Yo‘ldosh Eshbek (1950)

Yo‘ldosh Eshbek 1950 yil 1 sentyabrda Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida tavallud topgan. ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1977). Dastlabki she’rlar to‘plami — «Sog‘inib yashayman» (1981). «Yuksak daraxtlar» (1985), «Moviy turnalar» (1987), «Yaxshilikka qarayman» (1988), «Daraxtlar ertagi» (1989), «Hayot chechagi» (1990), «Mangu masofa» (1991) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Imom G‘azzoliyning «Ey farzand», Ahmad Lutfiyning «O‘gay ona», «Hazrati Ali», Fotima Temurning «Ko‘ngil do‘stlari» («Tazkirat ul-avliyo»), Amina Shank o‘g‘lining «Vijdon azobi»ni hamda O‘ljas Sulaymon («Sopol kitob») va boshqa adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1998).

QADIM OHANGLARDA

Ostonangga dilimning
Torlarini boyladim.
Men bir dunyo suluvdan
Sen suluvni sayladim.

Sayladimu ko‘zimda
Xalqob-halqob yosh bo‘ldi.
Bu bevafo dunyoning
Bag‘ri menga tosh bo‘ldi.

Sen yulduzsan – qo‘l yetmas,
Oshiq bo‘ldim, suluvim.
Endi sening o‘rningga
Ko‘shiq qoldi, suluvim.

Bir qo‘shiqki, dilimning
Tublariga zil bo‘lar.
Aytsam oxdir, aytmasam –
Sarg‘aytirib sil qilar.

Ostonangta dilimning
Torlarini boyladim.
Men bir dunyo suluvdan
Sen suluvni sayladim.

Eshiging zulfaklari
Tillo ekan, bildim-ku.
Qo‘lim kalta ekanin
Bilib, bag‘rim tildim-ku.

Tilim bag‘rim ichinda
Darding sizib yotadi.
Ko‘shiq qilib qalbimni
Ko‘zlarimga otadi:

Ko‘zlarimda aylangan
Halqob-halqob yosh bo‘ldi.
Bu bevafo dunyoning
Bag‘ri menga tosh bo‘ldi.

YIG‘LAYoTGAN QIZ

Bu og‘ir bog‘ ichra og‘ir qadamlar
Tashlab ketayotgan og‘irgina qiz,
Dunyo ko‘zlaringdan dunyo alamlar
Tomchilar, har biri bir ulkan yulduz.
Tomchilar ko‘zingdan norasidalik,
So‘zga aylanmagan yonish tomchilar.
Beshafqat diydormi og‘ir judolik,
Yo‘qotish tomchilar, topish tomchilar.
Yo‘q, seni aldagan, birov aldagan,
U seni sevgandir, yo‘q, yo‘q, sevmagan.
Ko‘ksingga chiroyli o‘qlar qadagan,
Birovlar aldagan, birov aldagan.
Tomchilar ko‘ksingdan kelayotgan kuz,
Og‘ular tomchilar, gullar tomchilar.
Yaqin xotiralar… idrok faromush,
Vijdoningni o‘yib urar tomchilar.
Vijdonsiz nomusli niqobin qo‘ymas,
Vijdonning har dami ruhiy iztirob.
Vijdonsiz xatosiz kunlardan to‘ymas,
Vijdon bu xatodan ulg‘aygan azob.
Seni yupatmoqqa jurat yo‘q menda,
Sen mening kechmishim, umrim bo‘lagi.
Faqat men qayg‘ular tilarman senga,
Kattakon quvonchning unsiz o‘lanin!
Aldanmoq tilarman senga ko‘p marta,
Aldanmoq – dunyoga nazar, anglamoq.
Aldanmoq – ko‘z yoshi qilmoq, yo‘q, artmoq,
Aldanmoq – kurashga otlanmoq demak.
Yig‘lamoq tilarman, qaynab yig‘lagin,
Tishlaringai sekin qayrab yig‘lagin!
O‘nta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Yuzta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Mingta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Paymonang to‘lguncha, to‘yguncha yig‘la!
Ular lazzatxo‘rlar, qaroqchilardir,
Umrlari uzun, sob bo‘lmas, esiz!
Bu dunyo – aslida aldoqchilardir!
Bu dunyo – aslida yig‘layotgan qiz!
Men senga qo‘shilib yig‘lay olmasman,
Faqat bosh egaman qaygungga so‘zsiz.
Men senga talpinib, aslo tolmasman,
Men seni sevaman, yig‘layotgan qiz!

SENING QO‘ShIG‘ING

1.
Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘b,
Bizni zafar quchajak!
Tepamizda charx urishib
Qaldirg‘ochlar uchajak!

Shunday qo‘shiq aytgan eding sen,
Shunday qo‘shiq… hayotday aziz.
Va dunyoga qaytgan edim men,
Dunyo menga qaytdi o‘sha kez.

Qo‘shig‘ingni buloqlar tinglab,
Shamollarning tili tugildi.
Osmon yuzi ko‘zing nusxalab,
O‘pmoq bo‘lib senga egildi.

Qaldirg‘ochlar uchdi tepangda,
Qo‘shiq aytib sho‘xshan, dilrabo.
O‘n yettida eding o‘shanda.
O‘n yettiga to‘lgandi dunyo.

* * *

Dunyolardan rashk qildim seni,
Dunyolarga ishonmas edim.

2.
Qaldirg‘ochlar kelmoqda uchib,
Bahor quvib yasharlar doim.
Ushbu damda sen yodga tushib,
Alamlarda qovrilar o‘yim.
Sen umringai bo‘lding ikkiga,
Endi menga ikki xil o‘ysan.

To‘lib ketsa dardpar ko‘ksimga,
Yolg‘izlikning hukmidan to‘ysam,
Madadga zor odamday goho,
Atrofga javdirar nigohim.
Ko‘zlarimda intiq iltijo,
Ko‘zlarimda tizilar ohim.

Shunda izlab qolaman zor-zor,
O‘n yetti yosh ko‘hligim qayda?
Va qaytmoq bo‘laman intizor
O‘n yetti yosh dunyoga qayta.
Meni chorlar ilk umring ma’sum,
Meni chorlar ul pokiza ishq.

Qayg‘ularga chek qo‘yib, bir zum –
Ruhimda tirilar ul qo‘shiq:
«Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘b,
Bizni zafar quchajak!
Boshimizda charx urishib,
Qaldirg‘ochlar uchajak!»

* * *

Sen ketib borasan daraxtlar aro,
Kichrayib borasan, torayadi yo‘l.
Senga oq ko‘ringan bu yo‘llar qaro,
Engil tin olasan kengayar o‘ng-so‘l.

Shamolda sochlaring pastlar-balandlar,
Shamolda sochlaring – qushning qanoti.
Sen uchib borasan – pastlar balandlar,
Balandlar pastlaydi, erkin hayoting!

O‘zimga la’natlar o‘qiyman bot-bot,
Men senga havaslar qilurman, erkam.
Senga qurolmadim go‘zal bir hayot,
O‘zimga zindonlar qazdim… juda kam!

Elkangni shamollar silkitar nega,
Nega ko‘ylagingni o‘ynar beshafqat?!
Shamolda mixlanib qarayman senga,
Shamolda qo‘llaring silkinmas faqat.