Xurshida (1967)

Xurshida 1967 yilda tug‘ilgan. TDPUning filologiya fakultetini tugatgan. “Aldamchi tonglar”, “Sig‘magay jismim jahonga”, “Izhor”, “Tarjima”, “Samoyinur” (saylanma) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

* * *

Keldi dilga umid baxsh etib bahor,
Ifor taratmoqda gulbog‘lar ajib.
Ismingni eng latif so‘zlarga o‘rab,
Asta pichirlayman behol, muztarib.

Senga yetolmaydi tilaklarim xush,
Sendan ketolmaydi mahzun xayolim.
Qushlar berolmaydi yurakka taskin,
Sensiz sayri bog‘lar g‘arib, malolli.

Bahor – bu dunyoga ulashguvchi nur,
Ishq kuyin chalguvchi yurak tori-la.
Eng mushkul savdo bu – izhori ko‘ngil,
Dil muqim beshafqat sukut bag‘rida.

G‘unchalayversayu ocholmasa gul,
Visol ne bilmasa muhabbat bog‘i?
Borliqqa bor mehrin sochganda bahor,
Yurakni tirnasa hajr firog‘i.

Uyg‘onish ayyomi uyg‘otar umid,
To‘ldirar yurakka tuyg‘u, ehtiros.
Men aziz ismingni gullarga o‘rab,
Bag‘rimga bosmoqqa haqliman, xolos.

* * *

Goh unsiz, goh sekin pichirlab kun-tun,
Ismingni ko‘p bora aylagum takbir.
Ayt, boshqa nimadan kuch olmoq mumkin,
Ayon-ku, bizlarni bog‘lamas taqdir.

Boumid, shukrona aytib, yurakda
Ulug‘ ishqingni jim ko‘tarib yurmoq,
Kun sayin dardimga ming dard qo‘shmoqda –
Qarshingda behisdek jilmayib turmoq.

* * *

Ashkdan boshqasiga yetmaydi kuchim,
Arshdan boshqa dilning yo‘qdir panohi.
Pitirlar ko‘ksimda benajot bir qush –
Qoqolmas qanotin, chiqmaydi ohi.

Men yana bu qushga jafolar qildim –
Arosat tog‘iga chiqdim yetaklab:
Na ort, na oldinga tashlaymiz qadam,
Na ishq, na hajrdan ocholgaymiz lab.

Asorat tog‘idan ingrar umidsiz,
Ko‘zyoshdan so‘raydi tunu kun imdod.
Pitirlayveradi ojiz va unsiz,
Orzu osmonida qoqolmay qanot.

* * *

Bedor ko‘zlarimdan to‘kilmish sirishk,
Xasta yuragimni qamrab olmish g‘am.
O‘rtar sitamlari benihoya ishq,
Unsizlik qa’rida ingraydi alam.

Mendan ranjimang hech, meni men emas,
Oriyati osmon ruhim boshqarar.
Sizdan beixtiyor yiroqlagayman,
Sizga ixtiyorin bersa boshqalar.

Totli, iztirobli bu ishq, nihoyat,
Qay manzilga eltar tuyg‘ularimiz?
Sizdan ranjimam hech, mendan ranjimang,
Ro‘shnolik ko‘rmasa orzularimiz.

G‘ayrat-shijoatdan matonatingiz
Kamol topgan bo‘lsa: tugal, sinashta,
Ishq azobin unsiz yutmoq bobida
Menga yetolmagay huru farishta.

Jismimiz osmonu yer kabi ayro,
Ruhimiz ilohiy nur bilan tutash.
Hissimiz lovullar o‘t-olov ichra,
Ishqimiz to‘lg‘onar bulutga uyqash.

* * *

Siz tug‘ilgan kun edi kecha,
Men olisda saqladim sukut.
Fikringizcha, befarqlikdir bu,
Shunday kunni dil etgan unut?

Pok niyatga burkab zaminni,
Oy nuriga bog‘ladim tilak.
Yulduzlardan yo‘lladim yog‘du,
Ruhim edi siz-la mushtarak,
Ruhan sizni etdim muborak!

* * *

Qoldim bunda behol, benajot,
Yuragimni kemirdi alam.
Dunyo g‘arib, dunyo bedavo,
Dil yaramga topolmas malham.

Ayt-chi, menda bormi nima ayb,
Senmasmiding olgan dilimni,
Etmabmiding o‘zingga shaydo,
Parvarishlab ko‘ngil gulimni?

Ayt-chi, bormi menda bir ilinj,
Er hech mahal yetgaymi ko‘kka?
Zabt aylabon avval yurakni,
Tashladingu qo‘yding so‘ng yakka.

Dil – muztarib, qaysar va ojiz –
Ishqsizlikda aylanar loshga,
Ming sinov, ming ishtiboh bilan
Ko‘ngil qo‘ysa, qo‘yar quyoshga.

* * *

Qalbimdan yog‘ilgay ezgu tilaklar,
Dilimda saf tortar samimiy so‘zlar,
Hislarim qog‘ozga tutinar yoron,
Ortingizdan boqar mastona ko‘zlar.

Serviqor, orasta o‘tasiz mag‘rur,
Boshlari egilgay ahli kiborning,
Beminnat qalbingiz mehr ummoni
Dunyomni daxlsiz etgay g‘ubordan.