Xurram Rayimov 1950 yilda tug‘ilgan. Termiz davlat universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini bitirgan. Ijodkorning “Mohitobonim”, “Qo‘shqanot”, “Mehrigiyo”, “Oq tulpor”, “Qalbimdagi qush” singari she’riy, “Yurak uxlamaydi” publitsistik kitoblari nashr etilgan.
OYMOMO
Hoy, oymomo, oymomo,
Senla go‘zal keng samo.
Gulday yoshingga seni
Epmi atash, deb, momo?
Oymomojon, oymomo,
Suluvlikka boy momo.
O‘xshaysan buvimizga,
Ertak aytib ber bizga.
ILIQQINA MUZQAYMOQ
Dilovar bir narsani
Doim o‘ylab yuradi.
Nega uning tomog‘i
Tez-tez og‘rib turadi?
Qizaloqni xolasi
Tinglar go‘yoki o‘rtoq:
– Qani bo‘lsa, – der qizcha, –
Iliqqina muzqaymoq.
TO‘XTA, TUVALOQ
To‘xta, tuvaloq
Suyganing qumloq.
Ko‘klamni ko‘rsang
Ochasan quchoq.
Gala bo‘lishib,
Oyday to‘lishing,
Menga yoqadi,
Yayrab yurishing.
To‘xta, tuvaloq
Gapga sol quloq.
Qochishni tashla,
Bo‘laylik oshna.
BOLTAYuTAR
Eshitdigu nomingni
Hayratlanib qoldik, rost.
Balki, yaqin o‘rtada
Bo‘lsak kerak yaqin do‘st.
Hayron qoldirdi bizni,
O‘zdan ketar emishsan.
Qorning ochsa, shu chinmi,
Bolta yutar emishsan?
QIZILIShTON
Kamzulingga bir boqchi,
Qizilmi u yo oqmi?
Turfa rangga bo‘yalgan
Mayda-mayda quroqmi?
“To‘q-to‘q”latib daraxtning
Buncha tinchin buzasan?
Qarzing bo‘lsa ayt, birdan,
Uni qachon uzasan?
OYoG‘IDA QULOG‘I
Keng dalani to‘ldirib
Chirillaydi chigirtka.
Qish keldimi, inida
G‘imirlaydi chigirtka.
Eng qizig‘i shundaki,
Ajabtovur oyog‘i.
Bor tovushni eshitar –
Oyog‘ida qulog‘i.
XIRA PAShShA
Holimizga qo‘ymaysan hech,
Ming‘illaysan, xira pashsha.
Kelishmoqning iloji yo‘q
Sening bilan sira, pashsha.
Qo‘naverib, chaqaverib,
Holi-jondan toldirasan.
Ovoramiz, quvib seni,
Qancha ishdan qoldirasan.
QIZG‘ALDOQ
Chiroy ila zeb berar
Dalalarga qizg‘aldoq.
Aytolmay yurak sirin
Qizarib turar har chog‘.
Alvondir ko‘ylaklari,
Beli nozik juda ham.
Kuchsiz yel essa hamki
Engashib berar salom.