizdan
ko‘rgan farzandim!..

* * *

Umrimni o‘tkinchi saboga berdim,
Eng so‘nggi chaqamni gadoga berdim,
Bu telba ruhimni Xudoga berdim…

Sabo olib bordi, gadoga berdi,
Gado yig‘lab bordi, Xudoga berdi.
Xudo meni senga xatoga berdi,

Sen meni kimlarga berding, Azizim?

* * *

Boshimdan muhabbat nurlarini soch,
Qonimda sezayin alanga kuchin.
Olloh bizni bergan yorug‘ dunyoga
Sevilmoqlik uchun,
Sevmoqlik uchun…

Barmog‘im uchida – Osmon eshigin
Ochib, ko‘rsataman muqaddas Ko‘kni!
Agar ishonmasa,
hamma o‘qisin:
«Bizning yorligimiz Xudoning hukmi!»

Men – balki Havoman,
Sen – Odam Ato,
Jannat bog‘laridan tushganim haqdir.
Bizning diydorimiz – eng buyuk ato,
Bizning diydorimiz – ilohiy taqdir…

Sir oshkor etganni sevmaydi Xudo,
Sen dilga quloq tut,
o‘ylanmoq nechun?
Axir ikkimizga zor edi dunyo
Sevgi nimaligin bilmoqlik uchun!..

* * *

Nigohingni o‘pib, uyg‘onar olam,
Ismingdan gurkirab yashaydi dunyo.
Sen mening samoga cho‘zgan qo‘limsan,
Umidim tongida porlagan ziyo…
Sening ko‘ngling – osmon,
Sening ruhing – Nur.
Orzum – yulduzlaring qo‘yarsan yoqib,
Men esa yuksalib boraman mag‘rur,
Osmonlarday o‘tgan umringga boqib…