O‘roz Haydar 1957 yilning 8 aprelda Qashqadaryo viloyatini Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. ToshDU (hozirgi O‘zMU) geografiya fakultetining quruqlik gidrologiyasi bo‘limini tugatgan.
Shoirning ilk to‘plami “Quyosh o‘tovi” deb nomlanib, 1984 yilda chop etilgan. “Kuylovchi toshlar” (1990), “Musiqor” (1993), “Hazilkash qish” (1997), “Oq soya” (2004), “Aksiamo” (2005”, “Yaylovdagi oq o‘tov” (2005), “Vaqt iztirobi” (2005), “ Ruhafzo” (2008), “Kechikkan fasl” (saylanma, 2010), “101 sonet” (2010), “Falak favvorasi” (2012), “Sukut haqqushi” (2018), “Quyosh tabassumi” (2021) she’riy, “Ikki o‘lim” (2011), “Bug‘doyzor oralagan so‘qmoqlar” (2015) nasriy asarlari chop etilgan.
“O‘zbek shoirlari antologiyasi” (Hindiston), “Evroosiyo shoirlari antologiyasi” (Turkiya)da bir turkum she’rlari ingliz va turk tilida berilgan.
Vasiliy Shukshinning “Ikkinchi seansga chipta”, K. Paustovskiyning “Quyon panjalari” hikoyalar to‘plamlarini, Antonio Porkening “Shovurlar”, Ivan Buninning “Qutb yulduzi” (2021) nazmiy tizmalarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Shuningdek, Fyodor Tyutchev, Afanasiy Fet, Ivan Bunin, Aleksandr Blok, Velimir Xlebnikov, Yevgeniy Yevtushenko, Robert Rojdestvenskiy, Aleksandr Voznesenskiy, Konstantin Vanshenkin, Iosif Brodskiy, Sonya Shatalova kabi rus shoirlarining turkum she’rlari tarjimalaridan iborat “Dengiz tulpori” to‘plamini nashrdan chiqargan.
Shoirning ingliz, nemis, turk, tojik, qozoq, qirg‘iz tillarida to‘plamlari chiqqan. She’rlari rus, assam, frantsuz, ozarboyjon, turkman, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari bo‘lib ishlaydi.
“Eng Aziz, eng ulug‘” an’anaviy respublika tanlovining g‘olibi (2008). Ozod Sharaffiddinov nomidagi “Jahon adabiyoti” mukofti sovrindori (2019).
KUZ
Xazon hidin sochur kuzning havosi,
Hali o‘chgan emas kunning safosi.
Mezon iplariday tortilar tarang,
Tolning chivig‘idan taralgan ohang.
Bir qiyo boqib qo‘y paxtazor tomon,
Ko‘zingda chaqmoqtosh chaqnar nogahon.
Oppoq bulutlarday ko‘pirgan paxta,
Zamin momiq ichra o‘ltirar taxtda.
Hali qishni sira tutma deb otin,
Quyosh cho‘ntagidan uzatar oltin.
Farog‘atbaxsh kunlar tovonidir bu,
Kuzning qishga taxtiravonidir bu!
Siylangan makonni siylaydi egam,
Siylov baxti bilan taxtli xalqim ham.
Do‘stginam, qani yur, dala kezaylik,
Tuproqdan bobolar taftin sezaylik.
Ko‘kka bosh otaylik, biz sari unsiz,
Xuddi otamizdek boqayotir Kuz.
DIYDOR
Ikki chol – ikki do‘st uchrashib qoldi,
Gapni goho tog‘dan, goh bog‘dan oldi.
—Xudoga ming shukr, — so‘z oldi biri, —
Qay bir tosh ostida ketmadik chirib.
Zamon qamchisini o‘ynatganda ham,
Kovakda jon asrab qutuldik, oshnam.
Juda boshqachada hozirgi zamon,
Sut tishi chiqmagan chevaram Omon,
Sotkada gaplashar beshikdan tushmay,
Ishongim kelmaydi, tuyular tushday.
—Enasin qornidan tushgani hamon,
Qani moshin dermish chevaram giryon.
Gapni ilib ketdi ikkinchi chol ham, —
Bir osham oshdayin hayotdir xush ta’m.
—Kampir qanday, kampir, kampirdan gapir,
—Bir qisim turshakday, yuz bo‘lsa patir.
—Bizniki sal gapga qiladi tumshuq,
Qamchini oldirdik, gar urdimmi do‘q,
Uch kun, gohi hafta eshik qaraymiz.
—Ularning kuniga endi yaraymiz.
Qo‘lida goh ruhmiz, goh farzin, to‘ra,
Jilovi yo‘q otga o‘xshaymiz, jo‘ra.
