Xurshida Nishonova (1988)

Xurshida Nishonova 1988 yili Namangan viloyati Uychi tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. She’rlari viloyat, respublika nashirlarida e’lon qilinib boriladi.

* * *

Tosh shahar,
Tor xona,
Eski anjomlar.
Xira fonus yoritar toshli yo‘lakni.
Tun yarimlab qolgan,
Gunohkorligim,
Sim-sim og‘ritadi xasta yurakni.

Sovub qolgan qahva,
Suvi qochgan non.
Qog‘ozning ustida turadi qo‘qib.
Shu lahza Xudoyim
o‘arib boshimga,
Yulduzli osmonni yuborar to‘kib.

* * *

Oyog‘osti qildim o‘zimni,
Tentak dilning so‘ziga kirib.
Tundek qora etdim yuzimni,
Manmanlikning izmiga kirib.

Sokin dilga bag‘rini berib,
O‘krab-o‘krab yig‘laydi orim.
Men do‘stimga xor bo‘ldim bukun,
Dushmanimga bir dunyo zorim.

O‘z qadrimning oyoq ostida,
Toptalishin qildim tomosha.
To‘marisga aylanmay qoldim,
Hislar osha, tuyg‘ular osha.

Men na qadar nochorman rosti,
Majnunlikni o‘rgandim guldan.
Hislarimni kaltaklab osdim,
So‘ng ayrildim,
Ayrildim dildan.

Oyoqosti qildim o‘zimni,
Tentak dilni iziga kirib.
Osmon qilib qo‘ydim o‘zimni,
Bevafoning so‘ziga kirib.

* * *

Dunyo –dallol,
Yonidan o‘tar bozorchi yillar,
Qarindoshing uqubat,
Begona omad tilar

Baxt degani o‘zini,
Bozorga solar buncha.
Muhabbat — so‘qir kampir,
Havas — tannoz xonimcha.

Umr — devona sabo,
Daydib-daydib boradi.
Voz kechadi baridan,
Yana qaytib boradi.

Qo‘limga yuzin bosib,
Lola jon taslim etar.
Meni samo sirg‘asi,
O‘limga hukm etar.

Dunyo — sarxush bir daydi,
Ohuni ataydi bol.
Orzu — ulg‘aymas bola,
Armon — ajal yetmas chol.

Taqdir zulfimdek chigal,
Bu ham Haq irodasi.
Tanimdagi telba ruh —
U dunyoning pardasi.

Zamon — sahro, men unda,
Qo‘rg‘oshin tuproq — qumman.
So‘z bodasin simirib,
Mast bo‘lmoqqa mahkumman

* * *

Bo‘ldi.
Kelma.
Kerakmas endi.
Tasalliga emasman muhtoj.
Yo‘lingda ishq yomg‘iri tindi,
Yana kuldi men kutgan siroj.

Qo‘y.
Elanma
Ketgin butunlay.
Shafqat nima unutib bo‘ldim
Avvalgi ma’shuqa emasman, chindan,
Hilol yangig‘ nuradim,
To‘ldim.
Sen ham kutma
Men ham bormayman.
Nima qoldi muhabbatga xos
Senda qoldi xo‘rlangan ishq-u,
Mendagisi kuyuk dil, xolos.