Ulug‘ Bek Ma’ruf (1972)

Ulug‘ Bek Ma’ruf 1972 yil Namangan viloyatining Chust tumani, Olmos qishlog‘ida tavallud topgan. Toshkent Davlat Universtiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan. Uzoq yillar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tizimi, jumladan, vazirlikning birlashgan tahririyati va Matbuot xizmatida ishlagan. “Ajal so‘qmog‘i”, “Chayon bolasi”, “Chimildiqqa otilgan o‘q” badiiy filmlarining stsenariy muallifi. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida xizmat qiladi. She‘rlari respublika matbuotida e‘lon qilingan.


BIR SO‘Z YoTAR MANIM IChIMDA

Bir so‘z yotar manim ichimda,
Uxlayotgan vulqonga o‘xshab.
Jonim titrar taftidan qaqshab,
Zarra imkon yo‘qdir kuchimda.
Bir so‘z yotar manim ichimda,
U ne so‘zdir, bilmasman faqat.
Bilganim shu – ayon haqiqat,
Bir so‘z yotar manim ichimda.
Bir so‘z yotar manim ichimda,
Gul bag‘riga tushgan cho‘g‘ misol.
Vujudimga soladi otash,
Bo‘lmasaydim dastidan uvol.
Bir so‘z yotar manim ichimda,
Bag‘rim misli olovli tandir.
Tiriklikdan nishon yo‘q unda,
Faqat bitta so‘zga vatandir.
U bir so‘zkim, aytilib bir kun,
Bir kam dunyo kamin to‘ldirar.
Biroq oxir oqibat bulkim,
So‘zim meni so‘zsiz o‘ldirar.
05.04.2008 y.

MEN SENI HECh KIMGA BERMASMAN

Men seni hech kimga bermasman,
Bir gulsan men uchun yaralgan.
Ifori jannatdan taralgan,
Men seni hech kimga bermasman.

Qoshingda malaklar parvona,
Ishqingda falaklar devona,
Poyingda tilaklar sedona,
Men seni hech kimga bermasman.

Ko‘ksimda tinmagan yuraksan,
Hech zamon sinmagan tilaksan,
Sen menga jon qadar keraksan,
Men seni hech kimga bermasman.

Rakiblar xasaddan koturlar,
Alamdan olavda yoturlar,
Bir bo‘lsa ming korabotirlar,
Men seni xech kimga bermasaman.

Har lahza yodingga sherikman,
Ismingni takrorlab zerikmam,
Men faqat sen bilan tirikman,
Men seni hech kimga bermasman.

Yoqutsan, injusan, dur o‘zing,
Malaklar ichinda hur o‘zing,
Olamni yoritgan nur o‘zing,
Men seni hech kimga bermasman.
07.11.2011 y.

BOTINIMGA BIR DARD BER

Botinimga bir dard ber,
Zohir ne bo‘lsa bo‘lsin.
Kiprigimga bir gard ber,
Ki andin atring kelsin.

Botinimga bir dard ber,
Etsin meni xaroblar.
Vujudimni poyingda,
Qilsin sodiq turoblar.

Botinimga bir dard ber,
Dengiz oqsin ko‘zimdan,
Senga boray, ergashsin,
Gul-chechaklar izimdan.

Botinimga bir dard ber,
Ul dardni quchib o‘lay.
Huzuringga borganda,
Men Senga kerak bo‘lay.
11.11.2002 y.

DUNYo

Ayollarga o‘xshaydi dunyo,
Sevgan saring qilaverar noz.
Qancha mehr ko‘rsatsang unga,
Senga mehri bo‘lar shuncha oz.

Yolg‘on erur aslida o‘zi,
Mendan esa rostni so‘raydi.
Vafo qil deb qistaydi mudom,
O‘zi esa vafo qilmaydi.

Nomard otda, mardlar yayovdir,
Nodonlarning hukmida dono.
O‘z koridan ma‘ni topolmay,
Telbasifat bo‘lgan bu dunyo.

