Yoqubjon Ahmadjonov (1947-2016)

Yoqubjon Ahmadjonov 1947 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. «Kredo», «Axsikentdan topilgan besh rivoyat», «Aldangan qush», «Tegirmon yonidagi uy», «Layli va Majnun»ning XX asr varianti», «Bolalik kapalaklari», «Musavvir», «Xayol sayyorasidagi fojea», «Sardoba shotutlari», «Buzilgan maqbara devoridagi bitiklar» singari asarlar muallifi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Oilali. Ikki o‘g‘il va yetti nabirasi bor.


SURATDAGI DARAXT YaPROG‘I

1
Oy tiniq.
Soy tiniq.
Titrab-titrab cho‘milar yulduz.

2
Sen tog‘larni yomon ko‘rma
Sendan ulkanligi uchun,
Yuksakligi uchun jur’atingdan.

3
O‘tkan kunlar xotirasi dilni yoqar,
Endi qachon ariqlarda to‘lib oqar
Yalpiz bo‘yi kelgan suvlar?

4
Bu yerlarga qadam qo‘yganim zamon
Yaproqqa aylanar vujudim –
Ilk bor seni shunda uchratgan edim.

5
Qayerlarda yurar beparvo eri?
Tonggacha mijja qoqmaydi siren
Tungi kapalaklar dastidan.

6
Uchib ketgan bolaligimni
Tushlarimda tomingda ko‘rdim,
Oq tegirmon, oppoq tegirmon.

7
Hassani necha marta yo‘qotish mumkin,
Daryodan quruq qaytish mumkin necha bor,
Nahot bir umr?!

8
Xonadagi Umidsizlikni
Quvib soldi Ayol kulgusi.
Son-sanoqsiz yashil yaproqlar.

9
Loyqa, ko‘lmak suvda asabiy suzar
(Ovozsiz faryodi olamni buzar)
Ajdodi daryoda yashagan baliq.

10
Senga ham qoyil qolish kerak
Hech bo‘lmasa parvoz qilganing uchun,
Varrakning dumi.

11
Dunyoga pok kelding va shundoq ketding.
Ikkinchi Sayhundek sen oqib o‘tding.
Qandoq yashayapman men?!

12
Dala-dashtda sovqotgan Shamol
Eshiklarni qoqar tun bo‘yi.
Bechoraning rangida rang yo‘q.

13
O, toshlarim mening, muzlarim mening,
Yog‘iylardan battar o‘zlarim mening.
Kim aytadi bizni bitta daraxt deb?!

* * *

Soyning sayroq to‘lqinlari jim,
Loqaydgina mudrar qirg‘oqlar.

Bir to‘p qarg‘a qurmoqda bazm,
Daraxtlarda qora yaproqlar.

Xazon bo‘lib kuydirar ko‘zim
Men o‘ksitgan g‘amgin nigohlar.

UYG‘ONISh

Ko‘zim ketdi ranglarga to‘lib
Va ko‘ksim aro oqqushlar.
Endi qora sochlaring bo‘lib,
Menga uyqu bermaydi tushlar.

* * *

1
Muz ostida suv pinhon oqar,
Oq chinorlar ulkan qorbobo.
Senga hojat yo‘q bul kun, sog‘ar,
Menga maydir musaffo havo.
Ko‘kdan oppoq yulduzlar yog‘ar,
Yuragimdan yog‘adi navo…

2
Yurtim, yurtim, senga oshiqman,
Senda shoir bo‘lmaslik gunoh.
Do‘st og‘zidan noming eshitsam,
Vujudimga halovat hamroh.
Sen – yoshligim kechgan beshiksan,
Sen – ko‘z yumsam mangu oromgoh…

3
Ko‘kda uchsam, suzsam dengizda,
Xayolimda Sardoba porlar.
Oq uzumlar yonib yulduzday
Bog‘ ko‘chalar bag‘riga chorlar.
Tushlarimga kirar olisda
Usta Latif ekkan chinorlar…

ETYuDLAR

Men bahorni qachon ko‘rdim? So‘nggi qor
oq quyoshday ufqlarga singganda.
Baland yong‘oq daraxtlari qarg‘asiz
yolg‘iz qolib, qag‘illashdan tinganda…

Men bahorni qachon ko‘rdim? So‘riga
erda yotgan toklar panja cho‘zgan payt.
O‘rik, qishning muz bag‘ridan qutulib,
turnalarning nafasini sezgan payt…