MUHABBAT
Muhabbat quvvati quyosh barobar,
Eng xunuk narsa ham ko‘rinar lobar.
Xushbo‘ylik ulashar bo‘g‘iq, zax havo,
Balchiq suvidan-da topolgung davo.
Qurigan novdaga baxsh etur hayot,
Tuyqus osmoningdan yog‘ilar bayot.
Ro‘yolar nayrangi tortolmaydi mil,
Ko‘zguga aylanur har qanday ko‘ngil.
Ilk bora o‘zingni tinglaysan, lekin
Zulmatda ham topgung uying eshigin.
O‘zingni o‘zingdan etursan ozod,
Ko‘ngil vatanida qolgung umrbod.
QO‘ShIQ
Oy zulfini soyda taragan oqshom,
Yulduzlar uyalib qaragan oqshom.
Xayol qizi bilan sirlashganda ko‘k,
Nuqra tus yer bilan birlashganda ko‘k,
Majnuntol bargiga inganida dil,
Shabnam shovuriga do‘nganida dil,
Sabo qizaloqdek xo‘rsingani dam,
Ro‘molingni otding menga, ma’budam.
Oyning chashmasidan sut isin tuydim,
Suymaganim ne bor, barini suydim.
Maysa titrog‘idan to‘lg‘ondi olam,
Muhabbat yuzimga tutdi oyinam.
Tosh edim, tog‘ bo‘ldim, ha, o‘sha oqshom,
Cho‘l edim, bog‘ bo‘ldim, ha, o‘sha oqshom.
SOG‘INCh
Eldirim yillar-la, ha, chopa-chopa,
Dunyodan ne topdim, qo‘lim bo‘sh, opa.
Menga deysiz har gal diydorlashgan on:
“Otamni ko‘rganday bo‘ldim, ukajon.
Loysuvoq tomimiz esingdamikin,
Qizg‘aldoq bargidan chek tutgan tekin.
Har bitta shabnamda titrardi quyosh,
Der edik to‘karkan quyosh ham ko‘z yosh.
Ko‘zimdan o‘chmaydi enam yopgan non,
Tushlarimda uchib yuradi hamon.
Huv, enam kuvida shopirar ayron,
Oydinda oy boqar misoli jayron.
Momolar gurungi, qizlar kulgusi,
Jonga titroq solib, nurga to‘lgusi.
Shukur chavandozning nabirasisan,
Bobom ot ustida jon taslim qilgan.
Cho‘k tushma, bobom tik turar go‘ridan,
Uzilib qolmagin elning zo‘ridan.
Oting jilovini tutma g‘animga,
Aslo dog‘ tushmasin obro‘, shaningga.
Otam urush ko‘rgan, o‘q uzdim derdi,
O‘zidan uyalib, tepardi yerni.
Jangdan qaytganlarga osonmas zinhor,
Dushman onalarin malomati bor.
Ota ham, ena ham bir chilgi uzum,
Uzilsa, bog‘ingni tark etar shu zum.
Enam diydorida oyni ko‘raman,
Otam yurgan yo‘lda soyni ko‘raman.
Toshlar ham oqarkan daryo toshganda,
Qo‘ling yerga yetmas yoshing oshganda.
Boshing toshdan bo‘lsin, uka, omon bo‘l,
Zamon yetagiga olsa, zamon bo‘l…”
Men ham deyman siz-la xayrlashgan on:
“Onamni ko‘rganday bo‘ldim, opajon!..”
KUZ TONGI
Hali ko‘kda quyosh aytmasdan azon,
Shamol etagida to‘ziydi xazon.
Kumush tangasini suvda o‘ynab Oy,
Mavjlar jig‘asiga beradi chiroy.
Olis kengliklarning muzday hovuri
Shu’laga belaydi shabnam shovurin.
Entikib, sen sari ildamlaydi yo‘l,
Moviy oynasini tutar bunda ko‘l.
Sokinlik chodirin yig‘ishtirar jim,
Qara, huv turnalar otib arg‘amchi.
Daraxtlar gulxani guvillar beun,
Qizargan barglardan sochib-da uchqun.
Sovuq nafosatning olovli sasi,
Olis xotirotning erur nafasi.
Tog‘ni yelkasiga xurjunday tashlab,
Tongni Yer borayotir quyoshga boshlab.
AKSIOMA
Insho yozmoqdaman, ammo mavzu yo‘q,
Siyohdonda siyoh bormoqda qurib.
Tasavvur ko‘zida bir oltin baliq,
Iltijo qiladi unsiz qichqirib.
Tamaki ezganday ezib fikrimning
Kepagin elakda elayman raso.
Men dod solganimda, mazmunsizlikdan
So‘qirning qo‘lidan uchadi aso.
Mavzusiz kunlarning taqvimi uzra
Nishonni topolmay uchib yurar o‘q.
