Umida Xushvaqtova (1952)

Umida Xushvaqtova 1952 yilda tug‘ilgan. Respublika rus tili va adabiyoti instituti (hozirgi Jahon tillari universiteti)ni tamomlagan.O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Bardosh qoyasi” (2006), “Sog‘inch sohillari” (2010), “Miraki tongi” (2015), “Malikalar kitobi yoxud Temuriy malikalar qanday tarbiyalanadi” (2019), “Saylanma” (2022) kitoblari chop etilgan.

HAYoT USTUNI

Qalb to‘la orzular ummoni,
Zafarlarga yo‘llar betinim.
Echmoq bo‘lsang gar muammoni,
Tanti bo‘lgin, mard bo‘lgin, inim.

Muhabbatdir hayot ustuni,
Bir had bo‘lar har ne amalda.
Javob bordir qaysidir kuni,
O‘z haddingdan oshsang agarda.

Aqling yondosh etgin o‘zingga,
Bo‘lma aslo o‘z nafsingga qul.
Sobit turgin bergan so‘zingga,
Xoksorlarga muruvvatli bo‘l.

Mehr senga ergashib yursin,
Qahr sendan bo‘lsin yiroqda.
Ezguliklar nurlanib tursin,
Sen qalblarga yoqqan chiroqda.

DIL IZHORI

Suratimga boqib, o‘rtanib,
Visol ayyomini o‘ylaysan.
Muhabbatning o‘tida yonib,
Ishq azobin, dardin kuylaysan.

Ko‘ngil ishi nozik, azizim,
Ishqsiz hayot qorong‘u bir tun.
Yolg‘on emas, astoydil so‘zim,
Gar qalbimni etolsang maftun,
Nasib etar visol ham bir kun.

KUZ

Yaproqlar oltinrang, sokin hammayoq,
Erinib nurlarin sochadi quyosh.
Mezonlar borliqqa tortilgan so‘roq,
Maysalarda shudring go‘yoki ko‘zyosh.

G‘amgin bir navoning sirli og‘ushi
Ichida g‘arq bo‘lar ko‘ngil harosi.
Parvozdan toliqqan orzular qushin
Qanotini suyar sevgi samosi.

Sirli shivirlaydi betakror oqshom,
Uzoq-uzoqlarga yetaklar xayol.
Go‘yoki samodan kutadi payg‘om,
Yolg‘izlikdan qalbi ezilgan ayol.

ILK TUYG‘U

Har kuni yo‘limdan chiqasan,
Tasodifmi yoki ataylab?
Ko‘z ostidan sirli boqasan,
Nigohingga mehringni joylab.

Ul nigohga berolmayin tob,
Kipriklarim egilar asta.
Qalbda esa charaqlab oftob,
Dil torini chertar ohista.

Ajib g‘avg‘o ortar ko‘nglimda,
Bilolmayman, pinhona sirin.
Uchramasang goho yo‘limda,
Ko‘zim izlar seni yashirin.

ARMON DUNYoSIDA

Armon dunyosida yashayman yolg‘iz,
sen menga armonsan,
men senga armon.
Sen borsan,
men borman,
axir, bormiz biz,
men senga yupanchman,
sen menga darmon.

Sog‘inib yashayman, seni sog‘inib,
sen menga keraksan,
men senga kerak.
Sog‘inib yashaysan, meni sog‘inib,
sog‘inch girdobida o‘rtanar yurak.

Ko‘nikib yashayman bir kam dunyoda,
men seni topganman,
sen topding meni.
Baxtimiz kulmagan bo‘lsa, mabodo,
uchrashmas edik biz,
topmasdim seni…

SOG‘INCh

Vujudimga sachratib olov,
Ishq oftobi chiqdi yo‘limdan.
Ixtiyorim oldi qo‘limdan,
Yurak qurg‘ur yonmoqda lov-lov.

Qanday qilay, sog‘insam sizni,
Borolmayman, manzillar yiroq?
Nelar kutar, bilmayman, bizni,
Kundan-kunga qiynaydi firoq?

Titrab ishqning izg‘irinida
Toqatimiz tugar oxiri.
Tole tongi otgan kunida
Bizni kutar sog‘inch sohili.