Men bahorni qachon ko‘rdim? Yulduzlar
qaldirg‘ochdek qanot yozib uchganda.
Chaqmoq chaqib – o‘ynab olov raqqosa,
zil terakni vahimalar quchganda…

Men bahorni qachon ko‘rdim? Bedovlar
er tepganda, termilgancha olisga.
Otilganda jonli fontan – baliqlar
sig‘may qolib daryolarga, hovuzga…

Men bahorni qachon ko‘rdim? Xonadan
tashqariga rangpar gullar ko‘chganda.
Boychechaklar qaro sigir sutini –
qora bulut suvlarini ichganda…

Men bahorni qachon ko‘rdim? Beovoz
kuylaganda sohildagi oq toshlar.
Chumolining yolg‘izoyoq yo‘lini
supurganda shabbodalar – farroshlar…

Men bahorni qachon ko‘rdim? Chigirtka
chirillashi tun ko‘ksini tilganda
va ko‘z izlab suratingni albomdan –
vujudimga bahor qaytib kelganda…

* * *

Quyosh allaqachon ufqqa botgan,
Yulduzlar sovuqdan muz kabi qotgan,
Ne bois, har oqshom nigohim tortgan
Bog‘lar chetidagi yolg‘izgina uy?

Ul uyda yashardi dilimning mohi,
Kunduzim xayoli, tunim hamrohi,
Sarmast kechalarning tilsiz guvohi
Bog‘lar chetidagi yolg‘izgina uy.

U payt o‘zga edi maysa va daraxt,
Barglar shivirida bir ajib farah,
Men topib, qadriga yetolmagan baxt
Bog‘lar chetidagi yolg‘izgina uy.

Ko‘k yaproqlar bugun sargardon xazon,
Menda gunohkorman, yo‘l yo‘q sen tomon,
Qanotsiz sevgimga endi tush osmon
Bog‘lar chetidagi yolg‘izgina uy.

TANHO AYoL

Kech kuz. Sariq xazonlar uchar
Sariq kapalaklar singari.
Dil qa’ridan armonlar uchar
Qanotlarin yozib sen sari.

Yolboraman, yaqindir zavol,
Cheki bormi qiynoqlarimni?
Shamollarning changalidan ol
Kuzning rangpar yaproqlarini.

Kuygan ko‘ngil elchisi xazon,
Tinglasangchi, iltijo qilar.
O‘z uyingga qaytasan qachon,
Qachon hijron mavsumi so‘lar?

* * *

Xiyobonda yolg‘iz yuraman,
O‘sha daraxt va o‘sha hovuz.
Nega seni o‘ylayveraman,
Axir, hozir bahor emas – kuz?

Yodingdami gul bayramlari –
Mushak bo‘lib yongan tantana?
O‘sha xushbaxt onlardan beri
O‘n yil o‘tib ketibdi, mana.

Atrofimda sokin kuzgi bog‘,
Yurak kavob, xayollar cho‘g‘dir.
Daraxtlarda za’faron yaproq,
Bugun, erta yog‘guvchi yomg‘ir.

QAQNUS

Armonga aylangan zotlar vorisi,
Kamsuqum, mag‘rurroq fe’lli ijodkor,
Sening boshing uzra goh oy yog‘dusi,
Goh kuzning tashvishli sinovlari bor.

Ta’ma bandalarin nazarida sen
So‘zni deb aqldan ozgan savdoyi.
Tushunmas – nimadir suyangan tog‘ing,
Tushunmas – ne uchun umring fidoyi.

Dunyoning bor dardi – bu o‘z dardingdir,
Oppoq tongga tutash sen ko‘rgan tushlar.
Yuraging kulbamas, zaminga tengdir,
Unga sig‘ar barcha yarador qushlar.

Ruhingga panoh yo‘q, yelkasi yag‘ir,
Ezgulik kuyida doim yoqang chok.
O‘rtanib istaysan ko‘rmoqni oxir,
Borliqni bolalik osmoniday pok.

Sen garchi olamning o‘gay bolasi,
Mehring arzandalar mehridan ortiq.
Dostoning yarador vijdon nolasi,
Sevgining ko‘ksida sanoqsiz chandiq.

Daraxt ajraladi so‘nggi yaproqdan,
Bir kuni hayoting topadi yakun.
Begunoh ko‘zlaring yumilgan chog‘da
Pastkash kimsagina kulishi mumkin.