Men tanlagan narsaning har birida,
Garchand, mazmun boru, mavzu yo‘q.
* * *
Bugun bir g‘arib kun, yuragim bo‘m-bo‘sh,
Odam o‘z-o‘zini inkor etgan kun.
Chunki uyg‘oqmanu ko‘rmoqdaman tush,
Quyoshdan nur emas, taralar tutun.
Uchar gilamlarda boshsiz odamlar,
Oyog‘i osmonda xurrak otadi.
Daraxt qadamini o‘lchab, chamalab,
Uning o‘sishini Yer kuzatadi.
Kim u cho‘qqiga tosh yumalatayotgan,
Nahot, Sizif bo‘lsa, tirikmi hamon.
Umi mavjudligin isbotlayotgan,
Uch ming yildan beri ovora, sarson.
Mana ochlikdan-da qurib va qaqshab,
Qimir etmas tog‘lar – dinozavrlar.
Yo‘llar esa borar sudralib, oqsab,
Evrilar girdida yillar, davrlar.
O‘ngingda tush ko‘rmoq – oftobda to‘nish,
Shishadek to‘kilar qadimiy sukun.
Bugun shunday kundir – g‘arib va bo‘m-bo‘sh,
Uzr deyishga or qiladigan kun.
OHANG
Qo‘limda miltiq yo‘q, lek ovchidirman,
Na-da to‘r, na tuzoq qo‘yganman qushga.
Meni alday boshlar jilvagar ohang,
Sal diqqat qilsangiz o‘xshar olqishga.
Har qanday ohangda afsun bor, rabbiy,
Ilon afsunidan dahshatli afsun.
Fikrni bo‘g‘ajak har qandayin kuy,
Beo‘t kuydirajak shuur oynasin.
Har qanday ohangda mustabidlik bor,
Riyo kapalaga o‘ynaydi quvnoq.
Men ohang ovlayman tunu kun bedor,
Yo‘lda uchratsammi, o‘ldirgum shu choq.
EY GUL
Ey gul, ko‘ngil suviga aylan,
Ey gul, cho‘mil otashkadada.
Sabrim tufroq etdi bul gulshan,
Qanoatda ekdim bir sada.
Jon jilvasi husning durida,
Kamalakni bichguvchi me’mor.
Menmi, kechir, mehring nurida
Yuragini sug‘urgan bemor.
Falak meni tush ko‘rdi bugun,
Yuz ming Horut afsuni so‘ndi.
Dunyo – qattiq tugulgan tugun,
Echolmayin tishlarim sindi.
Ey gul, vujud husningdek toza,
Ey gul, so‘rovingdan ogohman.
Falak sendan olur andoza,
Garchi taxtim yo‘g‘-u podshohman.
* * *
Mening mazhabim ne, taxtim ne ma’vo,
Ka’bam qayondadir, manzilim qayon.
Jamshid jomi singan, olam benavo,
Muridlik kulohin kiymish pir shoyon.
Garchi ko‘zim ochiq, zulmatda dunyo,
Sham yo‘q, parvonalar nechun parvona.
Ma’shukda husn yo‘q, oshiqtsa hayo,
Mayxo‘rlar may so‘rab, g‘amdin mastona.
Bunchalar badbo‘ydir tongning nafasi,
Qoraygan daraxtlar – ajalning tug‘i.
Tog‘lar ko‘z-ko‘z kilur moviy qafasin,
Falak qamaldadir, chil-chil oy tig‘i.
Ko‘kdan mujda kutar zavqsiz ul solik,
Xizr umri kamdir kutmakka, afsus.
G‘am kulbasin buzib dod solmish xoliq: –
«Olam charxi tingan, bu ne tanaffus?»
Kutganim kelmaydir, kutganim nadir,
Karvon qayon ketgan – bilmaydir sarbon.
Yashamak aslida folga o‘xshaydir,
Gar bunda tom yo‘g-u, qo‘yilgan narvon.
* * *
Muhabbat yo hayot, yo mamot azal,
Ishqning zanjiriga boglangan itman.
Ko‘zgusiz ko‘ryapman o‘zimni mahtal,
Garchi mavhummanu, ammo mavjudman.
Muhabbat, muhabbat bormisan, illoh,
Sirlilik ganjidan tug‘ilgan, ey ranj!
Izzattalabligim yengdi-ku, evoh,
Yanchilmasdan qolgan so‘ngi donim yanch!
Ishqning uzugini suvga otar oy,
Baliqlar yeb qo‘ydi omonatimni.
Tubanda bo‘fiqar qop-qora chiroy,
Ko‘zlari so‘qirdir saodatimni.
Kimlarning qo‘linda men qurgan saroy,
Itlarga talatmish muhabbatimni.