Zayniddin Nug‘monxon (1949)

Zayniddin Nug‘monxon 1949 yilda tug‘ilgan. Toshkent Temir yo‘l transporti institutini tamomlagan. “Izhor” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.

KECh KUZ

To‘zonu xazonlar o‘ynagan yo‘lka,
Oppoq boshlarini mag‘rur tutgan tog‘,
Qishning elchilari – esgan izg‘irin,
Ma’yus boqib qolgan biydek dala, bog‘.

Tog‘ bag‘ri. Uylardan o‘rlaydi tutun,
Havoda qarg‘alar charx urar betin,
Ship-shiydam og‘ochlar, chiyillar shamol,
Kuz bunda faslmas, u endi xayol…

IShONCh ISTAGI

Daryo suvin qumlik shimgani kabi,
Etimning ko‘zlari yosh to‘kkan misol.
Yulduzlar tong oldi pirpirab asta,
Osmonning qa’riga ketgandek singib.

Kuz daraxt barglarin uzgandek bir-bir.
Uyurlar, otarlar solgan kabi iz.
Soyga kelgan sellar toshlarni ochib,
To‘zg‘igan qumlarni yiqqani kabi.

Yovuzlik yaxshilik ustidan hukm
Chiqargani kabi gohi-gohida…
Bular bor gaplar-ku ishonmay bo‘lmas…
Ammo, men ishonmoq istardim yana,

Huv, anuv, ko‘ringan tog‘ning ortida
Moviy bir dengizni bor, deb ishongan
Bola tasavvuri kabi beg‘ubor,
So‘zlarga, azizim, takror va takror.
Ishongum men yana birgina so‘zga,
Sening yuragingda buyuk sevgi bor…