Tug‘ilish – bu o‘limga hukm,
Abadiymas birorta jonzot.
Toshbaqaning toshi tilladan,
Bo‘lsa hamki, qolmas umrbod.

Xayr izladim har bitta ishdan,
Har oqibat nadomat ko‘rdim.
Nadomatdan holi bo‘lgani,
Faqat sabru ibodat ko‘rdim.

Shunday ekan, izlamok nechun?
Kim ne topdi, men ne toparman.
Qo‘lim siltab, bunday sargardon,
Sarsonlikka eshik yoparman.

Mayli boray, menga ijozat,
Qadamimga sochib gul, ziyo,
Og‘ushiga chorlaydi uzlat,
Endi meni izlasin dunyo.
17.04.2008 y.

NIYaT

O‘g‘lim Shohruhga

Shu qo‘llaring, jajji qo‘llaring,
Quvvatlarga to‘lishar, albat.
Nurli bo‘lar umr yo‘llaring,
Bo‘lasan bir yigit – sherkelbat.
Shu qo‘llaring, jajji qo‘llaring,
Savoblarga urilgay beshak.
Bir kun unda toleing bo‘lib,
Erkalangay o‘zingday go‘dak.
Shu qo‘llaring, jajji qo‘llaring
Yulduzlarning sochlarin tarab,
Samolardan toparsan ishqni,
Quyosh chiqar kaftingga qarab.
Shu qo‘llaring, jajji qo‘llaring,
Etar cho‘zsang, ko‘kdan yiroqqa.
Dunyoda eng muhimi – ular,
Bir kun meni qo‘yar tuproqqa.
09.09.1995 y.

RUHIM

Ijarada yashayman
Turar joyim qasrdir.
Lek muddatni bilmayman
Bir yo yarim asrdir.

Tuproqdan yasamishlar
Devoriyu tomini,
Ulug‘bek atamishlar
Ul qasrning nomini.

Gunohlar chirmoviqday
Tomigacha solmish chang.
Yillar osha bechoram
Nurab borar, holi tang.

Bir kun uning-la birga
Erga singib ketarman.
Qasrim qaytar asliga
Men visolga yetarman.
1991 y.

QILICh

Sen qilichga boq teran,
Tig‘idan nur taralgan.
U qadimda mardlarning,
Suyagidan yaralgan.

Ming yil, balki milliondir,
U botirlar yo‘ldoshi.
Zarbi bilan aylanar,
Dunyo – tegirmon toshi.

Shunday naql bor elda:
Kimki aybin olib tan.
Boshin egsa qilichning,
Omon qolur qatlidan.

Mardlar ko‘ngli maqoldan,
Aslo taskin topmagay.
Qilich egik boshlarni,
Hazar qilib chopmagay!..
20.08.1999 y.


NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Mulki kunglim taxtiga sulton erdi bitta kom,
Ul siymbar vaslining xayoliga bo‘lib rom,
To‘kib ashklar, odatim – bir sujudu, bir qiyom,
Ey xush ulkim, ofiyat kunji menga erdi maqom,
Surai vash-shamsi, val-layl erdi virdim subhu shom.

Farqsiz erdi bosh uza tunmi yo kun, shams, bulut,
Kimsa ko‘rsa farqlamas, ruhmi yo ruhsiz vujud,
Baaynikim bezabon, topganim uzlat, sukut,
Ham ko‘ngilda nozaninlar suhbati bo‘lgan unut,
Ham nazarda mahjabinlar surati bori tamom.

Gar zohiran el aro kechsa hamki avqote,
Botinan zohid kibi tarki dunyo odate,
Sarxush erdim tinmayin takroridin oyate,
Nogohon shoh bazmida jonimg‘a tushdi ofate,
Men o‘zimdan ketdim, ul bilmam qayon qildi xirom.

Kima deyin dardimi, kima izhor aylayin,
Qani ulkim ko‘nglima do‘stu mahram saylayin,
Dunyo g‘ami zanjirin bo‘ynima dor boylayin,
Yor g‘oyib, dard muxlik, xalq g‘ofil naylayin,
G‘avrima kim yetgay illo, shohi gardun ixtishom.

