Usmon Temur (1940-2018)

Usmon Temur 1940 yil 30 yanvarda Qirg‘izistonning Aravon tumaniga qarashli Chekobod qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini (hozirda O‘zbekiston Milliy universiteti) tamomlagan. “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi”, “Guliston” jurnallarida ishlagan. “Sharkdan maktublar”, “Qorboboning istagi” nomli to‘plampari chop etilgan. To‘rt jildli asarlari majmuasi nashr qilingan (2013).

AYTDIM

Bugun hurmiz, olam ezgulik,
Mustaqilmiz Xudoga shukur.
Kurash so‘nggi – erku ezgulik,
Engib chiqar el bo‘lsa bikir.

Ta’zim qilgum elning sabriga,
Beraoldi orzusiga zeb…
…Borib cho‘pon otam qabriga
Aytdim: “Endi mustaqilmiz!” deb.

ChUChMOMALAR

Ko‘tarilar ko‘p narsa yoddan,
Lekin, bari unutilmaydi…
…Bir ish bo‘lgan ekan hayotda,
So‘zlamasam sira bo‘lmaydi.

Mo‘g‘ul bosgan chog‘da Turonni,
Boqqan elga boqqanday itga.
Depalatgan otga “Qur’on”ni,
Otda kirib Chingiz machitga.

Sheriklari xalqni qilib jam,
Yo‘l olinglar adirga degan.
To‘rt tomonda yashillik, ko‘klam,
Chuchmomalar ochilgan ekan.

Mo‘g‘ul undan to‘rt-beshta olib,
Yoy o‘qiga mahkam bog‘lagan.
Ne desin el! Yov edi g‘olib,
O‘zini mard, ulug‘ chog‘lagan.

O‘y-xayolga yovuz o‘y ko‘chgan,
Sopol qilgan hammasi yuzni.
So‘ng, gulli o‘q uchgan va uchgan,
Uchgan chog‘lab yurak va ko‘zni.

Jazillatgan u qari tanni,
Ne ko‘krakdan sutu qon oqqan.
Nobud etgan gulday badanni,
Yovuzlarga esa shu yoqqan.

Qocholmagan biron yosh, qarri,
Chuchmomali o‘q tegar ekan.
Gulga tomgan qaynoq yoshlari,
Chuchmomadan o‘layapmiz degan.

Bu qirg‘inga loqayd tikilgan,
Tomoshaga ancha o‘ch samo.
Mag‘lublarda shunday o‘y bo‘lgan:
“O‘ch olayapti bizdan chuchmoma…”

Yoqa tutgan botmay qolgan oy,
Kamonlarning egilgan beli.
Tugamagan adirda oh-voy,
Tugasada qirlarning guli…

…Hushyorlikni unutma bir on,
Mustabidni ko‘p ko‘rgan elim.
Yashar shunda suyganing Turon,
Chuchmomalar tashimas o‘lim.

* * *

O‘y suraman, o‘ylar suraman,
Yurakkinam xohlagan payti.
Etti emas, yetmish bobomning
Kelganimda qabridan qaytib.

O‘y surganda, xayolim uchib,
Bir fikrni olib yeladi.
O‘tgan buyuk, suyuk bobolar
Qabrlarin ko‘rgim keladi.

Yo‘lga chiqib, boshimni asta
Egay desam, qabrida bir dam –
Al-Farg‘oniy, al-Xorazmiyning
Qabrlari qayerda, bilmam.

Boray desam, ta’zim qilgani,
Hech bo‘lmasa bir ko‘ray desam.
Ming afsuski, ulug‘ Forobiy
Damashqda yotar hali ham.

Ko‘rish, oyat o‘qimoq uchun,
Etarlidir kamina azmi.
Abu Rayhon Beruniy bobom
G‘aznidadir – notinchroq G‘azni.

Garchi, yashar biz bilan birga,
Garchi, ilmi, ismi jondadir.
Borolmayman – tengsiz alloma
Ibn Sino Isfahondadir.

