Yong‘in Mirzo (1917-1990)

Yong‘in Mirzo (Xudoybergan Mirzayev) 1917 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutining til va adabiyot fakultetini tamomlagan (1939). “Lenin uchquni” gazetasida, O‘zbekiston radiosida, “Yosh Leninchi”, “Qizil O‘zbekiston”, “O‘zbekiston madaniyati” gazetalarida ishlagan.
“Quvonch” (1941), “Vatanim” (1947), “Kapalak” (1949), “Yangi oy” (1958), “Mening sevgim” (1975) kabi kitoblari chop etilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. 1990 yili vafot etgan.

ONAM DERMAN

Bu olamda ulug‘ zot kim
Desang, doim onam derman.
Hayotim ustuni sinmas,
Madadkorim onam derman.

Gul umrim mash’ali o‘chmas,
Xayoldan suvrati ko‘chmas.
Dilimga oq dili payvast,
Vafodorim onam derman.

Ko‘zim nuriyu darmonim,
Umid-shodlik va armonim,
Kecha-kunduz nigohbonim,
Xaloskorim onam derman.

Ona farzandga bol bergay,
Saodat chechagin tergay.
Ham ardoqlab, ham o‘rgilgay,
Chamanzorim onam derman.

Uzoq ketsang qolar dog‘da,
Kutar bedor sahar chog‘da.
Muqaddas ona tuproqda
Umidvorim onam derman.

Ayo Yong‘in, onang et shod,
Yozib madhini qilgin yod.
Ona birla hayot obod
Charog‘bonim onam derman.

TABASSUM

Oromijon bir tabassuming,
Et armug‘on bir tabassuming.
O‘tma jonon chimirib qoshing,
Jonga darmon bir tabassuming.

Aytgin dildor, to‘lin oymisan,
Bahordagi toshqin soymisan,
Latofatga shuncha boymisan,
So‘raydi jon bir tabassuming.

Dilni-dilga bog‘lar nigohing,
Koshki o‘zim bo‘lsam hamrohing,
Kechar edim bo‘lsa gunohing,
Orzu-armon bir tabassuming.

Sochlaringni mayda o‘rib kel,
Ishq bog‘imga bulbul bo‘lib kel,
Sahar chog‘i nurga to‘lib kel,
Baxtdur jonon bir tabassuming.

HAYoT

Men degaymankim, azizim, bog‘u bo‘stondir hayot!
Sen degaysankim, habibim: tubsiz ummondir hayot.

Bahs etib ochsa bo‘lurmu har bashar taqdirini,
Men degaymankim, berilgan yaxshi ehsondir hayot.

Sen degaysankim nigorim, ehtimol shunday, vale
Ba’zida cheksiz azobu, kimga osondir hayot.

Men degayman: ishqimizdek bag‘ridan qo‘ymas mudom,
Nolima, aslida bilsang, yaxshi dostondir hayot.

Sen dedingkim: sevgimizdek sayqali bor, sayqali,
Kim visoldan mast-alastdir, kimga hijrondir hayot.

Men degayman: qo‘lga davlat qushi qo‘ndi, yayratay,
Sen degaysankim nigorim: sergak posbondir hayot…

…Har qalay suhbatda Yong‘in bo‘ldi oydin o‘ylaring,
Yorim aytganday: mashaqqat hamda jonondir hayot!