Bog‘i umring abrlar tutib siroji bo‘lmasa,
Koring duo ersayu, qilcha rivoji bo‘lmasa,
O‘lsang-da gar vaslidin zarra xiroji bo‘lmasa,
Ey Navoiy, shohdin darding iloji bo‘lmasa,
Bosh olib ketgil urib ovvoraliq dashtig‘a gom.
17.05.2010 y.

AGAR XUDO XOHLASA

Tog‘u toshga kirar jon,
Agar Xudo xohlasa.
Bitta bo‘lar yer osmon,
Agar Xudo xohlasa.
Tosh bag‘rida gul unar,
Sahroda sumbul unar,
Quyoshga bulbul qo‘nar,
Agar Xudo xohlasa.
Chumchuq toshni cho‘qiydi,
Chayon ertak to‘qiydi.
Yo‘lbarslar she‘r o‘qiydi,
Agar Xudo xohlasa.
Chumoliga fil quldir,
Sanglar changu, chang guldir.
Oltin tog‘lar bir puldir,
Agar Xudo xohlasa.
Dil Xudodan qolmasin,
Til Tangri deb tolmasin.
Buni Xudo xohlasin,
Agar Xudo xohlasa.
25.11.2002 y.

IShQ NIMADIR MENDAN SO‘RANG

Ey siz Qayslar, sahro ketgan,
Dovrug‘lari dunyo ketgan,
Manglayimga xudo bitgan,
Ishq nimadir mendan so‘rang.

Toshlarni ham gul etgan,
Shohlarni ham qul etgan,
Jonni yoqib, kul etgan,
Ishq nimadir mendan so‘rang.

Qayslar! Da‘vo yopinglar,
Huzurimga chopinglar,
G‘uborimni topinglar,
Ishq nimadir mendan so‘rang.

Keling, mendan darslar oling,
Joningizga darzlar oling,
Sof sevgimdan qarzlar oling,
Ishq nimadir mendan so‘rang.
20.01.2012 y.

OTA-ONA

Qoyalarning toshlariga qadam bossam izim qolgay,
Na‘ra tortsam – hayqirsam, samolarda so‘zim qolgay,
Gar tiqilsam qushyoga tig‘day botib ko‘zim qolgay
Chunki Otam – tog‘im bor, Onam – duobog‘im bor.

Quloch otib falakka burgut kabi uchgayman,
Kezib yetti olamni shamol bo‘lib ko‘chgayman,
Gar istasam erkalab, oymomoni quchgayman,
Chunki Otam – tog‘im bor, Onam – duobog‘im bor.

Qum qaynagan sahroda oftob o‘tmas boshimdan,
Qo‘limni cho‘g‘ kuydirmas, tosh chiqmaydi oshimdan,
Balogardon malaklar bir zum ketmas qoshimdan,
Chunki Otam –tog‘im bor, Onam – duobog‘im bor.

G‘animlarning toshlari boshlarimni yorolmas,
Daryo bo‘lib oqsam gar hech kimsa band berolmas,
So‘qmoqlarda yo‘lbars ham menga qarshi borolmas,
Chunki Otam – tog‘im bor, Onam – duobog‘im bor.
2007 yil yoz.

KELUR

Ko‘ngil, ko‘ngil berganing
Qoshingga qachon kelur,
Tilanursan visolin,
Yoshlaring ummon kelur.

Jisming aro jon kibi
Jo bo‘lmish u kalbingga,
Hijronida oh ursang,
Ki og‘zingga jon kelur.

Kasb aylamish o‘ziga
Jafo etmakni dilbar,
Bunda bori el sening
Sabringga xayron kelur.

Uzma ko‘kdan umiding
Iltijo qil yig‘lablar,
Bir kun mehrin to‘kkali
Boshingga osmon kelur.
02.09.1998 y.

QADAR

Vaslin istab cheksam oh,
Dudlari osmon qadar.
Ko‘zlarimdan oqqan ashk
Dengizu ummon qadar.

