Vafo Fayzulloh (1963)

Vafo Fayzulloh 1963 yil, 27 iyulda Navoiy viloyati, Karmana tumanining Tog‘guzar qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1986). «Hug» (1993), «Xabarsiz sevinch» (1997), «Mangu lahza» (2000) she’riy kitoblari nashr etilgan. Jahon she’riyati vakillari — Sh. Bodler, P. Verlen, A. Rembo, I. Brodskiy ijodidan o‘zbek tiliga tarjimalar qilgan.


KUZ VA BAHOR ORALIG‘IDA

Osmonning rangiga qo‘shilgan ranglar
Olmalar hidini hidlaydi tutib.
Qishloq. Boshlanadi pistoqi janglar,
Yashamaydi ular bahorni kutib.

So‘lg‘in bog‘. Qabarib qolgan qabrlar
Ko‘ksimni to‘ldirar aytmay alvido.
Tunlarni quchoklab yig‘lar adirlar,
Eskirgan fasldan bo‘lmasdan judo.

Tongda uyg‘onadi ko‘kargan tuproq,
Tugaydi men ekkan so‘nggi sabrlar.
Qahraton ostida qolmasdan chorbog‘,
Quyoshga talpina boshlar qabrlar…

Sumbula suviga chaydim ko‘nglimni,
Garchi yuvib bo‘lmas gunohlarim bor.
Garchi g‘arib ko‘rdim gulday umrimni,
Bexayol bo‘g‘zimda tilla bog‘ich dor.

Chaydim, Majnunlar xor, ishqimdan yodgor,
Tuyg‘um cho‘qqisiga lolalar ildi.
Xotiram qirida ko‘milgan bahor,
Ruhimning bir etak bolasi keldi.

Ne bir dahshat sirlar tomiri dilda,
Aytsam o‘zaniga qaytadi dunyo.
Aytsam, telba derlar tuqqan elimda
Bulbuligo‘yolari Haq demas aslo.

Chaqmoqqa mingancha kelar vidosi,
Qani edi men ham qiyqirib kulsam.
Meni-da sog‘inadi tongning Egasi,
Chayilgan ko‘nglim bilan ko‘klarda o‘lsam.

QIShLOQI ShOIR BAXTI

Qishloq armonlari yig‘ilgan do‘nglik,
Ovozalar sevar ul qizning husnin.
Mendan bo‘lak yana shaydo to‘kqiz bek,
Tunlarni tebratib takrorlar ismin.

To‘daboshi borib turgan bezori,
Qonagan burunlar kuchiga tilxat.
Qo‘rqitib olmoqchi bo‘lar bahorni,
Sevgi haqiqatning lunjidagi bayt.

Sho‘xlik ko‘chasida biri kuchukboz,
Qarog‘ida yashar ovul itlari.
Qishloq kuylariga ular jo‘rovoz,
Oqshomlar yo‘rgagin esa yirtadi.

Agar to‘daboshi bo‘lsa zo‘ravon
O‘sib kelayotgan yurak cho‘liga.
Ishoning, kuchuklar edi hukmron
Ul pari qatnovchi qishloq yo‘liga.

Ana, kengliklarda tushdi esimga
Kuylari osmonga yoyilgan Cho‘lpon.
Uning kuylaridan ho‘ngrab yigladim,
Lekin boylik deya o‘ladi jahon.

Havas oshiqlikni olmoqchi sotib,
Qishloqning tilida aylanar armon.
O‘q yo‘qmi, qo‘zg‘aling kesaklar otib,
Boylik sevolmaydi, sevgisi yolg‘on.

Tepalikning dardi oshiq o‘novlon,
Qayralgan tishlarda ko‘rmoqlik havas.
Go‘zallik mag‘rurdir misoli osmon,
Maktublar yirtilgan, hech kimga boqmas.
Bilaman, hammangiz bo‘saga zorsiz.
Orzular to‘zoni ichra turibman.
Yillar qahratonda qolgan bahorsiz,
Men uning qalbini o‘pib yuribman.

Mayli, qoptiringiz tishlong‘ich itga,
Men ham ul sevgiga axir daxldor.
Do‘stlarim, bari bir qolgaysiz chetda,
O‘nta dard meniki va bitta bahor.

Hayot she’rlarini yodlab, yukungan,
Hayajonim qishloq husniga ovchi.
Mening tomonimdan, mening ishqimdan
Hofiz bilan Xayyom bo‘ldilar sovchi.
Do‘stlarim, bari bir qolgaysiz chetda,
Siz sevgan, men kuygan, ul esa bitta.
She’r yozdim yo‘liga, ismidir vasfi,
Tayyorman Isodek mixlansam butga.

Uning qanotidir qishloq alvonchi,
Bulut ovozimda kunlar quvonchi.
Mening tomonimdan, mening ishqimdan
Hofiz bilan Xayyom bo‘ldilar sovchi.

MEN KIM

Bu yangi rabot bo‘lsa, maymunlar kulsa,
Ko‘ngil o‘lsa, qirq yil ketmaydi dog‘i.
Inson yasholmasa, gul kulolmasa,
Boldan bezgan dunyo izlaydi og‘u…
Men nima ham derdim?
Men kim ham erdim?

Tegramda maloyiklar alvasti ta’lat,
Yalmog‘izlar tashlab ketgan borini…
Ismimdan dard yo‘narlar – arvohlarga xat,
Bulbullar yurar ko‘tarib bedil zorini.
Men nima ham derdim?
Men kim ham erdim?

Ohu hur yo‘qolgan nur, topilgan uzr,
Hayotga erk tekkani shayton qonidan.
Iblisning kishanida ilohiy huzur.
Sevinch tush ko‘radi g‘am yobonida…
Men nima ham derdim?
Men kim ham erdim?

Tutab xurshid botur, oyni uyg‘otur,
Qavmi noma’lum sham izlaydi o‘lja.
Ko‘nglimda qilichini qayraydi qotil,
Ruhimning izg‘ishida ko‘rk tug‘ar g‘uncha.
Men nima ham derdim?
Men kim ham erdim?

Sabil fasli zafar, mutribadir kar,
Notinchlangan nag‘ma qasdi dilorom.
So‘nggi imkonimni yegan jigarlar.
Tongda ag‘yor istar, tunda xunli jom.
Men nima ham derdim?
Men kim ham erdim?

Dovullar almashadi, daydir turli kuy,
Gunohga yashringanni kim ham topadi?
Oqillar johillarga beradilar to‘y,
Lolaruh ma’volarda itlar chopadi…
Men nima ham derdim?
Men kim ham erdim?

Kundada qilich chopmas bedavo sevgim.
Ishqsiz bolasini moh yo‘rgaklaydi.
Saroblarda sarmast bevafo sevgim,
Seni xotir degan it so‘roqlaydi!
Men nima ham derdim?
Men kim ham erdim?
Yolg‘on shamoyilli jallod munojot –
Qaysdan Majnungacha azaliy zulm!
Tilsiz bahorimni ko‘mib kelgan bod,
Qabrini tirnalaydi savdoyi dilim.
Men nima ham derdim?
Men kim ham erdim?

Tirilarmi ko‘nglim, o‘lmasmi o‘lim?
Kuzning boshi ochiq kunlari menda.
Sendan umidim yo‘q, sen, sensiz yo‘lim
Qararsan kimgadir zor, tentirmi senda?!.
Men nima ham derdim?
Men kim ham erdim?