Yahyoxon Fayoz (1988)

Yahyoxon Fayoz 1988 yil Boysun tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tomomlagan «Baxtimizning zar tumorlari» nomli she’riy kitobi nashr etilgan.

(Ko‘ngil taraflarga…)
Usmon Azim

KO‘NGIL…

Atirgulni almashib bo‘lmas,
Iforsiz gul, yo alaflarga.
Dilim yonar, bevafo kelmas,
Ko‘ngil taraflarga…

Bir bor kelgin, kelmasang bo‘lmas,
Ko‘zyosh to‘lar, yuragim to‘lmas,
Mehr demish qadamingni bos,
Ko‘ngil taraflarga…

Topganlarim firoq bo‘ldi,
Manziling xo‘p yiroq bo‘ldi,
Istaklaring so‘roq bo‘ldi,
Ko‘ngil taraflarga…

Rashkim tomon manziling bor,
Ashkim tomon manziling bor,
Ishqni ko‘mgin sharaflarga,
Kelgin ko‘ngil taraflarga!..

OTA

Ota, ko‘rmagandim sochingda oqlar,
Balki ulgirmagan tushmoqqa oqlar.
Chalg‘itdi orzular, aldadi bog‘lar,
Ko‘nglimdek tosh yo‘lda toldi oyoqlar.
Ota, sog‘inchlarga to‘lib yashayapman.
Tirikman, har lahza o‘lib yashayapman.

Har sahar ko‘zlaring giryon kutarding,
Ayt bu sog‘inchlarni qanday ko‘tarding.
Bilaman, dardlaring bo‘g‘zingda qolgan,
Jimgina kutarding, g‘amlar yutarding.
Shul g‘amlar ko‘yida tolib yashayapman.
Bardoshim yetmaydi qolib yashayapman.

Boshim pana edi, boshpanam eding,
Yo‘llarim charog‘on mash’alam eding.
O‘zdan boshqa dardim yo‘q edi mening,
Duogo‘yim eding, sen malham eding.
Ota, suratinga boqib yashayapman.
Qara ko‘zyoshimga oqib yashayapman.

Armonlar ipida qolgan bandiman,
O‘zni eplolmagan telba andiman.
Asradim o‘zimni, asradim dilni,
Men shunday notavon so‘qir bandaman.
Ota, saratonda qotib yashayapman.
Umrimni arzonga sotib yashayapman.

Ko‘rgan tushlarimni suvlarga aytib,
Ko‘nglimning ka’basi– qishloqqa qaytib.
Izlaring qumsayman, ising qumsayman,
Yo‘llarda kezaman devona, daydib.
Yurakni chokidan sitib yashayapman.
Sen tomon manzilim kutib yashayapman.

KELDIM-A…

Olis bo‘ldi men ko‘zlagan manzillar,
Shamol kabi yugurdim-a, yeldim-a.
Rostga ko‘chdi men o‘ynagan hazillar,
Sevgim seni sog‘iniblar keldim-a!

Yo‘lim to‘sdi qovjiragan xazonlar,
Yo‘lim kesdi qancha narxi arzonlar,
Sochlarimga qo‘nib-qo‘nib mezonlar,
Sevgim seni sog‘iniblar keldim-a.

Oy to‘lishdi, tinglab-tinglab dardimni,
Yulduzlarning xasratdoshi bo‘ldim-a.
Bir o‘zingda baland ko‘rib qadrimni,
Sevgim seni sog‘iniblar keldim-a.

Kechib bo‘lmas, unutib ham bo‘lmagay,
Oshiq o‘lar, muhabbati o‘lmagay,
Qaytaverdim yuragingdan so‘ramay,
Sevgim seni sog‘iniblar keldim-a.

Gaplarim ko‘p, lek qandayin aytaman?
Savollardan ketolmadim ildam-a.
Men yoningga she’rlarimda qaytaman,
Sevgim seni sog‘iniblar ketdim-a!

SURXONDARYo

Qishin-yozin oftob yelkang jimirlatar,
Saratonda shovqin solib oqqan daryo.
Sog‘inchlari so‘zga sig‘mas, jim yig‘latar –
Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo.

Manglayiga termiziylar bitgan diyor,
Alpomishin yetti yillab kutgan diyor,
Moziydan so‘z – ilmu hikmat tutgan diyor,
Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo.

Doim dalam, deya shoshgan dehqon bobo,
Maysa kabi nurlar emgan cho‘pon bobo,
Kelisida ming armoning tuygan momo,
Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo.

Bor hayoti oqshomgacha zahmat og‘am,
Taqdiriga mudom ko‘ngan jo‘mard og‘am,
Elkasiga oftob ingan kelbat og‘am,
Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo.

Alloh azal ne’mat bilan siylagan yurt
Baxshilari ta’rifidan so‘ylagan yurt,
Farzandlari tinchligini o‘ylagan yurt –
Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo.

Toy-toy bo‘lib ilk bor izim botgan tuproq,
Olis ketsam, meni intiq kutgan tuproq,
Azizlarim, otam-onam yotgan tuproq,
Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo!

KEChIRGIN SEVGIM

Dilda so‘nmas muhabbat haqqi,
Anduhlarni o‘chirgin, sevgim.
Men g‘aribni dildagi ahdi,
Oshig‘ingni kechirgin, sevgim.

Dardlaringa bo‘lmasam darmon,
Ba’zan- ba’zan ranjitsam yomon.
Arazlamay topib bir imkon,
Oshig‘ingni kechirgin, sevgim.

Ha, esimda gullar tutganim,
Visolingga ash’or bitganim
Men telbani shu yupatganing,
Oshig‘ingni kechirgin, sevgim.

Samolardan topgan yulduzim,
Tanhoginam, yakka yolg‘izim,
Dilda alam, bo‘g‘zimda bo‘zim,
Oshig‘ingni kechir, sevgilim.

Ishqqa vafo qilganmi ochun,
Barchasi haq, barchasi oh, chin,
Seni jondan sevganim uchun,
Oshig‘ingni kechir, sevgilim.

* * *

Er yigitlar bu dunyoda
Yashar nomus-ori bilan.
Sevgi ahli shodon bunda
Jondan sevgan yori bilan.

Ishq-muhabbat havas derlar,
Dili ayro kimning kimdan.
Oshiq sevsin ma’shuqini
Yurakdagi bori bilan.

Shoir ahli ash’or bitsa,
Yig‘lab dardin aytsa qalam.
Hofiz kuyga solib aytar
Jaranglagan tori bilan.

Yoshlik qaytmas bahor derlar,
Shirin yodlar qolar bundan.
Keksalikning gashti asli
Boshga tushgan qori bilan.

VATAN

Ko‘kka yetgan chinorlarning
Har yoshida Vatan bor.
Boqib tursam hu-uv tog‘larning
Har toshida Vatan bor.

Sarvqomat singillarim,
Sochlari sunbullarim,
Pilik mijgon, jayron nigoh,
Ko‘z-qoshida Vatan bor.

Ko‘rgan kuni g‘urbat edi,
Qodiriy ham Fitrat edi,
O‘tgan necha ajdodlarim
Bardoshida Vatan bor.

Bobom kutgan kunlar keldi,
Momom aytgan kunlar keldi.
Kuyib-kuyib yig‘laganlar
Ko‘z yoshida Vatan bor.

Vatan ishqi dilim yoqqan,
Tomchi qonim shunday oqqan,
Har erta tong kulib boqqan
Quyoshida Vatan bor.