Xayolisiz o‘tmagay
Bir lahzayu, bir onim,
Diydorining orzusi
Shirin menga jon qadar.

Bori Farhod, Majnunning
Da‘volari bekordur.
Mingta Qaysning ko‘zyoshi
Chiqmagay tovon qadar.

Etib yorin vasliga
O‘lsa agar Ulug‘bek,
Chaling surnay, yig‘lamang,
Do‘stlar qabriston qadar.
1992 y.

SOG‘INCh

Falak bir ish bo‘ldirar bir kun,
Sabrim jomin to‘ldirar bir kun,
Uvolimga qo‘l urar bir kun,
Sog‘inch meni o‘ldirar bir kun,
So‘ng qush bo‘lib uchib ketaman,
Bu dunyodan ko‘chib ketaman.

Baxting yo‘li ochilar mensiz,
Unga gullar sochilar mensiz,
Sen bir tole toparsan tengsiz,
Men-chi, yoshim to‘lib bir dengiz,
Unga o‘zim cho‘kib ketaman,
Bu dunyodan ko‘chib ketaman.

Yulduz eli chamanim bo‘lar,
Oyu quyosh ham manim bo‘lar,
Etti osmon vatanim bo‘lar,
Kamalakrang kafanim bo‘lar,
Uni guldan bichib ketaman.
Bu dunyodan ko‘chib ketaman.
01.10.1995 y.

XAYR ENDI DILBARIM

Sumbul-sumbul sochingga
Xayollarim boglanib
Sochlaringni torlari
Jon ipimga aylanib
Qalbim aro yasharsan
Tanga jonday joylanib

Xayr endi dilbarim
Endi sensiz dil yarim
Orzulardan yaralgan
Ko‘ngil uyim buzildi
Ayrilikning farmoni
Bizlar uchun tuzildi

Ikkimizni boglagan
Rishta mangu uzildi
Xayr endi dilbarim
Endi sensiz dil yarim
Ishk vafoni ikkimiz
Yuraklarga mixladik

Gohi visol aylab goh
Xajr chekib yigladik
Bu ne kismatki bizlar
Bir dunega sig‘madik
Xayr endi dilbarim
Endi sensiz dil yarim.
1994 y.

MUHABBAT

Muhabbatim, muhabbatginam,
Soddagina, g‘o‘rgina jonim.
Hech bitta zot eshitmas nolam,
Bag‘rimdagi dardim, fig‘onim.
Kel, rostini aytamiz bugun,
Kel, ikkimiz dardlashaylik bir.
Chetga otib g‘urur deganni,
Tan olishib, mardlashaylik bir.
Bizlar xato qilibmiz, xato
Go‘yo bir kapalak bo‘libmiz.
Har chechakni atirgul debmiz,
Behudaga xalak bo‘libmiz.
Biz sig‘ingan tuyg‘ular ishqmas,
Ro‘yo ekan endi bilandi.
Endi kechdir, qaytmaydi daryo,
Ne qilingan bo‘lsa qilindi.
Muhabbatim, muhabbatginam,
Umidni uz orzu-ifordan.
Yuragimni qon qilma o‘ksib,
Taqdir erur Parvardigordan.
03.03.2007 y.


SEVGIDA ADAShSANG

Yo‘lingdan adashsang bilmayin nogoh,
Ortingga qaytishga imkon bo‘larkan,
Va lekin har bosgan qadamingda choh,
Sevgida adashsang yomon bo‘larkan.

Orzular dilingni tark etar ekan,
Qalbingga sanoqsiz darz yetar ekan,
Ko‘nglingda gul emas xor bitar ekan,
Sevgida adashsang yomon bo‘larkan.

Gul ranging baayni somon bo‘larkan,
Bog‘ingda bahor ham xazon bo‘larkan,
Bir chimdim mehr ham armon bo‘larkan,
Sevgida adashsang yomon bo‘larkan.

Dardingni kimsaga ayta olmaysan,
Boshi berk yo‘lingdan qayta olmaysan,
Ichingda yig‘laysan, yig‘lab tolmaysan,
Sevgida adashsang yomon bo‘larkan.
Fevral 2010 y.