Suratini kunda ko‘rsam ham,
Hikmatlari tursa ham yodda.
Bobolari bobomga yurtdosh –
Mir Alisher yotar Hirotda.

Ming armon bo‘lsa ham dilda,
Bir uchqunin g‘azalga tutgan:
Bobur Mirzo o‘zini ne hol,
“Bog‘i Bobur” ichra berkitgan.

Yana qancha bobom, momomni
O‘zga yerlar bag‘riga olgan.
Allakimlar etgach mosuvo
Shoir Furqat Yorkandda qolgan.

Tog‘am o‘tkach turmada bildim,
Hammasidan qatag‘on yomon.
Ulug‘larim – Qodiriy, Fitrat,
Cho‘lpon qabrin topmadim hamon.

Ko‘ray desam, yo‘qroq iloji,
Ko‘rmay desam, alam-armondir.
Sajdagohim – Toshkent, Samarqand,
Qo‘qonu O‘sh, Shohimardondir.

Sayohatlar olsa gar hushim,
Yurish nasib etsa xorijda –
Ba’zilarday gangib yurmasdim:
Afina, Rim yoki Parijda.

Ko‘rar edim ularni bir-bir,
Bu zoti turk shoirning so‘zi.
Buyuklarga – tug‘ilgan yer ham,
Vatan bo‘lgan garchi yer yuzi.

Deyman, imkon topadi avlod,
Qolmas bizday o‘kinch, armonda.
Men bir oddiy odamman, ammo,
Ko‘z yumay O‘sh yo Aravonda…

DA’VAT

Kel, o‘sha hijrondan qasos olaylik,
Dod chiqsin uning ham dili qa’ridan.
Qilmishin yuziga bir-bir solaylik,
Bizni ko‘rsa o‘tar bo‘lsin naridan.

Ko‘rding-ku, oradan joy olib hijron,
Na bizni ayadi, na qildi karam.
U kimlar buyrug‘ini ayladi ijro,
Sevgimizni xo‘rladi aylabon karam.

Yurdi-ya kerilib, yo‘q kabi to‘siq,
Oshufta ko‘zlarimiz kora ayladi…
Ishk zavqiga tashna dillarni ezib,
Orzular kurtagini yara ayladi.

Visolda toblanar yuraklar xaqqi,
Ul shumni shu bugun to‘rga solaylik.
Ikki dil topishsa yitar ul daqqi,
Kel, birlashib undan qasos olaylik!

SEN QAYDASAN…

…Sen qaydasan?..
Hamon bilmadim…
Hamon yashayapman, hamon o‘lmadim.
Men tole izladim, topa olmadim,
Jilg‘aman, haliyam soyga kelmadim…

Sen qaydasan?..
Xabar yo‘q hamon,
Kunlarim goh yaxshi, ko‘pincha yomon.
Ayriliq zahmidan yuzimdir somon,
Seni deb yashadim, yashayman tamom! …

Sen qaydasan?
Ko‘p bor bo‘zladim,
Ohimni goh yelga, elga so‘zladim.
Qadring o‘tganida isming sizladim,
Boshqaga zarracha ilinj sezmadim… …

Sen qaydasan?
Bilolmay men xun.
Senu men tufayli kun ko‘rar ochun,
Nahotki ko‘rsatmas muhabbat kuchin,
Izlabam qo‘ymaysan bir bora nechun? …

Sen qaydasan:
Xabar bergin tik!
Axir tezroq yonsa tez tugar pilik…
Hayot tatir ekan bo‘lsang gap suyuk,
Shuyam yashash bo‘ldi, shuyam tiriklik!

Sen qaydasan?
Yoningdami onang –
Seni olib ketib, holim qilgan tang.
Shoir gado, deya uyushtirgan jang,
Shu so‘z qulog‘imda beradi jarang…

Sen qaydasan?
Kunduz ishdaman.
Xayolda sen bo‘lsang esda-xushdaman.
Garchi yoshligimga xayr-xo‘shdaman:
Sen qaydasan? Un ber, O‘shdaman!!