Xursandbek To‘liboyev (1985)

Xursandbek To‘liboyev 1985 yilda tug‘ilgan. Berdaq nomidagi QDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini bitirgan. Ajiniyoz nomidagi NDPI magistratura bo‘limida tahsil olgan. Alisher Navoiy nomidagi SamDU aspiranti. Ijodiy ishlari “Amudaryo haqiqati”, “Yoshlik”, “Sharq yulduzi” gazeta-jurnallarida e’lon qilingan. O‘ttizga yaqin ilmiy-publitsistik maqolalar muallifi. “Adabiy tafakkurdagi evrilishlar”, “Isajon Sulton ijodiy portretiga chizgilar” nomli risolalari chop qilingan.

SAVOL

Taqdir beshafqatmi yoki men o‘zim,
Yillar so‘rog‘idan ko‘ngillar zada?
Tap-taqir sahroda qoldim sevgilim,
Imkon yo‘q, mador yo‘q qadam tashlashga.
Borliq xazon bo‘ldi, ne uchun bilmam,
Xotiram qa’rida ishqning vidosi.
Hayotda sen uchun yashayman, desam,
Yurakka kim soldi bunday savdoni?
Qashqirlar makoni, atrofimda jam,
Kimdir mazax qilar, kimdir yupatar.
Bu yorug‘ olamda muhabbat, desam,
G‘animlar qo‘limga og‘u  tutqazar.
Tun ham botib ketdi, borliq zulumot,
Singib ketayapman bilmam qaylarga?
Yolg‘iz sahro ekan bilsam koinot,
Aytaman ichimda sirim Ollohga.
Kuzmi bu? Bahormi bir butun borliq,
Sariq yaproqlarda oyning surati.
Bilsang, dilimdagi og‘irdir og‘riq,
Shumi sevgan dilning mangu qismati?
Hayot beshafqatmi azizim, hayot,
Shodlik ne ekanin ko‘rmay keturman?
Yashar yuragida ishq bor barhayot
Va sensiz mungli kuy bo‘lib o‘turman.

* * *

Tun dedim, zulmatga tashlama, ey dil,
Meni zulmat domidan o‘zing qutqargil.
Yo‘limni yoritgin, shafqat qil menga,
Ohimni eshitgil, hayrat ber menga.
Kelishdan ne maqsad? Ketishdan ne naf?
Sening dunyong sirli, men-chi, har taraf.
Mehribon volidam mehridan bergil,
Sog‘indim, yonimga sog‘inib kelgil.
Yo sensiz dunyodan savob kutay men,
Savoblar ichra bir javob kutay men.
Kuylarim bor edi jonimni yoqqan,
So‘zlarim bor edi zulmatdan qochgan.
Ne deyman borliqqa sochilgan sirlar,
Xursanding dardiga bormi sheriklar?

SENING YoDING HAQIDA SO‘ZLAR…

Bilaman:
tugadim,
to‘xtadim.
Sening yoding bilan o‘smog‘im bordir.
Sensizlik –
yolg‘izlik,
charchadim.
Har bir nigohingda tuhfa – ozordir.
Qayrilib,
qiziqib
boqmaysan.
Negadir o‘zimni past urdim?
Sevgilim,
sog‘indim
bilmaysan.
Kuz kelmay, sob bo‘ldim, bukildim.
O‘zimga,
so‘zimga
qaytdingmi?
Hech qursa bir so‘zga tashnaman.
Sog‘indim,
sog‘inching
aytdingmi?
Men seni kutaman, kutaman.

* * *

“O‘ksib-o‘ksib axtaraman nur”,
Yulduzlardan so‘raymi seni?
Kimsaki bor berolmas huzur,
Beadog‘ o‘y qiynaydi meni.
Bahor keldi. Yulduzim bahor,
Senga boshlar yo‘llar gullaydi.
G‘animlardan yetmoqda ozor,
Tangrim bilar, hech kim bilmaydi.
Orzu nima, nedir saodat,
Necha kunki g‘am botdi ko‘zga?
Ishqi borliq, qayda adolat,
Etolmasman yulduzim kuzga.
Ezilaman kunlar o‘tmasdi,
Sen yodimga tushasan shu on.
Qiynalishim odam bilmasdi,
Bir vujudda qadrimiz arzon.
Sen – ma’nosan, ovunch malhami,
Sen – dunyoning sirisan dildor.
Yig‘lay-yig‘lay axtarib seni
Ruhim ko‘kda kezar umidvor.
“O‘ksib-o‘ksib axtaraman nur”,
O‘tib ketgan soniyalardan.
Kimsa borki berolmas huzur,
O‘sib ketdim mag‘lubliklardan.
Do‘stim o‘zing, najot farishtam,
Dunyo – armon, dunyo – yolg‘izlik.
Yuragimda yurak o‘zingsan,
Meni qiynar doim sensizlik.

TURFALIK

Inson qismatining ko‘chalari ko‘p,
Yaxshiyu yomonu qilchalari ko‘p.
Bir kunda dunyoni aylanib qaytar,
Insonlik sharafi saylanib qaytar.
Bahorga sir ochgan kimlar qolmadi,
Saraton izillab, so‘zlar yonmadi?
Bir yo‘lda talashar bir ko‘ngil uchun,
Bir ko‘ngil talashar bir yo‘llar uchun.
Qay tuproq Vatan der, tanib ta’mini,
Erga topshiradir og‘riq vaznini.
Kimning xatosidan kimdir unadir,
Qarasang, dunyomiz ham turfa-turfadir.
Aytishar nolayu ohdan bir shingil,
Faqat yuraklarda ulg‘ayar ko‘ngil.
Zamonning dardini ortmoqlaydi kim,
Yaxshini yuksakka chorlaydi bilim.
Turfalik bor, asli, tabiatda shon,
Shundan nusxa olib yashaydi inson.
Lek ko‘ngil turfalik to‘nin kiysa ham,
Unga yarashadi ko‘ngil degan nom.