BO‘RI

Bo‘ri bo‘lsang, bo‘riday bo‘l,
Bo‘rilarning zo‘riday bo‘l,
Gar uvlasang ko‘kdan yulduz to‘qilsin,
Ohularning jon choklari so‘qilsin.

Yo‘qsa itga cho‘riday bo‘l.

Burgutmisan, burgut bo‘lgin,
Qanot yozsang, ko‘kka to‘lgin,
Osmon sendan shiddat kutar,
Changalingda tog‘ni ko‘tar.

Yo‘qsa tamom unut bo‘lgin.

Gar sher ersang sherdayin bo‘l,
Sherlar aro erdayin bo‘l,
Na‘ra tortsang, yetti ko‘kka bilinsin,
Bug‘ularning terilari shilinsin.

Yo‘qsa qaro yerdayin bo‘l.

Yigitmisan, yigit bo‘lgin,
Bo‘ri ham sher, burgut bo‘lgin,
Aytgan so‘zing qasaming bo‘lsin,
Mag‘rib mashriq qadaming bo‘lsin.

Yo‘qsa beso‘z, sukut bo‘lgin.

Odam ersang odami bo‘l,
Ahli imon hamdami bo‘l,
Yaxshilarning yaxshisi bo‘l,
Yaxshilikning baxshisi bo‘l.

Yo‘qsa elning bir kami bo‘l.
2011 yil kuz.


ILTIJO

Menga mehr ko‘rguzding O‘zing.
Yo‘qdan paydo etding.
Boshim uzra quyoshni qo‘yib,
Bulutlardan soyabon tutding.
Dengizlarni poyimda qilding,
Qadamimda yastandi chaman.
Rizq-nasibam gulladi yerda,
Zabon ila siylading.
Berding farosat,
Borliqning boisi – Sarvar,
Muhammad(s.a.v.)ga aylading ummat!
Men-chi?
Osiy yo‘lini tutdim,
Goh borliging unutdim.
Shaytonga esh bo‘lib, yo‘lidan o‘tdim,
Izidan ergashdim,
Qo‘lidan tutdim.
O! Uyatdan o‘lib bo‘lganda,
Shu satrda chiqardi jonim.
O‘lmadim men, demak,
Uyatdan ham mosuvo qonim.
Ayt, ey Xudo!
Olsin meni bag‘riga zamin!
Yo‘q, olmasin.
Loyiqmasman uning bag‘riga,
Axir a‘molimda tamg‘asi bordir,
Yolg‘onu g‘iybatning, sharob-baloning,
Bir yo‘la ot meni duzax qa‘riga.
Yo‘q, Yaratgan!
Otma unga ham.
Mening jasadim,
Do‘zaxning lolarang olovlarini,
Qop-koraga aylantirsa-chi?
Yaxshisi otakol undan nariga.
Lekin kani usha undan nari?
O‘n sakkiz ming olam-ku bari.
Demak, joy yo‘q shuncha olamda.
Men osiyga, qanday sharmanda!
O, Parvardigor!
Bir olam yarat!
Bir olamki, barcha do‘zaxing,
Jannat bo‘lsin uning oldida,
Va o‘shangga tashlagil meni.
Mendan o‘zga bo‘lmasin unda,
Ilon va chayon ham.
Cho‘g‘ va olov ham,
Tagin meni chaqib, kuydirib.
Gunohimga sherik bo‘lmasin ular.
Tangrim!
Tingla, iltijo, nolam,
Yarat men uchun
O‘n sakkiz ming birinchi olam!

10.03.2007 y.

SABR

Yorim jabr qildi menga,
Men sabrni xushladim.
So‘ngra qahr qildi yorim,
Yana sabr ushladim.
Sabri tugab sabrning oxir
Qoshimga keldi,
Boshini bukdi,
Yoshini to‘kdi.
So‘ngra jabr keldi izidan,
Xijolat bo‘ldi o‘zidan,
Uzrlar dedi so‘zidan.
So‘ng baloni yubordi yorim.
Balosiga quchoq ochdim,
Mehrimni sochdim.
So‘ng olovga soldi jonimni,
Kuydirdi xonumonimni.
Chiqarmay fig‘onimni,
Olov ichra lolalar terdim,
Olib borib yorimga berdim.

So‘ng ajalni jo‘natdi menga.
Ajal qildi o‘z ishin,
Bag‘rimga sanchdi nishin.
Bir-birin quchib tishim,
Yana sabr bo‘ldi ishim.
Va nihoyat o‘zi keldi yor.
Diydorimga bo‘lib intizor
Meni shuncha kutdi dedi.
Sinovimdan o‘tdi dedi.
Jafo ketdi, safo endi,
Fano bitdi, baqo endi.
30.01.2010 y.

UMR

Umr yo‘ldir changu tor
Choxlaridan qochinglar.
Har kadamda bor devor
Ko‘zni katta ochinglar.

Bu yo‘llarda uchragay
Gox buri, gox tulqilar
Birov tepmok buladi
Yana birov turtqilar.

Nomard kupdir bu yulda
Mard ankoga barobar.
Biroq kim ne izlasa,
Topar albat, birodar.

Yaxshi qiling niyatni
Atri ruyob sochilgay.
Durust cherting, xar yopik
Darvoza ham ochilgay.
06.12.2007 y.


BO‘RON EDIM

Bo‘ron edim, onda tindirding
Bulut edim, yerga indirding
Chinor edim, nogoh sindirding
Menda qasding bormidi Dunyo.

Endi seni tinib sevarman
Tuproklarga inib sevarman
Parchalanib, sinib sevarman
Chunki seni yaratgan XUDO.
20.11.08 y.

* * *

Qadrimizni bilganning qadrin,
Biz ham boshda tutarmiz beshak.
Kimki bilmas, ters bo‘lsin yuzi,
Bizga undan yaxshidir eshak.
22.07.2013.

* * *

Yomonlarga shafqat qiling, yomonlarga
Ki shundog‘am qiyin, biling, yomonlarga.
Bechoralar avlod bular iblisga,
Yaxshilikdan tumor iling yomonlarga.
17.09.2013.

* * *

Qo‘rqib qahringdan har tomon yeldim,
Najot istab yana O‘zingga keldim.

* * *

Ishqingda zor ushshoq aro boramen,
Vasling izlab, yig‘lab, bo‘zlab boramen,
Ostonangni tutsam agar sajdagoh,
Haydamagil, jon ila yolboramen.
16. 08. 2010 y.

* * *

Yomondan qoch ko‘z ilg‘amas joygacha,
Bosh olib ket osmongacha, oygacha,
Hargiz uni tarbiyatni o‘ylama,
Yaxshi bo‘lmas, botsang hamki loygacha.
2010 yil avgust.

* * *

Axmoq so‘zin tinglarsan,
O‘zni unga tenglarsan.

* * *

Ko‘p bilgan ko‘p so‘z qilmas,
Ko‘p so‘zlagan ko‘p bilmas.

* * *

Jangchi jangga jonidan kechib kirmas jangchimas,
Changchi changga changalin yechib urmas changchimas,
Sangchi sangga sehrini sochib turmas sangchimas,
Rangchi rangga ruhini bichib surmas rangchimas.
10.05.2012

* * *

Dunyo ila oxirat,
Faraz qilkim, g‘arb va sharq.
G‘arbga ketding oqibat,
Sharqdan shuncha topding farq.
15.06.2012

* * *

So‘zlagandan tinglagan afzal,
Bu ko‘ngilni kenglagan afzal,
Boshni ko‘kka bergandan ko‘ra,
Er – tuproqqa tenglagan afzal.
20.06.2012.

* * *

Amalsiz niyatdan savob oz bo‘lar,
Niyat amal ila go‘zal, soz bo‘lar.

* * *

Kimki so‘zda sobitdur,
Jo‘mard, oqil, obiddur,
Lafzini xor aylagan
Erda xazon, nobuddur.
06.06.2012.